Bomj

(Esse)

U bilan   institutda birga öqiganman. Uning dadil va erkin fikrlaşi menda havas uyğotardi. Domlalar, professorlar uning savollariga javob topolmay, dovdirab qolganlarini körganman.

— Xususiy mulk-erk aduvi, — derdi u Marks nazariyasini öziça boyitganday. — Boylik istagan-qullik istagan. Şoir erk­ning quli, mulkning emas!

Bozor iqtisodiyoti hammamizni tum-taraqay qilib yubordi. Döst-yoronlar, oğa-­inilar begona bölib qoldi bir biriga. It itga yaloğini yalatmaydigan paytlar. Şu örtada biz   yigirma beşmi yoki yigirma olti yilmi körişmadik. Endi esa u qora doğlar bosgan, köngilni aynituvçi   hidlar taratuvçi katakli xaltaçasini tizzasiga qöyganiça nimalarnidir öylardi. Öylardimi özi, dargumon.

— Posta…of! — U körsatkiç barmoğini devol tagiga nuqtab şerigiga ğöldiradi: — Post…af!!

Guruhimiz oldi yigitining daydi, notavon va bekas holga tuşib qolgani ğoyat hayrat uyğotdi.

 

Men u bilan bu holda körişişni istamasdim. Indamay, mutlaq begonaday, undan uzoqlaşdim, biroq yigirma qadamlarça yurgaç, qandaydir içki daʼvat taʼsirida orqaga qaytdim. Qovun-tarvuz va piyoz pöçoqlari hidi bosgan devol tagida axlat titkilayotgan kursdoşimdan izoh kutardim. U menga eʼtibor qilmadi, öz işi bilan band edi.

— On takoy, despot. Ne obraщay vnimaniya, — dedi axlat titkilayverib özi ham badhid, afti körinişi qop-qora, ölik köz, çakkalarini yara bosgan, qotma kişi. — Fed, na, pey! Day potyanu. Jmot!

Fedya şerigi uzatgan şişa içidagi suyuqlikni, çamasi qolib ketgan aroqni, ğölt-ğölt içib, böşagan şişani çekkadagi xaltasiga taşladi. Şeriklari uni Fedya deyişarkan. Aslida ismi — Foziljon edi. U öz ismini ham unutgan edi çoği, Fedya desam ögiriladi. “Nima bölgan unga? Inson öz ixtiyori bilan uysiz, elsiz, öz ismini ham unutiş darajasida tubanlaşişi mumkinmi?” Axlat titkilaydi, nimanidir oğziga taşlaydi, çaynaydi, tuflab, yana nimadir yutadi. Qarşisida axlat titkilayotgan it norozi irrilaydi, kursdoşim parvo qilmaydi.Örganib qolgan.

U köziga tuşayotgan kir, paxmol soçlarini yoniga taraydi, nimanidir eslab, biroq tutilib, ikki marta qarab oldi menga. Ğöldiraşi va tutilişidan bildimki, u gapirişni ham unutgan…

Oradan yarim yillar ötdi çamasi, tizzam oğrib, tuman şifoxonasiga tuşdim. Yoşligimda lat yegan tizzam, yarim asr ötgaç, qayta azob bera boşlagandi. Yarim keçasi yonimga kimnidir yotqizişdi. Hamşiralarning “daydi, maşina tagiga tuşibdi, şofyorga jabr böpti”,   degan gap-cözlari quloğimga çalindi. Ertalab hamxonam, boşigaça yopingan çoyşab tagida, qimir etmay yotardi. Nonuştaga tuşib, muolajalardan qaytsam, u yöq.     Massajdan keyin közim ilinibdi. Eşik lang oçilib, hamşiralar aravaçani yetaklab kirganidan uyğonib ketdim. Aravaçada, ne köz bilan körayki, behuş kursdoşim yotardi. Uning kesilgan oyoği tomondan hali qon tomçilardi…

Uç kun ötgaç Foziljon öziga keldi. Oldida men ötirganimni körib hayratga tuşdi.

—I…ye! — U qoqsuyak, qop-qora qöllarini menga çözganday böldi, keyin kimligi esiga tuşdi şekilli, ularni yumib oldi.

Döxtirlar va hamşiralarga ming rahmat! Ular Foziljonni hayotga, insonlar davrasiga qaytariş uçun barçasini qilişdi. U goho kesilgan oyoği tomon qarab, boşini çayqab qöyardi, şu payt közlaridan yoşlar tökilardi. Karavotga suyanib ötirganiça nimalarnidir öylardi, lekin tutilib ğöldiraşidan biror nimani tuşuniş muşkul edi. Mening esa uning institutdan keyingi hayotini bilgim kelardi. Unga daftar va ruçka berdim, u, niyatimni ilğab, jilmaygandek böldi. Yonma-yon ötirib sözlarni, jumlalarni takrorlardik. Ermak topilganidan oyoğim oğriğini ham unutardim. Foziljonning iqtidorli yigit bölgani menda unga işonç uyğotgandi. Lekin adaşganimni bildim, u ilgari men bilgan, havas qilgan kursdoşim emas edi endi. Inkor qilmayman, u daʼvatlarimni yerda qoldirmay, nimalarnidir xotirlar va yozardi. Şu paytlari ovqatga qaramas, devor tomonga ögirilib yozgani yozgan edi. Gapga solmoqçi bölsam, xömrayib qarab qöyardi, nima işing bor, yöqol, deganday qölini siltardi. Kesilgan oyoğini qaşib qontalaş qilib yuborganida rahmim kelar, unday qilma, deb ötinardim. Qiçiş azobidan tikilgan oyoğiga ruçka tiqqani tasvirlab bölmas dahşat edi…

U, ertaga şifoxonadan çiqadigan kunim, daftarni qölimga tutqazdi. Çala-çati, uquvsiz   yozilgan sözlarni avvaliga öqigim kelmadi. Jim-jit “Maʼrifat xonasi”ga kirib daftarni qayta varaqladim, özim uçun nimadir topişim kerak edi-da.

Yozuvlarni aynan keltirolmasdim, ular reallikni, özligini unutib, ammo nimanidir yodlaşga umidvor qalbning uluq-yuluq bitiklari edi. Ularni silliqladim, özimdan nimadir qöşdim, kursdoşim aziyatlarini goho börttirdim. Şu tarzda ularni sizga   tavsiya etayapman.

Men yetim ösganman. Onam tört, otam olti yarim yoşdaligimda qazo qilişgan. Onam nimadan ölganini bilmayman, otamni, ukalari uy-joy talaşib, Qorasuvga çöktirib yuborişgan, deyişardi. Meni katta qilgan, farzandlar doğidan erta bukçaygan, çala köradigan, mudom hassasiga tayanib, oh, Egam, ertaroq ol jonimni, deb iltijo qiladigan buvim, rahmatli buvim, odam bölganingni köray, öğlim, deb peşonamdan öpib qöyardi. Xotin, bola-çaqali yaşa. Eri keçgan xotinga uylanma, baxtiqora xotinning eri-da baxtiqora.   Itining boşini silasang Egam “böl” deydi, yetimning boşini silasang elim “öl” deydi. “Bölar”ing Egamdan, “ölar”ing elimdan. Men körgan qora kunlar sening boşingga tuşmagay. Qismat gunohi bilan qaytarilajak. Bari Egamga ayon. Qismatning qaytarilişi nimayu, odam böliş nimaligini hali bilmasdim. Bir kuni maktabdan kelsam, buvim devorga suyanib ötirganiça abadulmakonga ketibdi. Yoş emasmanmi, qismatning fojiali qaytarilişini bilmabman. Buvimni körpaga örab, qabristonga qöyib kelişganida ham kimdan ayrilganimni bilmabman. Aqlim noqis edi.

Ammo bu baxtni yurtda boşlangan “saniki-maniki” titib, titkilab yubordi. Rafiqam rusiyzabon edi, ketamizga tuşib qoldi. Uç-tört oylab maoşsiz yaşardik, hukumat “mus­taqilligini mustahkamlaş” bilan band, “har kim özini boqsin”deb oddiy xalqni mafiya va korrupsiya qöliga topşirib qöydi. Zamon zörniki, yaşab yaşolmaysan, ölib ölolmaysan. Özini maqtab, kişilarni laqillatiş odatga, ommaviy psixozga aylangan. Korxonamiz berkitildi, minglab kişilar köçada qoldi. Inson insoniyligini unutiş arafasida. Yakkalik azobidan örtanayotganimda eridan ajralgan (aslida eri taşlab ketgan) sinfdoşimni uçratib qoldim. Yonida ikki öğli ham bor edi. Ularni öz farzandlarim qilaman, ular yakkalikdan qutqaradi, deb öyladim. Duç kelgan işga özimni urdim, tinim bilmadim. Endi uç jonni ham boqişim kerak edi-da.Pul uçun birovlar hojatxonasigaça tozalaganman, görkovlik ham qilganman. Topganlarimni ögaylarga taşidim, ularni öqitdim, oliy maʼlumotli qildim, uylantirdim, maşinalar oberdim. Yangi hovli tikladim. Turmuşimdan norozi emasdim. Buvim ögiti xayolimga kelmasdi. Şu örtada ukam uyini xotini va farzandlariga taşlab, kelib qoldi. Uni propiskaga qöymoqçi edim, xotinim bilan kiçik ögay qarşi turişdi. Ular ukamni tinmay yomonlaşardi, nima uçun uni boqişimiz kerak, deyişardi. Ha, ukam işsiz, pulsiz edi. Men yöq paytda uni oşxonaga yölatişmas ekan. Ukam közlarida mung körib, farzandlarini soğinayapti şekilli, deb qöyardim. Aslida ögaylar uni haydaşar ekan. Ukam meni tinç yaşasin, degan öy bilan Qozoğistonga ketuvdi, tört oy ötgaç, öligini obkeldim. Xotinim bilan kiçik ögay uni uydan çiqarişga ruxsat berişmadi. Uni töğri qabristonga obordim. Kömdim. Ammo yuragimda paydo bölgan alam avval norozilikka, keyin nafratga aylandi.Bu nafratni aroq bilan bosib yurdim. Farzandim yöqligini eslab, battar ezilardim. Xotinimni yomon körib ketardim. Ögaylar bilan yaşaş azobini xayolimdan quviş uçun topganimni içişga sarflardim. Qöl-oyoqlarim qaltiraydigan, gangib, baʼzan ariqda yotib qoladigan bölsam ham irodamga tayanolmadim. Ögaylar meni ikki marta telbaxonaga tiqişdi, çunki ularni körganimda ğazabim qaynab, özimni idora qilolmay qolardim. “Çiqib ket, çiqib ketlaring! Sizlarni körişga közim yöq!” Meni boğlab qöyişardi. Bir marta bolta olib yugurganman. Beiz qölimdan bolta tuşib ketgan…

Köçalarda yotib qolardim, “Fozi piyon” laqibim edi. Tilançi edim. Içmasam, hamma joyim qaltirar, köçada qirqdan ziyod issiq, men diğ-diğ qaltirardim. Bir qutlum aroq sörab kafelarga kirardim, oldida şişali mijozlardan jindek, bir-ikki qultum tilardim. Közimga heç nima körinmas, faqat aroq istardim. Odamlarni taniş va farqlaş qobiliyatini yöqotdim… Şu yerda yozuvlar tugagandi.

— Foziljon! Uyga obketay sizni. Qaraymiz sizga…

U indamadi, afti-başarasini bujmaytirib, kesilgan oyoğini qimirlatdi. Uning toliqqan, yaşaşga umidi qolmagan jussasi açiniş uyğotardi.

— Fed, bomj zdes?

Ostonada kursdoşimning axlatdoşi körindi. Qölida isqirt qoğoz xalta. Şerigini körgan Foziljon birdan jonlandi, közlari porlab, quçoğini oçdi…

Viktor ALIMASOV

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan