NAVOIYNING MOLIYaVIY IBODATI
Moliyaviy ibodat tushunchasi va uning turlari islom ma'rifatida qadimdan mavjud bo'lgan muhim tushunchadir. Bu borada ma'lum ma'noda tahlil va talqinlar bor, bunga misol sifatida Temuriylar Uyg'onish davrining yirik mulkdori, naqshbandiya tariqatining buyuk mutasavvuf olimi, shayx Xoja Ahror Valiyning jild-jild vaqf hujjatlarida yozib qoldirilgan moliyaviy ibodati haqidagi tadqiqotni eslash kifoya. Ammo navoiyshunoslikda esa Alisher Navoiyning moliyaviy ibodati haqida maqola muallifi tomonidan ilk marta tadqiq qilinmoqda. Alisher Navoiy o'z asarlarida moliyaviy ibodatning vaqf, zakot, fitr, ushr, fidya kabi turlari hamda ish, mehnat haqqi yoki banda haqqi, to'lov haqida juda muhim ma'lumot, izoh va sharhlar bitgan, ibratga yo'g'rilgan poetik lavhalar talqin qilgan.
Vaqf uning asosiy moliyaviy ibodatlaridan biri sanaladi, bu xususida daho so'z san'atkori o'zining “Vaqfiya” asarining bir faslida alohida sharh bitgan.
Mahdudot (birligi mahdud ) – Navoiy “Vaqfiya” asariga yozgan bir faslning maxsus nomi. Amiri kabirning o'zi bu xususida asarda “Muqaddima tugandi va keldi mahdudot” deb bitgan eslatmasida hamda ushbu faslning o'ziga xos muxtasar xulosasida ta'kidlab ko'rsatgan. Muhimi, ushbu bobda u vaqf, vaqf huquqi kabi o'zining moliyaviy ibodati bilan yaqindan tanishtirishga harakat qilgan. Biroq mahdudot so'ziga tilshunoslik fani nuqtai nazaridan yondashadigan bo'lsak, mahdudot iqtisodiy atama, tushuncha bo'lib, chegaralangan, atrofi o'ralgan, atrofi aniqlangan joylar, yer-suv va boshqalar, mulklar, degan lug'aviy ma'noni bildirishi lug'atlarda aytilgan.
Ma'lumki, Alisher Navoiy Temuriylar Uyg'onish davrining nafaqat daho so'z san'atkori, shuningdek, mazkur shonli davrning yirik mulkdori, tengsiz darajadagi murabbiy va muqavviysi sifatida ham uning sharafli nomi tarix zarvaraqlarida yuksak e'tirof bilan bitib qoldirilgan. Bu to'g'ridagi muhim ma'lumot va tafsilotlar Navoiy davri tarixiy va adabiy manbalarida, vaqf hujjatlarida hamda o'zining o'qishli asarlarida juda yaxshi yoritilgan. Aytmoqchi bo'lganimiz, Navoiyning “Vaqfiya” asarida yozgan mahdudot fasli ham tadqiqotchilar uchun nihoyatda muhim manba hisoblanadi. Chunki ulug' Navoiy mahdudotda o'z qalami bilan vaqf qilingan barcha ko'chmas mulklarining ro'yxatini, mulk turlarini, joylashgan hududlari nomini birma-bir, tartib bilan yozib qoldirgan. Bilishimizcha, Navoiy mahdudotda o'ziga qarashli bo'lgan, qozi muhri bilan tasdiqlangan vaqf hujjatlari asosida atrofi aniqlangan va belgilangan joylar, ekin maydonlari, daromadli yerlar, binolar, korizlar kabi ko'chmas mulklar(ko'char mulklari haqida ma'lumot aytilmagan – B.R.)ini vaqf qilganligi hamda uning shart-sharoitlari xususida muxtasar ma'lumot bergan.
Fahmimizcha, ushbu mahdudot Navoiyning vaqf mulklari to'g'risida fors tilida bitilgan vaqf hujjatlariga qo'shimcha manba hisoblanadi. Bu xususida muallifning o'zi mahdudotda shunday xabar bitgan. Chunonchi: “… vaqf qilingan mahdudlarkim, shahr va tavobindadur, mujmalan (qisqa) mazkur bo'lur va tafsili forsi vaqfnomalardakim, muqarrar aytilibdur.” Qizig'i shundaki, u o'z mahdudotlaridan olingan daromad, tushumni o'z davrining tengsiz murabbiy va muqavviysi va saxiy, g'aniy mulkdori sifatida o'z mablag'lari hisobidan qurdirgan masjid, madrasa, shifoxona, rabot, xonaqoh va shu kabi yuzlab ijtimoiy xarakterdagi binolar ta'minoti uchun belgilab qo'ygan hamda vatan, yurt obodligi, xalq manfati yo'lida og'ishmay sarflagani bilan bog'liq ibratli jihatlari, birinchidan, uning moliyaviy ibodati ham nihoyatda mukammal bo'lganligidan xabar beradi. Ikkinchidan esa Sulton Husayn Boyqaro va raiyatning cheksiz hurmati, ixlosi, e'tirofining ramzi bo'lib yangragan Makorim ul-axloq, Shams ul-millat kabi unvonlarini esga soladi.
O'rganishimizga ko'ra, “Vaqfiya”ning mahdudot fasli aynan rasmiy uslubda bitilgan bo'lib, bu holat daho adibning mazkur hujjatli faslda vaqf qilingan ko'chmas mulk turlarini sharhlashda qo'llagan ifoda va bayon tarzida yaqqol ko'rinadi.
Mahdudot fasli “Vaqfiya”ning boshqa fasllaridan quyidagi xususiyatlari bilan farq qiladi. Birinchidan, ulug' amir o'zining temuriylar boshqaruvida bo'lgan Xuroson davlatining, ya'ni podshoh va shoir Bobur iborasi bilan aytganda Temurbekning yurti qatoridan bo'lgan fozil shahar Hirotda va shahar tashqarisida joylashgan hamda vaqf qilingani ko'chmas mulklari xususida muxtasar tarzda qimmatli ma'lumotlar bitgan. Ikkinchidan, Navoiyning mahdudotda bitishicha, uning vaqf qilingan barcha turdagi ko'chmas mulklari qonuniy, ya'ni “shar' tariqi” va qonun himoyasida bo'lib, ko'chmas mulklarining barcha tafsiloti vaqf hujjatlarida fors tilida aniq yozilgani hamda guvohlar ishtirokida qozi muhri bilan tasdiqlab qo'yilgani aytilgan. Uchinchidan, u mulk ishlarini, xususan, vaqf ishlarini yuritishda ham ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga qat'iy amal qilgan bo'lib, mazkur mahdudotlardan vaqt hukmdori Sulton Husayn Boyqarodan tortib, to oddiy odamlargacha xabardor bo'lganligi “… soyir xaloyiq podshohdin gadog'a degincha elning muhr va tonug'(guvoh)lig'i bilan mukammal bo'lubdur va koffan anom (hamma, barcha) huzurida kofag'a hukm topibdur, mazkur va mabsut (keng yoyilgan, sharhlangan) voqe'dur,” deb yaxshi ochiqlangan. Shuningdek, shariatga xilof bo'lgan yashirin yo'llar bilan daromad topish yoki ko'chmas va ko'char mulk orttirish yo'llari, umuman, xufiyona iqtisodiyot turlari yo'qligiga ishora qilgan va uning shart-sharoitlari qonuniy ekanligi aniq ko'rsatilgan.
Muallif tomonidan mahdudotda yozilishicha, uning Hirot shahrida mavjud bo'lgan, vaqf qilingan barcha ko'chmas mulklari tim va do'kon kabi binolar shaklida bo'lib, adadi o'ttizdan ortiq ekanligi birma-bir sanab ko'rsatilgan hamda uning muhim bo'lgan shart-sharoitlari tanishtirilgan. Yana Hirot shahridan tashqarida vaqf qilingan ko'chmas mulklari, ya'ni Olinjon buluki, Farroshon mavzesi, Injil buluki, Bog'i Murg'on, Siyovushondin Xoja Shihob mahallasi, Sabg'ur bulukining Sabada Ravon kenti, Sifliy mahallasi, Hirotrud viloyatining Gul kentida joylashgan bo'lib, ular ekin maydoni, daromadli yer, bog'u bog'ot, saroy bog'cha ko'rinishida va koriz, ariq kabi vaqf mulklari esa Bodg'is viloyatida Tudagi korizi, Gumburoq bulukida Paragach korizi joylashgan bo'lib, mazkur joylar va yer bo'laklari o'z davri o'lchov birligi bo'lgan jerib bilan adadi, hajmi aniq bitilgan.
Mahdudot o'ziga xos xulosa qismga ega bo'lib, ulug' Navoiy mahdudotning xulosasini “Bu jami' mahdudotkim, hududi vaqfiyalarda muqarrar mazkur bo'lubtur dag'i bu varoqta mujmal (juda qisqa) bitildi, yuqori mazkur bo'lg'on biqo'g'a vaqfi sahihi sha'riy qilildi” deb qisqa tarzda bayon qilgan.
