Nasriy doston: Qabohat davri
May Van FAN (1955),
taniqli vyetnam shoiri
Muallif haqida:
May Van Fan 1955 yilda Vyetnamning shimoliy qismida, Ninbin provinsiyasida tavallud topgan. Xanoydagi chet tillar kollejining lingvistika va rus madaniyati fakultetida hamda Minskdagi (Belarus) Pedagogika institutida tahsil olgan. Ayni vaqtda Xayfon shahrida yashab ijod qiladi.
Uning 20 dan ziyod she'riy to'plamlari va “Tanqidlarda insholar” kitobi nashr etilgan. To'plamlari jahonning turli tillariga tarjima qilingan.
2012 yilning dekabrida “Firmament Without Roof Cover” (“Tomsiz osmon gumbazi”) kitobi “Amazon” kompaniyasining eng xaridorgir she'riy to'plamlar yuztaligidan o'rin olgan.
Bir qator Vyetnam va xalqaro adabiy mukofotlar sovrindori. Xususan, 2010 yilda Vyetnam Yozuvchilar assotsiatsiyasining nufuzli mukofoti, 2017 yilda Sikada mukofoti, 2019 yilda Serbiya Fanlar va san'at akademiyasi mukofoti, 2020 yilda Chernogoriya adabiy tarjimonlar assotsiatsiyasining mukofotiga sazovor bo'lgan.
Taniqli shoirning ijodida bugun “Hurriyat” gazetasi mushtariylari e'tiboriga havola qilinayotgan “Qabohat davri” nasriy dostoni salmoqli o'rin tutadi. Ushbu asar shu kunga qadar 30 ta tilga o'girilgan.
Anglash pallasida
Men harakatda bo'lganda sizning olamingizga topinaman. Iltimos, meni qo'pollik va beparvolikda ayblamang! Nimasidir sizga ayon bo'lgan yoki hali ozodlikka erishmagan, yoki shu yo'lda tusmollab harakat qilayotganlar haqida. Yoki ular hali ham shu yerda qolganmi? Har nafas olganda men yanada yuksakroq ko'tarilaman. Labim chetlaridan sachragan qon ona zaminni sug'oradi.
* * *
Men to'g'ri va noto'g'ri, yo'l izlash va adashishlar, telbalik va nafs, zamonaviylik va almisoqdan qolgan tartib, oliyhimmatlik va pastkashlik, yaxlitlik va yolg'izlik, mardlik va tubanlik, taraqqiyot va qoloqlik qorishmasida voyaga yetdim. Ertalablari oqimga qarshi suzayotgan baliq va tonggi shafaqni kutgancha ko'z yumayotgan yulduzga duch kelardim. Vahima ichida men sinfga kirib, ayni vaqtda ko'pchiligi vafot etgan sinfdoshlarim yoniga o'tirardim. Men darsni zavq-shavq bilan olib borayotgan o'qituvchiga quloq tutardim. O'qituvchi barmog'ini ko'targancha, butun sinfga daftar varaqlashni topshirardi. U har birimizga uzoq tikilar va menga yaqinlashib, agar darsni tushungan bo'lsam, o'z hissiyotlarimni qanday yashirish kerakligini bilishim zarurligini ta'kidlardi.
* * *
O'qituvchi sinfga urush, emigratsiya to'lqini, “tozalash” , islohotlarning ko'plab nusxalarini ko'rsatardi. Tog'-tog' inson suyaklari uyumi evaziga muvaqqat va mo'rt qurilgan yangi dunyo, uy, boshpana tiklash sari ochilgan yo'llar. Ular qo'shni davlatlar tomonidan uzilgan o'qlar yo'llariga g'ov bo'lgancha, devorga do'ngandi. Qon va ko'z yoshlari daryosi nusxasi mumdan yasalgandi. O'qituvchi gugurt chaqishi bilan nusxalarni yorqin alanga qopladi. Biz ilk marta pag'a-pag'a tutunga o'rangan qalb va o'ylardan kuyundi isi anqishiga ishonch hosil qildik. O'sha lahzada men o'zimning bepoyon dengizim, osmonim va yerim uchun barqaror tinchlikning zaruriyatini kuchliroq his qildim. Og'zim qora va quyuq, zaharli dudga to'laligini his qildim-u, sinfdan otilib chiqib ketdim.
