Namangan muhandislik-qurilish instituti media markazga ega bo'ldi

Namangan muhandislik-qurilish institutida 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

Institut foyesida oliy o'quv yurti salohiyatini namoyish etuvchi ko'rgazma tashkil etildi. Ko'rgazmadan professor-o'qituvchilar va talabalarning ixtirolari hamda ilmiy ishlanmalari o'rin oldi. Jurnalistlar laboratoriyalar hamda eng so'nggi o'quv uskunalari bilan tanishtirildi.

Tadbir doirasida matbuot anjumani ham bo'lib o'tdi. Unda institut rektori Sharifboy Ergashev OAV vakillariga Namangan muhandislik-qurilish institutida yaratilgan sharoitlar va istiqboldagi rejalar haqida so'z yuritdi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.

Institut bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh OAV vakillari Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan taqdirlandi.

Shundan so'ng Namangan muhandislik-qurilish ins­titutida oliy o'quv yurtlari orasida birinchilardan bo'lib tashkil etilgan media markazning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Media markaz institut matbuot kotibi—rektorning axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchisi xonasi va stu­diyadan iborat. Studiyada foto va videolavhalar tayyorlash, intervyular olish hamda ko'rsatuvlar yozish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, xona akustika talablari asosida barpo etilgan bo'lib, ovoz yutish xususiyatiga ega, eng so'nggi rusumdagi audio va videotexnika bilan jihozlangan.

Namangan muhandislik-qurilish instituti media markazining ochilish marosimida viloyat hokimining o'rinbosari Botir Nuriddinov ishtirok etdi.

O'zJIU Namangan viloyati bo'limi.

Faol jurnalistlar rag'batlantirildi

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan navoiylik bir guruh faol ijodkorlar O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi tomonidan rag'batlantirildi.

Qayd etish kerak, ayni paytda Navoiy viloyatining 2 ta televidenie,   30 ta gazeta tahririyatlarida 250 nafarga yaqin xodimlar, xususan 50 nafardan ziyod ijodiy xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Viloyatda davlat boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta'minlash, hududda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, qolaversa, aholining mavjud muammolarini keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqishda jurnalistlarning roli oshib bormoqda. Buni esa OAVda e'lon qilinayotgan tahliliy materiallar, jurnalistik tekshiruv ishlari va tanqidiy ko'rsatuvlar soni ortib borayotganidan bilib olish mumkin.

Taqdirlash jarayonida 20 nafarga yaqin jurnalist ishtirok etib, dastlab bo'lim raisi O.Aslonov yig'ilganlarni qutlar ekan, ularning kelgusi ijodiy faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so'ng tahririyatlar vakillariga tantanali tarzda tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg'alar topshirildi.

—So'nggi yillarda jurnalistlar orasidagi jipslik, o'zaro bir-birini qo'llash anchagina ijobiy tomonga o'zgargan, — deydi O'zAning viloyat muxbiri Abduvali Bo'riyev. — Bu bevosita Uyushma va davlat organlari hamkorligida joylarda o'tkazilayotgan press-tur, matbuot anjumani hamda brifinglar samarasidir.

Tantanali tadbirda bir guruh faxriy ijodkorlar so'zga chiqib, kasb bayrami shukuhi hamda yurtimizda so'z erkinligini ta'minlash tobora mustahkamlanib borayotgani xususida fikr bildirishdi.

Ozod Mustafoyev,

O'zJIU Navoiy viloyati

bo'limi mutaxassisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + fifteen =