Hech kimning chirog'i o'chmasin yoki Komil Yormatovning uyi qaerda?
1984 yil. Shu yili oilamiz bilan Chilonzordan Qori-Niyoziy ko'chasiga ko'chib keldik. Olti qavatli pishiq-puxta qurilgan uylarga. O'sha kezlari Malyasova, Fingelshteyn, Niyozbek yo'li, Qori Niyoziy ko'chalarida bundan yigirma besh yil oldin kelganlarimni esladim. Chunki 1960 yildan maktabni bitirib O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlardim. Yuqorida nomlari ta'kidlangan ko'chalar o'sha paytlarda ham shaharning eng ko'rkam, fayzli ko'chalari hisoblanardi. Ularda Sharof Rashidov, Mukarrama Turg'unboyeva, Yodgora Nasriddinova, Oxundiy, Nuriddin Muhiddinov, Yo'ldosh Oxunboboyev, Akmal Ikromov, Qori Niyoziy kabi atoqli kishilar yashagan. Ularga turli xat, hujjatlarni olib kelganlarimni eslayman. Shahardagi eng ko'rkam, serdaraxt joy ham shu maskanlar edi.
Ko'chib kelganimizda ancha o'zgarishlar bo'lganini sezdim. Davr talabi, keyin “O'rtoq” konfet fabrikasi buzildi. Albatta, ko'chalarning avvalgi fayzi biroz yo'qolgan edi. Ammo o'rni, mavqei saqlanib qolgandi. Yillar o'tib Toshkent yangilana boshlandi. Ayniqsa, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan katta istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. “Tashkent city”dan boshlab butun shahar katta qurilish maydoniga aylandi. Bu orada tadbirkorlarga ham bankdan kredit berilib, ularning ham uy-joy qurishlariga imkoniyat yaratildi. Qancha tadbirkorlar shaharning o'zlariga qulay joylarini, to'g'rirog'i ko'rkam joylarni olib, ko'p qavatli uylar qurishga kirishishdi. Shu ma'noda yuqorida ta'kidlangan Malyasova, Akmal Ikromov, Niyozbek yo'li ko'chalaridagi xonadonlarning ko'pchiligi buzilib ketdi. Ko'p yillik daraxtlar kesildi. O'rniga ko'p qavatli uylar tushmoqda.
Piyoda yurish foydali bo'lgani uchun avval ham, hozir ham ushbu ko'chalarni aylanib yuraman. Shu asnoda Mukarrama Turg'unboyeva yashagan poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumanidagi Lashkarbegi mahallasiga bordim. Betakror san'atkor yashab ijod qilgan Niyozbek yo'li ko'chasining 7-tor ko'chasi. Xonadon o'rnida ikki qavatli imorat ko'tarilibdi. Na deraza va na eshik o'rnatilgan. Yon-atrofi tartibsiz, abgor holatda. Uzoq tikilib turib o'zimga savol berdim. Yigirma yildan buyon shu ahvolda turibdi, — dedi hamrohim mahalla faoli Yusuf aka. Nahotki raqs malikasining uy muzeyi yo'q? Nega?
Aylanishda davom etdim. Sergey Borodin uy-muzeyi ishlab turibdi. Bu yerda tez-tez turli tadbirlar o'tkaziladi. Nariroqda Sergey Yesenin muzeyi ham doim qiziquvchilar uchun ochiq. Ko'chalarni aylanib Sharof Rashidov yashagan uy oldiga borib qoldim. Tekis o'sgan ikki chinor savlat to'kib turibdi. Yon tomondagi eshikka “Ko'rlar jamiyati” deb lavha yozilgan ekan. Haqiqatan, ikki chinor juda ko'rkam o'sgan. Xuddi xonadon egasini eslatadi. Bino eshigiga “Sharofobod” deb ko'cha nomi yozilibdi. O'ylanib qoldim, ko'chaning bu yuzida 43-sonli maktab. O'zimcha ko'chadan o'tgan-ketganlarni, o'quvchi yoshlarni bu yerda kim yashagan, deya savolga tutdim. O'n-o'n beshta kishidan birgina ayol to'g'ri javob berdi. Axir bu insonning xalqimizga qilgan mehnatlari, yurt ravnaqiga qo'shgan hissalari ozmunchami?! To'g'ri, ulug' adib, davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovga Yurtboshimizning e'tibori tufayli Jizzaxda haykal qo'yildi. Katta muzey ochilgan. Lekin bu ulug' zot hozirgi Yunusobod tumaniga qarashli Buyuk Turon mahallasida ham ozmuncha istiqomat qilmaganlar-ku. Shunday ekan, hech bo'lmaganda Toshkent shahar hokimiyati bu uyga Sharof Rashidov yashaganini bildiruvchi esdalik yorlig'i qo'ysa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Ayniqsa, yoshlar uchun bu inson ismining o'ziyoq ibrat namunasidir.
