Matbuotning beqiyos kuchi

Yaxshi bilaman, matbuotsiz hayotni tasavvur qilib bo'lmaydi. Chunki, ommaviy axborot vositalari nafaqat jamiyatning, hayotning ko'zgusi, balki, har bir insonni ma'naviyatga, ma'rifatga undovchi betimsol mayoqdir.

Yaxshi eslayman, hali bolalik chog'larimizdanoq ya'ni maktabda o'qib yurgan davrlarimizda o'quvchilar nashri (hozirgi   “Tong yulduzi”) gazetasini   qo'lma-qo'l o'qir edik. Va yana “G'uncha”, “Gulxan” kabi jurnallarni qo'ldan qo'ymas edik. Mutolaa jarayonlari bizning ruhiyatimizda kitobga mehru ishtiyoq tuyg'ularini shakllantirgan, desam aslo yanglishmayman. O'smirlik   vaqtlarimizda esa “Yosh Leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasi sirdoshimizga aylangan. Xullas, har bitta kunimizni gazeta va jurnallarsiz tasavvur qila olmaganmiz.

O'sha paytlarda gazeta do'konlari oldidagi gavjumlikni aytmaysizmi? Har juma kuni   ertalab “O'zbekiston adabiyoti   va san'ati”ni xarid   qilishga ulgurolmasak, ruslar   ko'proq yashaydigan mahallalardagi kiosklardan izlab topardik.   O'sha joylardagina bu   gazeta sal “turib”   qolardi.

Matbuotga astoydil   ishtiyoq qo'yganim tufayli   bir tahririyat qoshidagi   “Yosh muxbirlar dorilfununi”ning tinglovchisi bo'lib, jurnalistika sir-asrorlarini o'rgandim. 1980 yildan 1995 yillar oralig'ida   “Toshkent oqshomi” gazetasida   “Inson umrining qo'ng'irog'i”,   “Ayollarni asrang”, “Bayotdan chamanga”,   “Shayxontohur shodiyonalari”, “Hukm o'qildi”,   “Niqob yirtildi”, “Misi   chiqdi” sarlavhali ko'plab   maqolalarim yoritilgan edi. Mana oradan ancha yillar o'tganiga qaramay, hozir ham   o'sha sarg'aygan gazetalarni   asrab qo'yibman. Shuningdek,   “Toshkent haqiqati”, “Savdogar”, “Oila   va jamiyat” singari   gazetalarda ham “ko'rinish   berardim”. Afsuski, “Toshkent   oqshomi”day gazeta bugungi kunda chiqmay qolibdi.

Haqli ravishda savol   tug'iladi. Nega bugun ko'pchilik, ayniqsa, yoshlar gazeta-jurnal o'qimay qo'yishdi? Nahotki, matbuot nashrlarining o'rnini, ahamiyatini hech qaysi sayt, internet deganlari bosa olmasligini farzandlarimizga singdirishning iloji bo'lmayotgan bo'lsa? Xo'sh, bu   hodisalarning asl sababi   nimada o'zi? Internet   saytlari gurkirab yashnaganidami? Yoki hammaning qo'lida telefon degan matohning mavjud ekanligidami?

Albatta, bular ham bor gaplar. Ammo unday desak,   qardosh yurt Turkiyada   elektron matbuot bizlarnikini “changda qoldirib”   ketadi-ku? Shu alpozicha turk gazetalari   adadlari necha yuz minglarcha deb eshitamiz. Masalan, 1970 yillar voqealari aks ettirilgan “Zuleyha” tele­serialidagi qahramonlarning er­ta­lablari gazeta o'qiganlarini   ko'rdik. Demak, o'sha paytlardayoq   odamlarning turmush tarzlari sahifalarga   olib chiqilgan ekan-da.   Serquyosh   O'zbekistonimizda-chi? Nechun ko'plab   gazetalar o'quvchilarining kamligidan, obunachilarining yildan-yilga kamayib borayotganidan nolishmoqda?

Bir matbuot ishqibozi sifatida shuni aytishim mumkinki, xalq albatta gazetalarga qaytishi kerak. Nima qilib bo'lsa ham yoshlarimizni maktab yoshidanoq ma'naviyat sarchashmalari bo'lgan nashrlarga oshno etishni o'ylab ko'rishimiz shart.

Rostini aytsam, bugungi   kunda aksariyat nashrlardan mening ham unchalik ko'nglim to'lmaydi. O'qishli, mulohazali, tanqidiy-tahliliy maqolalar juda siyrak. Axir, mushtariylar zerikarli nashrlarni nima qiladi? Majbur qilib obuna qilinganda ham bunday nashrlar bir chetda chang bosgancha qolaveradi, hech kimni majburiy o'qitishning iloji yo'qdir.

Bugun gazetalarda nima uchun felyetonlar umuman berilmay qoldi? Nima, hamma joyda katta-kichik rahbarlar faqat maqtovga loyiq ishlashyaptimi, tanqid qiladigan mavzu qolmadimi yo?

Shaxsiy arxivimdan talaygina   misollar keltirishim mumkin.   “O'zbekiston ovozi” gazetasining   1992 yil, 4   yanvar sonida    “Yolg'onning   oxiri voy” sarlavhali   tanqidiy maqolam yoritilgan edi. Gazetaning 13 mart   sonida esa “O'zbekiston   ovozi” materiallari izidan”   ruknida   O'zbekiston Qishloq   xo'jaligi vazirligining rasmiy   javob xati e'lon   qilingan. Unda aytilishicha,   tanqid ostiga olingan   amaldorga hayfsan berilibdi.   Mana sizga kichikkina   tanqidning natijasi…

Ayni davrda ko'pchilikni   “Matbuot o'zgarishga mahkummi?”   qabilidagi savol o'ylantirib   yurgani tabiiy holat.   Binobarin, soha mutaxassislari, ekspertlari bu xususda   astoydil o'ylab, fikr-mulohazalarini bildirishlari darkor.

Ehtimol, matbuotning o'tkir tishi, jasorati bo'lgani bois jamoatchi muxbirlikka, jurnalistlik   kasbiga mehr qo'ygandirman.

Abduqahhor ShUKUROV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × one =