Uyaldim, pushaymon bo'ldim…

Yaqinda yurtimizdagi bir bank tadbirkorlik faoliyatiga bag'ishlab press-tur o'tkazdi. Unda turli tahririyatlardan jurnalistlar hamda blogerlar qatnashishdi. Tadbir mutasaddilari OAV vakillarini bankning yordamida faoliyat boshlagan tadbirkorlik sub'yektlariga olib borib, ish jarayoni bilan tanishtirdi. Bank va korxonalar faoliyatidan juda mamnun bo'ldik.

Ammo… ba'zi kasbdoshlarimning (kasbdosh deyishga uyalasan) to'g'risi shu tadbirda ishtirok etayotganlarning o'zlarini tutishlaridan uyaldim. Ochig'i, tadbirga borganimdan ming pushaymon bo'ldim.

Korxona rahbaridan savol-javob tariqasida ma'lumot olarkanmiz, shu payt xususiy televidenielarning qaysisidandir “tashrif buyurgan” “jurnalist” mikrofonini ko'tarib, shu ma'lumotlarni endi yana boshqatdan aytib bering, deb suhbatni bo'lsa bo'ladimi?

Barchaning ensasi qotdi. O'sha televidenie muharriri biz bilan birga ma'lumotlarni daftariga yozib, savol-javob tugagandan keyin o'ziga kerakli javoblarni tasvirga olishi mumkin edi-ku!

Boshqa tadbirkorlik sub'yektida bo'lganimizda bundan ham xijolatliroq holat yuz berdi. Ko'pchilik odatdagidek rahbarning og'ziga mikrofon, diktofon tutib ma'lumot olishyapti-yu, bir-ikki ishtirokchi bo'lsa hech bir ma'lumot bilan qiziqmay, sovg'a sifatida berilgan muqovasiga korxona belgisi tushirilgan yangi daftar-ruchkalarni qo'liga olib tomosha qilish bilan band edi. Buni ham qo'ya turing, mezbon xonasiga kirishimiz bilan korxona rahbarining kreslosiga oyoq-qo'llarini yoygancha, kimdir tarvaqaylab o'tirib olgan yana biri yelpinib, rahbarning stolida turgan konfetlardan (hech kim taklif qilmagan bo'lsa ham) olib bemalol paqqos tushirardi. Xona burchagida intervyu berayotgan rahbar unga bir-bir qarab qo'yganiga e'tibor ham qilishmasdi. Farosat bo'lmasa qiyin ekan-da! Yana “konfetxo'r muxbir” o'zini unga yaqin tutgandek, bo'sh qo'lining bosh barmog'ini ko'rsatgancha, zo'r gapiryapsiz, deya ishora ham qildi. Xonadan ming xijolatda chiqarkanmiz, daftarlarni qo'ltiqqa qis­tirgancha ruchkalarini o'ynab chiqayotganlarni ko'rib, oriyatli jurnalistlarning xijolat hissi yanada oshdi.

Kun botib, press-tur yakunlangach, bizni yaxshi bir kafeda tashkil etilgan kechki taomga taklif qilishdi. Bu yerda ham hech uyat yo'q, tortinish yo'q dasturxon tezda “chig'iriqdan chiqarildi”. O'zini bilgan hamkasblar xijolat tortib, biz kech qolyapmiz, shaharga yetib olishimiz kerak, deb o'rinlaridan turishga majbur bo'lishdi. Ammo bir ikkita o'zlarini bloger deb atagan befarosatlar (ming bor uzr-ku-ya) sira yeb-ichishdan bo'shamadi, hamma turib ketsa ham ular cho'qinishda davom etardi. Noiloj, butun tadbir ishtirokchilari ularni mikro avtobusda kutib o'tirishiga to'g'ri keldi. Yana ular yo'l davomida xuddi ovqat ko'rmagandek, “ziyofat zo'r bo'ldi-ya, mazza qildik-da o'ziyam”, deb gapirishardi.

Eh…!

O'ylab qoldim, jurnalist tadbirga nima uchun boradi? Albatta, o'rganiladigan mavzu xususida to'liq ma'lumot olib, tayyorlagan mate­rialini o'zi xizmat qilayotgan matbuot vositasida yoritish uchun. Shunday ekan, biz kasb etikasiga amal qilgan holda, odob doirasida   xizmat vazifamizni bajarishimiz lozim emasmi?

To'g'risini aytsam, yana bir narsaga tushunolmadim. Press-turga ya'ni matbuot ijodiy tadbiriga taklif etilganlarning hammasi ham mat­buotga tegishli odamlarmidi?

Menga sira shunday tuyulmadi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 9 =