Ko'zguga qachon qaraymiz? Yoki yana ona tilimizga beparvolik “kasalligi” haqida
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida tashqi yozuvlar, lavhalar, e'lonlar, reklama va ko'zgazmali boshqa axborot matnlarini “Davlat tili haqida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni talablariga muvofiqlashtirish vazifasi belgilab qo'yilgan.
Bu degani, reklama bannerlaridagi yozuvlar, e'lon va peshlavhalar, har qanday reklama va ko'rgazmali boshqa axborot matnlari to'liq davlat tilida berilishi shart va majburiydir. Ammo haqiqatdan ham shundaymi?
Savolimizga javobni Toshkent shahri ko'chalarida, mahallalarida yurib axtardik. Ammo nigohimiz tushgan manzaralar ketma-ketligi ta'bimizni tobora xira qilaverdi. Chunki, e'lonlar matni va peshlavhalar istalgan ko'rinishda, istalgan tilda yozib joylashtirilgan. Peshlavhalarda ko'plab yozuvlar rus va ingliz tilida berilgan. Ba'zi joylarda kirill, ba'zi joylarda esa lotin alifbosidan foydalanilgan. Imlo xatolari-ku bisyor.
Yozuvlarni o'qiganingiz sari kishida “tavba, chet eldamizmi?”, degan fikr hamda tasavvur uyg'onar ekan. Kishini o'yga toldiradigan bunday manzaralarni kuzatishda davom etaverganingiz sari ongu shuuringizda “nahotki, o'z tilimizni yaxshi ko'rmasak, hurmat qilmasak, qadrlamasak, axir bu holatlar o'zimizni, o'zligimizni hurmat qilmaslik, qadrlamaslik bilan barobar-ku”, kabi og'riqli fikrlar, so'zlar uyg'onadi. O'ylab qolasan kishi, tadbirkorlar peshlavhalardagi yozuvlarni, reklama va e'lonlarini davlat tilida yozdirishsa nima, ishlari kasodga uchraydimi?
Daftarimizga rus va ingliz tilida yozilgan bannerlardagi reklamalar, peshlavhalar, e'lonlarni sanab yozib borar ekanmiz, sanoq ko'paygandan ko'payib borib, ochig'i adashib ketdik.
Ba'zi joylarda pannolardagi yozuvlar va suratlarning rangi o'chib xira tortganiga, yirtilib osilib qolganiga ham guvoh bo'ldik.
Tadbirkorlik sub'yektlari, xizmat ko'rsatish ob'yektlari, korxona va tashkilotlardagi peshlavhalar, narxnomalar va e'lonlar, ayniqsa, aholi gavjum joylar, bozorlar, savdo rastalari, mahalla guzarlari, ko'chalarda panno va bannerlar, lavhalardagi yozuv va tasvirlar davlat tili qoida me'yorlariga mutlaqo mos emasligi holatlarini afsus va yana afsuski juda ko'plab uchratdik. Yaxshilab razm solinsa ko'rinadi, poytaxtimizning ko'chalarini turli shaklda yozilgan, g'ij-g'ij imloviy xatolar bilan bitilgan matnlar egallab olgan.
Har qadamda rus tilida bitilgan ko'plab peshlavhalarga duch keldik. OXOTA RЫBALKAni — BALIQ OVI, APTEKAni — DORIXONA, VSYo DLYa DOMAni — HAMMA NARSA UY UChUN, MAGAZIN DOMAShNЫX DELIKATESOVni — TANSIQ UY TAOMLARI, MЫ OTKRЫLISni — BIZ OChILDIK, XLEBni — NON, DETSKIY SADni — BOLALAR BOG'ChASI deb yozsa bo'ladi-ku!
Dunyoga boqaylik, axir hamma yurtlarda fuqarolari o'z tilini nihoyatda ardoqlashadi, qadrlashadi. Qaysi til davlat tili hisoblansa o'sha tilda reklamalarni yozishadi.
Peshlavhalar, reklama va axborot matnlari, tashqi yozuvlar barchasi qabul qilingan alifboda yoziladi. Bizdachi, biz qanday yo'l tutayapmiz?
Ahvolimiz ko'ngildagidek emas. Qachon o'zgaramiz? Yurtimizga kelgan sayyohlarning qarashlarini, fikrlarini ham e'tibordan chetda qoldirmaslik kerak, axir! Chunki, til, yozuv millatning, fuqarolarning, yurtning mavqeini yo yuksakka ko'taradi yoki yerga tushiradi.
Biz esa o'zining ilmi, so'zi va amalining birligi bilan o'zbek degan millatning dong'ini o'zga yurtlarga taratgan, sha'nini, obro'sini balandga ko'targan ajdodlarning farzandlarimiz. Ajdodlarimiz bilan faqat faxrlanibgina qolmay, balki ularga munosib bo'lib ishlarini davom ettirishimiz ham lozim.
Kishini o'ylantiradigan bir holat mavjud. Tadbirkor o'zining ishini ko'rsatish, reklama qilish maqsadida Reklama agentliklarida faoliyat ko'rsatayotganlarga murojaat qiladi. Belgilangan miqdordagi summani ham to'laydi. Ular o'zbek tili davlat tili ekanligini, lotin alifbosida ish yuritish kerakligini nahotki bilishmasa?
Biz o'z tiliga, qadriyatlariga, o'zligiga ega bo'lgan xalq emasmizmi? O'zbek — ulug' millat, ulug' xalq. Shunday ekan, peshlavhalar, tashqi yozuv va e'lonlarni yozayotganimizda ona tili talablariga jiddiy e'tibor qaratish lozim, matnlarni xatosiz yozdirishni bilmasak mutaxassislardan maslahat olishimiz qiyinmi?
Qizig'i, bugungi kunda hokimliklarning ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchilari mavjud. Ular tegishli xizmat xodimlarini jalb etgan holda joylardagi peshlavhalar, reklama va axborot matnlari, tashqi yozuvlarni o'rganish, bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida biror tayinli ish qilishayotgani yo'q. Chunki ming afsuski, bu sezilmayapti.
Hammamizga ma'lumki, o'zbek tilining rivojlanishi, uning davlat tili sifatidagi nufuzi va maqomini oshirish bilan bog'liq tarixiy islohotlar davrida, uchinchi Renessans davrida yashayapmiz. Demak, hali oldimizda qilinadigan ishlar behisobdir.
Inson, qachonki o'zi tug'ilib voyaga yetgan yurtiga mehr-muhabbat qo'ysagina, o'zining ona tili bilan faxrlanish hissini chin dildan tuysagina, nafaqat yozuvlarga, balki hatto oddiy tinish belgilariga ham e'tiborli bo'ladi. Chunki til, yozuv millatning ko'zgusi. Ko'zguni esa toza, g'uborsiz saqlashimiz shart.
Shu o'rinda bir mulohaza: ona tilimizga poytaxt — Toshkentda munosabat shu ahvolda bo'lgach, arzimizni kimga aytaylik?
Haqli savol tug'iladi albatta: axir, qonun ustuvorligini ta'minlaydigan adliya, prokuratura degan idoralar bu holga nega jim, nega tomoshabin? Yoki ularga qonun ijrosining farqi yo'qmi?
Oygul UBAYDULLA qizi,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat
markazining mutaxassisi