O'ylamay bosilgan qadam sudning qora kursisiga o'tqazdi
Sudning qora kursisida o'tirgan navqiron yigitlarga zaldagilar hayron edi. Ular istashsa, har qanday foydali ish bilan shug'ullansalar bo'lardi. Ammo tog'ni ursa talqon qiladigan bu yigitlar ko'z oldilarida turgan tikan ustiga atay oyoq bosdilar.
Nishon tumanining Paxtakor mahallasida yashovchi Bahromali Zikrillayev joriy yilning 5 iyun kuni yashash xonadonida bekorchilikdan nima qilarini bilmay o'tirgandi. Kutilmaganda tanishi Rustam Normatov kirib keldi.
— Ha, nima gap? — so'radi Bahromali Rustamdan salom-alikdan so'ng.
— Tinchlik. Maslahatli gap bor.
Rustam atrofga alanglab hovlida hech kim yo'qligiga ishonch hosil qilgach, tashrifi sababini aytdi:
— Pul topishning yaxshi bir yo'lini topdim.
— Qanday yo'l ekan?
— Ijtimoiy tarmoqlar orqali ish topamiz, o'zimizni ishchan ko'rsatib, rahbar ishonchini qozongach, biron-bir qimmatli buyumni o'g'irlab sotamiz.
Ko'pdan buyon cho'ntagi pul ko'rmagan Bahromaliga bu taklif juda ma'qul tushdi. Ular o'sha zahot “ishga” tushadilar. Izlab-izlab “OLX.UZ” internet cayti orqali Toshkent tumani Avliyo ota mahallasidagi Karvon yo'li ko'chasida joylashgan “Special car wash” avtomobil yuvish shoxobchasiga ishchi kerakligi haqidagi e'lonni topishadi. So'ng tezda qayd etilgan telefon raqamiga qo'ng'iroq qilib, shoxobcha manzilini aniqlab olishadi. Ertasi kuni esa belgilangan manzilga yetib keladilar.
— Qaerdansizlar? — so'raydi shoxobcha rahbari Shahzod Rajabov ularni kutib olgach.
— Chinozdanmiz, — yolg'on gapiradi Bahromali.
— Yaxshi. Qancha ko'p ishlasanglar, shuncha ko'p topasizlar, — deb ularni ish tartibi bilan tanishtiradi.
Uy-joyimiz yo'q deyishgandan keyin ularni shoxobchaning ikkinchi qavatidagi, yashash uchun barcha sharoitlari bo'lgan xonaga joylashtirib, eslatadi:
— Bemalol dam olinglar, ertadan ish boshlaysizlar.
O'sha kecha xonada ulardan tashqari yana bir ishchi tunab qoladi. Tun yarmida Bahromali Rustamni uyg'otadi. Ammo Rustam hali vaqt borligini, biroz sabr qilib turishni maslahat beradi. Tongga yaqin – soat 4:00larda ular uyqudan uyg'onib, dam olish xonasiga o'tadilar. Sh.Rajabovning “Ifone-12 pro” rusumli telefon uskunasi quvvatlantirgichda turgandi. Bahromali uyali telefonni va uning g'ilofi ichida bo'lgan 600 AQSh dollarini o'g'irlab tashqariga chiqadi. Rustam esa sumkalarni olib, unga ergashadi. So'ng ikkovlon taksiga o'tirib, shaharning Otchopar dahasiga kelishadi. U yerdan esa “Qarshi-Toshkent” yo'nalishida qatnovchi mashinaga o'tirib, Qashqadaryoga jo'nab ketishadi. O'g'irlangan telefonni noma'lum shaxsga 4.000.000 so'mga sotib, pulini teng taqsimlab oladilar.
Ko'p o'tmay o'g'irlik bilan o'zlashtirilgan pullar tugaydi. Ular yana topishishadi. Bu safar “qahramon”larimiz Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan avtomobil yuvish shoxobchasiga kelib, “ishga” kirishadi. Ammo bu gal “ov”lari baroridan kelmaydi. IIB tezkor xodimlari ularni qo'lga oladi. Negaki, Shahzod Rajabovning murojaatiga binoan qonun himoyachilari allaqachon o'g'rilarning iziga tushishgandi.
Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent tuman sudi ularni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi.
Agar Bahromali Zikrillayev Rustam Normatovning uyiga g'arazli niyat bilan kelib, uni yo'ldan urmaganida bu jinoyat sodir etilmasdi. Shu o'rinda savol tug'iladi. Bu yigitlar ishsiz yurgan damlarda ularning ota-onalari, mahalla ahli, qo'ni-qo'shnilarning ko'zi qaerda edi? Nahotki hech kim ularning nojo'ya qadamini kuzatmagan. Afsuski, ko'p jinoyatlar, asosan, ota-onalarning farzandlariga nisbatan beparvoliklari tufayli sodir etilmoqda. Nega Rustamning oila a'zolari Bahromalining kimligini bilishmaydi? Axir, farzandlarimizda mustaqil fikr bo'lmasa, har qanday g'ayrli inson uni noto'g'ri yo'llarga boshlashi mumkin-ku! Shuni unutmaylik, muhtaram ota-onalar!
Mirali MIRRAHIMOV,
jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent
tuman sudining raisi