Har bir bolada bir daho yashaydi

Ma'lumki, Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan endilikda umumiy o'rta ta'lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilar faoliyati yo'lga qo'yildi.

 

Qalbi oppoq qog'ozday toza, nekbin tuyg'ularga limmo-lim, she'r yodlashga va qoyilmaqom tarzda sinfdoshlarini lol qoldirib o'qishga moyil o'quvchi farzandlarimiz huzuriga ularga ijodiy ruh bag'ishlash maqsadida kirib bordik. Biz jurnalist, ijodkorlarni ana shu beg'ubor olam vakillari umid va allanechuk hayrat bilan kutib olishdi. Adabiyot, she'riyat, ijodning manzil makoni ko'ngildan kechadigan jarayon ekanligini yana bir bor teran angladik.

…Jurnalistik faoliyatimda ko'pgina ijodkor-qalamkashlar bilan uchrashaman. Ijodiy mashqlariga munosabat bildiraman. Ayni   paytda bir sinf iste'dodlilar, adabiyotga, she'riyatga ishtiyoqmand yoshlar huzurida targ'ibotchining aytar so'zi, ishontira olishga qodir fikri, ijodga yo'naltira biladigan salohiyati bo'lishi kerak ekan. Ularga boqib ilk she'rimni adabiyot darsida o'qib berganimda hayratlangan sinfdosh­larimni esladim. Ilk she'rim tuman, viloyat gazetalarida, keyinroq ToshDU (hozirgi O'zMU)da chop etiladigan “Universitet” gazetasida chiqqan kezlar ko'z o'ngimdan o'tdi. Orzularning qanoti bo'lishiga o'shanda bolalik tasavvurim bilan ishonganman. Hanuz ustozlarim oldida qarzdorlik tuyg'usini his qilaman… Meni qo'llab-quvvatlashgani, garchi tahrirtalab bo'lsa-da mashqlarimni e'tirof etishganlari uchun…

Bir kuni tahririyatimizga olis Eshonquduq qishlog'idan Sarvar ismli qalamkash kelib, ijod mashqlarini ko'zdan kechirib maslahat berishimizni so'radi. She'rlarini varaqladim. Mazmun bor, maqsad bor. Ilk qadamlar uchun chakki emas.

— She'rlaringni ustozlaring, ota-onangga ham o'qib berasanmi, deya qiziqib so'radim yosh qalamkashdan.

U biroz jimib qolib, yo'q, ular she'r yozishimni bilishmaydi deb allanechuk ma'yus tortdi…

Nega, degan savolimga ham yetarli javob ololmadim… Ilk she'rlarini gazetada chop etdik. Qator ko'rik-tanlovlarda ishtirok etdi. Harbiy sohani tanlasa-da ijoddan chetlashgani yo'q… Har bir bolada bir daho yashaydi deydilar. Faqat ularni qo'llab-quvvatlash kerak. Bilishimcha, o'shanda Sarvar uyidagilardan ham, adabiyot o'qituvchisidan ham iliq fikr eshitmagan ekan.

Biz targ'ibotchilar aynan ana shunday kezda, ya'ni bolada iste'dod nishonalari sezilgandayoq mohirlik bilan ish tutishimiz kerak. Havas degan go'zal bir tuyg'u bor, iste'dod tarbiyasida havasning ahamiyati juda katta. Aql tarozusida tosh bosadigan ezguliklar yosh vujudning iste'dodini kamolga yetkazishda ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Oddiy izoh: bola bog'cha opasida onasida his qilgan xis­latlarni qidiradi, 1-sinfga borganida birinchi o'qituvchidan ham ana shunday mehrni kutadi. Agar bolaning kechinmalari, intilishlariga befarqlik qilinsa, unib kelayotgan niholning iste'dod atalmish g'unchalariga darz yetkazib qo'yish mumkin. Har bir ota-ona, ustoz-murabbiy, endilikda targ'ibotchilar ham bola qobiliyati, iqtidorini aniqlab, qo'llab-quvvatlasa, jamiyatimizda iste'dodli o'g'il-qizlar safi kengayib boraveradi. Tarixdan ma'lumki, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mirzo Ulug'bek kabi buyuk shaxslar ham ilk bora iste'dod saboqlarini salohiyatli ustozlaridan o'rganishgan.

Demak, ta'lim dargohlariga katta umidlar bilan safarbar etildimi, uning natijalari, samarasi iste'dodli yoshlarning misolida aks etishi kerak. Bitta sinfda kamida 25-30 nafar o'quvchi bo'lsa, har birining orzu-intilishlari bor. Sinfda, maktabda eng to'polonchi, sho'x o'quvchining ham qaysidir jihatdan yarq etgan jihati, iste'dodi, o'z olami bo'ladi. Faqat uni kashf etish, to'g'rirog'i topa bilish, do'stlashish, ma'naviy motivatsiya berish kerak, xolos. Buni targ'ibotchilik faoliyatimning birinchi uchrashuv kunidayoq sezib ulgurdim. Bitiruvchi sinfga yo'llashdi. Bolalar ancha dadil, o'ziga ishonchi baland, mustaqil   fikrini bildira oladigan ko'rkam… Har biri bir dunyo. Birma-bir tanishib chiqdim. Maqsadlarini so'radim. Har birining ismi bilan ham qiziqib, bilganimcha ism ma'nolariga yo'l-yo'lakay izoh berib turdim. Quvonchbek, Asadbek, Ma'ruf, Mansur, Jalol, Sakina, Feruza, Mansur, Davlatbek… Uchrashuv do'stona, samimiy davra suhbatiga aylanib ketdi. Shuni kutgandim. Sinfda she'r yozadigan, ifodali o'qiydigan,   maqomga qiziqadigan   iste'dodlarni aniqlab oldim. Xursand bo'lganim maktabdagi birinchi uchrashuv kutganimdan ham ziyoda mehrli o'tdi… Yana bir jihatni angladimki, bola qalbi beg'ubor bo'lishi bilan birga samimiy ham. Bu qalb soxtalikni, yolg'onni ko'tarmaydi. Uni ishontirish uchun asosli fikrni aytish kerak. Shunchaki suhbat bolani zeriktiradi. U ayni davrimizdagi o'zgarishlarga befarq emas. Uni tinglash ham kerak. Ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchiligimiz bizga ana shunday mas'uliyat ham yukladi.

Men faoliyat yuritayotgan dargohda suxandonlik, notiqlik, jurnalistikaga qiziqadigan yoshlar ko'p ekan. Yangi o'quv yilida 30 dan ortiq ijodkor yoshlarni to'plab “Iste'dod klubi”ni tuzib oldik. Ilk mashg'ulotimiz “Men ijodni qanday tushunaman” mavzusiga qaratildi. Ijodga, adabiyotga mehri baland — Dilorom, Sevinch, Rayhona, Gulshoda, Nodirbek, Doston, Asqar, Adiba singari o'quvchilar ijodiy mashqlarini o'qib berishdi. Maktab kutubxonasi bilan hamkorlikda “Mening hikoyam” mavzusida onlayn-musobaqalarga tayyorgarlikni boshlab yubordik. El e'zozidagi shoirlar — Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusufning Vatan haqidagi she'rlari asosida mushoira tashkil etdik. Quvonarlisi, ijodga moyil yoshlarning nigohlarida ko'tarinkilik, ezgulik, go'zallikka oshuftalik shundoqqina aks etib turadi. Jurnalist sifatida xizmat taqozosi bilan maktablarga turli tadbirlarga borib kelar ekanmiz-u, yoshlarning ijodiy davralariga chuqur yondashmaganligimiz sezildi.

Yana bir jihati, biz targ'ibotchilarning maktablarga borishimiz bolalar oldidagi ma'naviy qarzimiz ko'pligini bildirib qo'ydi. Adabiyot darsliklarida hazrat Navoiyning 4 yoshida g'azal yod olganini hayrat bilan o'qiganmiz. Biroq yosh Alisher yashagan davr iste'dodlarining ildizi haqida o'quvchiga to'la-to'kis tushunchalar berilgan deb ayta olmaymiz. Bugun bolaga sodda va ravon, beg'ubor ijod namunalari kerak.

Iste'dodsiz bolaning o'zi yo'q. Biroq qaysidir bolaning iste'dodi yarq etib ko'zga tashlanadi-yu, qaysidir bolada sokin tabiati bilan iste'dodi berkinib qolaveradi. Biz ana shunday iste'dodlarni uyg'otishimiz, ruhan yuksaltirishimiz kerak. Mayli bir qarashda o'quvchining ijod mahsuli anchagina tahrirtalab bo'lsin. Shunda ham bola qalbini ezgulikka to'ldiraylik. Harbiy, shifokor, hamshira, tadbirkorlarning tabiatida ijodga moyillik borligini davralarda ko'p kuzatganman. Bir manbada o'qib qoldim. Angliyalik mashhur uchuvchi o'z o'rindig'iga o'tirishdan oldin bolalikda yodlagan she'ridan eng sevimlisini baralla o'qir ekan. Avvaliga bortdagilar hayron bo'lishibdi. Mohir uchuvchining ruhi tetik, ko'zlari porlab parvozga shay turar ekan. Uchuvchi hayratlangan do'stlariga qarab “osmonga parvozdan oldin yurakni uyg'otish kerak” deya javob berarkan.

Ha, olam hayratlarga to'la. Bola nigohidagi hayratlarni ko'rib ko'nglimiz tozaradi. Umumta'lim maktab­larida ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi sifatida faoliyat ko'rsatayotgan aziz do'stlarim, biz o'quv maskanlarida ana shunday hayratlarni kamolga yetkazaylik!

Zamira MAMATQULOVA,

G'uzor tumanidagi 9-umumiy o'rta ta'lim maktabining

ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchisi,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + twelve =