Maqolaning mahdudot xususida bitgan xulosamiz shuki, Navoiy “Vaqfiya” asarida yozgan mahdudot fasli, birinchidan, uning vaqf qilingan ko'chmas mulklaridan va ularning vaqfi sahihiligidan bizni xabardor qilsa, ikkinchidan, hamma davr mulkdorlari uchun mulkdor Navoiy siymosini hamda uning moliyaviy ibodatini namuna, ibrat qilib ko'rsatishga xizmat qiladi, uchinchidan esa Yangi O'zbekistonda qaytadan tashkil qilinayotgan vaqf ishlarini tashkil qilishda va ish yuritishda ochiqlik, oshkoralik va shafoflik tamoyillariga qat'iy amal qilish zarurligini eslatib turadi.
Moliyaviy ibodatining turlaridan yana biri zakotdir. Dastlab mazkur atama xususida qisqacha to'xtalsak. Zakot(tozalanish, sadaqa berish) – mol-mulk, daromaddan beriladigan sadaqa, xayr-ehson. Islomning besh asosiy talablaridan biri. Shariatga muvofiq, muayyan boylikka ega bo'lgan musulmon zakot beradi. Zakot beruvchi kishining mablag'i o'zi va qaramog'idagilarning zaruriy ehtiyojlaridan ortiqcha bo'lishi lozim. Bu mablag'ga kishining jamg'armasi, do'konda sotiladigan narsalari, sotaman deb olib qo'ygan narsalari, birovga bergan qarzi kiradi. Qur'oni karimning ayrim suralarida zakot namoz bilan yonma-yon zikr etilgan. Zakot yilda bir marta berilishi shart bo'lgan xayr-ehson (sadaqa qatoriga kiradi va ayni vaqtda ibodat hisoblanadi. Zakot miqdori mablag'larning (1/40 ulushi (2,5 foiz)ga teng. Zakotni zakot bera olmaydigan musulmonlar olishga haqli. Zakot avval qarindoshlar orasidagi muhtojlarga, bunday qarindoshlar bo'lmasa, kambag'al, qarzdor musofirlarga beriladi. Umuman, moliyaviy ibodat sanalmish zakotning asl hikmati faqir va muhtojlarning hojatini chiqarmoqdir.
Alisher Navoiy muqaddas islom dinining besh rukniga she'riy usulda bag'ishlab bitgan “Siroj ul-muslimin” asarining “Islomning uchinchi ruknikim, zakotdur bayon qilmoq”1 — degan alohida faslida musulmonlarning moliyaviy ibodati – zakotning xususiyatlari haqida quyidagicha lirik lavha yozgan:
Zakot o'ldi uchinchi rukn bilgil,
Nechukkim, amr qilmish Tengri qilg'il.
Kishi sohibnisob o'lguncha ma'mur,
Emaskim, Haq tutubtur ani ma'zur.
Nisob o'lsa kishi molig'a zohir,
Ayirmoq farz keldi qirqdin bir.
Yoki:
Chun yudi ko'zlar savodin ashk yorut
yuz ochib
Kim, diramsiz elga boy el farzdur
bermak zakot.
Alisher Navoiy 770 nafar shayxlar karomatiga bag'ishlab yozgan “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida shayx Abu Abdulloh Duniy q.s. haqida bitgan fiqrada avliyoning zakot bilan bog'liq bo'lgan moliyaviy ibodati xususida quyidagicha ibratga va hayratga yo'g'rilgan qiziqarli xabarni o'qiymiz: “… Duniy ko'p Qur'on o'qur erdi. Har qachon zakot yoki sadaqa oyatiga yetsa erdi, xushhol bo'lub egnidin bir nima chiqorib berur erdikim, eshikdin tashqari chiqorib qo'yung, har kishi yetsa, olsun!”
Alisher Navoiy o'z tanbehlarida ham zakot bilan bog'liq masalalarga alohida e'tibor qaratgan. Masalan, 107 maktublardan tashkil topgan “Munshaot” asarining valiahd shahzoda Badi'uzzamon Mirzoga qarata yozgan 57-maktubda unga kuyinib quyidagilarni ta'kidlaganidan voqif bo'lamiz.
Chunonchi: “Yana ulkim, devoniylarg'a hukm bo'lsakim, atrofdin kelgan bozurgonlarning jonibin rioyat qilsalar. Ul viloyatda “tamg'o” lafzi mazkur bo'lmasa. Zakotni shar' va hukm yo'suni bila zakotchilar alardin mustaxlas qilsalar. Zakotchilar ishidin tavochi moh-bamoh, balki hafta-bahafta vuquf topib, arzg'a yetkursalar. Juzviy jarima qilg'onni kulliy siyosat qililsa, bok yo'qdur, to rujum ko'prak bo'lsa.”
Yoki ibratli umrining so'nggi kunlarida yakunlagan “Mahbub ul-qulub” asarining yigirma oltinchi fasli bo'lgan “Tijorat ahli zikrida” ham bu xususida ezgulikka chorlab aytgan tanqidiy ruhdagi fikrlari bilan tanishamiz: “ … rioyatdin nomurodlari ishi kushodi bo'lsa shar'iy zakot bo'ynida qolmasa, fuqaro haqqin o'z bo'ynig'a olmasa, yo'qki, molin aziz asrab, o'zini xor etgan va o'z molin tamg'odin o'g'rulab o'ziga mazallat yetgay yo vorissipor uchun yig'ingay, yo hodisa qo'zg'ar uchun qovg'ong'ay. Mundoq kishi xoja emas, muzdurur va o'z razillig'idin hamisha ranjurdur.”
Umuman, Navoiy zakot so'zini o'z asarlarida umumiy boylikning qirqdan biri miqdorida har yili olinadigan diniy soliq, moliyaviy ibodat ma'nosida ishlatadi, lekin she'rlari matnida esa zakotning badiiy talqini ham bor. “G'aroyib us-sig'ar”devonida o'qiymiz:
Zakot o'lur erdi yuzung jamoli naqdig'a mehr,
Tajammul ahlig'a yuzdin bir o'lsa erdi zakot.
Zakot qoidalariga o'zi ham qat'iy amal qilgani va bor mulki xalq manfaati yo'lida tikilgani bois qo'lida zakot solig'i berishi uchun mulk, mablag', zaxira bo'lmagani haqida “Vaqfiya”da to'lqinlanib, faxriya usulida shunday bitgan: “Jonim naqdi ul Tengriga zakotkim, ko'nglumga nasabqa yetkuncha mol zaxira qilmag'aymen, solmadi va nasabqa yetgan mol zakotin ayirg'uncha ilkimda qolmadi”.
Navoiyning zakot haqidagi ma'lumotlaridan, poetik talqinlaridan uning mazkur moliyaviy ibodatning muhim siru asroridan amir sifatida yaxshi xabardor bo'lgani seziladi. “Odamiy ersang, demagil odamiy, Oniki yo'q xalq g'amidin g'ami”, deb yozgan Alisher Navoiy doimo odamlarning hojatini chiqarish, yordam berish, dardu alamini yengillashtirish harakatida bo'lgan, ammo hojatbarorligi uchun odamlardan muzd talab qilmagan. “Vaqfiya”da bu haqda shunday qimmatli ma'lumotlarni yozgan: “Bu ishlar muqobalasida muzd tilab minnat qilmadim, balki muzdparvarg'a minnat dag'i tuttilar qabul etmadim.
Ruboiy
Eldin manga garchi g'ayri zahmat yo'q edi.
Ayb ermas, agar muzd ila
minnat yo'q edi.
El berdilar, ammo manga rag'bat yo'q edi.
Shah davlatidin bularg'a hojat yo'q edi.”
Muzd — ish haqi, xizmat haqi, to'lov singari lug'aviy ma'nolarni bildiruvchi tarixiy-iqtisodiy atama bo'lib, Navoiy davri adabiy tilning yozma va og'zaki shaklida keng iste'molda bo'lgan va daho shoirning durdona asarlari matnida ham shu ma'nolarda mahorat bilan qo'llangan.
O'rganishimizga ko'ra, uning moliyaviy ibodati ma'lum ma'noda shaxsiy muhrida ham aks etgan. O'zbekiston Qahramoni Suyima G'aniyeva Navoiyning shaxsiy muhri va muhrga bitilgan jumlalar haqida quyidagicha ma'lumot beradi va biz Navoiyning moliyaviy ibodati bilan bog'liq fikrlarimizni mazkur oltin bitik bilan xulosalashga harakat qildik: “Kun, osha fi-d dunyo k-al g'arib-al-faqir Alisher” ya'ni, “Dunyoda faqir va g'arib Alisherdek hayot kechir.”
Burobiya RAJABOVA,
O'z FA O'zbek tili, adabiyoti va folklor
instituti yetakchi ilmiy xodimi.
1Alisher Navoiy. Siroj ul-muslimin. MAT. 16-jild. – Toshkent: Fan, 2000;