Navoiy – 30

Shunday adiblar bo'ladiki, ahli mutolaa ularning yangi asari chop etilayotganini eshitsa, tamom – oromini yo'qotadi. Topib o'qimagunicha tinchimaydi. Topsa, beixtiyor qo'lma-qo'l qilib o'qiydi. Taassurotlarini katta-kichik davralarda bir-biriga so'zlab berishdan charchamaydi.

Taniqli yozuvchi Xayriddin Sulton har bir asarini o'quvchilar intizor bo'lib kutadigan ana shunday xassos adiblardan.

Sizga taqdim etilayotgan ushbu kitobning qo'lyozmasi hali bosmaxona yuzini ko'rmasidan gazetxonamizga qo'ng'iroqlar bosh­langan edi: “Kitobni qanday topsak bo'ladi?”

“Mashhur press” nashriyotida kuni kecha chop etilgan mazkur asarini adib “Navoiy – 30” deb atagan va unga “Janri yo'q kitob” deb g'ayrioddiy izoh bergan. Biroq bizning nazarimizda, bu o'rinda kitobning janri muhim emas. Muhimi – “Navoiy – 30” samimiyat, mehr-oqibat, poklik va halollik, insof-diyonat kabi yuksak insoniy tuyg'ularni baland pardalarda tarannum etadigan, zavqu shavq bilan o'qiladigan, ibratli asar ekanida.

Kitobda yolg'on, to'qima narsaning o'zi yo'q. Bir qarashda ichakuzdi hangomalarga o'xshab ketadigan badialarning bari — hayotiy. Ayrim hikoyalarda esa mashhur ijodkorlar boshiga tushgan dardu fojialar, har qanday odamni ham o'ylantirib qo'yadigan taqdir sinovlari chuqur iztirob bilan qalamga olinadi…

Qolaversa, ustoz adiblar — Mirkarim Osim, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Sarvar Azimov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Vahob Ro'zimatov, Mashrab Boboyev va boshqa ko'plab ulug' iste'dodlar hayotidan olingan turfa xil hikoyalarni o'qib, o'zingizni beixtiyor ularning davrasida yurgandek, go'zal va fayziyob suhbatlaridan bahramand bo'layotgandek his etasiz.

Eng asosiysi, kitobni o'qib huzur qilasiz, ma'naviy qanoat hosil etasiz. To'ymaysiz. Yana kitob o'qigingiz, undan boshqalarni ham bahramand etgingiz kelaveradi.

Sevimli adibimizni yangi asar bilan samimiy tabriklagan holda, gazetamizning 7-sahifasida muallifning kitobga yozgan So'zboshisini hamda ayrim hi­koyalarini hukmingizga havola etmoqdamiz.

 

Toshkentning qoq markazida…

(So'zboshi o'rnida)

