Ma'naviy go'zallik maskani

Insonlarning ma'naviy olami qanchalik keng va boy bo'lsa, qalb go'zalligi, tafakkur olami, atrof-muhit, tashqi olam bilan bog'liq barcha harakatlari ham go'zal bo'ladi. Muomala qilish madaniyati, so'zlashish odobi, yurish-turishi, kiyinish odobi ham uning bir bo'lagi sifatida to'ldirib turadi.

“Bola aziz — odobi undan aziz”, degan iborani bekor aytishmagan. Yoki: “Insonda hamma narsa go'zal bo'lmog'i kerak”, degan so'zni ham ko'p bora eshitganmiz. Insonning yuzi ham, o'zi ham go'zal bo'lishi bilan birga, uning qalbi, fikri, ongi, ma'naviyati ham go'zal bo'lishi lozimligini kitoblarda ko'p bor o'qiganmiz, kattalardan eshitganmiz, ma'naviy go'zallik barchamizning yetuklik borasidagi ichki tuyg'ularimiz hosilasi deb bilsak, oilada farzandlarimiz tarbiyasini, odobini go'daklikdan tarbiyalash o'z samarasini beradi. Buning uchun esa farzand tarbiyasining birinchi kunlaridanoq ona allasi bilan birgalikda o'sib ulg'ayayotgan millat egalarini qo'shiq xirgoyi qilish, alla aytish orqali tinglash qobiliyatini o'stiramiz. Maktab yoshidan boshlab esa kitob o'qishga mehrini takomillashtirib boramiz. “Yoshlikda olgan bilim toshga o'yilgan naqsh kabidir” deydilar.

Kitob o'qishga bo'lgan mehr oiladan shakllanar ekan, bu farzand katta bo'lib, barkamol shaxs sifatida shakllanib boraveradi. Shu orqali bu shaxsning ma'naviy olami o'sib, tafakkuri boyib, kitobxonlik madaniyati asta-sekin o'sib, rivojlanib boradi. Ko'p mutolaa qilgan har qanday qalb avvalambor o'z fikrida qat'iy turadigan, tengdoshlari orasida bemalol fikrini boshqalarga yetkazib bera oladigan, so'z boyligi yuqori, ma'naviyati boy, ma'naviy olami go'zal inson bo'lib yetishadi.

So'nggi yillarda hukumatimiz tomonidan yoshlar o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish, kitobsevar millatni shakllantirishga qaratilgan ko'plab islohotlar olib borilmoqda. Har oyning 17-sanasi “Kitobxon onalar kuni” deb e'lon qilinishi ham bugungi kunda millat tarbiyachisi — onalarimizning kitobxonlik darajasini oshirishga, ularning farzand tarbiyasidagi rolini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Shu o'rinda “Kitobxon oila”, “Yosh kitobxon oila”, “Zukko kitobxon oila” kabi tanlovlarning yurtimiz bo'ylab o'tkazilishi ham kitobxonlik madaniyatini oiladan shakllantirib borishga qaratilgan, desak, xato bo'lmaydi. Onalarimiz qanchalik kitobxon bo'lsa, farzandlarimiz ham, kelajak egalari bo'lgan yosh avlod ham shu qadar bilimdon, salohiyatli bo'lib ulg'ayadilar.

Yurtboshimiz o'tgan yili 22 dekabr kuni Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida: “Bugun ma'naviyat boshqa sohalardan o'n qadam oldinda yurishi kerak, ma'naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!

Shu maqsadda xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o'rtasida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko'tarishimiz lozim”, deb alohida ta'kidlagan edi.

Bugun kitobxonlik madaniyatini targ'ib qilish va yosh avlodda kitobga mehr uyg'otish kabi masalalar yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.

Bu borada, Toshkent viloyati Angren shahar axborot-kutubxona markazida ham bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Kutubxonamizda yuz mingdan ortiq badiiy, siyosiy va ommabop adabiyotlar mavjud. Bolajonlar uchun alohida o'quv zali bo'lib, unda ertaklar, topishmoqlar, bolalar ensiklopediyalari, tez aytish, maqol va matallar, har xil lug'atlardan iborat 10 ming nusxadan ortiq bir-biridan qiziqarli kitoblar yoshlar tomonidan sevib mutolaa qilinyapti. Kutubxonamiz har doim o'qishni, bilim olishni va mutolaani sevuvchi kitobsevarlar bilan gavjum bo'lishi bilan bir qatorda, shahrimizda, viloyatimizda o'tkaziladigan har qanday ma'naviy-ma'rifiy tadbirda faol ishtirok etib kelmoqda. Axborot-kutubxona markazidan uzoqda joylashgan mahallalarda, korxona va tashkilotlarda ham ko'chma kutubxonalar tashkil etilayotgani tahsinga loyiq. Shu bilan birga axborot-kutubxona markazimizning faoliyatida “Mehr kutubxonasi” va “Hech kim e'tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida imkoniyati cheklangan, keksa yoshdagi kitobxonlar, yoshi ulug'lar va uy bekalari uchun “Uyga eltib berish xizmati” ham yo'lga qo'yilgan. Biz o'z xizmatimizdan, albatta, g'urur va iftixor tuyg'usini tuyamiz. Bu xizmatdan foydalangan har bir keksa avlod juda ham mamnun. Axborot-kutubxona markazi shahrimizda 2024 yil iyul oyida tashkil etilgan “Ma'naviyat xiyoboni”da ham har oyda ikki-uch marta yangi adabiyotlardan iborat kitob ko'rgazmalari tashkil etib, turli mavzudagi tadbirlarni o'tkazib boradi. Bu esa o'z o'rnida axborot-kutubxona markaziga olingan yangi adabiyotlar bilan tanishtiribgina qolmasdan, balki mutolaani sevuvchi qalblar uchun ham yangilik bo'lmoqda. Kitob — fikrlash qanoti, xazinalar kaliti, tafakkur manbai ekanligini bilgan har bitta kitobxon o'zi istagan kitoblarni shu maskandan bemalol olib mutolaa qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 2023 yilda axborot-kutubxona markazimiz “Ochiq byudjet” loyihasida ovoz to'plash yo'li bilan 600 mln so'm mablag'ni qo'lga kiritdi. Bu mablag' yordamida kutubxonaning issiqlik tizimi to'liq ta'mirdan chiqarildi hamda jihozlari yangilanib, o'quv zallari ko'rkam va shinam hamda yumshoq mebellar bilan jihozlandi. Buning uchun bizni qo'llab-quvvatlagan, o'z ovozlarini bergan Angren shahar hokimligi mutasaddilariga, aholiga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bu yurtimizda farzandlarimiz kelajagi bo'lgan kitob mutolaasi va kutubxonalarga katta e'tibordan dalolat.

Gulbahor SAFAROVA,

Toshkent viloyati Angren shahar

axborot-kutubxona markazi direktori,

“Axborot-kutubxona a'lochisi” va

“Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak

nishonlari sohibasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =