Bir musht — 9 oy qamoq

Nega shifokorlar yoki tibbiyot xodimlari kaltaklanyapti, haqoratlar eshitishyapti. Bunga sabab bormi? Aslida qars ikki qo'ldan deyishadi. Nima bo'lgandayam shifokorlar bizning najotkorlarimizdir. Ularni asrashimiz lozim.

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo'limining navbatchisi ham bir ayoldan aziyat chekdi…

Mohina Erkinova (ism-shariflar o'zgartirilgan) Samarqand viloyati Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo'limida dispetcher vazifasida ishlab kelayotgandi.

U tez tibbiy yordamga telefon orqali murojaat qilgan va chaqiruv bergan fuqarolarni murojaati va chaqiruvlarini bo'limda yuritiladigan kitobdan ro'yxatdan o'tkazib, navbatchilikda turgan shifokorlarni chaqiruv manzilga yuborardi.

Bo'limda asosan murojaat va chaqiruv uchun uchta raqamdagi telefonlar ishlab turadi.

Mohina o'sha kuni ham doimgidek kun davomida kelib tushgan chaqiruvlarni qabul qilib, manzillarga tibbiy xodimlarni yuborib turdi.

Shu kuni tumanda yashovchi Muhayyoning 40 kunlikdan oshgan qizi Zilolaning tobi qochdi. Bundan onaizorning xavotiri oshdi. Tun yarmidan oqqanda taxminan   kechasi soat 02:00 lar atrofida u tez tibbiy yordam chaqirish uchun qo'ng'iroq qildi. Go'shakni ko'targan ayoldan “Tez yordammi?”, deya so'radi.

Telefonga javob berayotgan ayol “Yo'q adashib tushding”, deya go'shakni qo'yib qo'ydi. Muhayyo yana shu raqamga uch marotaba telefon qildi. Har safar go'shakni ko'targan ayol “Adashib tushding” deya javob beraverdi.

Keyin u ajablanganicha “103” raqamiga qo'ng'iroq qilganida Samarqand viloyat “Tez yordam”iga tushdi. Ularga Oqdaryo tuman “Tez yordam” bo'limiga qo'ng'iroq qilib tusha olmayotganligini aytgach, go'shakni ko'targan navbatchi unga telefon raqamini aytdi. Muhayyo ularga bu raqamga qo'ng'iroq qilsa “Adashib tushding” deyayotganligini ta'kidladi. Viloyat “Tez yordam”dagilar unga Oqdaryo tuman “Tez yordam” bo'limining faqatgina shu raqami borligini aytishdi.

Noiloj Muhayyo yana o'sha o'zi oldingi tergan raqamga ketma-ket to'rt bora qo'ng'iroq qildi. To'rtinchi marotabasida hayriyat navbatchi Mohina go'shakni ko'tardi.

Biroq ayol o'zini tanishtirmasdan, Mohinani haqorat qilib unga juda uyat so'zlarni yog'dirgancha, “Nima uchun telefonni ko'tarmaysanlar!”, deya baqirib, telefonni o'chirib qo'ydi.

Birozdan so'ng yana telefon jiring­ladi. Unga erkak kishi qo'ng'iroq qilib, biroz oldin uni haqorat qilgan ayolning qarindoshi ekanligini aytib, chaqiruv manzilini to'liq berdi. Muhayyo 40 kunlik chaqalog'ining tobi bo'lmaganligini tushuntirdi. Mohina chaqiruvni qabul qilib olgach, shifokor Yorqinoy Yunusova, Fayoza Elomonova, haydovchi Sirojiddin akadan iborat tez tibbiy yordam guruhini aytilgan manzilga yubordi.

“Tez yordam”ni kutaverib toqati-toq bo'lgan Muhayyo jiyani Mirobiddin bilan navbatchining yoniga kelishdi.

“Nima uchun telefonni ko'tarmaysanlar? Nima uchun uxlaysan? Senlarga davlat oylik berib qo'yibdi. Meni bolam kasal! Uxlashga nima haqing bor!” deya Mohinaga baqira ketadi.

Shovqinni eshitgan tez tibbiy yordamda bo'lgan vrachlar, feldsher, hamshira va haydovchilar darhol Mohinaning xonasiga kirib kelishadi. Shifokorlardan biri Muhayyoni tinchlantirishga harakat qildi.

Ammo u shifokorning so'zlariga quloq solmasdan ularga “Nima haqlaring bor uxlashga”, deya rosa baqir-chaqir qildi.

Shu orada telefonga yana qo'ng'iroq bo'lib qoldi. Mohina joyiga o'tirib, telefonga javob berayotgan vaqtida orqasida turgan Muhayyo uning boshiga musht tushirdi.

Shu yerdagi shifokorlar darhol Muhayyo­­ni tashqariga olib chiqib ketishdi. Mohinaning esa tobi bo'lmay qoldi. Shifokorlar tibbiy yordam ko'rsatishdi, albatta.

Shundan so'ng Mohina shifoxonada yotib, davolanib chiqib Muhayyoning ustidan tegishli organlarga arz qildi.

Sud Muhayyo Akromovani O'zbekis­ton Respublikasi JK 109-moddasining 2-qismi va 140-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, uzil-kesil 9 (to'qqiz) oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Muhayyo qilgan ishidan pushaymon bo'ldi. Lekin bu pushaymonlik uni qilmishiga yarasha jazodan xalos qila olmadi.

Ilyos DONIYoROV,

jinoyat ishlari bo'yicha

Samarqand viloyati

Oqdaryo tuman sudining raisi,

Xonbibi HIMMAT qizi

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =