Bolalar — davlat e'tiborida
Har bir muammoga ato qilingan kunida yechim topiladi. Nihoyat, Surxondaryoda ko'zi ojiz bolalar uchun 180 o'rinli yangi ixtisoslashtirilgan maktab-internati qurilib foydalanishga topshirildi. Kim ham farzandining kamolini ko'rishni, baxtli bo'lishini istamaydi. Eng muhimi, imkoniyati cheklangan o'quvchilarning kasb-hunar o'rganishi, hayotda o'z o'rnini topib ketishlariga kafolat beruvchi barcha qulayliklarga ega zamonaviy maktab- internatini ota-onalar ancha yillardan buyon faqat orzu qilib kelishardi.
Viloyatning Angor tumanida 14 milliard so'm mablag' evaziga bunyod etilgan maxsus maktab-internati bugungi rivojlangan davr talablariga to'liq javob bera oladi, desak mubolag'a bo'lmaydi. O'quvchilarning ta'lim olish bilan birga o'zlari yoqtirgan kasb sirlarini o'zlashtirishi uchun bu dargohda duradgorlik, chilangarlik, poyabzal tuzatish, santexnika, elektr jihozlarini tuzatish, tikuvchilik, zardo'zlik, sartaroshlik, hamshiralik, loyihalash va dizaynerlik ishini o'rgatishga ixtisoslashtirilgan maxsus xonalarda zamonaviy asbob-uskunalar o'rnatilib, zarur ko'rgazmali o'quv-qurollari bilan bezatilgan.
Endigi masala bu yerdagi tarbiyachi- o'qituvchilar va o'quvchilarning o'zlariga havola. Maktab- internatida 2 ta informatika, 16 ta o'quv hamda fan xonalari eng so'nggi rusumda jihozlangan. Bundan tashqari maxsus kutubxona, madaniyat zali, tibbiyot xonasi, sport maydonchasi, 150 o'rinli yotoqxona, oshxona, sartaroshxona, texnologiyalar xonasi o'quvchilar ixtiyorida. Bir so'z bilan aytganda, bu dargohdan imkoniyati cheklangan yigit va qizlar o'rta ma'lumot olish barobarida u yoki bu kasbni imkon darajasida o'zlashtirgan holda mustaqil hayotga yo'llanma oladilar.
Safar OMON,
“Hurriyat” muxbiri