Turmushning og'ir mushti

Butun boshli o'rmon yonishi uchun kichik uchqun ham yetarli. Ba'zan hayotda ham shunday fojialarning guvohi bo'lamizki, sababiga qarasangiz — arzimas…

Hammasi boshqacha boshlangandi. Abduqahhor Naziraga ko'ngil berdi. Ikki tomonning roziligi bilan to'y bo'ldi, Abduhakim aka yaxshi niyatlar bilan qizini Abduqahhorga uzatdi.

Kelin qaynonasi bilan tezda til topishib, inoqlashib ketdi. Bir yil o'tib Abduqahhor va Nazira o'g'il farzandli bo'ldilar, ismini Rustam qo'yishdi. Bola bilan kelinning tashvishi ko'payib qoldi. Qaynonasi aytgan ishlarning biriga ulgursa, biriga ulgurmaydigan bo'ldi. Vaqt o'tib, Nazira qaynonasining tanbehlariga e'tiroz bildirib, yuziga tik gapira boshladi. Bu esa tabiiyki, qaynonaga yoqmasdi. Bu hol bir bo'lsa, ikki bo'lsa, mayli edi. Uydagi gap devor oshib, qo'ni-qo'shnilar qulog'igacha yetdi. Aytishadi-ku, “Yomon gap yetti mahalla oshadi”, deb. Hayot yo'li ravondir, deb kim aytgan. Turmushning past-balandi, o'ru qiri bo'ladi…

Nazira chidolmadi. Otasiga qo'ng'iroq qildi. Qaysi ota bolasini mushkul ahvolda tashlab qo'yarkan? Qolaversa, “Hayotning yaxshi-yomoni, oqu qorasi bor. Bu kunlar ham o'tadi, sabr qilgan murodiga yetadi”, deguvchilar ham kamayib ketgan. Xuddi kutib turgandek, Naziraning otasi ham keldi-yu, qizini olib ketdi.

Oradan uch kun o'tdi. Abduqahhor bu uch kunning har kunini bir yildek o'tkazdi. Bolasini sog'indi, yorini sog'indi, chidab turolmadi. Qaynotasinikiga keldi, ayoli va farzandisiz uyi huvillab qolganini, ularsiz yasholmasligini Naziraning ota-onasiga tushuntirdi.

Abduhakim aka ko'p o'yladi, uzoq o'yladi qizining baxti, tinchligi, kelajagi haqida. Lekin bag'ridagi chechagini berib yuborgisi kelmadi. Kuyoviga o'zining hovlisida yashashni taklif qildi. Abduqahhorning ayoli va farzandiga bo'lgan muhabbati kuchli ekanki, bu taklifga “yo'q”, demadi. Ichkuyov bo'ldi. Buni or bilmadi, qabul qildi.

Mehribon qaynota kuyovi va qizi uy-joy qurishlari uchun o'zining yeridan ulush berdi. Yangi uyga poydevor tashlandi. Abduqahhor qaynisi Jamoliddin bilan fermer xo'jaligida ishlardi. Vaqt topdi deguncha yangi qurilgan uyining chalasini bitirishga tirishardi.

Bir kuni tongdan Abduqahhor bilan Nazira yangi uyning loysuvog'ini qilish uchun hozirlanisharkan, ayol eriga tanbeh bera bosh­ladi. “Tezroq ishlamayapsiz, qish yaqin. Bu ahvolda qachon yangi uyga ko'chib chiqamiz?”, — dedi. Bu gaplar erkakka alam qildi. “Bundan ortiq qanday ishlash kerak?”, — dedi jahl bilan. Shu payt Nazira ham shu yerda yotgan ketmonning dasta tomoni bilan erining yelkasiga tushirib qoldi. Abduqahhor ayolidan bunday xatti-harakatni kutmagandi, erkaklik g'ururi qo'zg'ab ketdi. Abduqahhor Naziraning qo'lidagi   ketmonni tortib oldi-da xotinining peshonasiga tushirdi. Nazira gursillab yerga yiqildi. Abduqahhor shundan keyin ham ayolining duch kelgan yeriga yana bir necha zarba berdi. So'ng ayolini o'sha yerda qoldirdi-da, qaynotasi ularga ajratib bergan xonaga bordi.

Kiyimlarini almashtirib ko'chaga chiqib ketdi. Samarqand shahrining ko'chalarida maqsadsiz kezib yurdi…

Hech narsadan xabari bo'lmagan Naziraning onasi ularni tushlikka chaqirgani borganda, ne ko'z bilan ko'rsinki, qizi tuproqqa belanib qimirlamay yotar, nabirasi Rustam uning atrofida emaklab yig'lar edi.

Abduqahhor Samarqand viloyati Payariq tumani ichki ishlar bo'limiga o'z ixtiyori bilan borib, xotinini urganini aytganida, hali Naziraning vafot etganidan bexabar edi.

Sud 30 yoshli Abduqahhorni 18 yil ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm o'qidi.

Qaynona-kelin kelishmovchiligi, arzimagan maishiy muammolar o'lim bilan, kimningdir jinoyatchi bo'lishi, kimningdir farzandsiz, go'daklarning ota-onasiz qolishi bilan tugaydigan holga qanday tushiladi? Nahotki, bu fojia yuz bermasligi mumkin emas edi?! Bu bugun atrofimizda bo'layotgan baxtsiz hodisalardan bittasi, xolos. Yoshgina oilalarning bu qadar ayanchli ravishda barbod bo'lib ketishiga kim sababchi? Oilaning qadriga yetmayotgan, yoshi kattagina bo'lsa ham, oilaviy hayotga tayyor bo'lmagan, oila to'g'risidagi diniy va ijtimoiy bilimlari kam bo'lgan, irodasiz, g'azabiga, qo'liga, tiliga erk bergan yoshlarmi? Farzandlariga turmush qiyinchiliklari oldida irodali bo'lishni, og'ir vaziyatlarni matonat va ahillik bilan yengib o'tish kerakligini, oila muqaddas ekanini tushuntirolmagan ota-onalarmi? Yosh oilalarning turish-turmushidan, og'ir yengilidan xabar olmayotgan mahalla ahlimi? Ijtimoiy-ma'naviy jihatdan quyilashib borayotgan jamiyatmi?

Bu savollarga javob topilib, fojialarning oldi olingunga qadar yana qancha arzimagan ko'ngilsizliklar katta fojialarga aylanadi ekan?..

Xonbibi HIMMAT qizi,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + two =