“Barhayot navo” uyg'otgan mushohadalar

Kuni kecha (22 avgust) “Mahalla” kanali “Barhayot navolar” turkumida Tojibar Azizova xonadonida ta'sirchan, ayni bir vaqtda ma'yus kayfiyat ustun turadigan (ayniqsa, dasturning 2-qismida) yuksak televizion mahorat bilan tayyorlangan ko'rsatuvni 40 daqiqa davomida efirga uzatdi. Maroq bilan, ta'sirlanib ko'rdim. Soat 16.00 dan 16.40 davomida ashula ham yangradi, raqs ham bo'ldi. Tojibar Azizovaning o'ylari (ehtimol, dardi) xavotirga ham solib turdi. Bir og'iz so'z kadrda ham, kadr ortida ham yangramadi. Ashulalar matni bundan istisno. Badiiy-musiqali, ko'p o'rinda televizion imkoniyatlardan foydalanilgan holda rang-barang kayfiyat uyg'otadigan, ijod, burch, oqibat haqida o'ylashga undaydigan, o'z shakli, ancha teran mazmuniga ega bo'lgan asarni efirga uzatgan “Mahalla” kanali ijodkorlariga minnatdorlik so'zlarini yo'llagan holda bu mahsulotni ijod etgan dargoh, mediamuhit, iste'dodli guruh, bosh qahramon haqida muxtasar ma'lumotni verbal ifoda bilan ham, aytilgan so'z bilan ham, berilmaganidan afsuslandik.

Bu dasturning adabiy ssenariysi o'ylangani, yozilgani, shuningdek, rejissurasi nafis estetik bo'yoqlari hayot zavqi va dramasi (ko'proq fojiasi) falsafiy tushunchalar, jumladan, sababiyat tushunchalari bilan bog'langan holda qabul qilinishi, o'rganilishni taqozo etadi-ku! Odatdagi televizion konsert sifati xushovozli xonanda, hirom aylagan, charx urib o'zbekning serjilo raqsini tomoshabinga, tinglovchiga yetkazib kelgan ko'rkam kadrlar, kompozitsiyalar murakkablashib borib psixologik drama, fojia unsurlaridan xoli bo'lmagan lahzalar “to'qnashib”, ba'zan esa ashula matni, yig'loqi bo'lmasa ham o'ychan, g'amgin kuy bir-biriga ulanib bizni sergaklantirdi, tomoshabinni ta'riflanayotgan voqea ishtirokchisiga aylantirdi.

Televidenie hamda uning mahsulotini qabul qilayotganlar  o'rtasida bunday musohaba o'rnatilishiga nimalar sabab bo'lgani haqida o'yladik. Kichik ekran estetikasi hamda havo to'lqinlari ila uzluksiz xonadonlarga uzatilayotgan axborotni, badiiy asarni, muloqot damlarini kuzatib, o'rganib, idrok etib berayotganlar o'rtasida munosabat o'rnatilishi uchun mavzu va qahramonni tanlash, ijodning bu sohasining sintetik tabiati hisobga olinadi, tasvir va ovoz vositalarining o'zaro munosabatlarini, o'zaro ta'siri nazarda tutiladi. Biz biroz tahlil qilishga urinayotgan telemahsulotda bu  talablar ko'p o'rinda hisobga olinmagandek ko'rindi. Bu o'rinda bir taklifimizni keltirib o'tishga botinamiz. Shoyadki mazkur mulohazalar amaliyotga naf keltirar.

Xizmat ko'rsatgan xonanda umrining turli fasllarida suratga olingan kadrlarning nafis ulamasining yaxlit, ta'sirchan kompozi­siyasini ko'rsatuv qahramoni bo'lmish Tojibarxon ham ko'rib, ehtimol ta'sirlanib, ehtimol uzoq va yaqin o'tmishga g'oyibona “safar qilish”, qora ko'zlarida yosh aylanib, gohan biz – tomoshabinga (ya'ni, kamera ob'yektiviga) nazar tashlab, zarur bo'lganida bir shingil so'z aytib, haqiqiy televizion shaklga yana bir sayqal berishi mumkin edi. Ko'rsatuvdan ta'sirlanib bu san'atkorning xonadoniga telefon qilganimizda bu taklifimiz o'rinli ekanligiga ishondik:

– Ko'rdik. Eshitdik. Lirik kayfiyatga ham berildik. Hayajon qo'ndi ham. Mening ashulam, qiyofam, o'zimni qator telekameralar ro'parasida tutishim emas, rejissyor Zarif Yorovning hayajoni, yillar davomida tasmalarga muhrlangan tasvirga, kuy, she'riy misralarga mehr qo'yib montaj qilgani… yaqinlarim iliq so'zlarni aytishdi. San'atkor televideniega minnatdorchilik so'zlarini aytdi, xonanda yana o'sha, biz qalamga olayotgan teleko'rikda ustun turgan holatga kirayotgandek bo'ldilar. Bu suhbatning ayrim tafsilotlarini quyida keltiramiz. Qirq daqiqa davom etgan telemusohaba kaminaga ham ma'qul bo'lganini, biz sim qoqqan mo''tabar xonadonda ham shodiyona so'zlar yangraganini aytib o'tish nomaqbul bo'lmas…

Gazeta chegarasidagi tahlilimizni davom ettirib musiqali tasvirga, o'yinga boy ko'rsatuvning tarkibiga murojaat etsak. Studiyada suratga olingan kadrlar kompozitsiyasi ko'rkam, sermazmunligi xonandaning o'zi ham, qo'shig'i ham yoqimliligini, kadrlar yirikligi vokal va cholg'u ijrosiga bog'liq bo'lishi, har bir musiqali lavha qayta-qayta suratga olinishidan xabardor bo'lishimiz bois ular – montaj jumlalari bir-biriga o'zaro, bir chekkada bog'lanishi, bu lahzalarda Tojibarxon o'zini erkin tutishini ta'minlagan rejissurani qadrlagan holda xonandaning qiyofasida samimiyat, ijrosida joziba, oila davrasida mehr sezilib turishiga guvoh bo'lganimizni mamnuniyat bilan aytardim. Umr hamrohlari – eru xotin farzandlari yonida bir-birlariga jo'r bo'lib aytishi, studiyadagi ijro raqqosalarning latif harakatlari, tabassumlari, kuyga go'yoki mast bo'lib charx urishlari – bular zavq berdi, go'zallikning rang-barang ko'rinishlaridan yana bir bor voqif etdi bizni. Studiyada olingan kadrlar, ochiq havoda suratga tushirilgan lahzalarni to'ldirgandek ko'rindi. Qaytarmadi, ta'kidlamadi oldingi ko'rinish va ovozli ifodalarni. Bu o'rinda ko'rsatuv qahramoni Tojibar Azizovaning chehrasida xorg'inlikmi, ma'yuslikmi, qandaydir bir dard ifodasini ilg'ab olgandek bo'ldik. Xavotirlandik. Ovozi yoqimli, oilasi inoq, tanlagan kuylari, ularga singib ketgan lirik-psixologik misralar purma'noli, ta'sirchan… bo'lsa-da, xonandaning kayfiyati va bu holatni ta'kidlab turgan jismoniy harakat falsafiy o'ylarga ham undadi. Nimalarning ifodasi bo'lgan ekan port­retlardagi qayg'u alomatlari, hazinlik ifodalari? Rejissyorning talabi bo'lmasa kerak bu… Rejissyor Alisher Madrahimov o'z vaqtida suratgan olgan noyob kadrlari montaj xonasida yangi ma'no kashf etdi.

Ko'rsatuvdan keyin bir kun o'tdi.

Mazkur satrlarni yozayotganimda xonandaga qo'ng'iroq qildim. Bajonidil suhbatlashdilar. Nafaqaga chiqqan xonandani ko'rsatuvdan keyin yo'qlaganlar ko'p bo'libdi. Lekin mezbon aytishlaricha TV xodimini, bu sohani o'rgangan, bilgan, tajriba orttirganlarning munosabatlaridan voqif bo'lish istagi ham bor ekan. Bizni esa televizion faoliyatning birgina ko'rinishini ijod etish, texnikadan estetik maqsadlarda foydalanish, izlanishning suratga olish jarayonidagi ko'rinish hamon qiziqtirardi.

– Tojibarxon, suratga olish maydoni kengayib orasta xiyobonga, serqatnov ko'chalarga, keng maydon va istirohat bog'iga chiqqaningizda ancha xomush, besaranjom, g'amgin holatda ko'rindingiz. Rejissyor xohishi, ehtimol talabi bilan shunday ma'yus kayfiyatda bo'lganmisiz. Ko'rsatuv “Barhayot navolar” rukni ostida berilgani ham meni xavotirga soldi.

– Sezibsiz-da… Otam, onam vafot etgan. Biz bir xazin holatda bo'lgan chog'lar edi. O'sha og'ir damlardagi holatimning ayrim manzarasi tasmada qoldi. Lekin o'sha damlarda sadoqatli hamrohim Mirza aka barhayot edilar. Qo'shiqni birga aytgan edik… Koronavirus balosi ularni ham ayamadi.

Lirik, sho'x qo'shiqlaringiz qatori qayg'uli, his-tuyg'ularni uyg'otadigan kuy, tez o'tar umr, firoq o'ti, onaizor sog'inchining she'riy ifodasi qo'shiqlarga aylangan-ku! Ular shu kayfiyatdagi sadolar bilan uyg'unlashib ijro vaqtida o'z ta'sirini o'tkazishi mumkin. Menga shoira Halima Xudoyberdiyeva qalamiga mansub asarlar ruhan juda yaqin. Ular ta'siriga berilaman. Ayniqsa, ijro daqiqalarida, hatto mashq qilayotganimda,  … – dedilar xonanda ma'yus bir ohangda.

Televidenie dasturidan o'rin olayotgan ayrim ko'rsatuvlar ijodning bu sohasi bilan bog'liq masalalar yuzasidan fikr yuritishni taqozo etadi.  Iste'dodli jurnalist Gulmira Musajonovaning adib Erkin A'zam bilan o'tkazgan qiziqarli suhbati aytiladigan so'z ustun turadigan telemahsulotning xususiyatlari haqida, nihoyatda shirali  ovoz sohibasi, badiiy didi yuksak bo'lgan Habibaxon Oxunovaning izdoshlarining ijrolariga bag'ishlangan ko'rsatuvda esa raqobat ruhi emas, vorislik masalalari, taqlid hamda tajribani ijodiy o'zlashtirish masalalari diqqat markazida bo'lishi mumkin. Biz ko'rgan va  “Hurriyat”ga atab yozgan “Barhayot navolar” turkumidagi birgina dastur uyg'otgan mushohadaning muxtasar ko'rinishini tomoshabin bilan birga televideniedagi hamkasblarimizga havola qilmoqchi bo'ldik.

Hamidulla AKBAROV.

 

TAHRIRIYaTDAN: O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” telekanali orqali namoyish etilgan bir ko'rsatuv taassurotiga oid ushbu maqoladan ham ayonki, mazmunli va e'tiborli ko'rsatuv tayyorlanibdi. Istardikki, yaqin kunlar ichida ana shu dastur takroran namoyish etilsa, yaxshi bo'lar edi. Axir, bir paytlar televidenieda “Teletomoshabinlarning talablariga binoan” degan yaxshi bir an'ana bor edi. Kutib qolamiz!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 9 =