Toshkentning qoq markazida Alisher Navoiy ko'chasi bor. O'z davrida u Toshko'cha, Kattako'cha, Shayxonto­hur nomlari bilan atalgan. Mana, sakson uch yildirki, ulug' shoir nomi bilan shuhrat topib keladi. Uning o'rtasida esa “Navoiy – 30” degan ulkan bir bino bor.
XX asr sovet arxitekturasining mukammal timsoli bo'lmish bu azamat binoning baland peshtoqlari, osmon ustuniday bahaybat kolonnalari, muazzam arkalari, yaltiroq mis qubbali mahobatkor darvoza va eshiklari, keng-mo'l marmar zinalari, vazmin-sipo derazalaridan o'z vaqtida cho'ng bir salobat yog'ilib turardi.
Bu muhtasham imoratning o'rni ilgari qanday joy bo'lganini bugun kamdan-kam odam eslaydi. Eslaydiganlarning ko'pi endi yo'q – oxirat dunyosiga qaytmas bo'lib ketganlar, qolganlardan esa afsuski, buni hech kim so'ramaydi.
Tarixni umumiy tushunib, umumiy idrok etadigan xalqimiz nima uchundir xususiy tarix haqida ko'p ham qayg'urmaydi, bunga rag'bat va mayl ko'rsatmaydi.
Holbuki, o'zligini anglagan, o'z qadrini biladigan o'lka va ellarda nafaqat mamlakat va shahar, balki har bir ko'cha, imoratu inshootning ham o'z tarixi bor va ana shu tarixni soatlab zavq bilan so'ylab beradigan qissago'y-roviylari ham bor.
Mayli, nima bo'lganda ham, o'tgan asrda, o'zbek elining poytaxti Toshkandi azimning yuragida, elliginchi yillarning oxiri – oltmishinchi yillarning boshlarida, Rashidov rahbarligining miyonasida ikki ulug' dargoh – Markaziy telegraf va Hamza teatriga yondosh bo'lib, o'z zamoni tushunchasiga ko'ra buyuk bir maj­mua o'laroq qad rostlagan ushbu bino shunchaki oddiy bir imorat emasligini avval-boshdanoq qayd etib qo'ymog'imiz joiz.
Ammo bu sirli dargohga yetib borish uchun, avvalo, Navoiy ko'chasini ikkiga ajratib turadigan mashhur O'rdaning ko'prigidan o'tishimizga to'g'ri keladi.
Ko'prikka qadam qo'yishdan oldin esa uning ajabtovur tarixi va shuhrati haqida to'xtalib o'tish joiz.
Oq podsho mustamlakasi davrida Toshkent ikki qismga bo'lingan: O'rdaning ko'prigidan yuqorida yevro­paliklar yashagan, ular uchun barcha qulayliklar muhayyo, mahkamayu idoralar shu yangi shaharda ish ko'rgan. Ko'prikning bu tomoni – ahli muslim istiqomat qiladigan Eski shahar eskiligicha qolavergan. O'rdaning ko'p­rigi shaharning ikki qismi o'rtasida go'yo norasmiy bir chegara vazifasini o'tagan. Yangi shaharda ko'ngilni xushlaydigan dargohlar kundan-kun shuhrat topib, asta-sekin ayrim eski shaharliklar diliga ham qutqu sola boshlagan. Puldor musulmon boyvachchalar shaharning makruh sanalgan bu qismidagi restoranu tomoshabog'larga avvallari o'g'rincha, qorong'ilatib keladigan bo'lsalar, keyin-keyin, kuppa-kunduzi, oshkora ravishda O'rda ko'p­rigidan izvoshda kerilib o'tadigan, qovoqxonayu islovotxonalarga tanda qo'yib, mast-alast dumalab yotadigan bo'lganlar. Shu bois, Eski shaharda biror suyuqoyoq kimsa haqida so'z borgudek bo'lsa, “E, umi, O'rdaning ko'prigidan o'tgan!” deb eslar ekanlar.
Yetmishinchi yillarda ana shu mashhur ko'prikdan o'tib, O'rda tomondan enib borganingizda, tramvaylar jarangdor qo'ng'iroq chalib, guldirab o'tadigan ko'chaning o'ng qanoti muazzam va oliy imoratlar bilan ziynatlanganiga, chap tarafda esa ilgarigi eski jarliklar o'rnida “Yarmarka” deb nom qozongan past-baland, omonat faner do'konchalar munchoqdek tizilib turganiga ko'zingiz tushardi.
Hozir bu savdo rastalaridan asar ham qolmagan, ularning o'rnida qad rostlagan besh qavatli “dom”lar “Toshkent Siti”ga devor-darmiyon qo'shni bo'lib turibdi.
Qisqasi, sobiq “Bolalar dunyosi” magazinidan bosh­lanib, Xad­ra maydoniga qadar davom etadigan Navoiy ko'chasidagi yonboshiga “30” raqami zarb etilgan bu azim imorat kitobimiz qahramonidir.
Ehtimol, siz, hech zamonda bino ham badiiy asar qahramoni bo'lishi mumkinmi, deb so'rarsiz.
Lekin San'at nomli oqsoch momo qal'alar va qo'r­g'onlar, saroy va qasrlar, masjidu madrasalar, butxonayu kalisolar haqida otashin harorat va mahorat bilan bitilgan qanchadan-qancha go'zal asarlarga doya bo'lgani tarixdan yaxshi ma'lum. Loaqal “Bibi Maryam ibodatxonasi”, “Saddi Iskandariy”, “If qal'asining mahbusi”, “Arbat bolalari”, “Daryo bo'yidagi uy” kabi asarlarni eslash kifoya. Shu ma'noda, Navoiy – 30 o'z siymosida ham qal'a, ham saroy, ham qo'rg'on, ham qasri oliyga xos jamiki belgi-alomatlarni mujassam etgani uchun, hech shubhasiz, badiiy asarning to'laqonli qahramoni bo'lishga mutlaqo munosibdir.
Uning tarixi va ta'rifini, bu dargoh ahlining g'aroyib qismatlarini tasvirlash uchun “mingta Firdavsiy kerak”1. Ammo firdavsiylar o'tib ketgan, yangilari esa qachon tug'ilishi noma'lum, shuning uchun ham “faqat ojiz qalamim manim”2 deb, bu vazifani o'z zimmamizga olishga majburmiz.
Pastdan, poygakdan turib qaraganda, Navoiy – 30 qoshida odam o'zini qandaydir faqiru haqir sezadi, beton va sement, marmar va xarsang toshlarning ajib uyg'unligi ila bunyod etilgan bu haybatli qal'a qarshisida beixtiyor tizza qaltiraydi.
Agar bu binoga tepadan – osmonu falakdan qarasangiz, nihoyatda ulkan “P” harfi ko'z o'ngingizda namoyon bo'ladi. Nomi bizga noma'lum me'mor bu harf o'yini orqali qanday ramziy ma'noni ifoda etmoqchi bo'lgan ekan? Par­tiyaga sadoqatini izhor qilmoqchi bo'lganmi yoki “ishlar pachava” degan qitmir bir mazmunga sha'ma etganmi – illo, bunisi bizga qorong'i.
Eslasangiz, bu muazzam bino bag'rida bir paytlar hayot dengizday qaynab, ijodiy jarayonlar po'rtana urib yotardi.
Navoiy ko'chasi tomondan kiriladigan uchta asosiy darvozaning yon-devorlaridagi qop-qora fonga zarhal harflar bilan bitilgan, maqomi va nufuziga qarab tartib berilgan tillorang peshlavhalar bu ulug' imorat bag'rida Madaniyat ministrligi, Kinematografiya davlat komiteti, Nashriyotlar, poligrafiya va matbuot ishlari bo'yicha davlat komiteti, Sovet Ittifoqi Telegraf agentligining O'zbekiston bo'limi, Jurnalistlar soyuzi va hokazo va hokazo bir-biridan nufuzli va purviqor idoralar faoliyat yurgizishidan dalolat berardi.
Bundan tashqari, bu baland dargoh qa'rida qator-qator nashriyot va bosmaxonalar, gazeta-jurnallarning redak­siyalari, mafkura frontiga daxldor juda ko'p kerakli va keraksiz tashkilot va muassasalar ham qo'r to'kib o'tirar edi.
Ularning faoliyat doirasi bamisoli zanjir hal­qasiday bir-biri bilan chambarchas bog'langan ediki, buni, masalan, mualliflarning huquqlarini himoya qiladigan bir tashkilot (VAPP) bilan ana shu huquqlarni poymol qiladigan yana bir idora (Glavlit)ning bir qavatda joylashib, apoq-chapoq ishlashida ham ko'rish mumkin edi.
Ijod ahli, qavmi qalam bu dargohni oddiygina qilib “Navoiy – 30” deb atar va bunda faqatgina xos odamlar tushunadigan qandaydir bir ma'no, aniqrog'i, sirli bir tilsim bordek tuyular edi.
Nafaqat O'zbekiston, balki uzoq-yaqindagi ko'p­lab adabiy mintaqalardan ham ijod dardiga giriftor bo'lgan ming-minglab shaydoyu savdoyilar mana shu makonga parvonadek talpinar edi. Barcha adabiy yo'llar Navoiy – 30 ga eltardi. Barcha adabiy taqdirlar Navoiy – 30 da tutashardi.
Bu ulug' bino ostonasi ne-ne insonlarni ko'rmagan. “Panorama” kinosaroyi, Yosh tomoshabinlarning rus te­atri, Adabiyot muzeyi, Shoirlar xiyoboni, “Passaj” kitob do'konlari, O'zbekiston televideniesi, Hamza teatri, Ko'kaldosh madrasasi kabi maskanlar joylashgan Navoiy ko'chasi bo'ylab qanday buyuk zotlar kezmagan.
Baxtim shuki, men yoshlik chog'larimda Navoiy – 30 va uning ma'naviy hududida ana shunday g'aroyib odamlarni, benazir iste'dod egalarini nafaqat ko'rdim, balki ularning dilkash suhbatlaridan bahramand bo'ldim, taqdir nasib etgan ekan, ular bilan ijodiy hamkorlik ham qildim.
Nainki men, boshqa o'nlab shoir-adiblar ham ana shunday ajib saodatga musharraf bo'ldilar:
Ko'rdim: Shukur Burhon “Hamza”dan chiqib,
Asta piyodalab ketdi bir kuni.
Bir yon gavjum ko'cha, bir yon rastalar,
Olomon…
Ko'pchilik bilmadi uni…
(Omon Matjon)
Oradan yillar o'tib, Navoiy ko'chasining fuqarolari va qirollari bo'lgan ana shunday insonlar sha'niga ushbu kitobni bitdim. Bu kitob Muhit va uning qahramonlari haqida. To'plamdan o'rin olgan, Navoiy – 30 teg­rasida yuz bergan voqealar ham mohiyat e'tibori ila ushbu makon ruhi bilan yo'g'rilgandir.
Ba'zi andishalarga ko'ra, ayrim qahramonlarning ism-familiyalarini o'zgartirish lozim topildi. Zero, adabiyot uchun muayyan shaxsning nomu nishonidan ko'ra, uning tiynati, xulqi va sajiyasi, qilgan va qilmagan ishlari muhimdir.
Ayni vaqtda men farishtalar tarixini emas, oddiy insonlar hayotini yozayotganimni, xom sut emgan banda sifatida barchamizning nuqson va xatolardan xoli emasligimizni unutmaslikka harakat qildim.
Qo'lyozmani kitob holiga keltirgach, bundoq razm solib, ushbu bitiklarning qaysi janrga yotishini, ochig'i, o'zim ham bilmay qoldim.
Darhaqiqat, nima o'zi ular – hikoya yoki badialarmi, maqola yoki xotiralarmi? Bitta-yarimta bilgich odam bo'lsa, kitobni o'qigandan so'ng balki aytib yuborar.
Hozircha esa bu parishon sahifalarni “janri yo'q kitob” deb atashga o'zimda jur'at his etdim.
Bugun charxi kajraftorning shevasi bilan Navoiy – 30- dan, uning o'tmish sha'nu shukuhidan faqat olis xotiralar qoldi. Faqat ko'z yoshidek tiniq orzular, g'araz g'uboridan xoli inti­lishlar, mastona davralar, darveshona yurishlar, bedor ruh isyoni, otashin inkor tuyg'ulari, sevgi afsonasi, chigal ishq iztiroblari, samimiy tabassumlar, ajib parvoz va inqirozlar, barbod bo'lgan va yuksalgan taqdirlar – qisqasi, shu jilvagar hayot­ning rang-barang tamannolari ba'zan horigan yuraklarni jizillatib o'tadi, xolos.
Bir vaqtlar Navoiy ko'chasini to'ldirib, gullatib-­yashnatib yurgan, iste'dod-salohiyati, azmu g'ayrati, hayotga muhabbati bilan hech qachon qarimaydigandek, ­o'lmay dunyoga ustun bo'ladigandek tuyulgan ne-ne g'aroyib siymolar endi yodnomalar qahramoniga aylandi. Aksariyatining timsollari Adiblar xiyoboniga ko'chib o'tdi.
Ularning barchasini Olloh o'z rahmatiga olgan bo'lsin. Hayot bo'lganlarining umrlarini ziyoda qilsin.
Ba'zan ma'yus chog'larimda ortga qarayman. Izimizdan yangi adabiy avlod kelayotganini ko'rib, ko'nglim tas­kin topadi. Nasib etsa, ular ham o'zining betakror ijodiy muhitini – o'z “Navoiy – 30”ini yaratar, deb umid qilaman.
Hurmatli kitobxon, kimligingizni, ismingiz yoki yoshingizni bilmayman – balki akam yo opam, balki ukam yo sing­lim, ehtimol, farzandu nabiram tengidirsiz. Lekin goho quvnoq, goho mahzun ohang ila bitilgan ushbu yozmish­larim sizni ham loaqal bir zumgina bizning beg'ubor damlarimizga, umrimizning armonsiz davrlari kechgan Navoiy ko'chasiga, endi qaytmas bo'lib ketgan Navoiy – 30 degan betak­ror lomakonga qaytara olsa, hayot so'qmoqlarida ko'p g'urbatlarni ko'rgan bu oqsoch boshim ko'kka yetgan bo'lur edi.

Minnatdorlik ila,
Xayriddin SULTON.

 

“TIRIKChILIKNING AYBI YO'Q”

Bu hangomani ham Erkin aka kulib aytib yurardi:

– Bir kuni sahar tong qorong'isida “Jiguli”ning rulida o'zim, aeroportga ketayotgan edim. “G'uncha” kinoteatrining oldiga yetganimda yo'l chetida qo'l ko'tarib turgan odam sharpasiga ko'zim tushdi. Dastlab e'tibor qilmasdan o'tib ketibman, besh-o'n metr yurib, yonbosh­dagi oynadan orqaga qarasam, egniga qora chopon, boshiga do'ppi kiygan bir yigit. Kim bilsin, bechora janoza-panozaga shoshayotgandir, degan xayol bilan izimga qaytib bordim.

– Ha, uka, tinchlikmi? – deb so'radim.

– E, akajon, keliningiz og'iroyoq edi, dard tutib qoldi, “tez yordam” kelmayapti, – dedi yigit betoqat bo'lib, – shunga…

Bunaqa paytda o'ylab o'tirishning mavridi emas, albatta.

– Qani, o'tiring, – deb mashinaning eshigini ochdim. – Qayoqqa yuramiz?

– Rahmat, rahmat, baraka toping, – deb yigit suyunib ketdi. – Hozir o'ngga, keyin chapga. Yaqin o'zi, anavi to'qqiz qavatli “dom”da turamiz.

O'n minutlardan keyin ayolini o'rab-chirmab uyidan olib chiqdi, avaylab mashinaga o'tqazdi.

Bular Taxtapuldagi tug'uruqxonaga biriktirilgan ekan, mashinani ohista haydab, yarim soatlarda kasalxonaga yetib bordik. Do'xtir-hamshiralar ayolni birpasda tibbiy zambilga solib, ichkariga olib kirib ketishdi.

Mashinani burib ortimga qaytayotgan edim, boyagi yigit yugurib oldimga keldi.

– Aka, ming rahmat sizga, umringizdan baraka toping, – dedi qulluq qilib. — Baxtimizga Xudo sizni yetkazdi, bo'lmasa, toza qiynalib qolardik.

– Mayli, eson-omon qutulib olsin, – dedim.

– Aka, – dedi yigit uzr so'ragandek, – endi mana shuni olib qo'yasiz. Oz bo'lsayam ko'p o'rnida ko'rasiz.

Bundoq qarasam, bitta qizil o'n so'mlikni uzatib turibdi.

Shu payt deng, miyamda bir lahza shaytoniy qutqu yilt etdi, lekin darrov o'zimni qo'lga olib:

– Ey qo'ying-e, uka, uyat bo'ladi, – desam, yigit tushmagur qo'lini ko'ksiga qo'yib:

– Erkin aka, olavering, tirikchilikning aybi yo'q, – deydi.

Xayriyat-xayriyat, shaytonning gapiga kirmaganim. Bo'lmasa, ertaga butun Toshkentda, nima deysan, Erkin Vohidov kechasi kira qilib yurarkan, degan gap tarqab ketarmidi…

“SEN QAYoQDAN BILASAN?..”

– “Yoshlik devoni” endi nashrdan chiqqan payt­lar, – deb hikoya qilgan edi Erkin aka, – men uchun ota maqomida bo'lgan tog'am Karim Saxiboyevning uyiga bir kuni ulfatlari mehmondorchilikka yig'ilishdi.

Ulfatlar kim desangiz, mashhur ulamo, siyo­siy arbob Alixonto'ra Sog'uniy, aka-uka hofiz Shojalilovlar, Ma'rufxo'ja Bahodirov, shoir Chustiy… Hammasi madrasa ko'rgan eski odamlar. Men choy tashib xizmat qilib turibman.

Bir vaqt gap aylanib kelib, “Yoshlik devoni”ga taqaldi. Suhbatdoshlar biri olib, biri qo'yib kitobni ta'riflay ketishdi. Ularning hammasi bir fikrda yakdil edi, ya'ni devonda ishqi ilohiy kuylangan, yor, dilbar, ma'shuqa deganda, avvalo, Xudoi taolo ulug'langan. Bu esa Erkin Vohidov ijodida mutlaqo yangi burilish boshlanganidan dalolat berar ekan.

Boshida indamasdan, odob bilan choy quyib o'tiraverdim. Ammo gap chuqurlashgani sari tashvish-xavotirim orta boshladi. Nima bo'lganda ham, partiya a'zosiman, komsomol nashriyoti bosh muharririning o'rinbosariman. Xudo ko'rsatmasin, agar bu gaplar ertaga biron joyga yetib borgudek bo'lsa…

Shuning uchun masalaga oydinlik kiritmoqchi bo'ldim.

– Bu mashqlar bir havas, katta baho ber­dinglar, rahmat, — dedim, — ammo, muallif unday yuksak maqsadlarni o'z oldiga qo'ymagan. Bu g'azallarda oddiy insoniy tuyg'ular, yosh yigit-qizlarning beg'ubor muhabbati, sevgi-sadoqati tasvirlangan, xolos.

Mening bu gapim bir umr adliya xodimi, sudya bo'lib ishlagan, Oliy sud a'zosi ham bo'lgan tog'amga yoqmadi.

— Yosh bola narsa, bu kitobda nima yozilganini sen qayoqdan bilasan? — dedi qovog'ini solib.

“KO'P NARSANI BILIB OLDIM…”

Navoiy – 30 yonidagi Mahmud mo'ylovning oshxonasida bir necha kishi tushlik qilib o'tirgan edik. To'rda – Said Ahmad aka, hammani og'ziga qaratib gap beryapti.

Bir mahal shoir, telejurnalist A.I. bilan “Yosh gvardiya” nashriyotida ishlaydigan shoir T.I. boshlashib oshxonaga kirib kelishdi. Ikkovining ham kayfi chog', chunki kecha oqshom televizorga chiqib o'zaro adabiy suhbat qurishgan, endi tanish-bilishlarning qutlov-tabriklariga qulluq aytib yurishgan edi. U paytda televizorga chiqish yozuvchi uchun kosmosga chiqishdek bir gap edi.

Og'aynilar Said Ahmad aka o'tirgan bizning davraga yaqinlashib, qo'llari ko'ksida, shirin tabassum bilan salom berishdi.

– Vaalaykum assalom, – dedi Said Ahmad aka kulimsirab, – ammo-lekin, akang aylangurlar, televizorda kechagi suhbatinglar zo'r bo'ldi. Ayniqsa, bir-biringni “mavlono”, “malik ush-shuaro” deb ulug'lashing, “mustag'niy”, “dunyovu uqbo”, yana nimaydi, ha, “ruh ashjoriy” deb Navoiy zamonidek gapirishlaring, hay-hay… Shaxsan men juda ko'p narsani bilib oldim.

Ikki do'stning og'zi qulog'iga yetib, jilmayib turishibdi.

– Sir bo'lmasa, nimani bilib oldingiz, ustoz? – deb so'radi T.I. tavoze bilan.

– Ikkovingning ham qazoi hojatga ehtiyojing bor ekan-u, ulgurolmay qolganingni bildim, – dedi Said Ahmad aka.

Mavlono A. bilan mavlono T. turgan joylarida qotib qolishdi.

“DUMI”NI O'ZING QO'YIB OLARSAN…”

Bir kuni Said Ahmad aka nashriyotga telefon qilib qoldi:

– Abdulla aka (Abdulla Qahhor) haqida xotiralar kitobi chiqarayotgan ekansizlar, Kibriyo opa maqola yozib berishimni iltimos qilgan edi, qo'lyozmani senga jo'natyapman, o'zing ko'rib chiqarsan.

– Xo'p bo'ladi, – dedim.

– Faqat bir iltimos, – dedi ustoz, – men “dum”li “h” bilan “dum”siz “x”ning farqini bilmayman, o'zing qo'yib olarsan.

– Gap yo'q, xotirjam bo'ling, – dedim kulimsirab.

– Lekin Said Ahmad akam juda tupoy ekan, deb o'ylamasliging uchun u yer-bu yeriga “dum” qo'yib qo'ydim, yana qararsan, – dedi u kishi va xayrlashdik.

Ikki-uch soatdan keyin qo'lyozma yetib keldi. Ochib qarasam, baraka topkur ustoz “Ahmad”, “havo”, “husn”, “holva”, “hamshira” kabi so'zlarning “dum”ini olib tashlab, “xat”, “xaridor”, “xayriyat”, “xavotir” degan so'zlarga erinmasdan “dum” qo'yib chiqqan ekan.

“QANI, TO'RNI BO'ShATING…”

Professor do'stimiz Hasan Bo'riyev qiz uzatayotgan edi, nahorgi oshga Said Ahmad aka bilan birga bordik. Osh tarqaguncha to'y egasining yonida “hassakash” bo'lib turdik. Odam oyog'i tinganidan keyin bizni ham dasturxonga taklif qilishdi. Said Ahmad akaning yonida Bo'riyev domlaning qishloqdan kelgan, oppoq soqoli ko'ksini qoplagan nuroniy qarindoshi turardi. Ustoz u kishiga hurmat ko'rsatib, qo'ymasdan to'rga o'tqazdi, keyin o'zi uning yoniga o'tirdi. Biz ham joy-joyimizni egalladik.

– Qani, bobo, fotiha qiling, – deb Said Ahmad aka oqsoqol mehmonga qaradi. Oqsoqol qo'lini fotihaga ochib:

– Ilaya, yashlar o'vali-jo'vali bo'lsin, siz ham mening jashimga jetib juring, – deb qo'ng'irotcha shevada duo qildi.

Fotihadan so'ng ustoz nuroniy boboga ixlos va havas bilan tikilib:

– Otaxon, so'raganning aybi yo'q, nechaga chiqdingiz? – dedi.

– Menma? Xudayim umr bersa, shu jil oltmish ekiga chig'aman, – dedi mo'ysafid bamaylixotir choy ho'plab.

Bu gapni eshitib Said Ahmad aka birpas hayron bo'lib turdi-da, keyin:

– E, sizning duoingiz ijobat bo'ladigan bo'lsa, men bundan o'n olti yil burun o'lib ketishim kerak ekan-da! Ukaxon, mening yoshim yetmish sakkizda, bilib qo'ying. Qani, davay, to'rni bo'shating, – dedi yolg'ondakam jahl qilib.

“YO'Q, MENIKI ITALYaNSKIY”

Koronavirus pandemiyasi qanchalik dahshatli bo'lmasin, odamzot baribir shu vahimali mavzuda ham hazil-mutoyiba qilishga o'zida kuch va jur'at topa oldi.

Mana, quloqqa chalingan ba'zi ajoyib gaplar.

Pandemiya boshlangan dastlabki kunlarda qiziqchi Avaz Oxun televizorga chiqib aytayapti:

– Birodarlar, qo'rqmanglar, bu koronavirus Xitoydan chiqqan ekan, hademay yo'q bo'lib ketadi. Nega deysizlarmi? Negaki, Xitoyda chiqqan narsa uzoqqa bormaydi.

Katta idorada ishlaydigan tanishim gapirib beryapti:

– Ishxonamizning eshigi oldida ikkita do'xtir bittasi fonarchasini yoqib olib, har bir xodimning tomoq-burnini tekshiradi, ikkinchisi to'pponchaga o'xshagan asbobini peshonangizga tirab, issig'ingizni o'lchaydi. Xullas, tartib-intizom juda qattiq. Bir kuni xizmat safaridan qaytib ishxonaga tushlik payti kirib keldim. Qarasam, do'xtirlarning qora-qurasi ham ko'rinmaydi. Hayron bo'lib, vaxtyor amakidan so'radim: “A, bu do'xtirlar tushlik vaqtida tekshirmaydimi?”.

Vaxtyor bo'lsa iljayib: “Aka, bu virus ham soat birda obedga chiqib ketar ekan”, deydi.

Kasallik endi tarqala boshlagan ko'klam oylari. Virus Xitoyda paydo bo'lib, Italiyada, ayniqsa, o'lim holatlari avj olgan kunlar.

Ikkita ayol telefonda gaplashyapti:

– Voy, o'rtoqjon, sizga o'xshab men ham “kovid” bo'lib qoldim, qurib ketkur yomon ekan, – desa, dugonasi hamdardlik bildirib:

– Sizda qanaqasi, kitayskiymi? – desa, bunisi og'zini to'ldirib:

– Yo'q, o'rtoqjon, meniki italyanskiy, – deb maqtanar emish.

Donishmandlar “Insoniyat o'z o'tmishi bilan kulib xayrlashadi”, deydilar. Ilohim, ahli basharni ham kuydirib, ham kuldirib o'tayotgan pandemiya bilan tezroq xayrlashish barchamizga nasib etsin.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − sixteen =