* * *
Men so'qmoqni, uning chetlarini, ko'priklar va chaqirimlarni ko'rsatadigan ustunlarni qoplagan qurumlarni chidam bilan tozaladim. Suvning muzlagan yuzasidagi qorakuyalarni oqarguncha qirtishladim, qora bog'ichlar, qora peshlavhalar va havoda muallaq qolgan varraklarni asl ko'rinishiga qaytardim. Men mittigina bolakay yoniga borib, duo o'qiganday shivirlab dedim: “Kiyiming va peshonangni bosgan qora qurumni artishimga izn ber!”. Bolakay qarshisida yovvoyi hayvonni ko'rganday menga qahrli nigoh tashladi, keyin esa indamay nari ketdi. O'zimni go'yo u bilan mutlaqo uchrashmagandek tutib, asta unga ergashdim, so'ngra esa horg'in nigohim bilan norasida vujuddagi barcha qora qurumlarni mayinlik bilan olib tashladim. Bolakay sharpasi uzoqlarda ko'zdan yo'qolgunga qadar tasavvurimda uning vujudini tozaladim.
* * *
Har tong uyg'onishim hamon axborotlar to'riga chirmashib qolaman – bu go'yo ulkan o'rgimchakning tartibsiz to'qilgan to'rlariga o'ralib qolgandek hissiyot uyg'otadi. Shunday kunlar ham bo'ladiki, yangiliklardan gangib, nonushta qilishni ham unutaman. Menga yer go'yoki sayisxonaga qamalib olgan hurkak otdek tuyuladi. Hammayoqni chang-to'zon qopladi, bu boshi berk ko'chadan chiqish qaerdaligi ham aniq emas. Sergakmanmi yoki orzular qo'ynidamanmi, umuman, qaerdaligim ham mavhum. Ko'nglimda bema'ni o'y uyg'ondi: yerda nechta oyoq bo'lish mumkin? Vatan – shunchaki do'ngliklar, qoyalar, bog'lar, qator sohillar, kanallargina bo'lishi mumkin emas. Yoki sho'rtak baliqli qayla, ko'mir kuli, poxol ham. Ba'zan tasavvurimda dunyo menga bir to'p telbalar yumaloqlagan oyoqsiz allanima bo'lib jonlanadi. Ammo ularning barcha sa'y-harakatlari natijasiz, ular faqat ayyuhannos solgancha yerni ifloslantirishadi, xolos.
* * *
Uch kishi choy ichgancha sukutga tolib o'tirar, olis burchakdagi po'panak bosgan teshikdan ko'z uzishmasdi. U yerdan ari o'rmalab chiqdi va o'z ishlarini bajargani uchib ketdi. Bu yerda o'tirganlardan biri qachonlardir mahbus bo'lib, qamoqdan qochishga bir necha bor muvaffaqiyatsiz uringandi.
Ikkinchisi esa imtihonlarda qalbakilik qilish evaziga o'z taqdirini o'zgartirishga erishgandi. Uchinchisi bo'lsa haqiqatni anglab yetgach, o'z yaralarini davolay olgandi. Ular piyolalaridan choy ho'plashda davom etar va har biri o'zining betartib o'ylariga cho'mgan edi. Har biri boshqasining ushbu ari uyasi orqali suqilib o'tish va shikastsiz qolishga intilayotganini tasavvur qilardi.
* * *
Xom go'sht parchasidan terini ajratib olishdi va uni tozalab yuvishdi. Oshpaz ularni kub shaklida to'g'rashga harakat qildi, ammo baribir aksariyat bo'laklar shaklsiz holga keldi. Ular teng miqdorda quritilgan sarimsoq, shakar, murch va qalampir qo'shilgan baliq qaylasi va achchiq karamel qiyomi aralashtirilgan ziravorlarda marinadlandi. Ular olovda shilimshiq uyum bo'lib vishillardi. Issiqdan burishib-tirishishardi. Ularning bari o'zga ko'rinishda yangidan hayotga qaytish orzusida, biroq ayni vaqtda ezilgan va yanchilgan holatda o'z yog'ida qovrilishga mahkum edilar. Bularning bari – qo'lansa va ochofat og'izga ravona bo'lish umidida edi.
* * *
Ruh o'zi joylashib olgan buyum nomiga ega bo'ladi. Atrofimizdagi bari – sovunlar, mag'zava chelaklar, kanselyariya mollari, ventilyatorlar, sochiqlar, patnislar, gazaklar, idish-tovoqlarning ruhlari. Mana bu tug'uruqxona ruhi. Tuman ma'muriyati ruhi. Maktab ruhi. Idora ruhi. Savdo-sotiq idorasi ruhi. Mehmonxona ruhi. Asalarichilik assotsiatsiyasi ruhi. Ot zavodi ruhi. Kazarma ruhi. Men qaygadir borayotib, qurollangan odamlarga duch keldim, ular to'xtatib, mendan hujjatlarimni so'rashdi. Men cho'ntaklarimni kavlab, qandaydir muddati o'tgan bir talay litsenziyalarni ko'rsatdim. Ortimdan eshik yopilib, o'zimni zindonda ko'rdim. Tilim so'zga aylanmasdi. Jar yoqasida ekanimni his qildim. Yiqildim, biroq meni tutib qoladigan hech kim yo'q edi. Shunday tushkun edimki, hatto uyg'onib ketdim. Tashqarida yomg'ir yog'ardi, tumanning salqin nafasi ochiq derazadan oqib tushardi. Men yangi tush ko'rish umidida yana o'rnimga cho'zildim.
Alvon dard
So'nayotgan tungi chiroqlar qon daryosini qo'zg'atadi.
Qon qonga aralashadi, qo'lansa atala misol pastga oqadi. Qizil savdoyilik.
Go'yoki kimdir bo'ynimdagi arqondan tortib, qorong'u va po'panak bosgan ensiz yo'lak bo'ylab sudrab ketayotgandek. Boshim ortga tashlangan, tomog'im bo'g'ilgan.
Vaqti-vaqti bilan tanam yerdan chiqib turgan mix yoki shisha parchalariga uriladi. Hamma yog'im shilingan, og'riqdan o'tdek yonadi, qonga bo'yalgan.
Qon tegib, sirg'anchiq bo'lgan tanamni yanada tezroq sudray boshlashdi. Men yopishqoq balchiqda bilanglayotgan ilonbaliq misoli edim. Meni junlari olingan va yaralangan qandaydir jonivorlar uyumiga itqitishdi.
Boshqalarni – orqadagilarni sudrab kelish uchun tezda bo'ynimdagi arqonni bo'shatishdi.
Bir-birining o'rnini almashtirishga hozirlanayotgan qorovullar jamoasiga nigoh tashlab, nafasimni ichimga yutdim, yuztuban tushib, o'zimni o'likka soldim.
* * *
Men postni keyingisiga topshirishi kerak bo'lgan avvalgi navbatchilikdagi qorovulni ko'rmadim. Yangi askar shunchaki belgilangan joyni egalladi. Shuurimdan, ehtimol, bu xatolik va beparvolik men uchun qulay imkoniyatdir, degan o'y yarq etib o'tdi. Odatiy jarayonda nimadir boshqacharoq edi. Yoki ehtimol, shu vaqtgacha xizmatlarida jiddiy oqibatlarga olib keladigan xatolar bo'lmagani sababli qorovullar uchun bu odatiy jarayonga aylanib bo'lgandi. Men qorovulning ortiga sudralib bordim-u, bor kuchim bilan ensasiga zarba berib, hushidan ketkazdim. Askarni qorovulxona derazasi romiga bog'lab, kiyimlarini kiydim-u, tirik qolishlariga umid bog'lagan holda hali tanalari iliq bo'lgan jonzotlarni ozod qildim. Va qochib ketdim.
* * *
Meni bir tush qiynaydi, unda kamqonlikka chalingan o'simliklar sarg'ayib, so'ladi va to'kiladi. O'lik barglar meni qon yo'qotish vaqtiga, qonni mensimaslik vaqtiga, qonni aldash vaqtiga, qonni kamsitish va maqtash vaqtiga olib boradi. Noma'lum jins ruhi yaproq bandida chayqaladi, uning qachonlardir bir tomchi qon degan nomi bor edi. Yaqinginadagi daraxt va mitti qushcha endi jismsiz ruh bilan bahslashmay, hovliqib bosh irg'ashadi. Bu qon tomchisi ayni vaqtda tungi yulduz nurini taratuvchi shabnam tomchisi, erta tonggi hayotbaxsh yomg'ir tomchisi, go'dakning iyagidan oqib tushayotgan po'rtaxol sharbati izi kabi shaklga ega. Ko'z chetida qotib qolgan umid va ishonchga to'la ko'zyosh tomchisi kabi ham…
* * *
Qonli tushlarimga turmadagi bir kishilik hibsxonalarning og'ir va quyuq hidi singib ketgan – bu yerda umri so'nggigacha e'tiqodiga sodiq qolgan jangchilar o'tiradi. Ular o'z xalqi va o'z Vatani uchun eng muqaddas narsalarni orzu qilgancha o'zlari tanlagan topindilariga so'zsiz ishonadilar. Ular bosib o'tgan qonli yo'lni atayin qoralagan va bo'htonlarga ko'mgan, o'z e'tiqodiga xiyonat qilgan va safdoshlarini sotgan do'stlariga sukutga tolgancha boqadilar. Tushimda bir kishilik hibsxonalarning yopiq eshiklari ochilganini ko'rdim, ularning hidi hamon og'ir va quyuq bo'lib, faqat u yerda endi odamlar yo'q edi.
* * *
Qon otiladi. Qon janglar qoni ustiga qatlanadi. Tinkasi qurigan changalzor yoyilib yotgan tanalarga to'lib ketgan. Qoni qochgan daryo irmoqlari va ko'llarda – shishib ketgan murdalar. Qon barchaning ko'z o'ngida va buni hech kim ko'rmayotganda to'kilyapti. Taqdirlar suiqasd qildilar va yakunlandilar. Qon otiladi va har bir murdaning ichidan qon ketadi. Qon tezda iviydi va sovish xususiyatini yo'qotadi. Qon izi ham qolmay yuviladi, yerga singib ketadi, kanalizatsiya quvuri orqali oqib ketadi. Qon tomchilari bir-birini o'ziga tortadi va chaqiradi, biroq bir-birini aslo ko'rolmaydi.
* * *
Qip-qizil daryo sokin oqayotgan shu tunda barcha uyquda. Odamlar og'zi ochiq holda uxlashadi; oyoq-qo'llarini yoygan holda uxlashadi; gulbarglari yopilgan gul yanglig' uxlashadi; chirigan meva kabi uxlashadi; turna holatida uxlashadi; o'likdek qotib uxlashadi; boshi egilgan holda uxlashadi; tik holda uxlashadi; o'tirgan holatda uxlashadi; ishda uxlashadi; og'zida yegulik bilan uxlashadi; qo'llarini ko'ksida chalishtirgancha uxlashadi; boshini qo'liga qo'ygancha uxlashadi; oyog'ini qo'shnisiga tashlagan holda uxlashadi; yuztuban yotgan holda uxlashadi; o'ng yonboshini bosib uxlashadi; so'laklari oqqan holda uxlashadi; ko'zlari ochiq holda uxlashadi; uyquda ingrashadi, oyparastlik uyqusida eshiklarni ochib yurishadi, to'shakka yozilishadi; tishlarini g'ichirlatishadi; momaqaldiroqday xurrak otishadi.
* * *
O'tmish makonini egallagancha xotiralar keldi. “Ilon taxtasi” bo'lmish tuzoqdan chiqib turgan o'tkir uchli nayzalar shodasi, har bir o'qning quruq shaqillashi, do'stining o'qsocharini tutib turgancha yordam qo'lini cho'zayotganlar, dushman okopiga otilayotganlar, tergov olib boriladigan stoldagi siyoh dog'i, yig'ilishlar bayonining raqamlangan to'pi, muhrlangan saylov qutisi, oylik oshishi munosabati bilan uyushtiriladigan kecha, bemor holidan xabar olish uchun kasalxonaga borish, nafaqaga chiqayotgan kishi uchun gul, yaqin insonning yuziga tashlangan so'nggi nazar, xizmat pog'onasida ko'tarilgani uchun kimnidir qutlash. Bularning bari baayni tomoshadagi aktyorlar ro'yxati kabi chetdan ko'rinadi. Spektakl rejissyori kutilmagan tashrifi bilan qattiq hayratga soladi, sirli tabassum qiladi va chekish uchun chiqib ketadi. Bir lahzada u sohibkaromatga, tashkilotchiga, bashoratchiga aylanadi.
Chorrahada
Qiz ketgani bo'yicha qaytib kelmagan yigitni kutardi. U sharti ketib, parti qolgan kampirga aylandi.
O'sha tunda alvon daryo kampirning tushiga kirdi. Suv uning vujudi va qo'llaridan asta tutdi; tong nafasi, subhidam shabnami bo'lib, uning og'ziga esdi. Tushda sirg'aluvchi qayiqdan suv yuzasi bo'ylab tarqaluvchi to'lqin kampirning beli va yelkalarini chulg'ab oladi. Daryo kampirni yoshlik chog'iga olib boradi va u kutilmaganda sevgilisi bilan uchrashadi. Sevishganlar ko'z o'ngida ko'plab chorrahalar yorqin qizil rangda namoyon bo'ladi. Alqissa, ular ufqqa tezroq yetib olishning boshqa yo'lini tanlaydilar. Cho'g' misol qonli daryoda ularning ovozlari, istaklari yangraydi.
– Qo'rqma, azizam, biz yovuzlik changalidan tobora uzoqlashyapmiz.
– Ortimizdan hech kim quvmayaptimi?
– Biz qon tanlagan yo'ldan ketyapmiz.
– Insonlar shunchalik ko'p xato qilishadi-ki…
– Olomon ko'pincha xasis va shafqatsizlarga ergashadi.
– Ular asl niyatlarini turli qarashlar, xalq, haqiqat ortiga yashirishadi.
– Ular haqiqat chegaralangan bo'lishi kerak, deyishadi.
– Shu sababli ularning topindilari buzuq, noto'g'ri ko'rinish oladi.
– Bunga barham berish chorasini topish kerak.
– Bu haqiqatligiga ishonasanmi?
– Ishonaman. Biroq zolim odamlarning og'zidan chiqayotgan “haqiqat” so'ziga ishonmayman.
– Haqiqat o'zgarishi mumkinmi?
– U hamisha o'zgaradi.
– Qachon?
– Insonning erkini olib qo'yishganda.
– Odamlarni qullarga, podaga aylantirishadi.
– Kim?
– Mustabidlar, munofiqlar, qurol sotuvchilar.
– Aftidan, ortimizda portlash bo'lyapti. Yur tezroq!
– Tinchlan, biz o'q yetmas olislikdamiz.
– Nazarimda, kimdir bizni ta'qib qilyaptimi?
– Yo'q, qon laxtalandi va biz ularni ortda qoldirdik.
– To'xtaymiz, tiz cho'kamiz, qonga minnatdorlik bildiramiz!
– Qon bilan to'lov berib bo'lmaydi.
– Qon bebaho va boqiy.
– Minnatdorlik ramzi sifatida biz farzand dunyoga keltiramiz.
– Farzandlarimiz katta bo'lsa, bu chorrahadan xabar topishadimi?
– Xabar topmasliklari ham mumkin. Biz ham u vaqtda bo'lmasligimiz yoki xotiradan o'chib ketishimiz mumkin.
– Unda odamlar qabrtoshimizga ERK so'zini bitib qo'yishsin.
– Bu yerda to'lqin shovqini va salqin shabboda bor…
– Yechin, yur, cho'milamiz.
Qudratli to'lqin va kuchli shamol sevishganlarni to'nkarilgan qayiqqa aylantirdi. Qulagan machta dengizga chuqur botdi, tubiga urildi va qayiq havoda muallaq qoldi. Qayiq bortlari cho'zilib, qiyshaydi va go'yoki sochilib ketadigandek edi.
Darg'azab to'lqinlar birin-ketin qayiq tubini ko'tarib, unga sirg'anchiq suv o'tlarini irg'itadi, jazirama quyosh nurida tebratadi. Qordek oq dengiz ko'pigi bortga mayin uriladi.
Sevishganlar ozodlikni, qayiq kemadan-da mustahkam, dengiz esa ummondan-da kengroq bo'lishini istaydilar. Ular baliq va mayda qisqichbaqa, plankton, marjon bo'lib qolishni, millionlab dengiz mavjudotlariga aylanishni xohlaydilar. Ularni hech kim tutolmasa yoki ajratolmasa, yoki tahqirlayolmasa. Qayiq burni, keyin chambaragi baland to'lqinlarda g'arq bo'ladi.
Ag'darilgan machta qayiq ichiga mustahkamlangan va uni joyida mahkam tutib turadi.
Birlashuv
Suv o'zi bilan ajdodlar ruhi, yerning muqaddasligini keltirgan holda insoniyat og'ziga quyila boshlaydi. Har bir inson bir-biri bilan qorishib ketgan qarama-qarshi ranglar oqimiga birlashishi, yaqinlashib kelayotgan, qumli cho'kindilar orasida dimiquvchi suv to'lqinlari bag'riga singishi mumkin edi.
Yangi oqim nikoh davrini – tuxum qo'yish, ko'chat o'tqazish mavsumini jonlantiradi. Alvon qon homilani oziqlantiradi, urug'larni ko'kartiradi. Daraxtlarga gullash, yaproq yozish, barcha turdagi jonzotlarga esa ko'payish imkonini beradi.
Ma'naviyat va mikrosxema. Tanamizda Si quvvati va dasturiy ta'minot tizimi oquvchi yo'llar. Moddiy va nomoddiy olamning tarkibiy hamda tarkibiy bo'lmagan ma'lumotlari. Insonlar, jonzotlar hamda o'simliklar qiyofasi vaqt va hozirgi makonda o'zaro bog'langan.
Ma'lumotlar bazasi ruhlari bugun yashayotganlar sustkashlik qilmasliklari, bir joyda depsinmasliklari uchun ularni shoshiltirgancha tezroq ochilishga umid bog'laydilar.
Insoniyat interfeysi oynalarida paydo bo'luvchi shaxslar o'zlarining qayta tiklanishda bu safar boshqa qadriyatlarni tanlaydilar. Boshqacha yo'llar. Boshqacha falsafa. Boshqacha yo'nalishlar. Boshqacha topindilar. Boshqacha andazalar. Boshqacha mustaqillik. Boshqacha Erk. Boshqacha baxt. Boshqacha istaklar. Boshqacha hissiyotlar.
Uzoq vaqt sukut saqlagan yovvoyi o't poyasi kutilmaganda ekranning chap burchagida namoyon bo'ladi. U kompyuter virus bilan zararlanganidan ogohlantiruvchi xabarni eslatuvchi cho'ziq ovoz chiqaradi: Biz chiqindi davridan o'tdik! Bu ovoz odamlarni achchiqlanish va talvasaga solmaydi, chunki endi barcha o'zining asosiy material, xomashyo emasligini biladi.
Nomsiz yovvoyi o't domino effektini hosil qildi: toshlar zanjirini turtib, barcha tarkibiy qismlarning yiqilishini ta'minladi. Qiyofasiz figura o'rnidan turib, o'zining o'tmas pichoqdan o'zga narsa emasligini ta'kidladi. Keyin – ikkinchi figura, uchinchi, to'rtinchi va hokazo… Son-sanoqsiz qo'shin safda o'z ismini e'lon qilgani kabi. Insonlar kimdir bir parcha latta, cho'ltoq supurgi, hokandoz, muqovasi ko'chgan kitob, singan stul yoki dazmol ekanini tan ola boshlashdi. Yana kimlardir yirtiq adyol, tumshug'i ko'chgan poyabzal, urfdan qolgan kiyim, eski, chang bosgan plastik idish ekanini ta'kidlashdi. Hozir ularning bari saralanish, chiqindiga chiqarilish yoki yangidan tug'ilishlarini kutish uchun ixtiyoriy ravishda xomashyo to'plash punktiga keldilar.
Saqlangan fayllar qabrlar misol birin-ketin namoyon bo'lmoqda. Toshdan qurilgan, hasham bilan yasatilgan, hatto tashlandiq qabrlar… Lipillayotgan ekran isiriq dudlari va barcha yerga qo'yilgan ehsonliklari mavjud qabrlarni tozalash kuni timsolini yaratadi. Kooperativ raisi yana paydo bo'ladi va o'zining sohibkaromat, maslahat kengashi va yuzlariga oq grim chaplangan aktyorlar bilan aloqasidan ajablandi. Ilmiy kommunizm fani o'qituvchisi ikkala front askarlarini qarshi oladi. Bir kishilik hibsxonalardagi qulflarni esa o'zgartirishdi, endi u yerda faqat o'limga mahkum qilinganlarni saqlashadi.
Panjara yonidagi kashnich, kommelina gullari, qirqquloq ko'lmakdagi rasbor baliqlari va chivin lichinkalari bilan birga kutilmaganda nur taratishni boshlashadi. Ular Erkin yashash va o'z sha'nlarini himoya qilishni istaydilar. Uzoqni ko'ra biladigan, metin irodali va jasur bo'lish uchun qadimgi daraxtlar va yovvoyi jonzotlar bilan bog'liqlikka erishadilar.
Ular burgutning mag'rur hamda mashaqqatli qayta tug'ilish usulidan o'rnak olishadi. Burgut yuksakka parvoz qilolmay qolganda, chiqib turgan qoyatoshlarga tumshug'ini sinib ketganga qadar uradi, keyin esa tirnoqlari qayta o'sib chiqadi. U quyoshga ko'z yummay va ko'r bo'lib qolishdan qo'rqmay tik boqa oladi.
Burgut yaqinlashib kelayotgan dovulni kutgancha, tog'ning eng yuksak cho'qqisiga uchib chiqadi. Kuchli shamol shiddati uni o'sha yerga – po'rtana tug'iluvchi maskanga olib chiqadi. Burgut o'zining mag'rurlik va muqaddaslik timsoli ekanini namoyon qilgancha o'tkir changali bilan bo'ronning yelkasini changallaydi…
Rus tilidan
Ma'ruf TOShPO'LATOV
tarjimasi