Xalq shoiri “Korzinka.uz”ni nega tanqid qildi?

Yaqinda telekanallarimizdan birida O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azim bilan berilgan suhbatni eshitib qoldim. Teran fikrli, haqiqatparvar bu zabardast ijodkorning gaplari, ayniqsa, davlat tilini hurmat qilish borasidagi mulohazalari diqqatimni tortdi. Bu fikrlar imone'tiqodi butun, ma'naviyatimizni qadrlaydigan millionlab yurtdoshlarimizga ham manzur bo'lganiga shubha yo'q. Atoqli shoir, jumladan, poytaxtimizdagi nomdor do'konlardan biri Korzinka.uz do'konlari rahbarini ochiq tanqid qildi. “Hamma joyga do'kon qurib tashlagan bu odam shu so'zning o'zbekchasiniSavatyokiSavatchadeb qo'ysa bo'lmaydimi? Maqsad faqat pul topish bo'lmasligi kerak-da!, — dedi.

E'tibor berganim, bu yerda moddiyat haqida gap ketmayapti. Ya'ni, do'kondagi narx-navo yoki xizmat ko'rsatish to'g'risida bir og'iz ham fikr bildirilmadi. Hatto, do'kon eshigidan kirganingiz hamono chegirmalar haqidagi ovozli e'lon, ya'ni xurram tovushda “Falon mahsulot narxi falon mingu 990 so'm”, deya g'ashingizni keltirishi yoki do'kondagi mahsulotlar narxining balandligi xususida biror so'z bormadi. Aslida narxlarni bola aldarga 10 so'mga tushirib qo'yish allaqachon eskirgan uslub­ligi bor gap. Axir, 990 raqamidan boshqa chegirma sonlari yo'qmi? Lekin nima ham derdik, mayli-da, elga xizmat qilib, yurtimizning turli go'shalarida tarmoqlari soni oshib borayotgan ekan, bu do'kon egalarining ishlariga rivoj tilasak kamimiz ketmaydi. Shu xalq uchun mehnat qilyaptimi, omadini beraversin hammaning ham.

Ammo… Odamni xafa qiladigani shundaki, yurtning ayrim mashhur tadbirkorlari o'z tilini, yanayam aniqrog'i, rasman davlat tili hisoblangan o'zbek tilini hurmat qilmasa, hurmat qildirmasa, boshqalardan nimani ham kutish mumkin?!

Bu tilning naqadar boy va go'zal ekanini Hazrat Navoiy o'zining o'nlab asarlarida allaqachonlar isbotlab ketgan. Xususan, “Muhokamat-ul lug'atayin” asarida ona tilimizning naqadar ulug' va boy ekanligini qayta-qayta ta'kidlagan. Axir “Xamsa” kabi betimsol asarlarni ham ulug' bobomiz shunchaki turkiyda bitmagan edi-ku!

Shunday ekan, “Korzinka”ning o'rniga xalq shoiri aytmoqchi, “Savat” yoki “Savatcha” deb nom qo'yilsa, tadbirkorning ishlari yurishmay qoladimi? Yoki odamlar bu do'konlarga kirmay qoladilarmi? Agarda “Savat” yoxud “Savatcha” degan nom ma'qul bo'lmasa, ona tilimizda jarangdor va go'zal nomlar kammi?!

Bu — masalaning bir   jihati. Ikkinchi jihat shundaki, savdo yo'liga oid har   bitta atama darhol   ommalashib ketadi. Ayni davrda   ko'cha-ko'ylarda: “Korzinka qaerda, amaki?” deb so'raydigan bolakaylarni, qizaloqlarni ko'p uchratganmiz. Shu zaylda ularning dunyoqarashi   buzilmaydimi?

Qarang, Usmon   Azim ta'kidlaganidek, qanchalik chiroyli, jozibador so'zimiz   bor: “Savat”. Qolaversa, “Savat” aslida “Savdo” so'zi   bilan o'zakdosh.

Astoydil o'ylab qolasan   kishi: o'zbek tiliga   davlat tili maqomi   berilganiga salkam o'ttiz   to'rt yil bo'lyapti. Xo'sh, shundan beri   keskin o'zgarishni ko'rdikmi? Ziyolilar, hattoki, san'atkorlar ham nutqida   ruscha so'zlarni (lyuboy, znachit, davay, molodes, koroche, srazi, ponimaesh, xorosho, ladno va hokazo) ko'p­lab ishlatmoqdalar. Taqqoslab ko'ring:   o'zga yurtlarda biron odam   o'z nutqida o'zbekcha so'zlarni   qatorlatib ishlatadimi? Albatta,   yo'q. Yoxud dunyoning qaysi mamlakatida, hatto uning poytaxtida xuddi bizdagi kabi turli savdo-sotiq inshootlarida, ko'chalarda ajnabiy nomlarni, reklamalarni uchratasiz. Balki uchratish mumkindir, lekin hech qaysi yurt bu borada bizdagidek “sahiy” emas.

Davralarni ko'p aylanadigan   hikmatomuz ibora mavjud. “Tilga e'tibor — elga   e'tibor”. Savdo sohasi   kattakonlari ham shu   qoidaga amal qilsalar to'g'ri bo'lar edi.

Ha, bu borada tadbirkorlardan, mulk egalaridan pul topish, daromadu buromad ko'ra olish salohiyatidan tashqari, yana ozgina vatanparvarlik, millatparvarlik xislatlari ham talab etiladi, xolos.

Ehtimol, kimdir “Xalqqa xizmatni o'rniga qo'yyaptiku, nomning nima ahamiyati bor?!” deyishi mumkin. Dangal aytganda juda ahamiyati bor-da! Birinchidan, joy nomlari bu millatning yuzi. Ayniqsa, sayyohlar uchun biror davlat haqidagi tasavvurlarini yaxlitlashtirishlarida nomlar ham katta o'ringa ega. Deylik, O'zbekiston haqida gapira turib, do'konlari, korxonalarini tasvirlashda o'zbekcha emas, boshqa ajnabiy otlarni aytish, g'alati emasmi? Ikkinchidan, millat, xalq, davlat obro'sini, milliy qad­riyatlarini hurmat qilgan, samimiy aytganda, yaxshi ko'rgan odam, avvalo, ona tilisini yaxshi ko'rishi, hurmat qilishi, e'zozlashi shart. O'z tilidan uyaladigan kishi go'yo o'z ota-onasidan uyaladigan farzandga o'xshaydi. Alloh taolo bandasiga ota-ona tanlovini bermagani kabi Vatan ham, ona tili ham taqdir tuhfasidir.

Xalq shoirining mulohazalari bahonasida aytmoqchi bo'lganlarimiz: Yurtimiz iqtisodiy rivojlanish yo'lidan ildamlayotgan ekan, ma'naviy tanazzuldan ogoh bo'lishimiz, birinchi galda davlat tili maqomini yuksak tutmog'imiz davr talabi bo'lib turibdi. Bu borada tadbirkorlar ham o'rnak bo'lishsa, korxonalar, do'konlar va boshqa inshootlarning nomlari o'zbekcha bo'lishiga qat'iy amal qilishsa, shu xalqning bir ishbilarmon farzandi sifatida nafaqat moddiy, balki ma'naviy burchlarini ham qo­yillatib qo'ygan bo'lishardi.

So'zimiz so'ngida garchi hammaga ma'lum bo'lsa-da, yana bir bor eslatmoqchimizki, yurtimizda davlat tili — o'zbek tilidir. “O'zbekiston Respub­likasining davlat tili haqida”gi Qonuni 20-moddasida shunday deyiladi: “Lavhalar, e'lonlar, narxnomalar va boshqa ko'rgazmali hamda og'zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e'lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”.

Kim bo'lsa ham, hatto 100 ta do'koni borlar ham qonunga amal qilishi majburiy emasmi? Ma'naviyat, qadriyat, til masalasini ikkinchi daraja deb biluvchi ayrimlar uchun oddiy savol: qonun ustuvorligi qaerda qoldi?!

Zuhal RO'ZIYEVA,

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalistlar

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 1 =