Qish issiq kelsa ham…
Oltin qulf na o'zini, na xazinani qo'riqlay oladi.
Qishning kunlari issiq kelsa ham, baribir, u yoz bo'lib qolmaydi.
Birovning fojiasi boshqa birovga — tomosha.
Irodali bo'lmoq qaysar bo'lmoq degani emas.
Xayrli ishlarni boshlaguvchi bo'lmasang, hech bo'lmaganda xayrli ishlarga ergashuvchi bo'l.
Shu qadar kibrli va maqtanchoq odamlar borki, ular “Yerni ham men yaratganman”, deb qolmasa edi, deb cho'chib turasan kishi.
Tuturuqsiz odamdan tutun yaxshi.
Uyda miltiq bo'lsa, u albatta bir kuni otiladi, uyda kitob bo'lsa kun kelib o'qilarmikan, bilmay qoldi kishi.
Har qanday farzand olmos kabi — taroshlasang gavharga aylanadi, tashlab qo'ysang, oddiy toshdan farqi qolmaydi.
Do'st qidirishdan to'xtama, dushman o'zi keladi.
Yurgan sari yo'l, ulashganing sari ilming ko'payar.
“Oynai jahon”ning bir dasturida donishmand bilan suhbat, boshqasida maymunlarning shoxdan-shoxga sakrashi namoyish qilinayotgan edi… ko'pchilik maymunni tomosha qila boshladi…
Tiklash eng qiyin bo'lgan qasr bu muhabbat qasridir, buzish eng oson bo'lgani ham ushbu qasrdir.
Barcha dardni davolaguvchi giyoh bo'lmaganidek, hammani mahliyo qilguvchi hikmat ham yo'q.
Yosh bola kimnidir yoqtirmayapti, bu — besabab emas, aksincha bo'lsa, bu ham besabab emas.
Vaqti-soati yetgach bog'bon har qancha urinmasin, gul baribir so'ladi…
Mansurxon TOIROV