Ilmni qo'llash millat  kelajagini qo'llashdir

Mamlakatimizda ilm-fan rivojiga alohida e'tibor berilmoqda. Keyingi yillarda olimlarni moddiy va ma'naviy qo'llash ijobiy tomonga o'zgardi: oylik maosh miqdori  oshdi, fan doktorlariga 60 foiz, fan nomzodiga esa 30 foiz ustama haqi to'lash tizimi yo'lga qo'yildi. Ilmiy tadqiqot institutlarini rekons­truksiya qilish uchun hukumatimiz tomonidan  katta mablag'lr ajratildi va bu ishga  mas'ul mutasaddilar belgilandi.

Yillar davomida faoliyat yuritmagan, ilmiy-tadqiqot ishlari to'xtab qolgan jamoalar qayta tik­landi. Ko'p­lab yangi ilmiy laboratoriyalar tashkil etildi. Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimizni jahonning rivojlanayotgan davlatlari safiga olib chiqishning yagona to'g'ri yo'li — ilmiy tafakkurni rivojlantirish,  iqtidorli, izlanuvchan yoshlarni qo'llab-quvvatlash zarurligi Prezidentimiz olib borayotgan yangi  siyo­satning ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Biz bugun istiqlolimizning 30 yilligi arafasida bu siyosat qanday natijalar berganligiga guvoh bo'lib turibmiz. Bundan bir necha kun avval jahonning nufuzli oliy o'quv yurtlariga qabul qilingan 78 ta yigit-qizga “El-yurt umidi” jamg'armasining maxsus sertifikatlari topshirildi.

Bir qarashda, yillar davomida yig'ilib qolgan muammolar bugungi kun talablari darajasida hal bo'lganday. Ammo… Ilmda kichik bo'lsin biror yangilik yaratish, ixtiro qilish  ilmiy jamoa uchun yaratilgan sharoitga bog'liq. Zamonaviy jihozlar bilan ta'minlanmagan, dunyo ilmiy markazlari bilan bevosita bog'lanmagan eski laboratoriyalarda, gapning ochig'i, jiddiy yutuqlarga erishish qiyin. Biolog olim Baxtiyor Abdug'afur biz bilan suhbatda shunday deydi: “Bir necha yil xorijda ishladim. Ilmiy guruhlarga rahbarlik qildim. Biz borgan joylarda olimlar eng so'nggi texnologiya bilan jihozlangan binolarda ishlashadi, muttasil ravishda yangiliklar qilishadi. Tashkiliy ishlar bilan shug'ullanishmaydi. Ta'bir joiz bo'lsa, ular biz uchun tamoman boshqa dunyoda yashashadi, ishlashadi. Ammo ularning aqli yetgan narsaga o'zbek olimining ham aqli yetadi. Ular qilgan ishni o'zbek olimlari ham qila oladi. Buning uchun  sharoit bo'lsa bas. Nurab yotgan ta'mirtalab binolarda tafakkur qanot yozmaydi. Ishoning, O'zbekiston ilmda kelajak o'n-o'n besh yilda jahonning yetakchi ilmiy markazlaridan biriga aylanadi. Fan  aql yoki g'oya emas, tajriba! Tajriba esa infrastruktura degani”.

Adabiyot dunyo tafakkurini baland darajada tutib turuvchi mukammal fan,  ijod,  ustun. Milliy taraqqiyot yo'lini tutgan millat hamisha shu ustunga tayanadi.  Chunki u o'z tili, tuyg'u va tafakkuri bilan tirik. Adabiyotshunos,  tilchi olimlarimiz tadqiqot olib boradigan  binolar haqida gap ketganda, yuqorida nomi keltirilgan biolog olimimizning fikrlari yodga tushadi: bu sharoitni xorijlik mehmonlarga ko'rsatishdan ko'ra og'ir ish yo'q. Millat jaholatga yuz tutmasligi uchun til  va adabiyotshunoslik,  aniq fanlar rivoji hamisha diqqat markazida bo'lishi kerak. Kechqurun farzandlari og'ushiga shoshayotgan odam ertalab ishxonasiga ham shunday shoshishi uchun ko'p narsa talab qilinmaydi – sharoit va muhit bo'lsa bas.

— Grantlar, istiqbolli loyihalar, tanlovlar, moddiy qo'llab-quvvatlash olimlarga ilhombaxsh etadi, ularni harakatga keltiradi, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi tayanch doktoranti Javlon Jovliyev. – Biz ham yosh tadqiqotchilar o'rtasida turli tanlovlarni yo'lga qo'yishimiz, yaxshi natijalarga erishayotgan yoshlarni qo'llab-quvvatlashimiz kerak. Ular yaxshi jihozlangan binolarda ishlasalar, kitoblarini nashr etishda sun'iy to'siq, sansalorlikka uchramasalar, qimmatli vaqtlarini behuda yumushlarga sarflamasalar natija kutilganidan ham a'lo bo'ladi. Til va adabiyotni o'rganish shunchaki ilmiy faoliyat emas, yurt kelajagini, millat tafakkurini asrab qolish deganidir. Olimlar jamiyatning elitasi darajasiga ko'tarilmas ekan,  ilmiy tafakkur rivojiga taalluqli xalqaro e'tiroflar  orzuligicha qolib ketadi.

Shunday deymiz, ammo shu mushohadalarni bayon qilishingiz bilan gap mablag'ga borib taqaladi-yu to'xtaydi. Hozirda ilmiy-tadqiqot ins­titutlarida fundamental va amaliy loyihalar va boshqa tadqiqotlar doirasida olingan ilmiy natijalarni “WoS”, “Scopus” va boshqa unga tenglashtirilgan xalqaro ilmiy nashrlardagi jurnallarda nashr qilish  talab qilinadi. Bunday jurnallarda chop etiladigan ilmiy maqolalar saviyasi dunyo darajasida bo'lishi uchun tadqiqot ishlari zamonaviy bilimga ega mutaxassislar tomonidan yuksak texnolo­giyaga ega  laboratoriyalarda bajarilishi lozim. Bu borada ma'lum ishlar amalga oshirilmoqda, ammo ularni yetarli deb bo'lmaydi. Vaqtning esa bizni kutib turishga vaqti yo'q.

Xalqaro konferensiyalarga  qatnashish masalasida ham jiddiy muammolar bor. Bunday anjumanlarga shunchaki uchun borilmaydi. Jo'natilgan maqola qabul qilinib, tadqiqot ishingiz natijalari tashkilotchilarni qiziqtirsa, sizni ma'ruza qilishga taklif qilishadi (taklifnoma jo'natishadi). Kerakli hujjatlarni tayyorlab, safarga  ruxsat  olishingiz kerak. Lekin ko'p hollarda mablag' muammosi yo'lingizga ko'ndalang bo'ladi. To'g'ri, davlat fondlaridan tanlov asosida borish  mumkin, ammo bu imkoniyatning ham cheklangan joylari bor.

Biz bugun yangi O'zbekistonda yashamoqdamiz. Odamlarning ong-shuuri, dunyoqarashi, yoshlarning ilm-ma'rifatga intilishi kuchaygan. Ona yurtimiz o'zining azaliy mavqei — dunyo tamadduni rivojini belgilab bergan darajasiga qaytishi kerak. Bu yo'ldagi yutuqlarimiz oz emas. Ammo shu bori  bilan qanoatlanib qolsak,  sur'atni yana boy bergan bo'lamiz.

Yulduz O'RMONOVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + one =