Qaysarning qilmishi
O'ldim, kuydim, osmondagi oyni olib beraman degan ahdu paymon so'zlar faqat so'qirlarda yo'q ekan. Lekin ularni chindan ham dili toza bo'ladi-da. Izhorni barisi ko'zi borlarda.
Shokir o'zidan ikki uch yoshlar kichikroq Faridani ko'rgach, yurak o'ynog'i dardiga mubtalo bo'ldi. O'ziku bekorchi, hech bir foydali ish bilan band ham emas. Unga ishqi borligini sinfdoshi orqali bildirdi. Ko'chaga chiqqan kuni ko'zgu oldida o'ziga oro beradigan bo'ldi. Sochiga moy surib, yonbosh taraydigan odat chiqardi.
Bir kuni mahalla yo'lida Faridani ko'rib qoldi. To qishloqqa kirib borguncha uch yuz, to'rt yuz qadamcha masofaga birga ketishdi. U oxiri ichidagi dardini dudug'lana-dudug'lana aytdi. Aytdi-yu yuzi qizarib, peshonasidan ter oqdi. Shu qisqa yo'lda ham bir qop va'dalar berdi. Qopdagi yolg'on-yashiq va'dalar ichida osmondagi yulduzdan tortib oygacha, daraxtdagi nordon mevadan tortib, sho'rdanakkacha bor edi.
Tadbirkorlik bilan shug'ullanib yurgan oshna bo'lmishidan ozroq pul olib, bayram kuni Faridaga sovg'a-salom qildi. Sovg'alar orasida kichik bo'lsa-da tilla sirg'a ham borligini ko'rgan Farida biroz unga tomon yumshaganday bo'ldi. Ayni qovun pishig'i chog'ida, to'rt besh qovun-u shirinliklar yonida qat-qat yog'li patirlar bilan ularnikiga Shokirlarni uyidan sovchilar kelishdi.
Ikki tomon rozi bo'lishdi. Yog'li patirlar sindirildi. Yaxshigina yor-do'stlar davrasida to'y ham bo'lib o'tdi. Bir-biridan shirin farzandlar dunyoga keldi. Ikki o'g'il, bir qizli bo'lganda haligi osmondan olib bergan yulduzlarni nuri qochdi, oy g'uborlandi, mevali daraxtlar quridi, sho'rdanaklarning tuzi qochdi. Xullas, oilaga darz ketdi. Ular bor yo'g'i o'n uch yil birga yashadi. Muzlagan dillar erimadi. Olti yildirki ular boshqa-boshqa xonadonda yashashadi. O'rtada farzandlar sarson.
Ko'p kishi oraga tushdi, yarashishmadi. Oxiri Farida Xidirova bolalar ta'minoti uchun sudga berdi. Bolalari uchun aliment undiradigan bo'ldi. Surunkasiga besh yil alimentdan bosh tortib qochib yurdi. Shokirni insofga chaqirdi. Bo'lmadi. Ma'muriy jazoga tortildi. Qaysarligi yo'l qo'ymadi. Bu orada alimentdan qarzdorlik o'sgandan o'sib o'n million to'rt yuz o'n yetti ming to'qson olti so'mga yetdi. Yana qaysarlik kasali tutdi.
Sud alimentdan qochib yurgan qochoq ota Shokir Suvonovga tegishli qamoq jazosini berdi. Zora endi esi kirib, bolalari esiga tushsa.
Nurali MO'MINOV,
Denov tumanlararo fuqarolik ishlari
bo'yicha sudi sudyasi