Adolat elni yashnatadi

Yurtboshimiz bir gapni ko'p takrorlaydi: Bugungi O'zbekiston kechagi O'zbekiston emas, bugungi odamlar ham kechagi odamlar emas.

 Darhaqiqat, shunday. Yurtimizda keyingi 4 yil davomida olib borilgan ishlar, sa'y-harakatlar natijasida jamiyatimizda katta o'zga­rishlar yuz berdi.

Birinchi navbatda, uyilib qolgan muammolar, adolatsizlik va qonunsizliklar kattayu kichikning azobini bergani, qaerga bosh urishni birov bilib, birov bilmasligi edi. Shu bois, Prezident qabulxonasi, Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Murojaatlar eshitila boshlandi. Millionlab! Ishqilib, imkon qadar ko'p­lab arzu shikoyatlar hal bo'layapti.

Yana eng yomoni, ayniqsa, o'tgan yigirma yil davomida sud-huquq sohasida sanoqli odamlargagina oqlov hukmi chiqarilgan bo'lsa, sudga borgan “delo”larning bariga adolat bo'lsa, bo'lmasa ayb qo'yilib, jazoga tortilgan. Bu og'ir, qora kulfat edi.

Lekin keyingi 4 yilda ko'plab fuqarolarga sud idoralari oqlov hukmini chiqardi. To'g'ri, bu borada haliyam muammolar yo'q, deb bo'lmaydi. Adolat, xolislik mezoni buzilayotgan hollar kam emas. Lekin oldingi yillardagidan ko'ra o'zgarishlar katta.

Toshkentga — Vatan poytaxtiga kelgan o'z yurtdoshlarimizni “nega kelding, propiskang bormi?”, deya quvib yurishlar-chi, bu xalqparvar militsiyamizning deyarli kundalik mashg'uloti bo'lgan. Bular barham topdi. Yo'llarda kerak-nokerak postlar qo'yilib, hammani garang qi­lishlar ham yo'q bo'ldi.

Puling bo'lsa, marhamat, bo'lmasa, banklardan ol-da, poytaxtdan ham uy-joy sotib olaver deyilayapti. Bu esa yurtdoshlarimizga hech qachon berilmagan imkoniyat.

So'z erkinligi. Bugun ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda kimlar, nimalar deb yotibdi. “Ha, u sayt-da, tarmoq-da”, dersiz. Unda 5-6 yil avval nima uchun hamma “aqlli” va “tartibli” edi? Matbuotga ham jon kirdi. Bu bo'layotgan, sanasak uzzu kun ham yetmas, o'zgarishlar shubhasiz bugungi siyosat tufaylidir.

Lekin yana bir eng asosiy masala borki, bu borada o'zgarish, yangilanish, shu el-yurt, Vatan taqdiri uchun jon kuydirish tuyg'usi afsuski, olovlanmayotir. Bu katta-kichik rahbarlarning Prezident ayt­masa, koyimasa “o'zini qiynamasligi” bo'lsa kerak. Hamon “davring keldi sur begim” qabilida ishlash, xo'jako'rsinga o'zini ko'p ishlayotgandek ko'rsatish kasalligi. Buni nayrang desayam bo'laveradi, aslida. Afsus, ammo nega shunday? Axir butun boshli tuman yo viloyat hokimiga mamlakat rahbari ishonch bildirib, hududlar taqdirini unga ishonib topshirgan bo'lsa, birinchi navbatda, halollik va vijdon bilan tinib-tinchimay ishlashi kerak emasmi?

Mana o'ylab ko'raylik, Prezidentimiz keyingi paytlarda Farg'ona va Namangan viloyatlariga qilgan safarlari davomida nega safar rejasida ko'zda tutilmagan va kutilmagan mahallalarga kirib boryapti? Va ushbu mahalla ahli, vakillari bilan uchrashib, haqiqiy ahvolni, ya'ni qishloqlarimizda oddiy odamlar qanday yashayotgani bilan tanishmoqda.Negaki, xalq ichiga kirish, qishloq odamlari hayoti bilan tanishish, ular muammosi bilan yashashni quyi mahalliy rahbarlarning ko'pi “unutib” qo'yishgan edi.

Ammo mamlakatning ham ichki, ham tashqi qanchadan-qancha tashvishlari, yumushlari zimmasida bo'lgan holda, davlat rahbarining vaqt ajratib o'zi shaxsan mahallalardagi muammolarni borib, ko'rib aytmagunicha, tuman, viloyat mutasaddilari jim yurmoqda. Go'yo butun olam gulistondek. Namangandagi “Bunyodkor” mahallasi mutasaddilaridan biri bekorga “shu paytga qadar mahallamizga katta lavozimdagi kishilar umuman kelmagan edi”, demadi.

Qizig'i, bugun ko'plab tumanlarda mahalliy amaldorlar MFY joylashgan idoralarni chiroyli qilib ta'mirlash, yangi mebellar keltirib jihozlash bilan mashg'ul. Bu ham kerakdir, ammo masalaning mohiyati boshqa yoqda emasmi? Birinchi navbatda, ana shu mahallalarda yashayotgan xalq qanday yashayapti, ular ishlaydigan biron-bir korxona bormi?

Yo'llarning ahvoli qanday? Bu yerdagi maktab, bolalar bog'chasi ne ahvolda?

Suv, gaz, elektr kabi hayotiy ehtiyoj masalalarini yaxshilash uchun nima ishlar qilinayapti? Yurtimizda Maxalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Bu vazirlikning viloyat, tuman bo'limlari o'z vakolatlarini qanday bajarmoqda?

Ana shu masalalar yuzasidan Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilaridan munosabat so'radik. Mazkur vazirlik Axborot xizmati rahbari Sao­dat Boymirzayeva shunday dedi:

— Bugun   Respublikamizdagi barcha mutasaddi vazirlik va idoralar, mas'ul shaxslar aholi yashaydigan punktlarga – mahallalarga safarbar qilindi. Maqsad esa kunday ravshan – mahallada yashovchi aholini qiziqtirayotgan, qiynayotgan muammolarni barcha mutasaddilar o'z zimmasidagi vazifasidan kelib chiqib hal qilsin. Axir mahallalarning eng muhim muammosi bugun – gaz va issiqlik ta'minoti bo'lsa, buni Respublika “Hududgazta'minot” AJ va uning hududiy mas­'ullarisiz hal qilib bo'lmaydi. Xuddi shuning­dek, elektr energiyasidagi uzilishlar deysizmi, ichimlik suvi muammosi deysizmi, bandlik masalasimi? Bularning barchasi faqat Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tomonidan yechiladigan masalalar emas, albatta. Vazirlik o'zini o'zi boshqarish organlariga ana shu muammolarini davlat siyosati darajasiga olib chiquvchi, ularning yechimi uchun davlat qarorlarini ishlab chiquvchi va kerakli mablag'larni tahlil qilib, davlat siyosatini yurituvchi davlatning maxsus organi sifatida tashkil qilingan. Bu jiddiy vazifalarni bajarish yo'lida vazirlik va uning hududiy bo'linmalari o'z faoliyatlarini doimiy ravishda tanqidiy tahlil qilgan holda amalga oshirib kelmoqda.

Darhaqiqat, respublikamizda   9168 ta MFY mavjud. Ularning kamida yarmida muammolar serob bo'lsa serobdir, ammo kam bo'lmasa kerak. Lekin eng og'ir ahvoldagilari qaysi? Nima ishlar qilinishi kerak?

To'g'ri, uzoq yillar davomida to'planib qolgan bunday muammolarni birdaniga hal qilish juda qiyindir. Lekin Prezidentimiz masalani ko'ndalang qo'yib, aynan “mahalla”, deb aytmasa, nima bo'ladi? Ahvol o'zgaradimi? Hokimlar qishloq ahli muammolari bilan qachon shug'ullanmoqchi edilar? Ha, hamma gap aynan shunda. Faqat maxsus topshiriq va buyruqqa o'rganib qolganliklarida bo'lsa ne ajab?!

Nazarimizda, Namangan viloyatiga yaqinda hokim etib tayinlangan Shavkat Abdurazzoqovning Prezident borgan mahallada: “Endi men shu yerda yashayman”, degan jonkuyarligi tushunarli. Lekin viloyat markaziga uncha uzoq bo'lmagan bu “Bunyodkor” mahallasidan tashqari, yana Namanganda 700 dan ziyod mahallalar bor-ku! O'nlab tumanlardagi yuzlab mahallalarda-chi, ahvol “Bun­yodkor” mahallasidan yaxshimi? Shunday ekan, mas'ul rahbar qaerda yashashidan qat'i nazar, avvalo barchasiga o'zini mas­'ul, kerak bo'lsa javobgar deb bilishi shart emasmi?

Davlatimiz rahbari barcha mahalla, qishloq va ovullarda ham xalq farovon, yaxshi yashashi kerak, degan niyatda ko'plab farmon, qarorlarga imzo chekyapti.

Shu yo'lda juda katta mablag'lar yo'naltirilmoqda. Endi ana shu ezgu ishlarning ijrosini ta'minlash, odamlar dardi bilan yashash har bir katta-kichik rahbarning, yurt faolining vij­doniy burchi, vazifasiga aylansagina maqsadga erishiladi.

Shubhasiz, bu yo'lda bundan ming yillar avval yashab o'tgan bobomiz Yusuf Xos Hojib aytganidek, “Adolat kerak”. Zero, adolat elni yashnatadi.

Abdirasul JUMAQULOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =