Nuri o'chgan ikki ziyo maskani
Endi bu to'g'rida ko'p gapirish, ko'p yozish, allakimlarga allanarsalarni rosa tushuntirish mumkin. Ammo gap ko'p, ko'mir oz – muddaoga o'taqolaylik.
2002 yil boshlarida Respublika ilmiy-texnikaviy adabiyotlar kutubxonasini Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Davlat kutubxonasi tarkibiga qo'shish va shu negizda Milliy kutubxona tashkil etish to'g'risida qaror chiqdi. U davrlarda nimaiki qisqartirilsa, yo tugatilsa, yoxud boshqasiga qo'shilsa, bu yoqimsiz yangilik “optimallashtirish” degan jozibali andava bilan chiroyli qilib suvalar, ammo oqibati – talay yillar ishlab turgan, yuzlab odamlarning aziz umri o'tgan korxonayu tashkilotlar patoratga yuz tutar, xodimlarning allaqancha qismi o'ziga boshqa ish topish ko'yida tentirashga mahkum bo'lar edi. Xullas, 48 kishi duppa-durust ishlab turgan RITAK (Respublika ilmiy-texnikaviy adabiyotlar kutubxonasi)ning taqdiri ham qaysidir kabinetda hal etilgani xabarini eshitgan xodimlar hang-mang bo'lib qolishdi. Chunki davlat kutubxonasi milliy kutubxona maqomini olishi uchun unga biron nimani qo'shish shart emasdi – Markaziy Osiyodagi eng ulkan bu ziyo maskani shu holida ham tap-tayyor milliy kutubxona edi. 277 kishilik jamoaga yana 48 xodimni qo'shib, tarkibni qayta tuzish, o'tgan 2001 yilda 6,5 millionlik kitob fondi va shunga yarasha davriy matbaa nashrlari fondi bilan o'zi ham boshqa binoga ko'chib o'tib, so'log'i chiqqan jamoa uchun endi RITAKning fondini ham ko'chirib olib kelib joylashtirish tashvishlari yangi boshog'riq edi, albatta.
Bu xabarning ma'nosi keyinroq aniq bo'ldi: RITAK – Fan va texnika qo'mitasiga qarar, unga mablag' tushirmas, aksincha, undan doim pul olib turardi. Qo'mita rahbarlariga esa foyda bermaydigan “ballast”dan qutulish chandon afzal ko'ringan. RITAKni milliy kutubxonaga “oshirish” allakimning kallasiga kepqolib, kattakonlarni shunga ko'ndirishgan edi…
Kimdir qiziqsinib, so'rashi mumkin: o'sha 48 kishi yangi joyda, yangi jamoa bag'rida o'z ishini davom ettiradigan bo'lsa, buning nimasi yomon? Gap shunda-da. Bir-ikki oy o'tgach, 325 kishilik jamoaga aylangan edik hamki, Milliy kutubxonadan vakil sifatida kaminani yuqori idoraga chaqirib qolishdi – endi Milliy kutubxonani optimallashtirish kerak bo'pqopti.
Moliya vazirligidan kelgan bir yigitcha juda o'ktam ovozda Milliy kutubxona tarkibini 150 nafar xodim qilib belgilashni talab qildi. Mening, “tashkilotimiz 325 kishidan iborat, siz aytgan 150 kishilik shtat mutlaqo kam, holbuki, masalan, fondi ham, o'quvchilari soni ham yarmimizcha keladigan Qirg'iziston milliy kutubxonasida 330 odam ishlaydi, degan e'tirozimga Moliya vakili bir tuki ham qilt etmay, “Oka, axir unaqada sizlar Moliya vazirligidan ham kotta bo'lib ketasizlar-ku?” dedi. “Nima, dunyoda Moliya vazirligidan katta tashkilot bo'lmasin, degan biron qoida bormi, bo'lsa ko'rsating!” degan savolimga esa javob ayta olmadi. Ammo ertasiga qaror bilan tanishtirishdi – 150 shtat birligi! Boyagi yigitcha esa o'zininggina gapini aytmagan ekan, buni endi tushundik.
Maqsad-muddao xodimlarni ko'paytira berish emas. Ammo 325 kishi bazo'r bajarayotgan ishni 150 nafar odam qanchalik eplab-uddalay oladi? Buning ustiga, shu 150 kishining (asosan – ayollar) yelkasini mamlakatdagi bir emas, eng yirik ikki kutubxonaning zalvorli yuki bosib turgan bo'lsa.
Oqibat nima bo'ldi? Oradan bir-ikki yil ham o'tmay, RITAK Milliy kutubxona tarkibiga singidi-ketdi – o'ziga xos funksiyalari barham topdi. Unga kelib turadigan injenerlar, texnika sohasi olimlarining tashriflari barham topdi. Respublika texnik xodimlarining ilmiy markazi bo'lgan bir ajoyib ziyo maskani boy berildi. Holbuki, qishloq xo'jaligi, tibbiyot kabi sohalarda markaziy tarmoq kutubxonalariga daxl qilinmadi va ular hozirda ham ishini davom ettirayotir.
Bizdan boshqa barcha MDH davlatlarida ilmiy-texnikaviy adabiyotlar kutubxonasi ishlab turibdi. Rossiyani aytmay qo'ya qolaylik, masalan, yonginamizdagi Qozog'iston RITAK muassasasi bir o'zi emas, 10 mintaqaviy filial va 3 ta qo'shimcha xizmat ko'rsatish markazi bilan birga ish yurityapti. Biz esa yagona ilmiy-texnikaviy kutubxonamizni ham saqlab qola olmadik. Yigirma yil o'tdi, tiklash haqida ham o'ylamayapmiz. Nima, yo davlatimizning texnikaviy ilm-fan sohasida yuksalishini uncha xohlamaymizmi?
RITAKning chirog'i o'chgach, to'qqiz yildan so'ng, 2011 yilda “optimallashtirish” ishqibozlarining nigohi derazalaridan nur taralib turgan yana bir ziyo maskaniga – Milliy kitob palatasiga qadaldi. Qirg'iziston kitob palatasida 33, Qozog'istonda 50 nafar xodim ishlagani holda, bizda – Markaziy Osiyodagi eng katta kitob palatasida atigi 13,5 nafar odam jon olib mehnat qilib, tog'day vazifalarni uddalab kelayotgani bilan ishlari bo'lmadi, uni ham Milliy kutubxonaga qo'shib yuborishdi.
Kutubxona nima ekanini hamma biladi, ammo kitob palatasi degan tashkilotni ikki og'iz tushuntirib o'taylik. Kitob palatasi mamlakatdagi kitob, gazeta-jurnal, byulletendan tortib, plakat va afishalar, choyqog'oz etiketkasiyu kefir shishasining yorlig'igacha – barcha bosma mahsulotni qabul qilib oladi, kitoblarning, jurnallar, to'plam va gazetalardagi asosiy materiallarning bibliografiyasi va statistikasini tayyorlaydi va o'z fondida abadiy saqlash uchun milliy matbaa arxivini tashkil etadi. Matbaa nashrlarining xalqaro standart belgilari (ISBN, ISSN)ni joriy etish ham uning zimmasida. Barcha kutubxonalar, shuningdek, olimlar, tadqiqotchilar, shifokorlar… xullas, turfa kasb-kordagi mutaxassislar uchun bu tashkilot bamisoli cheksiz ummondagi bir mayoq – har kim unga murojaat qilib, o'ziga kerakli axborot manbaini darrov topib oladi.
Milliy kutubxonaga palataning bir necha xodimi kutubxonaga ishga olingan bo'ldi, qolganlariga esa “erkin qush” maqomi berildi. Gap ish-tirikchilik vositasi topishda ham emas, hech kim ko'chada qolib ketgani yo'q. Ammo RITAK va Milliy kitob palatasi ishini yurgizib turadigan, shu sohaning hadisini olgan, institutni bitirib, shu yerga kelgan va umrini shu ishga bag'ishlagan eng noyob kadrlar tirqirab ketdi. Holbuki, kitob palatasi degan muassasa, boshqalarni qo'yaturing, hatto bugungi kunda Turkmanistonda ham ishlab turibdi, chunki unga ehtiyoj katta. O'zbekiston kitob palatasining dunyoda faqat bir nusxada saqlanib qolgan fondi esa Milliy kutubxona yangi binosining zax va qorong'u podvalining minus ikkinchi qavatiga joylashtirildi, Milliy kutubxona ikki nusxa va kitob palatasi oladigan bir nusxa majburiy nusxa ikkitaga tushirildi, xullas gurkirab yashnab turgan bir daraxtni qoq belidan arralab tashlaganday ish bo'ldi.
Xo'sh, nega bizda bu idoralarga barham berilgan edi unda, deysizmi? Menimcha, biz bozor iqtisodiyotiga o'tish deganni xato angladik – daromad topmaydigan, konkret pul olib kelmaydigan nimaiki tashkilot bo'lsa, voz kechishga tushdik. Ikkinchi sababi esa shunday masalalarni hal etadigan, ammo bunaqa muammolarni anglamaydigan, shu sababli faqat buyruq kutib o'tiradigan va qanaqa topshiriq bo'lsa, “ijrosini ta'minlash”ga tushib ketadigan odamlar katta-kichik ishlar boshida ekanligi bo'ldi. Ana o'sha davrda kutubxonalarga qirg'in kelgan edi. Yaxshi yodimda, 2000 yil boshlarida Toshkent viloyat bolalar kutubxonalaridagi jami manbalarning uchdan ikki qismi besh yil ichida yo'q bo'lib ketganligi aniqlandi. Qayoqqa ketgan – hechkim “bilmaydi”. Va bunga biron kishi javobgar ham bo'lmadi.
Ana endi shuning kiyasini tortyapmiz: kitobxonlik madaniyati patorat topdi, xalqimizning, ayniqsa – yoshlarning saviyasi pastlagandan-pastladi. Tezroq aslimizga qaytaylik, kitobxonlik mamlakati quramiz, deya biron yigirmata-o'ttizta kitob o'qiganini isbot qilganlarga mashina hadya qilishgacha boryapmiz. Ammo saviyani umumilliy miqyosda qayta tiklash – bu bamisoli bir daraxt – bir-ikki yilda meva bera qolmaydi.
Shuning uchun ham, endigi vazifalarimizdan biri o'rinsiz qisqartirib yuborilgan shu ikki ziyo maskanining chirog'ini qayta yoqishdir. Chunki ilm-fan va texnika taraqqiyotisiz bir qadam ham olg'a siljiy olmasligimizni, shuningdek, mamlakatimizda nashr etilgan barcha asarlarning ishonchli saqlanishi zarurligini, ular yuzasidan tuzilgan bibliografik ma'lumotnomalar naqadar kerakligini yaxshi bilamiz.
Hozirda ijtimoiy vaziyatni yanada yaxshilash, millat qaddini tiklash uchun turli tashkilotlarga davlat tili bo'yicha boshliq maslahatchisi, har bir mahallaga esa tuman hokimining yordamchilari biriktirilyapti. Shunday ezgu va xayrli ishlarning endigisi – og'ir iqtisodiy sharoit, yo o'zga sabablarga ko'ra “optimallashtirilgan” – tugatilgan, qo'shib tashlangan, qisqartib yuborilgan ziyo maskanlarini qancha tez tiklasak, shuncha yaxshi. Zero maqsadimiz – ma'rifatli demokratik jamiyat qurishdir. Ilm-fanni yuksaltirish orqali yangi Renessansga kirib bormoqchimiz.
Renessans uyg'onish demakdir. Bir paytlar olaqorong'ulikni afzal ko'rgan allakimlar o'chirib ketgan ziyo maskanlarining qandillari yana avvalgidan ham charog'onroq bo'lib nur sochsa, ongimiz ravshanlashadi. Mudray boshlagan ijtimoiy zehniyatimiz uyg'onadi. Zero biz intilayotgan yangi tamaddunning eshiklari kutubxona va maktab ostonalariga o'rnatilgan.
Zuhriddin ISOMIDDINOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi