SO'ZDA QUDRAT, TASVIRDA HAQIQAT
Namangan viloyat teleradiokompaniyasi Namanganning butun bo'y-bastini namoyon qiluvchi asosiy muassasadir. Teleko'rsatuv va radioeshittirishlarda barcha sohalardagi o'zgarishlar o'z aksini topmoqda. Bu, albatta, tele va radiojurnalistlardan izlanish, kasbiy mahoratni oshirishni, eng muhimi, ijodiy va sog'lom raqobatni taqozo etadi.
Namangan teleradiokompaniyasi direktori — O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining hududiy teleradiokanallar masalalari bo'yicha maslahatchisi Muhammadjon MAQSUDOV bilan viloyat televideniesida amalga oshirilayotgan ishlar haqida suhbatlashdik.
— Viloyat tele va radiokanalining tarixi, ilk ko'rsatuvni efirga olishning hayajonli va mashaqqatli onlari to'g'risida qisqacha so'zlab bersangiz.
— 1932 yilning bahorida Namanganda ilk bor radio ovozi yangragan. U faoliyatini viloyat markazidagi Mulla Qirg'iz madrasasi xonaqolaridan birida boshlagan. Kunora radiogazeta ham chiqqan. 1950 yillarda radioeshittirishlar yuqori saviyaga ko'tariladi, radio jurnalistikasi va radiojanrlar rivojlanadi. Mahalliy eshittirishlar xalq xo'jaligida zarur va muhim rol o'ynagan. 1968 yilda viloyatimizda 10 ta tuman radiosi, chekka qishloqlar, dala shiyponlari va korxonalarda 100 ga yaqin radiouzellar, 30 ming atrofida radio shohobchalar mavjud bo'lgan. 1970 yilga kelib viloyat miqyosidagi radionuqtalar 130 mingtaga yetdi. 1980 yilda televizion retranslatorlar qurildi. Priyomnik va televizorlar soni 5,5 mingta edi.
Namangan ovozini birinchi bor efirga olib chiqish ustozlar — mashhur san'atkor Razzoq Hamroyev, Dildora Ahmedova va Abdug'ani Abduvaliyevga yuklanadi. Abdug'ani aka radioga chinakam fidoyilik ko'rsatgan. U nafaqat mohir suxandon, taniqli hajvchi va jurnalist, shu bilan birga, birinchi rejissyor bo'lib, radiofonoteka — lentaga muhrlangan noyob yozuvlar xazinasini yo'lga qo'ydi. 1981 yilda “Radio uyi”ga Namangan shahrining qoq o'rtasidan, so'lim Yangiariq bo'yidan joy ajratilgan. Qurilish uch yil mobaynida bitkazilgan. Shunday qilib, o'shanda vodiydagi yagona radiokoshona Namanganda qad ko'targan. Men o'sha yillarda viloyat radiosida bosh muharrir edim. Respublika radiosining “katta qozoni”da qaynab kelgandim. Radiodagi uslub va janrlarni publitsistik ruh bilan boyitishga intildim. Dala shiyponlaridan, korxona va tashkilot hovlilaridan “Keling, ochiqchasiga gaplashaylik”, “Oshkora muloqot” kabi hozirjavob eshittirishlarga, mavsumiy “radioyo'qlamalar” o'tkazishga asos solindi. “Qopqon” satirik dasturi shov-shuvga aylanib, tinglovchilar qalbidan joy egalladi.
Nihoyat, tajriba-sinov ko'rsatuvi olinadigan 1990 yilning 17 oktyabrda bir soatlik ko'rsatuvni videokassetaga tushirish uchun 16 soat vaqt ketdi. S'yomka jarayoni tungi soat 2 da tugadi. Shuncha vaqt davomida ne ko'yga tushilganini ilk ko'rsatuv qatnashchilari, studiya mehmonlari o'z ko'zi bilan ko'rdi. Ko'rsatuvni Andijon retranslyatori efirga tarqatishi uchun tasvirni aloqa kabeli orqali Andijonga uzatishning mutlaqo imkoni yo'q. Videomagnitafonni qo'shni viloyatga yetkazish uchun yengil mashinada yo'lga tushilganida soat tungi 4 ni ko'rsatardi. 18 oktyabr soat 8.00. Namanganda qolganlarning nigohi televizorda edi. “Namangan” radiosining pozivnoyi jaranglab, ekranda “NVT ko'rsatadi” degan yozuv chiqqanidagi quvonchimizni ta'riflash mushkul.
— Ayting-chi, Namangan teleradiokompaniyasi o'tgan yillarda viloyat hayotidagi yangiliklarni yaratishda “oltin fond”i qanchalik boyitildi?
— 1990 yillarda “Namangan” telekanali haftasiga atigi bir soat efirga chiqardi. Hozir esa mazkur raqam kuniga uzluksiz 18 soatdan iborat holda viloyatlar telekanallari ichida eng katta ko'rsatkich bo'lib turibdi. Radio viloyat teleradiokompaniyalari orasida birinchi bo'lib 2004 yilda FM tizimiga ulangan, 2015 yilda esa teleradiokanal zamonaviy raqamli formatga o'tish ishlarini yakunlagan. Ayni paytda kun davomida to'g'ridan-to'g'ri efir hajmi telekanalda 6 soatni, radioda 10 soatni tashkil etadi. Muhim tadbirlarda bundan ham ortishi mumkin. Ta'kidlash joiz, hozirda 100 dan ziyod ijodiy-texnik xodimlar mehnat qilayotgan teleradiokompaniyamizda islohotlarga mos rang-barang loyihalar, mobil reportajlar, viloyatlar bilan hamkorlikda qo'shma televizion dasturlar, turli tok-shoular, ko'chma studiyalar sifatli tarzda tayyorlanyapti.
2000 yilda viloyat teleradiokompaniyasi uchun barcha qulayliklarga ega qo'shimcha telemarkaz binosi tiklandi. Germaniyaning “Simens” dasturiga binoan “SX” televideoapparaturalari o'rnatildi. Ijodiy jamoa yangi g'ayrat bilan ishlay boshladi.
Darhaqiqat, so'zda qudrat, tasvirda haqiqat mujassam. Ko'rsatuvlarda bugunning eng dolzarb muammolari, istiqlol tufayli yuzaga chiqqan qadriyatlarimiz, ayniqsa, ma'naviy hayotimizdagi o'zgarishlar o'z ifodasini topmoqda.
— Viloyat teleradiokompaniyasi binosida qurilish, ta'mirlash jarayonlari qizg'in ketayotganiga guvoh bo'ldik…
— Namangan TRKning efir uzatish qamrovi 99,5 foizga yetkazilib, bu vodiy viloyatlari, shuningdek, qo'shni Tojikiston va Qirg'iziston Respublikalarining chegara oldi viloyatlarida ham kuzatish imkonini yaratmoqda. 2016-2021 yillarda kompaniya rivojlanish bosqichiga o'tdi. 2018 yil O'zbekiston MTRK tomonidan qiymati 1 milliard so'mdan ortiq efirga berishga mo'ljallangan server komplekti o'rnatildi. Davlat tadbirlari va sport musobaqalarini to'g'ridan-to'g'ri voqea joyidan uzatish uchun 8 kamerali ko'chma televizion stansiya keltirildi. 2018 yilda SD videokameralar faoliyati to'liq tugatilib, HD formatda tasvirga oluvchi videokamera va kabelsiz mikrofonlar bilan ta'minlandi. 2020 yil mobil SIM-kartalar orqali respublikaning istalgan hududidan to'g'ridan-to'g'ri efirga chiqish imkoniga ega awives qurilmasi hamda bevosita VPN bilan ishlovchi texnik qurilmalar sotib olindi. Bu orqali yaqinda 2021 yil 23-31 may kunlari bo'lib o'tgan 60-Xalqaro gullar festivali to'liq formatda Namangan TRK orqali jonli efirga uzatildi.
Prezidentimizning 2019 yil 28 fevral–1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar hamda viloyat faollari ishtirokidagi 9-sonli yig'ilish bayonining 35-bandida ko'rsatib o'tilgan “Namangan viloyati teleradiokompaniyasi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, 8 kamerali ko'chma televizion stansiya sotib olish, qo'shimcha 450 m2 studiya qurish” yuzasidan loyiha ishlari tamomlanib, qurilish-montaj ishlariga 9 mlrd. 381 mln. so'm mablag' yo'naltirilgan. Bugungi kunda ta'mirlash jarayonlari jadal sur'atlarda davom etmoqda. Keyingi bosqichda 450 m2 studiya texnik jihozlash hamda ko'chma televizion stansiya sotib olish uchun respublika byudjetidan 4,5 million yevro (60 milliard so'mdan ziyod) mablag' ajratish investitsiya dasturida ko'zda tutilgan.
Amaliy sa'y-harakatlar natijasida yaqin yillarda viloyat teleradiokompaniyasining tashqi va ichki qiyofasi butunlay zamonaviylik kasb etadi.
— Muhammadjon aka, ibratli hayot yo'lingizga havas qilamiz. Muvaffaqiyatlaringizdan misol keltira olasizmi?
— Albatta, bu og'ir, lekin sharafli kasbni tanlab, faoliyat boshlaganimga ham 47 yil to'libdi, 30 yildan beri esa rahbarlik lavozimlarida el xizmatidaman. 2012 yilda “Oltin qalam” Xalqaro milliy mukofoti sovrindori, 2013 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni va 2014-2019 yillarda O'zbekiston Oliy Majlis Senati a'zosi sifatida “Mehnatkash senator” ko'krak nishoni sohibi bo'ldim. Ko'plab xorijiy mamlakatlarga borib, xalqaro telekanallar tajribasini o'rganib kelganman. To'rt yildirki, O'zMTRK raisining maslahatchisi sifatida Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlarga deyarli har oyda borib, mavjud muammolarni ilg'ab bartaraf qilishda, yechimini kutayotgan masalalarni ijobiy hal etishda qatnashyapman, mahorat saboqlari tashkillashtiryapman. Shukur, 20 nafardan ortiq shogirdim yetakchi markaziy OAVlarida samarali ishlashyapti, ularning o'nga yaqini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.
Orifjon JO'RAYEV suhbatlashdi.