Xotiralar to'zonidagi tuyg'ular

(hikoya)

“Sentyabrning sim-sim yomg'irlari xazonrezgi kuzning rutubat bulutlaridan quyulib oynalardan oqib tushayotgan mustar tomchilarini shundoq ham, mog'or bosib ketgan loysuvoq uylarning poydevoriga singdirib borayotgan u uzun kunlarning shaffof bir tongida, men hech qachon ko'rmagan va qachonlardir ko'rishni orzu qilgan ulkan kulrang binolar ichra sariq chiroqlar porillab turadigan shahardan, bu dunyoning unutilgan va o'sha yerliklardan bosh­­qa hech kim eslamaydigan go'shasi – Iskanaga, bir zamonlar sening bobong tomonidan hashamat va boyonlarga xos kibr bilan qurilgan va endilikda salkam chorak asrdan buyon odam zoti yashamaganidan unniqqan hamda biroz salqigan qo'nalg'angga kelganingni, hali yuk ortilgan chemadonlaringni sening ortingdan doimiy ravishda girdikapalak bo'lib yuradigan yugurdaklaring bu yerlarning tusiga hech ham yarashmaydigan oppoq limuziningdan tashib olishayotgan mahalidayoq, kelganing ovozasi, og'izdan-og'izga, quloqdan-quloqqa o'tib, bo'zarib kelayotgan namchil tongning ohangjamoli xabari bo'lib yang­radiki, sendek ko'rkam, o'ziga bino qo'ygan, kibr va madaniyatni jussasida g'aroyib tarzda uyg'unlashtirgan va har doim so'nggi modalar rusumida kiyinadigan va har qanday qizni aqldan ozdiradigan darajada o'ziga maftun etadigan yigitni, biz endigina balog'at ostonasiga qadam qo'ygan qizlar, bu dunyoning tubanliklari oldida hali hech narsani tuzuk-quruq ko'rmasdan, seningdek o'ziga haddan tashqari bino qo'ygan oliftani ilk bora ko'rib turardik, garchi sening otang va bobong haqida bu yaqin o'rtadagi qishloqlar va tumanlarda haddan tashqari og'iz ko'pirtirib maqtashlariga qaramay, sening ayricha va ulardan ham oshib ketgan shuhrating ovozasi atrof-javonibdagi seni biladigan va sen haqingda eshitgan barcha qizlarning ko'nglida havas uyg'otar va ular balog'at yoshida tutiladigan xotira daftarlarida suygan insoningiz degan joyida sening Masrurbek degan ismingni katta harflarda yozishar, ne baxtki, o'sha pallalarda, rosa suyukli bo'lgan estrada artistlariyu mashhur kino aktyorlari sening to'pig'ingga ham kelmasdi, zero iskanaliklar, sen ularni choychaqaga ham olmasligingni va seningdek o'ziga bino qo'ygan yigit qandaydir otarchilaru shoumenlar bilan tenglashtirilmasliging­­ni bilishar, vahki, sening ota-bobolaring pulining qudrati sen uchun hamma yo'llarni ochib tashlagan va shuning uchun ham nima xohlasang shuni qilarding, nima xohlasang o'shanga erisharding, shu bois ba'zan turli yo'sindagi matbuotlarda sen haqingda chiqadigan xabarlarda, sening iqtidorli yoshlardan biri sifatida Londonda gimnaziyada o'qiyotganing, keyinroq esa Oksfordga qabul qilinganing va bunga qo'shimcha ravishda yana allaqanday xalqaro universitetlarda magistratura bo'yicha tahsil olayotganing, Tashqi ishlar vazirligida stajirovkada yurganliging va yaqin orada qandaydir chet davlatga elchi bo'lib jo'natilishing haqida uzun-quloq gaplar yurar va biz bularning hammasiga sening erishishing muqarrarligiga ishonardik va sendek yigitning rafiqasi bo'lishni ich-ichimizdan orzu qilardik, biroq kutilmaganda, korporatsiya ishi bilan shug'ullanadigan bobong va otangni tashlab, bir zamonlar ota-bobolaring tug'ilgan go'shaga qo'qqisdan bemavrid kelishing, uzoq yillardan beri uzzu-kun yog'ayotgan yomg'irlardan zerikkan iskanaliklarni, ayniqsa, ularning balog'at ostonasiga endigina qadam qo'ygan qizlarini anchagina shoshirib, esankiratib tashladi, biroq sen ularga zarra ham e'tibor qaratmading; bu zarif, lolagun, mohiro'y, oqbadan, sariqsoch, bug'doyrang va qoracha raftorli qizlar sening e'tiboringni tortishga harchand urinishmasin, ularga hech qursa, ko'ngil uchun ham qiyo boqib qo'ymading; nachora, sen shunchalar toshbag'ir edingki, mana shu navrasta va sodda qizlarning ko'z o'ngida, bo'ksalari katta, siynalari timsol kabi bo'rtib chiqqan katta shaharning seni desa o'lib qoladigan ofatijonlari bilan yuz-ko'zlarini ko'rib gaplashadigan g'aroyib telefoning orqali gaplasharding va biz ham ularni Iskanaga endi-endi kirib kelayotgan internet orqali sening o'sha yarim yalang'och va hashamga o'ch qizlar bilan villangda tushgan suratlaringni, sushe barlarda olifta uslubda tikilgan kamzulingga osilib olgan va sal qolsa qo'yningga kirib ketayozgan ko'k va qiyiq ko'zli qizlarni va yana allaqanday cho'milish havzalarida biz ilgari ko'rmagan jozibasi mutlaqo bo'lakcha boshqa oyimchalaringni ko'rardikki, bir qarashda sen ularni paypoqdek almashtirayotganligingni ilg'ab olish qiyin emasdi, ammo shunga qaramay sendan nafratlanishga bular asos bo'lolmasdi, zero sendek yigitning e'tiboriga tushish hech qachon yetib bo'lmaydigan orzu, erishib bo'lmaydigan matlab ediki, sendan nechuk nafratlanishsin, sen axir o'ylarimizning yagona ovunchog'i, xayollarimizning suyukli shahzodasi, xotiralarimizning mangu asosi eding-ki, seni suygan va faqat seni o'ylagan biz tengi qizlarga uylangan yigitlar garchi buni hech kimga bildirmasa-da, butun umr sendan nafratlanib va senga hasad qilib o'tishadi, ammo sen bunday mayda gaplarni o'ylaydigan va bular haqida biz kabi mulohaza yuritadigan inson emasding, sen qandaydir boshqacha, xuddi bobong va otang kabi asli shu yerlik ekanligingga hech kim ishonmasdi, zero, bu yerlar sening raftoringga yarashmasdi, negaki, sening shahzodalar kabi oq matodan tikilgan g'ayri uslubdagi kastyum-shimlaring kibr va xudbinlik ufurib turgan ko'rkam va salobatli qiyofang, hayotning hamma lazzatlariga mustag'riq bo'lgan umring, doimo atrofingda girdikapalak bo'lib yuradigan va bir imo qilsang aytganingni muhayyo qiladigan yugurdaklaring sening haddan tashqari hashamatli va shohona hayotingni bir bo'lagiga aylanib ketgandiki, biz kabi ko'rimsiz va oddiygina kulbada yashaydigan molxona qorovulining qizini sen nazarga ilarmiding, garchi men sening eski va salqiganligiga qaramay, qishloqdagi eng so'nggi qurilgan yangi imoratlarga nisbatan ham zamonaviyroq va ko'rkamroq tuyuladigan qasring­ning shundoq etagidagi kulbada yashayotgan bo'lsam-da, menga bir bora qiyo boqib qo'ymasding, hatto qo'nalg'angga joylashib olgan o'sha kunda, yugurdaklaring odam yashamaganidan chirk va g'ubor bosgan xazonrezgi kuzning sariq yaproqlaridan atrofni tozalash uchun meni yollaganida ham sen hech nima bilan ishi yo'qdek, bog' etagidan oqib o'tadigan Oqsuvdaryo va uning narigi sohilida yastanib yotadigan o'rmonga tikilgancha soyabon ostidagi keramika stulingda o'tirarding; vahki ilgarilari ham o'sha bo'ksalari va siynalari timsol kabi katta va senga hech tortinmay suykalaveradigan shahar qizlari o'rnida bo'lib qolishni qanchalik xayol surmay va senga qanchalik qaramay, sen menga e'tibor ham qilmasding; sening ko'zlaring bir zamonlar bobong tomonidan sotib olingan daryo ortidagi bepoyon yerlar va keyinchalik bunga qo'shimcha ravishda otang tomonidan sotib olingan xazonrezgi o'rmonga tikilgandi, biroq soyabon ostida o'tirarkansan hech kim, hatto o'zim ham kutmaganimda sen meni ey bodom gulli ko'ylakli qiz deb oldingga chaqirding va yomg'irda ivib ketganimni ayt­ding va badanimga chippa yopishib qolgan chit ko'ylagimni quritish uchun o'zingning xobgohingga bosh­lading, ne ajabki, men shunda sening hashamatli uying­­ni ichkaridan ko'rdim, sen menga shunday g'ayritabiiy qararding-ki, ko'zlaring va vujudingdan quyulayotgan asror shunchalik jozibali ediki, men bularni hech qachon unutolmasdim; zero ostonangdayoq ko'zlarni qamashtiradigan cho'g'dek qizil gilamlar va derazalaringdagi qaymoqrang pardalar tutilgan keng va shinam uying shved stol va stullari hamda chex mebellari bilan to'ldirib tashlangandiki, men ularga mahliyo bo'lib, ko'ylagimni quritishim lozim bo'lgan kamin oldiga emas, bil'aks, sening yotog'ingda paydo bo'lib qolganligimni sezmadim, zero men ko'zlarimni chirt yumib olgan va bularning hammasi mening tushim va ko'zlarimni ochsam barchasi tumandek tarqab ketishidan qo'rqqandek, izmu ixtiyorimni sening qo'llaringga topshirib qo'ydim va shu ishim bilan sening ko'pdan-ko'p pariruy malaklardan iborat hayotingning muayyan lahzalariga aylana oldim va yomg'irlar zeriktirib yog'adigan sentyabrning oxirlarida sen bu yerdan butunlayga ketgunga qadar, o'sha lahzalar mening telbavor va shukuhli hayotimning eng baxtiyor soniyalariga aylandi, ammo sen ketib qolding va o'sha lahzalardan keyin meni eslamading ham, yomg'irlar esa yog'averdi, yaproqlar sarg'ayib to'kilib bitdi-yu izg'irin shamollar esa bosh­ladi, so'ng hamma joyni oppoq qor qopladi, endilikda biz o'rmon tulkisining izlarini Oqsuvdaryodagi dalalar etagida ko'rardik, bolalar qiyqirib tayg'anmachoq uchardi, kunlar juda sovib ketgan edi va ana shunday mustar kunlarda, men vujudimda qandaydir o'zgarish­lar bo'layotganligini ilg'ab qoldim, o, ichimda murg'ak vujud o'sib kelayotgan edi, buni bildimu qu­vonchdan ko'zlarim yondi, axir u ikkalamizning garchi sen uchun qandaydir lahzalik bo'lsa-da, muhabbatimizning mevasi edi, u kundan-kun o'sib borardi ammo u haqda hech kimga ayta olmasdim, atrofdagilar bilib qolmasligi uchun uzun paltolar kiyardim, qish ortidan kirib kelgan bahor ilmiliqlari ro'dopodek kiyimlarimni uloqtirishga majbur qilgan bo'lsa-da, men o'zimga yarashmaydigan keng va osilib ketgan ko'y­laklar kiyib yurardim, ammo bir kun bularning hammasi oshkor bo'ldi-yu, molxona qorovuli bo'lgan mening otam, uning kimligini menga ayt, nomusimni toptash qanday bo'lishini unga ko'rsatib qo'yaman deya mening yuzlarimga betinim shapaloq tortarkan, sen uchun va faqat sen uchun men uydan bosh olib ketdim, ammo sening pok va muqaddas nomingni aslo hech kimga aytmadim, oriyati qilichdek o'tkir otam, yurak xurujini boshidan kechirib, mening endi unday qizim yo'q degan bo'lsa-da, men sening nomingni sotmadim azizim, zero men uchun bu ko'rguliklar senga bo'lgan muhabbatim oldida hech nima emas edi, men senga hammasini aytib bermoqchi bo'lib huzuringga otlangan edim, ammo na seni topdim, na sening muhabbatingni, sen allaqachonlar mening oyog'im hech qachon yetib bormaydigan yerlarga ketib qolgan eding va sen mening ko'zim yoriganini ham, tug'ilajak zurriyodingni ham, uning ismini ham bila olmading, men farzandimizni, to'g'rirog'i, yolg'iz o'zim chiroqlari kechalari bilan porillab turadigan katta shaharda, urvoqqa ham yetmaydigan farroshlik maoshi bilan o'stirib ulg'aytirdim, garchi uning qad-qomati va quyib qo'ygandek bo'y-bastlari senga o'xshasa-da, uning sening o'g'ling ekanligiga hech kim ishonmadi, ammo u sening o'g'ling va muhabbatimizning yolg'iz yodgori ekanligini hayo­timning so'nggi soniyalari haqqi ishontirib ayta olaman, ehtimol, bu mis­ralar sening qo'lingga yetib borganida va ushbu jumlalarni sen o'qiyotganingda ularni sen uchun bitgan Laylo o'lgan bo'ladi va uning ruhi hayotning hamma lazzatlariga mus­­­­­tag'riq sening umring osmonidan uchib o'tayotgan bo'ladi”, deb tugallanuvchi uzundan-uzoq xatni o'zining villasida dam olayotgan Masrurbek o'qib tugatarkan, ko'pdan-ko'p ayollardan iborat hayotining dilovar bir tongida bu mis­ralarni yozgan Laylo ismli qiz kim ekanligini hatto eslolmadi ham, zero u yashayotgan hayot xuddi kino lentalari kabi tez-tez o'tib ketayotgan va hech ham to'xtamaydigan lahzalardan iborat edi…

Sherzod Komil Xalil

  

Muallif haqida: Sherzod Komil Xalil — 1982 yili Kitob tumanidagi Iskana qishlog'ida tug'ilgan. O'zMUning falsafa fakulteti (1999-2005)da tahsil olgan. Zamonaviy g'arb falsafasi va tarixi magistri. Toshkent Oliy adabiyot kursi (2005-2007) ting­lovchisi. Nasrdan tashqari, she'riyat va dramaturgiyada ham ijod qiladi. Asarlari respublika matbuoti bilan bir qatorda AQSh, Angliya, Belgiya, Argentina, Italiya, Serbiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston va Markaziy Osiyo davlatlarida chop etilgan. Yozuvchi “Writers Capital” (Xalqaro yozuvchilar kengashi)ning O'zbekiston bo'yicha direktori, “Literetur Online” jurnali muharriri. Dunyo xalqlari yozuvchilar uyushmasi prezidentining o'zbek adabiyoti bo'yicha maslahatchisi, “Global Litera” jurnali o'zbek adabiyoti bo'limi muharriri. 2016 yilda AQShning Shimoliy Karolina shtatida “I left poetry” (“Men she'riyatdan ketganman”) nomli she'riy to'plami chop etilgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =