O'ZGARTIRIShLAR TO'SIQ BO'LMASIN

Mana oliy ta'lim muassasalariga qabul jarayoni ham yakunlandi. Kimlardir imtihon kunlari yaqinlashib, tezroq talaba bo'lishga oshiqayotgan bo'lsa, kimlardir necha yillardan buyon orzu qilib kelayotgan rejalari chilparchin bo'lganidan xafa. Sababi har bir o'g'il-qiz bolaligidan qaysidir kasbga mehr qo'yib, ana shu kasbni egallashga harakat qiladi. Bu yo'lda ancha ilgariroq o'qish va izlanishni bosh­lab, puxta tayyorgarlik ko'radi. Ammo endi maqsadga erishdim deganda qandaydir “Yangilik” sabab hammasi chippakka chiqsa-chi? Bu qaysi odamga ta'sir qilmaydi deysiz?

So'zni ochiqroq davom ettiradigan bo'lsak so'nggi vaqtlarda oliy ta'limdagi o'qishga qabul qilishdagi o'zgarishlar, yoshlar uchun yengillik hamda yanada yaxshilik bo'lishini ko'zlab amalga oshirilayotgan islohotlar hammani ham birdek quvontirayotgani yo'q. Qaytanga bir necha yillardan buyon qunt bilan o'qib-o'rganayotgan bir qator yoshlarning taqdirining butkul o'zgarib ketishiga, qat'iy noroziliklarga sabab bo'layotgani to'g'riroq.
O'tgan shu mavsumda jurnalistika yo'nalishiga hujjat topshirgan abiturientlardan pandemiya sababli deb amaliy imtihonlar olinmadi. Hayriyatki, bundan hech qanday yo'qotishlar ko'rmadik. Sababi test topshiradigan fanlarimiz avvaldan ma'lum bo'lganligi bois bu tomondan ham yaxshigina tayyorgarlik ko'rgandik. Ammo ayrim yo'nalishlar bo'ldiki imtihonga qisqa muddat qolganda sinov o'tkaziladigan fanlar tamomila o'zgarib ketdi.
Bir do'stim Toshkent davlat yuridik universitetiga talabalik yoshiga yetishidan 2-3 yil ilgariroq tayyorgarlikni bosh­lagan edi. Bu yerga kirish imtihonlari ona tili va tarix fanlaridan bo'lganligi uchun shularni o'qib yurardi. Keyinroq sinov fanlari o'zgarib, ingliz tili va ona tilidan o'tkaziladigan bo'lib qoldi. Ha mayli dedi-yu, ancha o'zlashtirib olgan tarix fanining o'rniga ingliz tilidan tayyorgarlikni boshladi. Vaqt kam qolganligi bois yangi fanni shunaqangi berilib o'rganardiki, ko'rib havas qilardingiz. Yoshligidan hammaga “prokuror bo'laman” derdida, axir. Ammo “sarguzashtlar” hali tugamagan ekan. Shu desangiz, sinov fanlari yana tarix va ingliz tiliga o'zgarib do'stimning bu bilim yurtida o'qishga bo'lgan qiziqishi butkul sovidi. To'g'rida, qaysidir to'siqdan o'tishga jon berib tayyorlansang-u, shartlar o'zgaraversa, kimning hafsalasi pir bo'lmaydi. Shu bo'ldi do's­timiz o'zimizning viloyatimizdagi FarDUning tarix yo'nalishida o'qishga qaror qildi. Tarix va ona tili fanlarini o'rganishni yana davom ettirdi. Ammo qabul jarayoni boshlanishiga yaqin aniqrog'i olti oy qolganda, ya'ni dekabr oyida bu yo'nalish sinovlarida ham o'zgarish bo'lib tarix va geografiya fanlaridan olinadigan bo'ldi. Bunga nima deysiz endi, ataylab abiturientlarning ustidan kulgandek qilinayotgan bu o'zgarishlar ko'pchilikni qiyin ahvolga solib qo'yishini nahot o'sha ta'limdagi islohotchilar o'ylashmasa? Mayli, o'tgan yilgi gapni qo'ying endi, dersizlar. Ammo bu kabi “g'amxo'rlik­lar”ga joriy yilda ham duch kelinmoqda. Yuqoridagidek yechimsiz yo'lga kirib qolgan abiturientlar vazirlikka murojaat qilsalar-da biror javob bo'lmayotganidan dili xufton bo'lib, arz-dodini kimga aytishni bilmayapti. Keling, so'zimizni quruq qilmaylikda magistratura bo'yicha o'qishini davom ettirmoqchi bo'lgan yoshlardan birining murojaatidagi so'zlarni o'zingiz o'qib ko'ring:
Jamshidbek ShAVKATOV FarDU geografiya yo'nalishi bitiruvchisi: Assalomu alaykum! Mening murojaatim turdosh yo'nalishlarning yangi o'zgartirilgan jadvali bo'yicha. Men geografiya yo'nalishini bitirdim. Avvalgi yilda bu yo'nalish turdosh­lari ko'p bo'lgan edi (2019-2020 yilda). Bu yil yangi tasdiqlangan turdosh yo'nalishlarga ko'ra amaliy geografiya (sohalar bo'yicha), geografiya (o'rganish ob'yektlari bo'yicha) hamda aniq va tabiiy fanlar o'qitish metodikasi (geografiya) bo'yicha etib belgilanibdi. Biz ta'limning bakalavr turini o'qish jarayonida geologiya, geodeziya va kartografiya, gidrologiya, melioratsiya kabi fanlarni bir-bir yarim yil davomida mutaxassislik fani sifatida o'rgandik. Endi bu sohalarga topshira olmaymizmi? Nima uchun bunday yangiliklarni, hamma o'z sohasini tanlab bo'lgandan keyin, o'qishga topshirish paytida chiqariladimi? Uch kundan so'ng o'zgartirish­lar kiritiladi deganda, umidim uyg'ongandi deyarli hech qanday o'zgarish bo'lmagan. Bundan keyin bunday yangiliklarni besh yillik yoki bundan ham ko'p yilga etib qabul qilinsa, keyingilar ham arosatda, nima qilishini bilmay o'tirishmasdi.
To'g'ri, ayrim sohalardagi eskirgan qonun-qoidalarni bugungi kunga moslab qayta ko'rib chiqish zamon talabi. Biroq yana ayrim yo'nalishlar borki ularda yilning istalgan vaqtida ham o'zgartiraverish yaramaydi. Jumladan, ta'lim tizimida ham. Fikri ojizimizcha bunday o'zgarishlar o'quv yili boshlarida amalga oshirilsa har tomonlama foydali bo'lar edi. Shundagina yoshlar uchun yengillik bo'lsin deb qilinayotgan ishlar ularga to'siq kabi ko'rinmaydi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =