Hammasi go'yoki xo'jako'rsin uchun…

Kuni kecha Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashining yig'ilishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayev hududlarni obodonlashtirish hamda ichimlik suvi, gaz va boshqa maishiy muammolar haqida gapirib, taassufki, Chirchiq shahrini nazardan chetda qoldirdi. Lekin ochiq aytganda shahar bir necha yildan buyon na rahbarga yolchiydi, na biror bir ezgu ishga. Hammasi go'yo xo'jako'rsin uchun, katta rahbarlar ko'zi tushadigan joylar obod-u, chekka hududlar abgor holatda.

 

“Obod mahalla” dasturi doirasida Chirchiq shahridagi bir qator mahallalar qatori 8-kichik dahadagi ko'p qavatli uylarga alohida e'tibor qaratilishi ko'zda tutilgan edi. Ayniqsa, 10, 18, 19-uylarning old qismlariga asfalt va beton pudratchilar tomonidan qo'l uchida yotqizilganligining guvohi bo'lish mumkin. Ayniqsa, 10-uyning orqa tomonida piyodalar uchun yo'lak va tungi yoritish chiroqlari o'rnatilganiga hali to'rt oy bo'lmasdan (suratda) yo'laklarda muammolar paydo bo'la boshladi. Chunki yo'­laklarda piyozning po'stidek asfalt yotqizilib, shoshma-shosharlik bilan, haybarakallachilik asosida ishlar bajarilganligini rasmlardan ham ko'rsa bo'ladi.

Mana qahraton qishning dastlabki oyi ham nihoyalab bormoqda. Bu hududdagi aksariyat ko'p qavatli uylarda istiqomat qiluvchilar Yangi yilni issiq suvsiz kutib olishmoqda. Aholining aytishicha, ta'mirlashdan keyin obod mahalla emas, abgor mahallaga aylantirildi. Aytishlaricha, mablag' o'roqda yo'q, mashoqda yo'q, xirmonda hozir bo'lgan na firmasining tayini, na ishchi-xizmatchilarning tayini borlarga o'tkazib berilib, ulardan hozir nom-nishon ham yo'q emish.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir necha oy avval Chirchiq shahri aholisi bilan uchrashib, shaharni poytaxtdan qolishmaydigan, obod, zamonaviy shaharga aylantiramiz, deb ta'kidlagan edi.

Mana, shahar mutasaddilarining o'z ishlariga mas'uliyatsizlik bilan yonda­shishlari oqibatida obodonchilikdan so'ng besaranjonlik ko'proq ko'zga tashlanyapti.

Shahardagi 31-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi yonidan odam o'tishga qo'rqadi. Chiqindilar uyumi chor-atrof­­ni qoplagan. Birov yig'ishtiray, demaydi. Bu MTM mutasaddilarining parvoyiga ham kelmaydi. O'z hududlari atrofini tozalash “majburiy mehnat”ga kirar emish. Garajdan foydalanuvchilar esa ulardan ham battar beparvo. Bu joylar kechqurunlari daydi itlarning qo'nalg'asiga aylangan.

8-kichik dahada joylashgan ikkita uy-joy mulkdorlari shirkatida esa bu hududlarni tozalashga ishchi kuchi yetishmas, emish. Shunday beparvolik oqibatida aholi isqirt, egasiz it va mushuklar “yayrab” yurgan ko'chalardan nolib yashab o'tmoqda.

Lekin… bu ahvol qachongacha davom etadi? Aholi “Obod mahalla” dasturi niqobi ostida chala-chulpa yotqizilgan asfaltdan bo'lak, boshqasini ko'rmadi, hisobi.

Ikkita chiqindi tashlanadigan maskanda “uya” qurgan ishchilar bu yerda tartib va tozalikka qarash o'rniga uyum-uyum chiqindilarni saralab, atrofga yoqimsiz hid tarqatishdan boshqa yumushni bajarishmaydi.

Bu manzil “ikkinchi sektor” hududiga kirsa-da na tartib bor, na obodonchilik.

Mana sizga go'zal shaharning jamoli!

Qiziq, yaqinda tayinlangan shahar hokimi bu ahvoldan bexabarmi?

Hikmatulloh QODIROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − four =