Zamonaviy va keng tafakkurli yoshlar ertangi kunimizning tayanchiga aylanadi

Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning chuqur bilim olishi, kasb-hunar o'rganishi, o'zlari tanlagan mutaxassisliklari bo'yicha oliy ta'lim muassasalarida tahsil olishi, iqtidorlarini keng namoyon qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, keyingi yillarda oliy ta'lim tizimida o'quv-tarbiyaviy ishlar yanada takomillashtirilib, ilg'or fan-texnika yutuqlari, innovatsion texnologiyalar, istiqbolli loyihalar keng tatbiq qilinmoqda.

 

Zero, o'zi tanlagan yo'nalishi yuzasidan zamon talablariga javob bera oladigan, res­publikaning ilm-fan, madaniyat, iqtisod, ijtimoiy sohalarini rivojlantirishda o'z hissasini qo'shadigan, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak ma'naviyatga ega bo'lgan yuqori salohiyatli, malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli mutaxassislarni tayyorlash bugungi kunda Oliy ta'lim tizimining oldida turgan asosiy maqsad hisoblanadi. Har tomonlama yetuk mutaxassislar tayyorlashda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida ham e'tirofga arzigulik yutuqlar qo'lga kiritildi.

“Bir o'ylab ko'raylik, dunyodagi rivojlangan davlatlar qanday qilib yuksak taraqqiyot va turmush farovonligiga erishmoqda? Eng avvalo, ilm-fan va ta'limga qaratilgan ulkan e'tibor tufayli emasmi?

Shuning uchun ham keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi O'zbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori ta'lim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda”,—deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev o'zining “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobida.

Darhaqiqat, mamlakatimizda ta'lim islohotlari va yoshlarga ko'rsatilayotgan e'tibor, g'amxo'rlik masalasida hatto biz o'ylab ko'rmagan, hali mo'ljalini olmagan imkoniyatlar yaratib berilayotganini aytsak aslo mubolag'a bo'lmaydi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 569-son “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan oliygohimizda 2018/2019 o'quv yilidan bosqichma-bosqich kredit tizimi joriy qilindi. Bugungi kunda tahsilning barcha bosqichlarida o'quv jarayoni to'liq kredit tizimida tashkil etilmoqda. Ta'lim jarayonlarini boshqarishni raqamlashtirish bo'yicha Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda http://hemis.ubtuit.uz tizimi ishga tushirilgan. Universitetning strukturasi, barcha ta'lim va ilmiy jarayoniga oid normativ huquqiy hujjatlar, xodimlar ma'lumotlari shu tizim orqali yuritilmoqda. Hozirga qadar barcha professor-o'qituvchilar va talabalar HEMIS tizimidan ro'yxatdan o'tkazilgan. Shuningdek, o'tgan 2020-2021 o'quv yilidan boshlab bitiruvchi talabalarning diplom ma'lumotlari shakllantirilgan va HEMIS tizimi orqali berish yo'lga qo'yilgan. Bundan tashqari, talabalar uchun universitetning http://student.ubtuit.uz va http://moodle.ubtuit.uz masofaviy ta'lim platformasi orqali qo'shimcha masofaviy dars jarayonlari tashkil etilyapti.

2019 yil 8 oktyabrdagi O'zbekiston Respub­likasi Prezidentining “O'zbekiston Respub­likasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmoni va O'zbekiston Respub­likasi Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida qo'­yilgan masalalarni bajarilishi yuzasidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali professor-o'qituvchilari tomonidan o'quv va ilmiy sohadagi ishlarini talab darajaga ko'tarish, zamonaviy uslublarda ilmiy-tadqiqot jarayonini olib borish maqsadida bir qator xorijiy oliy ta'lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va jamg'armalar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Shuningdek, dunyoning yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o'rnatish, o'quv jarayoniga ilg'or xorijiy tajribalarni joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-ta'lim muassasalarida stajirovkadan o'tkazish va malakasini oshirish, xorijiy professor-o'qituvchilarni ta'lim jarayoniga jalb qilish asosiy vazifa qilib belgilangan.

Hozirda filial hamkorlik aloqalari geo­grafiyasini kengaytirish jarayoniga kafedra mudirlarini jalb etgan holda xorijiy universitetlar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolab kelmoqda. Bunday hamkorlikdan ko'zlangan maqsad jahonning eng nufuzli top-1000 talikka kirgan oliygohlar tajribasidan o'quv va ilmiy faoliyatda keng foydalanish, oliygohlar olimlari orasida hamkorlikda tadqiqot olib borishni qo'llab-quvvatlashdir. Bunday hamkorlik ilmiy-texnik loyihalar, hamkorlikda Scopus va Webofscience kabi xalqaro ilmiy nashrlar bazalari tarkibiga kiruvchi ilmiy jurnallarda maqolalarni chop qilish bilan cheklanib qolmay universitet o'quv rejalari va dasturlarini ham solishtirish, tahlil qilish orqali zamonaviy va samarali bilimlar bilan boyitishni ham o'z ichiga oladi.

Filial professor-o'qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish maqsadida ularning xorijiy yetakchi oliy ta'lim muassasalarida o'z tadqiqotlarini olib borishi qo'llab-quvvatlanmoqda. Dasturiy injiniring kafedrasi assistent o'qituvchisi Rinat Abrorov hamda dasturiy injiniring kafedrasi assistent o'qituvchisi Tatyana Kim Belorus Fanlar akademiyasida aspiranturada tahsil olmoqdalar. “El-yurt umidi” grant dasturi asosida “Axborot texnolo­giyalari” kafedrasi assistenti Odamboy Jumanazarov Finlandiyaning Sharqiy Finlyandiya universitetida doktoranturada ilmiy izlanishlarini qilmoqda. “Tabiiy fanlar” kafedrasi dotsenti Nizomjon Jumaniya­zov Ispaniyaning   Santiyago de-Kompostela (USC) universitetida 6 oy muddatda stajirovka o'tamoqda. “Telekommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi assistenti Samandarov Bunyod Ispaniyaning Barselona universitetida doktoranturada o'qishni boshladi. “Telekommunikatsiya injiniringi” kafedrasi o'qituvchisi Bobojonov Suhrob   Janubiy Koreyaning Kumoh milliy texnologiya universitetida doktoranturada tahsil olishni boshladi.

QS Xalqaro reytingida 172-o'rin, QS Osiyo universitetlari reytingida 37-o'rin, QS BRICS davlatlari reytingida 8-o'rin, Hindistonda 1-o'rinni egallagan Bombeydagi Hindiston texnologiya instituti bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish, hamkorlik kelishuvini imzolash yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Xalqaro hamkorlik bo'limi dekani professor Amit Agrashal, ijrochi menejeri Sangita Kanjibiliya bilan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Urganch filiali talabalari uchun “Onlayn qabul jarayonlari va xorijiy talabalar uchun imkoniyatlar” mavzusida onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta'lim muassasalari bilan faol hamkorlikni rivojlantirish, o'zaro talabalar almashinuvi, ilmiy-pedagogik kadrlar almashinuvi yo'nalishlarida bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Filial professor-o'qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalari, maqolalarga iqtiboslik ko'rsatkichlari yildan-yilga o'sib bormoqda. Jumladan, 2020 yilda SCOPUS va WebOfSciene bazasidagi xalqaro ilmiy jurnallarda filial professor-o'qituvchilarining 18 ta maqolasi chop qilingan bo'lsa, 2021 yil davomida bu ko'rsatkich ikki barobarga oshgan holda 36 tani tashkil qilmoqda. Hozirgi kunda filial professor-o'qituvchilarining soni 72 nafar bo'lsa, SCOPUS bazasidagi mualliflar soni 75 nafarni tashkil qilmoqda. Deyarli 95 foiz professor-o'qituvchilarning SCOPUS bazasida maqolalari mavjud, shu bilan birga magis­trant talabalarning ham ulushi ortib bormoqda.

Keyingi yillarda universitetda ilmiy loyihalarni respublika va xalqaro grantlar doirasida bajarilish salmog'i ham kes­kin ortganligini kuzatish mumkin. Xususan, davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi dolzarb bo'lgan 8 ta fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar, shuningdek, yosh olimlarning innovatsion loyihalari, startap loyihalari amalga oshirilmoqda.

Joriy o'quv yilida talabalarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish va ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, qo'llab-quvvatlash maqsadida 70 dan ortiq tanlovlar va seminarlar tashkil etildi. Jumladan, “Zakovat” intellektual o'yinini aholi o'rtasida ommaviy harakatga aylantirish va boshqa o'yinlarni ommaviy harakatlarga aylantirish chora- tadbirlari bo'yicha filialda muntazam ravishda har haftada “Zakovat” intellektual o'yinlari o'tkazilib kelinmoqda. Talabalar o'rtasida o'tkazilgan “Dasturlash chempionati”, “Student Cup” startap loyihalar tanlovi, “O'zbekiston yoshlari forumi-2021”, “Kelajak liderlari forumi” tanlovlari va viloyatimizdagi eng nufuzli dasturlash kompaniyalari bilan hamkorlikda dasturlash va kiberxavfsizlik yo'nalishi bo'yicha “A1TECH & UBTUIT Best 2022” musobaqalar tashkil qilinmoqda.

Bugungi kunda IT sohasi barcha jabhalarga kirib bormoqda. Masalan, “Gumanitar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion lo­yihalar tanlovida ishtirok qilib, “Haft shuaro” majmuasini o'rganish orqali XIX asr Xorazm vohasining milliy-ma'naviy merosini tadqiq qilish va (o'zbek, rus, ing­liz tillarida) elektron ilovasini yaratish” mavzusidagi amaliy ilmiy-tadqiqot loyihasi uchun grant sohibi bo'ldi. Loyiha filial gumanitar va ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri Xajiyeva Iroda Adambayevna rahbarligida “Haft shuaro” majmuasi tahlili asosida XX asr boshidagi Xorazm adabiy muhitining asosiy xususiyatlarini va shoirlar asarlarining adabiy muhitdagi o'rnini tadqiq etishdan iboratdir va o'zbek, rus, ingliz tillarida elektron platformani yaratishni maqsad qilib olingan. Bu loyihani amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 654 million so'm mablag' ajratilgan.

Bularning barchasidan shuni aytish mumkinki, axborot rivojlanishiga o'z ilmiy va amaliy ishlanmalari bilan hissa qo'shuvchi yetuk bilimga ega yosh mutaxassislarni tayyorlash va ularning bilimlarini yanada oshirishga xizmat qiluvchi muhitni yaratib berish eng ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi.

Maqsudbek BAYDJONOV,

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi

TATU Urganch filiali direktori,

fizika-matematika fanlari nomzodi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 2 =