Nolish o'rniga harakat qilish vaqti keldi

Ommaviy axborot  vositalari jamiyatdagi o'zgarishlar, yangilanishlar hamda dunyo voqeliklarini xolisona, adolat mezonlari asosida aks ettiruvchi ko'zguga, keng ommani yangicha fikrlashga, ma'naviy uyg'oqlikka, ongu tafakkurini o'zgartirishga da'vat etadigan qudratli kuchga qiyoslanadi.

Bu esa o'z navbatida, soha xodimlaridan yuksak mahorat va iqtidor, izlanish, intilish, tashabbuskorlik hamda fidoyilikni talab etadi. Ya'ni, bugungi kun jurnalisti turfa manfaatlar qurshovida daqiqa, soat sayin o'zgarayotgan dunyo, hayotning eng qaynoq nuqtalarida bo'lishi, ana shu tashvishlar ichida yashashi hamda odamlarni zarur voqeliklardan xolis va haqqoniy ogoh etishi zarur.

E'tiborlisi, so'nggi yillarda o'zlarining mashaqqatli mehnati va samarali faoliyati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni keng va xolis yoritishda munosib hissa qo'shayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari tom ma'noda jamiyatimizning haqiqiy ko'zgusiga aylanmoqda. Bu borada yoshlarga munosib ustozlik qilib kelayotgan faxriy jurnalistlarni alohida e'tirof etish joiz.

Kuni kecha poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oliy Majlis Senati a'zolari, Faxriy jurnalistlar Kengashi a'zolari va OAV vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi arafasida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ustoz-shogird an'analarini yangi pog'onaga ko'tarish hamda o'zbek jurnalis­tikasi oldida turgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Prezidentimizning 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo'llagan bayram tabrigida qayd etilgan vazifalar ijrosi haqida so'z yuritildi. Shu bilan birga, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan markaziy va hududiy nashrlar huzurida tashkil etilgan Mahorat maktablari haqida axborot berildi.

— Bilasizmi, bosma nashrlar endi boqimandalikdan qochishi kerak. Nolish o'rniga harakat qilish vaqti keldi. Har bir jurnalist, har bir ommaviy axborot vositasi o'zining kelajagi uchun o'zi kurashishi kerak. “Farg'ona haqiqati” gazetasi misolida aytadigan bo'lsam, bizning telegram kanalimiz bor. Gazetamizning elektron shaklini shu o'zanda ham e'lon qilamiz. Aynan ijtimoiy tarmoqning o'zida gazetamizning har sonini 30 mingga yaqin odam o'qiyapti. E'tibor qilyapsizmi, bu viloyat nashri. O'quvchilarimiz orasida nafaqat O'zbekiston, balki dunyoning bir necha qit'alarida ham mushtariylar borligi bizni quvontiradi,— deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, “Farg'ona haqiqati” gazetasi bosh muharriri Muhammadjon Obidov.

Xabaringiz bor, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi huzurida Faxriy jurnalistlar Kengashi faoliyat yuritadi. Uzoq yillar davomida matbuot va ommaviy axborot vositalari rivojiga beminnat xizmat qilgan bir guruh ustoz-jurnalistlar mazkur Kengashning a'zolari hisobalandi.

Faxriylarning boy bilim va tajribalaridan bahramand bo'lish yoshlarning amaliy ko'nikmalari shakllanishi, jurnalsit kasbining o'ziga xos sir-asrorlarini o'rganishlarida katta maktab bo'lib xizmat qilayotgan “Uch avlod uchrashuvi” madaniy-ma'rifiy tadbirlari ham aynan Kengash a'zolari tomonidan o'tkazilmoqda.

— Bugun ko'pgina ustoz-jurnalistlar, faxriylarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Shu jumladan kamina ham ularning safida borman. Men buni mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan soha xodimlariga nisbatan juda katta e'tirof, deb bilaman. Bunday tadbirlar yosh jurnalistlarning ham kelajakda yuksak va ulug'vor ishlarni amalga oshirishida ilhom manbai bo'lib xizmat qiladi. Chunki bunday tadbirlar endi sohaga qadam qo'yayotgan yosh jurnalist uchun ibrat maktabidir. Matbuotda salkam 50 yil xizmat qilganmiz va kamtarona mehnatlarimiz yuksak baholanganidan boshim ko'kka yetdi,—deydi Faxriy jurnalistlar Kengashi raisi Jabbor Razzoqov.

Tadbirda so'zga chiqqan Oliy Majlis Senati a'zosi, O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev va O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov Yangi O'zbekiston jurnalistikasi oldida turgan dolzarb masalalar borasida fikr bildirdilar.

Joriy yilda, mashaqqatli va sharafli sohada uzoq yillar xizmat qilgan bir guruh jurnalistlar O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi Vasiylik Kengashining qarori bilan “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbir doirasida mazkur ko'krak nishonilari bir guruh faxriy jurnalistlarimizga tantanali ravishda topshirildi.

Abdulaziz AHMEDOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =