“O'zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasi” yaratiladi

Ensiklopediya – bu qomus. U qisqa va aniq shahodatnoma beradi va asrlar davomida hamma uchun kerakli manba, qo'llanma vazifasini o'taydi. Shunday ekan u ilmiy asoslangan va o'z navbatida mukammal bo'lishi kerak. Shu vaqtga qadar yurtimizda jurnalistika sohasiga oid ensiklopediya mavjud emas. Chunki u yaratilmagan. Sohaga oid ma'lumotlarni esa faqat umumiy ensiklopediyalardan topish mumkin xolos.

Biroq endilikda xayrli ishga qo'l uriladigan va bu kemtiklik to'ldiriladigan bo'ldi. Chunki O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida   “O'zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasi”ni yaratish bo'yicha ish boshlandi.

Kuni kecha ushbu ezgu tashabbusga yurtimizdagi uzoq yillik tajribaga ega bo'lgan hamda yuqori malakali jurnalistlar hamda yosh kadrlarni keng jalb etish va nashrga tayyorlanadigan ensik­lopediya konsepsiyasini belgilab olish maqsadida poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida ishchi guruh yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Tadbirni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov olib bordi va mazkur ensiklopediyaning nima uchun zarurligi va unga bo'lgan ehtiyoj to'g'risida alohida to'xtaldi.

– Bugun mamlakatimizdagi sakkizta oliy ta'lim muassasasida jurnalist kadrlar tayyorlanmoqda. Biroq mana shu jurnalist kadrlar tayyorlaydigan muassasalar uchun OAVga oid yagona ilmiy, amaliy, mukammal qo'llanma mavjud emas. Qolaversa, bugun mamlakatimizda 2400 ga yaqin ommaviy axborot vositalari davlat ro'yxatidan o'tgan. Biz istaymizki, mana shu har bir tahririyatga “O'zbekiston jurnalistikasi ensiklope­diyasi” yetib borsin. Biz tajribali jurnalistlar bilan sohaga endi kirib kelayotgan yoshlar o'rtasida ustoz-shogird an'analarini yo'lga qo'yyapmiz. Ensiklopediya ustozlarga va yosh ijodkorlarga muhim amaliy qo'llanma bo'lib xizmat qiladi. Bugun ensiklopediyaning konsepsiyasi va uning qanday shakl, holatda bo'lishi, mazmun mundarijasi kelishib olinadi.

Biz bu jarayonda ensiklope­diyaning uzoq muddatga mo'ljallangan, sifa­­ti va saviyasi jihatdan yuqori ta­lablarga javob berishini nazarda tutamiz, – dedi O.O'sarov.

Tadbir qatnashchilari tomonidan ensiklopediyani nashrga tayyorlashda tarixiy, ilmiy manbalardan unumli foydalanish, har bir ma'lumot o'ta aniq va asosli bo'lishi lozimligiga e'tibor qaratildi.

Fikr, taklif va mulohazalarga boy kechgan tadbirda Muxtor Xudoyqulov, Karim Bahriyev, Fayzulla Mo'minov kabi ko'plab ustoz jurnalistlar tomonidan Turkistonda milliy o'zbek matbuotining yuzaga kelishidan boshlab, jadidlar matbuoti, sovet matbuotining faoliyati bilan bir qatorda mustaqillik davri jurnalis­tikasini to'liq qamrab oluvchi “O'zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasi” ni yaratish xususida fikrlar o'rtaga tashlandi.

– Yurtimizda axborot va jurnalistikaga talab va e'tibor kuchaygan bugungi kunda shunday qomusiy nashr yaratish juda muhim. Biroq hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida avvalo mazkur ensiklopediyaning moliyaviy mexanizmlarini aniqlash, topish zarur bo'ladi. Ensiklopediya bilan doimiy shug'ullanadigan ishchi guruhi hamda tahrir hay'ati tuzilishi lozim. Yuqori saviyada va mukammal tarzda tayyorlanishi kerak bo'lgan ushbu qomusiy kitob hammamiz uchun asosiy qo'llanma bo'lishi zarur. Joiz bo'lsa, bu loyihaga homiylik qilib, iqtisodiy tomondan o'z hissamizni qo'shishga ham tayyormiz, – dedi O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub rahbari Sherzodxon Qudratxo'ja.

Tadbir so'nggida “O'zbekiston jurnalistikasi ensiklopediyasi” ni tayyorlash maqsadida tuzilgan ishchi guruh a'zolari va tahrir hay'ati vakillari ma'lum qilindi.

K.RO'ZIMATOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =