Bilimlar xazinasi, orzular qanoti

Darhaqiqat, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti — kitob barcha ilmlar manbai, har birimiz uchun eng yaqin do'st va dono maslahatchi. Shu bois zamonaviy gadjetlar, elektron aloqa vositalari hayotimizga chuqur kirib borayotganiga qaramasdan, ulardan hech biri kitobning o'rnini bosa olmaydi.

Mamlakatimizda kitobxonlik davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Prezidentimiz tomonidan 2019 yilda ma'naviy-ma'rifiy sohalarda ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus zamirida ezgu maqsadlar mujassamligini to'rtinchi tashabbus yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish bo'yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo'naltirilgani ham yaqqol namoyon etadi.

Yangi O'zbekistonning dasturilamal hujjati — Taraqqiyot strate­giyasi beshinchi yo'nalishining 72-maqsadida aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko'rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g'oyasini ro'yobga chiqarish belgilangani yurtimizda kitobxonlikni umumxalq harakatiga aylantirishga xizmat qiladi.

Joriy yilning 18-23 aprel kunlari mamlakatimiz miqyosida o'tkazilayotgan II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida 100 dan ortiq nashriyotda so'nggi yillarda chop etilgan yangi kitoblar taqdimoti, taniqli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, noshir hamda matbaachilar bilan muloqotlar bo'lib o'tishi, Mehribonlik hamda Muruvvat uylarining kutubxonalariga kitoblar tuhfa qilinishi, kitob ko'rgazma-yarmarkalari, intellektual sovrinli viktorinalar tashkil etilishi barcha kitobsevarlarga ko'tarinki ruh bag'ish­laydi.

“Kitobxonlik haftaligi”ning tantanali ochilish marosimida Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi fondidagi kitoblardan har kuni internet orqali elektron shaklda va shaxsan kelib foydalanuvchilar soni 1,5 ming atrofida ekani, bu ko'rsatkich bir oyda 27 mingta, bir yilda 300 mingtadan oshishi ta'kidlab o'tildi. Xo'sh, 36 millionlik aholiga nisbatan olganda bu ozmi-ko'pmi? Albatta, kam. O'zbekiston Milliy kutubxonasi muhtasham qilib qurilgan, kitobxonlar uchun hamma sharoit yaratilgan. Biz nega shunday qulay imkoniyatdan unumli foydalana olmayapmiz?

Chet ellarda kutubxonalar qadr­lanadi, tabarruk maskan sanaladi, hatto oila qurayotgan yoshlar ana shunday ma'rifat mas­kanlariga borib nikohdan o'tishadi. Kutubxonalar shunchalik muqaddas joy sanaladi. Ayrim davlatlarda markaziy kutubxonalarda maxsus Prezident xonasi bor. Davlat rahbari vaqti-vaqti bilan, ya'ni o'zining bo'sh paytlarida o'sha xonaga borib mutolaa qiladi. Birinchidan, bu fuqarolarga ibrat namunasi bo'ladi.

Ikkinchidan, kitobxonlik targ'ibotida qo'l keladi. Uchinchidan, kutubxonalar faoliyatini nazorat qilish vazifasini ham o'taydi. Dunyoning ko'plab demokratik davlatlarida shunday tizim mavjud.

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlik masalasiga jiddiy e'tibor qaratayotgani ham bejiz emas.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, hozirgi O'zbekiston hududida milodiy III asrlardayoq kutubxonalar bo'lgan. O'lkamiz geografik jahatdan strategik chorrahada joylashgani uchun g'arbdan kelgan bosqinchi ham, sharqdan kelgan bosqinchi ham zaminimizni toptab o'tgan. Bosqinchilar birinchi navbatda kutubxonalarimizni, kitoblarimizni yoqqan. Shunday vaziyatda ham xalq zakosi kitoblarni saqlab qolishning yangi usullarni yaratgan. Bu — dostonchilik, baxshichilik san'ati. Qanchadan-qancha nodir asarlar shu yo'l bilan avloddan-avlodga yetkazib berilgan. Masalan, “Go'ro'g'li” dostoni islom dini kirib kelgunga qadar bo'lgani, keyin unga qo'shimchalar qo'shilgani, o'zgartirishlar kiritilganiga hecham shubha qilmaymiz. Agar “Alpomish” dostoniga e'tibor qaratsak, Alpomish, Barchin, Qorajon turkiy ismlar, arab tilidan olinmagan, demak, bu doston shak-shubhasiz qadim ajdodlarimizga tegishli bo'lib, bizga asrlar osha yetib kelgan. Aslida dostonchilik, baxshichilik san'ati zamirida ham kitoblar yotadi.

Bugungi kunda dunyodagi eng kitobxon davlat deganda, biz ko'z oldimizga rivojlangan mamlakatlarni keltiramiz. Aslida esa biron-bir mamlakat aholisining kitobxonlik darajasi uning nafaqat iqtisodiy, balki ma'naviy jihatlariga ham borib taqaladi. Masalan, Hindis­ton Yer yuzidagi aholisi eng ko'p va kambag'allar eng ko'p istiqomat qiladigan mamlakatlardan biri bo'lishiga qaramasdan, fuqarolari kitob o'qish bo'yicha yetakchi o'rinda turadi. Qashshoq degan aholi ham Hindistonda kitob o'qiydi.

Isbot talab qilmas haqiqat shundaki, dunyoni faqat ilm bilan zabt etish mumkin. Barcha sohalarda ilmni chuqur egallashning yo'li esa bitta – kitob o'qish.

Yoshlar ongida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishning har xil usullari borligini hech kim in'kor etmaydi. Birinchi navbatda,   ota-onalar ish, ro'zg'or tashvishlaridan ortib farzandlari ko'z o'ngida kitob mutolaa qilsa, bolalar ham kitobga mehr qo'yadi.

Shu bois bolalarga qimmatbaho kiyim-kechak, telefon emas, birinchi navbatda kitob sovg'a qilish kerak. Ota-onalarning farzandiga olib bergan shirinligi yoki muzqaymog'i emas, aynan tuhfa etgan kitobi bir umr xotirasida saqlanib qoladi. Yegulikdan his qilgan ta'mini unutib yuboradi, lekin ota-onasi tug'ilgan kunida yoki biron bayramda sovg'a qilgan kitobning nomini hech qachon yodidan chiqarmaydi.

Kitob — bilimlar xazinasi, orzular qanoti. Garchi ildizi milliy zamindan oziqlansa-da, shoxlarida umumbashariy meva unadi. Kitob har bir millatga o'z madaniyatini namoyon etish, ayni chog'da, boshqa xalqlarning urf-odatlari va an'analari bilan tanishish imkonini beradi. U taraqqiyot va madaniy rang-baranglik ko'zgusi, o'tmish bilan bugunni, bugun bilan kelajakni bog'lovchi ko'prik vazifasini o'taydi. Shu sabab kitob o'qigan, ayniqsa, badiiy adabiyotga mehr qo'ygan odam ezgulikka oshno tutinadi. O'z bilimi, dunyoqarashi, ruhiyati va ma'naviyatini boyitib, olamni teran anglay boshlaydi.

Biz yoshlarni kitobxonlikka o'rgatamiz deb maxsus tanlovlar o'tkazyapmiz. G'oliblarga “Spark” avtomobili berilyapti. Bu yaxshi, albatta, yoshlar o'rtasida kitob o'qishga ishtiyoq kuchaymoqda. Lekin kitobxonlik jamoaviy ko'rinishda bo'lsa, masalan, kitobxon maktab, kitobxon tashkilot… Shunda effekt-natija yanada yaxshiroq bo'lardi. Bitta shaxs o'nta, yuzta kitobni o'zi uchun o'qiydi. Biz buni jamoaviy xarakterga ega qilsak, bora-bora umumxalq harakatiga aylanib ketadi.

Shu o'rinda yana bir mulohaza. Kitob o'qiganga mashina boru kitob yozganga-chi, degan savol tug'iladi. Keling, har yili, hech bo'lmaganda, bitta eng bestseller bo'lgan kitob muallifiga avtomobil berilsa. O'n yilda o'nta adib mashinali bo'ladi. Bu adibning iste'dodi va mehnatiga berilgan unchalik yuksak baho bo'lmasa-da, harqalay munosib rag'bat-da!

Bizda butun umrini kitobga, matbaachilik sohasiga bag'ishlagan insonlar bor. Ular chetda qolib ketmasligi, rag'batlantirish choralari qo'llanishi kerak.

Kitobni, kitobxonlikni targ'ib qiluvchilar kutubxonachilar hisoblanadi. Axborot resurs markaziga kirsangiz, bir zumda sizga kerakli kitobni topib berishadi. Lekin birinchi navbatda, ularning oylik maoshlarini oshirish zarur.

Yodingizdami, bir paytlar har bir xo'jalik idorasi yonida kutubxona bo'lardi. Bolalar, o'smirlar, katta yoshli kishilar ham borib kitob o'qirdi. Bundan tashqari, maktablarda o'quvchilar bilan eng gavjum joy — kutubxonalar edi. Ehtimol, hozir ham ayrim joylarda kutubxonalar bordir. Lekin ularning kitob fondi qancha? Yoki bir yilda qancha bola kirib kitob o'qiydi? Bu ko'pchilikka qorong'u, aniq ma'lumotlar yo'q. “Bolalar qanday kitoblarni o'qiyapti?” degan savolni ta'lim muassasalariga bersangiz, mutasaddilardan: “Qo'llarida mobil telefonlari bor, elektron kitoblarni yuklab olishgan, internet orqali ham o'qishadi” degan javobni eshitasiz. Bunga ishonish qiyin. Negaki, respublikamiz bo'yicha yuzlab qishloqlarga internet hozircha umuman kirib bormagan.

Bundan tashqari, O'zbekiston bo'yicha qancha aholining internet to'lovlarini amalga oshirish va elektron kitoblarni o'qish imkonini beradigan rusumli telefonlarni sotib olishga qurbi yetadi? Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi tashkil etilib, mamlakatimiz aholisining 12-15 foizi yoki 4-5 millioni kambag'allikda ekani ta'kidlandi. Nima ularning bolalari kitob o'qimasligi kerakmi? Ehtiyojmand oilalar xonadoniga moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga “Ma'rifat savatchasi” sifatida kitoblar, gazeta-jurnallar ham olib kirilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi.

Odatda, bizda biron tashabbus boshlansa, birdan kampaniyabozlik avj oladi. Oradan ma'lum vaqt o'tgach esa tamoman unutilib yuboriladi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashab­bus doirasida vazirlar, rahbarlar o'zlari o'qigan maktablarga 5-10 dona kitob sovg'a qilishdi. Keyin shu bilan bo'ldi, tugadi. Nega bu doimiy, an'anaviy ko'rinish kasb etmaydi? Yoki har yili Davlatimiz rahbari ularga yana eslatib, topshiriq berib turishi kerakmi?

Bugun dunyo juda katta xavfning ostida turibdi. Internetning qulayliklari juda ko'p, lekin uning ortida biz ko'rmaydigan qanaqa xatarlar kirib kelayotganini hamma-ham hali anglagani yo'q. Ana shu jihatdan ham kitob har balo-qazoni daf qila oladi. Ishonchli manba, sodiq do'st sifatida yonimizda turadi.

Umrimiz davomida mutolaa qilishimiz zarur bo'lgan asarlar jahon adabiyotida ham, o'zbek adabiyotida ham juda ko'p. Biz ularni o'qishga qachon vaqt ajratamiz? “Kitob zamonlar dengizida sayohat qilayotgan va insoniyatning qimmatbaho xazinasini ajdodlardan-avlodlarga yetkazish hikmat kemasi” yoxud “Har bir insonning qiymati o'qigan kitoblari bilan o'lchanadi” kabi so'zlarning ma'no-mazmunini qachon anglab yetamiz?

Aslida inson vujudi moddiy noz-ne'matlarga naqadar ehtiyoj sezsa, uning ma'naviy-ruhiy yuksalishi uchun kitoblar shu darajada zarur. Agar kitobxon kutubxonaga kelmasa, kutubxona kitobxonlar yoniga, ishxonasiga, hatto xonadoniga kirib borishi kerak. Kitobxonlikni rag'batlantirishning samarali usullarini amaliyotga tatbiq etish zarur. Shundagina eng kitobxon millatga aylanamiz.

Zero, shu kunlarda ushbu muhim ma'naviy haftalik ya'ni mamlakatimiz bo'yicha II Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning o'tkazilishidan asosiy maqsad ham yurtimizda kitob mutolaasini rivojlantirish, qo'llab-quvvatlash, rag'batlantirish, ayniqsa, kelajagimiz egalari bo'lgan yoshlarning kitobga mehr-muhabbatini yanada oshirishga qaratilgan ezgu amaldir.

Olimjon O'SAROV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + twenty =