Yana bir qiziq voqea. “O'ttiz yildan oshdi bu yerda yashayotganimizga. Lekin yaqinda “Nuroniy” da ishlaydigan Nasiba degan singlim Hamid Olimjon ham shu ko'chalarda yashaganini aytib qoldi. Xoh ishoning, xoh ishonmang naq ikki kun qidirdim. Hech kim bilmaydi. Menga ro'para kelgan bir rus kishi narigi ko'chada ikki qavatli uyda Akbar aka degan odam bilishi mumkin dedi. Haqiqatan ham Akbar Aliyev kaminani o'sha hovliga — “Matonat” deb nomlanuvchi ko'chaga boshlab bordilar. Katta darvozadan o'tgach, ichkari barak uylar, chap tomondagi 18-uy devoridagi yozuvni o'qiyman. “Bu uyda 1931-1941 yillar Hamid Olimjon yashab ijod qilgan”. Tagida rus tilida ham yozilgan. Eshikni taqillatdik. Bir yigit chiqdi. Ismi Davron ekan. Onasi, butun oilasi koronavirusga chalinib shifoxonada yotishganini aytdi.
— Bu uyda hozir Hamid Olimjonning jiyanlari yashaydi, — dedi Akbar aka.
— Ha, Hamid Olimjon Zulfiya opa bilan dastlab shu yerda yashashgan ekan, buvimdan eshitgandim, — dedi Davron. Unga keyinchalik yana kelishni va'da qilib orqaga qaytdik.
— Qiziq, shu vaqtga qadar bu ma'lumot hech qaerda ta'kidlanmagan, — dedi Akbar aka. — Men Angrenda pedagogika institutida jahon adabiyotidan dars bergan paytlarim bir-ikki marta talabalarni olib kelgandim. Adabiyot ahlining avvalgi vakillari bu haqda bilishgan. Lekin keyingi avlod, hozirgi yoshlar ham bilishi kerak.
— Nazarimda allaqachon uy-muzey qilsa bo'lardi, — dedim. Suhbatlashib yurib 20 qadam narida qurilayotgan ko'p qavatli binoga qaradim. — Hademay bu ko'chalarda ham shunaqa ko'p qavatli uylar qad rostlaydi. Juda bo'lmasa adib yashagan hovli o'rniga tushadigan, yo bo'lmasa mana shu qurib bitkazilayotgan uydan xonadon ajratib uy-muzey ochish kerak.
— Ma'naviyat-ma'rifat haqida ko'p gapiramiz. Ammo amaliyot yetishmaydi, — dedi Akbar Aliyev.
U kishi adabiyotga daxldor bo'lsa-da masalani vaqtida o'rtaga tashlamagani uchun o'zini koyigan bo'ldi.
Men esa yana o'y va xayollar girdobiga g'arq bo'lib yo'limda davom etdim.
Shu o'rinda dunyoga boqaylik. Axir, Yevropada qurilishlar qilinmaganmi, baland imoratlar yo'qmi? Rossiyada-chi, qanchadan-qancha ulug' ijodkorlar yashagan uylarga hech kim teginmagan. Aksincha, tarixiy, madaniy maskan sifatida saqlab qolingan.
Bugun ming afsuski, bu borada poytaxtimiz mutasaddilarining bunday narsalarni o'ylashga “vaqtlari yetishmayotgan”ga o'xshaydi.
Toshkentning Labzak mahallasida buyuk kinorejissyor Komil Yormatov yashab o'tgan xonadon bor. Ammo bu yerga ham hech kim e'tibor qilgisi yo'q. Na poytaxt hokimligi, na “kambag'al” O'zbekiston Kinematografiya agentligidagilar ana shu joyni o'zbek kinosining ustuni bo'lgan ulug' zot xonadonini risoladagidek uy-muzeyiga aylantirishni o'ylab ko'rmaydilar.
Yurtboshimiz tomonidan besh tamoyil tufayli san'at, madaniyat, adabiyot, yangi texnologiyalarni joriy qilish borasida katta zafarlar qo'lga kiritilmoqda. Joylarda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva singari el suygan ijodkorlarning ijod maktablari faoliyat olib bormoqda. Kitobxonlik borasida erishilayotgan yutuqlar ham tahsinga loyiq. Zero, qurilishlar davom etib, xalq ardog'iga arzigulik, butun umrini adabiyot va san'at ravnaqiga baxsh etgan insonlar istiqomat qilgan uy-joylar yo'qolib ketmasin. Sharof Rashidov, Mukarrama Turg'unboyeva, Komil Yormatov, Hamid Olimjon singari zotlar yashagan uylar axir madaniy qadamjo bo'lib qolishi kerak-ku! Bundan tashqari Yo'ldosh Oxunboboyev, Akmal Ikromov kabi fidoyilar yashagan uylar ham bugun juda haroba ahvoldaligi achinarli.
O'tgan asrning 70-yillarida Oxundiy degan katta yozuvchi, tarjimon o'tgan. O'z vaqtida juda mashhur zot edi. Oxundiy yashab o'tgan uydan esa bugun nom-nishon qolmagan. O'rnida allaqachon ko'p qavatli uy qurilib ketgan.
Shunday ekan, adabiyot va san'at darg'alarining yashagan uylariga ham alohida e'tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Imkon qadar ular yashagan uylar buzib yuborilmasligi kerak. Zero, bu qadamjolar tarix, o'lmas merosimiz namunasi sifatida qadrlanishga arziydi. Ulug'larning, hech kimning ham chirog'i o'chmasin.
Muqaddas ABDUSAMATOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi, mehnat faxriysi