Direktor nega terladi?
O'qituvchilar bir-birlarining zahmatlarini his qiladilar. Ammo har kim ham o'zga birovning o'zidan zo'rligiga tan beravermaskan. Masalan, birovning puxta bilimini nazar-pisand qilmaydigan amaldor bo'lsa, aytaylik, maktab direktori bo'lsa, bechora o'qituvchi dardini kimga aytadi?
Zamira Qodirova o'z fanining ustasi, tajribali o'qituvchi ekanini nafaqat maktab jamoasi, hatto Oltinsoy tumani xalq ta'limidagilar ham yaxshi bilishadi. Muallima ishlaydigan tog'li maktab, aniqrog'i 37-sonli umumiy o'rta maktabning tarix fanidan u dars bergan sinf o'quvchilari olimpiadada mutloq g'oliblikni qo'lga kiritdilar. G'oliblar rag'batlantirilib, ularga mo'maygina pul mukofoti berildi-yu, muallimaning boshi g'alvada qoldi.
Maktab direktori Ahror Hurramov Zamira Qodirovani xonasiga chaqirtirdi. “Rahbarimiz menga minnatdorlik bildiradilar, maktabimiz dovrug'ini viloyat miqyosida yoydingiz, o'quvchilarni bu darajada tayyorlaganingiz uchun rahmat, desalar kerak” degan o'yda direktor xonasiga kirdi.
— Chaqirgan ekansiz, — dedi muallima.
— Ha, ha Zamiraxon, ayttiruvdim, — direktor unga o'tirishga joy ko'rsatarkan muddaosini shirin muomalaga yashira boshladi, — Shu deng, domla, mana olimpiadadan qaytdingiz. O'quvchilaringiz ham balo-da, balo. Ammo ularni tayyorlashning o'zi bo'lmaydi. Endi… Zamiraxon, men ham bir chekkada qarab turganim yo'q. Bu to'g'rida rahbarlar bilan chuqur, iyaklashib gaplashganman, yo'lini qilib nomzodingizni o'tkazganman.
— Rahmat domla, — dedi o'qituvchi ehtirom bilan rahbarining nimaga shama qilayotganini bilsa-da.
Aslida Zamira Qodirova tarix fanidan olimpiadaga qatnashish uchun tegishli muassasaga iltimosnoma kiritgan, albatta bundan direktorning xabari bor edi. Muallimaning xayolga tolganidan, gapim ma'qul tushayapti, deb o'yladi chog'i direktor yanada jonlandi:
— Endi, Zamiraxon chaqirishimning boisi, berilgan mukofot puli faqat sizga… sizlarga tegishli emas. Uning teng yarmi — meniki!
Bunday o'ta past munosabatni kutmagan Zamira Qodirova:
— Nimalar deyapsiz domla, bu o'zim, qolaversa, o'quvchilarim mehnatining samarasi-ku!, — dedi.
— Gapni ko'p cho'zmang, yarmini olib keling!
— Yo'q, bir so'mini ham bermayman, — e'tiroz bildirdi muallima, — Chunki ularni o'quvchilarimning o'zlariga sarflayman.
— Shundaymi?
— Ha, shunday!
— Chiq, chiq, yo'qol bu yerdan, — direktor xodimasini qo'pollik bilan xonadan chiqarib yubordi.
O'qituvchi Zamira Qodirova nafaqada bo'lsa-da, ko'p yillardan buyon ijarada turib, ellik chaqirim uzoqlikdan qatnab ishlardi. Direktor bilan bo'lgan mojarodan ko'p o'tmay, uyiga pochta orqali ishxonasidan xat keldi. Konvertni ochib qarasa, ishdan bo'shaganligi to'g'risidagi buyruq.
Janjal shundan boshlandi. Oldin maktab direktoriga, meni sevimli maktabimdan ayirmang, — deya iltimos qildi. Foydasi bo'lmadi. Xalq ta'limiga borib, qayta ishga qabul qilishlari uchun ariza berdi. Nafi bo'lmadi. Oxiri yana maktab direktori Ahror Hurramovga yalindi. Shunday kunlarning birida direktor muallimaga qo'ng'iroq qilib xalq ta'limi idorasi oldiga kelishini aytdi. Z.Qodirova manzilga yetib kelishi bilan direktor dabdurustdan uni ishga olishini bildirib, evaziga uch yuz “ko'ki”dan berishini talab qildi.
Muallima yonida bo'lgan 650 ming so'mni direktorga uzatishga majbur bo'ldi. “Qolganini ertaga olib borasan-da ishni boshlaysan”, — uqtirdi direktor.
U rahbari aytganday qildi. Ammo uning xonasiga bir o'zi emas, kerakli odamlarni boshlab bordi. Direktor Zamira Qodirovadan so'ragan pulini olayotganida xonasiga “noma'lum” kishilar kirib kelishdi. Undan qo'lida ushlab turgan narsalarni, stol ustiga qo'yishini taklif qilishdi va o'zlarini tanishtirdilar. Direktorning peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi.
Ahror Hurramovga “pora”ning foydasi bo'lmadi. Sud hukmi bilan unga uzoq muddatga davlat hisobiga majburiy mehnat qilish jazosi tayinlandi. Birgina bu emas, endi u mansabdorlik vazifalarida ishlashdan uzoq vaqtgacha mahrum bo'ldi. Nafs balosining oxiri voy deb bekorga aytishmagan-da. Jinoyatga jazo esa muqarrardir.
Ilhom ABRAYEV,
Jinoyat ishlari bo'yicha
Oltinsoy sudi raisi.
Chori QORAQULOV,
jurnalist