Ochiq osmon ostida kichik kutubxona

Dunyoda har qaysi davlat, qaysi bir xalq borki, birinchi nav­batda o'zining intellektual salohiyati, yuksak ma'naviyati bilan qudratli hisoblanadi. Bunday yengilmas kuch manbai esa hech shubhasiz insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti bo'lmish kitob va kutubxonalardadir.

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy nomidagi mahallada elektron kutubxona va minikutubxona tashkil etildi. “Ochiq osmon ostidagi mini kutubxona – mutolaa hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirishning yangi usuli” nomli tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablag'larini bosh­qarish bo'yicha Parlament komissiyasining raisi Adham Shodmonov parlament komissiyasi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda jamoat uyushmalarining e'tiborga sazovor, el-yurtga munosib xizmat qilayotgani haqida to'xtaldi. Shuningdek, yangi loyiha va tashabbuslar hamisha qo'llab-quvvatlanayotgani, yurtimizda ma'naviyatga bo'lgan e'tibor bugun har qachongidan ham yuksakligi haqida fikr bildirdi.

— Minikutubxona loyihasi bolalar va kattalarni 24 soat kitob bilan ta'minlash imkonini beradi. Bugun bu loyiha natijasida AQSh davlatida yiliga minglab kishilar o'zaro kitob almashib mutolaa qiladi. Endi bu tajriba bizda ham mavjud. Fuqarolar minikutubxonadagi biror kitobni uyiga olib ketsa, o'rniga boshqa kitob tashlab ketadi. Olgan kitobini o'qib bo'lganlar yana joyiga qaytarishadi. Shu tariqa odamlar bir-biriga ziyo ulashishadi, — dedi Adham Shodmonov.

E'tiborlisi, minikutubxona Yakkasaroy tumanining to'rtta tuman kesishgan joyida, soya-salqin anhor bo'yidagi bolalar maydoniga joylashtirildi. Favvora, o'rindiqlar va turli arg'imchoqlarga boy bu maskan bugun onalar va bolalar bilan gavjum.

Qulay tomoni, minikutubxonada QR-kodli kitoblar afishasi ham joylashtirilgan, uni telefon yoki noutbukka yuklab olib, uyda bemalol o'qish imkoni ham mavjud.

Ra'no ZARIPOVA,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 20 =