Dori-darmon – kimga armon

Bu dunyoda, men mutlaqo soğman, aʼzoi badanimda heç illat yöq, baquvvatman degan biron vallomat bormi? Topa olmaysiz, ovora bölmang. Heç bölmasa, tişi oğrir, yo soçi tökila boşlagandir? Qiziği şundaki, odam qança soğ bölsa, özini şunça ehtiyotlar ekan – tinmay tiş yuvib, soç şampunlab, badantarbiya qilib… Qaysi dorini nimaga em deb eşitsa, darrov sotib olib ğamlab qöyadi. Endi bu – soğ kişilar, kasalga çalingan, yo surunkali bemorlarning holi esa özingizga yaxşi ayon. Şuning uçun, har oilada bir çoğroq apteka töladigan dori-darmon yiğilib qolgan hozir.

(Buni aytmasam ham bilasiz-a?)

* * *

Bola edim. Biz tomonlarda bir tabib çiqdi. Kimki şifotalab bölib borsa, davo topar edi. Zambilda olib borilganlar yurib, hassa tayanib yetib olganlar yugurib qaytib ketardi. Özi duxturdan çiqqan bu zot bemorlarga kökat qaynatib tayyorlangan dori berar edi, xolos. Boşqa şifokorlar hayron: oğir kasallar ham tuzalib ketyapti!

Buning siri bir tasodif bilan oçilib qoldi. Duxtur-tabibning befahm xotini tabletkadan böşagan karton qutiçalarni axlatga qöşib taşlab yuborgan ekan. Bir odam sarasop solib qarasa, bari gormon! Sobiq duxtur-soxta tabib gormon tab­letkalarni talqon qilib tuyib, “şifobaxş giyohlar qaynatmasi”ga qöşar ekan. Gormon, albatta, kuçli taʼsir qilgan, uni içgan bemorlar dardini unutib, özini soğ his etişgan, “baraka topkur tabib”ni boşqalarga ham rosa maqtab, oşirib-toşirişgan, ana köring – şifotalablar duxtur-tabibning qişloğidagi köçalarga siğmay ketardi. Foş bölib, javobgarlikka tortilgaç, hamma peşonasiga şappatilab qoldi. Ammo kuçli dozada gormon olgan qança bemorning umri qisqargan, yoki bir dardi ön bölgan ekan – kim biladi?

(Sizlar tomonda ham şunaqa “tabib”lar çiqqanmi?)

* * *

Maşinada ketib borar ekanman, dunyoi boumid, zora bir aşula bersa, deb radioning olti kanalini bir-bir ulab köraman, hammasida ham ikki-uç daqiqalik tinğir-tinğir tugar-tugamas “oliy toifali şifokor, naq Germaniyada öqib, malaka ham oşirib qaytgan …bek …viç bilan suhbatni eʼtiboringizga havola qilamiz”, deya kamida yarim soatlik dori reklamasiga öta qolişadi? Yana, ajabki, TV, radiolarning “boşlovçi-suxandon”lari “şifo vositalari”ni burnimizga işqalaşda duxturlardan ham faolroq! Şunday gapirişadiki, suhbatga çaqirilgan “mutaxassis” ham bir çetda qolib ketadi, diktorçalarning özi “şifobaxş dori vositasi”ni naq burningiz tagiga opkelib qöyişadi, oğiz oçakörmang, tiqvorişadi lekin!

Olis toğdamisiz, yo çet qişloqda, farqi yöq, tekin yetkazib berişadi, boz, himmatlari şu qadarki, ikkitasini sotvolsangiz, uçinçisi bepul hadya qilinadi, bir öris kinosida aytilganidek, yana nima kerak senga, …! devorganingizni bilmay qolasiz. Nafaqat bu, hatto, agar molini sotvolib, içidan çiqqan allambalo yorliği raqamini jönatsangiz, maşinami-görmi yutib olişingiz mumkinligigayam beş ketmadingizmi? Ha endi, ana şu reklama qildirişlaru, maşhur artistlarni unga çorlaşi, katta-kiçik yutuq opkeberib, “halol”ligiga sizni ham el közida iqror qildirib, tön kiyib, gapga tön kiydirib ketiş xarajatlari ham ana şu dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlarining narxiga qöşiladi – mol bahosi tannarxidan neça baravar yuqorida; biz esa közboyloğiç avrayotgan soddaday anğrayib tura beramiz.

(Sadağasi ketay, halol va xolis maslahatlar foydali deganlari şu bölsa!..)

* * *

El tinçligi, osoyiştaligiga xavf tuğilsa, Içki işlar vazirligiga, Mudofaa vazirligiga umid közini tikamiz – xatarni ular bartaraf etişi kerak. Xuddi şu kabi, Soğliqni saqlaş vazirligidan xalq soğliğini nişon qilib, tobora bostirib kelayotgan har turli ajnabiy va mahalliy, qalanği-qasanği firmalarning dori-darmon tarqatişi tibbiy, ilmiy va huquqiy jihatdan qançalik töğri, buni tekşirib, har bir “dori” haqiqatan ham darmon bera oladimi, yoki bir aldov vositasimi, içida boya­­gi gormon singari vaqtinça soğaytirib, söng tezgina yiqitadigan moddalar yöqmi, bular töğrisida rasmiy xulosa berişni talab qilsak… haqqimiz bordir şunga? Bu vositalar rostan ham oğiz köpirtirib maqtalayotgan ming xil ösimliklardan olinganmi, yo surati giyoh, tarkibi esa ximiyaning özginasimi — şularni aniqlab, bizga xolis aytadigan biron muassasa bormi?

Albatta, har kim ham yaşagisi, soğ-omon yurgisi, uzoqroq umr körgisi keladi. Biroq hozir odamlar nima qilişni bilmaydi: duxturga borsinmi, yo anov “şifobaxş”larning birontasini ot bahosida sot­volib, içaversinmi?

Gap kavlasang, gap çiqadi, deyişadi. Nega mana şunaqa qölbola dori-darmon köpayib ketdi, ular qayoqdan paydo bölyapti? Menga şu savolni bersangiz, uyammas, buyammas, bunga aynan soğliqni saqlaş tizimidagi illatlar sabab, deb aytgan bölar edim.

Ilgari biron joyingiz oğrisa, duxturga borardingiz, u diagnoz qöyib, bir-ikki dori yozib berardi, vassalom, körmaganday bölib ketardingiz. Hozir-çi? Şifokorga borsangiz, u bamisoli bir dev: davolamasidan avval haq tölaysiz – har bir klinikada “kassa” deb yozilgan tuynukka salom berib ötmay iloj yöq. Hali bu duxtur davolaydimi özi – bu sizning muammoingiz. Xöp, tölab ham kirdingiz, deylik. Şikoyatingizni tinglab-tinglamay, duxtur bir neça varaqni qoralab taşlagaç, “diag­nostika markazi”ga yöllanma beradi; özi taşxis qöyib davolaydigan şifokorlar pensiyada, undan ham narida. Diagnostika degan joyga ilgari oğir kasallar yuborilardi, endi esa tişingiz oğrisa ham, içingiz burasa ham borib pul tölab kelişingiz şart. Diagnostika esa – qoningizni söruvçi yalmoğizning özginasi (mendan ötgan yili bir “maça” topşirişning öziga 58 ming söm olişdi, buyoğini şundan qiyos qilavering). Yana boyagi duxturga kelasiz, endi u kasalingizga bir emas, ikki emas, naq sakkiz xil dori, bir neça “osmaukol”, yana boşqalarini yozib beradi. Apteka – yana bir beomon maxluq; unga borsangiz, narxni eşitib, qon bosimingiz oşadi, arzimas bir xastalikni bartaraf etişga pensiya puli yetmay, yaqinlaringizga sarğayasiz – bir dardingiz ön böladi. Qarabsizki, “şifokor – diagnostika – apteka” otli Bermud uçburçagiga tuşib qolibsiz… Şundan söng, baridan voz keçib, ming xil nağma bilan maqtalayotgan turli-tuman “alha”dilarni sotib olib, içib öltira bergingiz kelib qoladi, har holda, ular retsept söramaydi, diagnostikaga yubormaydi, bari iş imi-jimida-ku, har holda.

* * *

Mol bozorga tuşgan kişi dalloldan nari yurgisi, qöy oladimi, yo eçkimi, uni aralaştirmay, özi xarid qilgisi keladi. Negaki, dallol ham, qallob ham bir gör, uç sömlik narsa beş sömga tuşadi u aralaşsa. Mol egasidan ham oladi, sizdan ham “şirinkoma” undirmay qöymaydi dallol.

Keyingi bir-ikki yil içida televideniye ham, radio ham bozor iqtisodiyoti deb, xuddi Ivan Vasilyeviç singari, “kasbini özgartirgani”ga guvoh bölyapmiz – dallollikni ham qöşimça daromad keltiradigan daromad sohasiga aylantirilgan: “dori” sotuvçilaridan pul oladi, sizu bizdan esa vaqtni (aslida, vaqt ham – pul). Oqibat, ana şu qimmat-qimmat dorilarni bir amallab sotib olaveramiz, çunki “duxtur – diagnostika – dorixona” degan uç DDDdan zadamiz, ammo qoçib qayoqqa ham borar edik…

Endi, deyman, bu radio, bu telekanallarning xodimlari oylik olib işlaşsa kerak? Dori opkelib sotuvçilar reklama uçun tele va radiokanallarga ötkazayotgan million-million sömlar yana sizu bizning ustimizga tuşib, dori qurğurlarning narxi yanada osmonga kötariladi.   Nainki, elni yangi çiqqan “dorişunos”lar talaşiga, ğorat qilişiga kömaklaşiş? Bir hovuç xodimiga qöşimça daromad deb butun xalqni dori sotib olişga keçayu kunduz undar ekan, ular ham sizning soğliğingizga emas, çöntagingizga köz tikib turibdi. Endi radio va TVlar ham kamday, poyezdga çiqsangiz, siz ötirgan joyning oldiyu ortida – çor atrofida ğij-ğij dori reklamasi közingizga uriladi, qoçib böpsiz ulardan!

Şoşa-pişa reklama tayyorlayotganlaru uni omma­laştirayotgan OAVning sohibqironlari bu dorisotarlarni çindan ham el soğliği yölida bel boğlagan jömard kişilar deb öylaşyaptimikin yo?

Töğri, reklama ham kerak. Tuşunamiz. Ammo şu sohadagi boşboşdoqlikni heç bölmasa biroz tartibga soliş, jilovlaş zimmasida bölgan biron mahkama bormi özi?

(Savolimiz şu).

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV,

Özbekistonda xizmat körsatgan

madaniyat xodimi

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan