Qurilishdagi xavotir

O'zidan-o'zi qulab tushayotgan binolar ogohlikka chorlamayaptimi?

 

Avval ham gazetamizda bu mavzuda ko'p yozilgan. Ammo “kutganimizdek” soxa mutasaddilari tomonidan hech qanday munosabat bildirilmagan. Lekin nachora, muammo bor ekanki, yana mavzuga qaytishga hayotning o'zi majbur qilmoqda…

Oxirgi ikki-uch yil ichidagi uchta voqeani eslatib o'tmoqchimiz: 2021 yil, 10 yanvarda Jizzax shahrining “Zilol” mahallasi, Mustaqillik ko'chasida qurilayotgan 6 qavatli binoning 240 kv.m. iborat bo'lgan 7 ta xonadoni o'z-o'zidan quladi. Shu yil 12 avgust kuni Toshkentda aeroport yaqinida qurilayotgan ko'prikning beshta to'sini ham bir vaqtning o'zida qulab tushgandi. Ushbu holat bo'yicha tas­virga olishga borgan televidenie xodimlarining kaltaklanganini ham eshitmagan odam qolmadi. Axir quruvchilar jurnalistlarni emas, o'z-o'zidan yaroqsiz yo'q qurayotgan, yo'l o'tkazgich qurayotgan o'z hamkasblariga dashnom berishi, chora ko'rishi lozim emasmidi? Mayli, bu haqda gapni davom ettirmaylik. Prokuratura bu holat bo'yicha jinoyat ishi ochganidan voqifmiz. Adolatli yechim kutamiz. Bundan keyingisi (ilohim, oxirgisi bo'lsin-da!) yaqinda Samarqand davlat universitetining Kattaqo'rg'on filialidagi faollar zalining shift qismiga o'rnatilgan temir-beton plitasi talabalarning ustiga qulab tushdi! Hech qanday tashqi ta'sirsiz, o'z-o'zidan qulab tushayotgan binolarga nima bo'lyapti? Bu achinarli holatlar hushyor torttirmayaptimi?

Ma'lum qilinishicha, Jizzax shahridagi ko'p qavatli binoning qulashi sabablaridan biri – buyurtmachi, texnik va loyihachi nazorati bo'lmaganida ekan. Buning oqibatida pudratchi tashkilotning xayolida faqat o'g'irlik bo'lgan. Bu haqda o'sha vaqtda o'tkazilgan matbuot anjumanida qurilish vaziri ma'lum qilgan edi. Kun.uz sayti axborotida aytilishicha, vazir, jumladan, bunday degan: “Jizzaxdagi masala ham (bino qurilishida) talab-me'yorlarning boshidan boshlab buzilganligi (bilan bog'liq). Joyiga borib ko'rdim, hayotda ko'p binolar qurib-buzganman, ag'anab ketganlarini ko'rganman, lekin buzilganda bunaqa maydalanib ketganini birinchi marta ko'ryapman. Bu yerda masala nima? Nazorat bo'lmagani uchun, tadbirkor bitta pudratchini topgan, boshidan oxirigacha uning xayoli o'g'irlik bo'lgan. Texnik va loyihachi nazorati bo'lmagandan keyin quruvchining o'zi nazorat qila olmaydi”.

Toshkent shahridagi ko'prik qulashi holati bo'yicha esa jinoyat ishi qo'zg'atilib, 3 nafar mansabdor ushlangani Transport prokuraturasi matbuot xizmati tomonidan ma'lum qilingan edi. Demak, bu vaziyatda ham qurilish jarayonida iqtisodiy jinoyatga, qalloblikka qo'l urilgan bo'lishi haqiqatga yaqin.

Joriy yilning 4 sentyabr kuni Samarqand davlat universitetining Kattaqo'rg'on filialidagi faollar zalining shift qismiga o'rnatilgan temir-beton plitasi tushib ketgani oqibatida 6 nafar talaba qiz tan jarohati olgani haqida Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda binoning qurilishi holati mutaxassislar jalb qilingan holda o'rganilmoqda, deyiladi xabarda.

Ma'lumotlarga ko'ra, mazkur o'quv binosi 2008 yilda foydalanishga topshirilgan ekan. Demakki, imoratning qurilganiga hali ko'p bo'lmagan, ammo ming afsuslar­­ki, beton-plita yangi o'quv yili bosh­lanashi munosabati bilan o'tkazilayotgan tadbir paytida hech qanday zilzila yoki tabiiy ofat, yoyinki boshqa tashqi ta'sirlarsiz talabalarning ustiga tushgan. Natija qanday oqibatni yuzaga keltirganini va boshqa tafsilotlar internet mavzusiga aylandi. Bu — juda uyat!

Tinch-osuda holatda o'z-o'zidan qulab tushayotgan bu binolarni ko'rib, “Alloh asrasin, zilzila yoki boshqa tabiiy ofatlar yuz berganda holimiz ne kecharkin?” deb o'ylab qolasan kishi. Joriy yil boshida Tur­kiyada yuz bergan kuchli zilzila dahshatlari hali hech kimning yodidan ko'tarilgan bo'lmasa kerak. So'ng­­gi yillarda aholi yashashi uchun oz fursatda ko'p qavatli uylar qurilib, topshirilayotgani, albatta, quvonarli.   Shubhasiz, yurtimizda katta bunyodkorlik yumushlarining bajarilayotgani tahsinga loyiq. Lekin bu qurilishlarning sifat darajasi qanday, ishonchlimi? Bu binolar qurilishiga bosh bo'lganlar qurayotgan imoratlarning sifatiga, ishonchli ekanligiga javob bera olishadimi? Umuman, qurilish sifati talab darajasida nazorat qilinayaptimi?

Aynan shu kabi savollarga O'zbekis­ton Respublikasi Qurilish va uy-joy-kommunal xo'jaligi vazirligi mutassadisi bundan bir muddat avval “vazirlik qurilish­lardagi sifatni nazorat qilmasligini” aytgan edi. Bu esa, albatta, javobsiz savollarning ko'payishiga xizmat qilgani bor gap. Unda bu muhim vazifani kim bajarishi kerak?

“Mening xavotirim shundaki, yangi binolar juda ham tez sur'atda qurilmoqda. Ilgarilari ko'p qavatli uy poydevori bir yil cho'ktirib qo'­yilardi. So'ng poydevor tashlashdan avval oylab maxsus jihozlarda presslanardi. Hozir esa bir oyda bino tiklanmoqda, — deydi ko'pchilikni o'ylantirayotgan savollarni eshitib loyihachi-arxitektor Shahboz Qobilov. — Poydevor qurilganda ham ob-havo, betonning markasi hisobga olinmayapti ko'pincha. Bizda qurilish materiallarining sifati to'liq tekshirilmayapti, deb o'ylayman. Tan olaylik, sohaga kuchli nazorat kerak. Qolaversa, ko'p joylarda guvoh bo'lyapmiz: qurilish ilmidan xabarsiz yollanma ishchilar, xalqona aytganda, mardikorlar quruvchilik qilishyapti”.

Xalqimiz — dono xalq. “O'g'ri bo'l… bo'l, lekin insofi bilan bo'l”, degan naqlni bejiz aytmagan. Chindan ham, ayniqsa, qurilish sohasida o'g'irlik qilish, sifatsiz yoki kam mahsulotlardan foydalanish, shoshma-shosharlik, ilmsizlik odamlar hayoti bilan o'ynashish degani! 1966 yil Toshkentda ro'y bergan zilzila bizga asrlarga tatigulik saboq bo'lishi kerak aslida? Eng ajablanarlisi, o'sha mudhish kunda undan avvalroq qurilgan ayrim binolarga ziyon yetmagan. 1960-1980 yillarda qurilgan ko'p qavatli uylar ham bugungi kungacha mustahkamligini isbotlab bo'ldi. Yoxud o'tgan asrning boshlarida, bundan bir asrdan oldin qurilgan binolar ham bus-butun turibdi. Misol uchun poytaxtimizning qoq markazida joylashgan xalqaro Vestministr universiteti joylashgan bino yoki Adliya vazirligiga tutash bo'lgan Toshkent yuridik universitetiga qarashli binolarni misol qilib keltirish mumkin. Bundan tashqari, hozir ham ayrim davlat tashkilotlari joylashgan ko'p­lab eski binolar qayta ta'mirlashga muhtoj bo'lishi mumkin, ammo qayta qurishga emas! Misol uchun, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yoki O'zbekiston Davlat sirki binosi kabilar hali ko'p yillar xizmat qilishiga shubha yo'q. Demak, Sobiq ittifoq yoki undan ham avvalroq qurilgan imoratlar mustahkam, pishiq qurilgan. Xo'sh, buning siri nimada? Albatta, bu gaplar bilan eski davrlarni ko'kka ko'tarmoqchi emasmiz. Bor-yo'g'i qurilish sohasida sifat darajasi haqida gapirmoqdamiz. Shunday ekan yaxshi, samarali uslublardan qaysi zamonda, qaysi davrda bo'lsa ham foydalanish, ibratli jihatlarini inkor qilmaslik kerak, demoqchimiz xolos. Aslida bizning ajdodlarimizdan ko'ra mohirroq quruvchi ustalar dunyoda kam bo'lgan. Asrlarki, qaddini tik tutib turgan tarixiy obidalarimiz qancha? Tarixan bunyodkorlik salohiyati yuksak. Axir ne-ne sayyohlar, tarixchilar hayrat bilan bu xususida yozishgan! Bunga o'nlab tarixiy manbalarni, qancha nodir kitoblarni misol qilib keltirish mumkin.

Bugun ham sifatli qurilish standartlarini o'rganish, joriy qilish, qattiq nazoratni ta'minlash zaruriyatga aylanib bo'ldi. Bu narsani tushunib yetish uchun, Alloh saqlasinu, yana ko'plab binolarning shunchaki qulashini kutib o'tirish shart bo'lmasa kerak, nazarimizda. Zotan, tabiiy ofatlardan hech qaysi yurt himoyalangan emas. Shunday ekan, aholi yashayotgan, ishlayotgan, foydalanishda bo'lgan binolarning zilzilabardoshligi, sifat darajasi tekshirilishi, yangi qurilayotgan imoratlarning esa har bir jarayoni nazoratga olinishi o'ta muhim masaladir.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sohaga qaratilayotgan yuksak e'tibor, g'amxo'rlikni qurilish, bunyodkorlik sohasi vakillari, mutaxassislari yaxshi ang­lab, bugun bunyod etilayotgan inshootlarning umri asrlardan-asrlarga oshib, elga, vatanga xizmat qilishiga erishmog'i lozim, albatta.

Sitora TOJIDDINOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 6 =