Uchinchi Renessans yolqinlari yoki jahon bilan bo'ylashayotgan litsey
Germaniyalik taniqli turkiyshunos, professor Ingeborg Baldauf 1993 yilda yurtimizga kelgan — o'shanda tanishganman. Xonim ikki minginchi yilning oktyabrida O'zMU o'zbek filologiyasi fakultetida talabalarga dars o'tgan. U o'zbek tilida shunday chiroyli gapirardiki, mahliyo bo'lib qolardingiz. Iste'molda kam qo'llanadigan “zarif” so'zini ham ko'p ishlatardi. Xullas, suhbatlarimizdan birida: “Germaniyalik talabalar juda kuchli bo'lsa kerak. Ularga tenglashmog'imizga ancha bor” dedim. Ingeborg: “Menimcha, sizlarning talabalaringizning darajasi baland. Lekin ularga qulay sharoitlar yaratib berilmagan”, dedi. Men esa hayratlandim. “Qanaqasiga, o'zbek talabalari hali jahon miqyosida biron natijaga erisha olmagan-ku?” dedim.
Bu suhbatni bejiz eslamayapman.
Kuni kecha qo'limga bir ma'lumotnoma tushib qoldi. Unda qayd etilishicha, Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o'quvchilari 2008-2021 yillarda jahon va xalqaro fan olimpiadalarida qatnashib, 82 ta medalni — 13 ta oltin, 24 ta kumush, 45 ta bronza medalni qo'lga kiritgan ekanlar. Chunonchi, mazkur litsey o'quvchilari Rossiya, Turkiya, Qozog'iston, Janubiy Koreya, Singapur, Daniya, Indoneziya, Shveysariya, Vyetnam, Ozarbayjon, Gruziya, Tailand, Belarus, Eron, Slovakiya, Chexiya, Vengriya, Fransiya, Portugaliya, Yaponiya kabi mamlakatlarda o'tkazilgan fan bellashuvlarida muvaffaqiyatli ishtirok etganlar. Ana o'sha zafarlar bois litsey direktori biologiya fanlari doktori, professor Ortiqboy Eshonqulov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi” faxriy unvoniga sazovor bo'lgan.
Mazkur ma'lumotnomani o'qib juda hayajonlandim. Boisi, ulkan muvaffaqiyatlari tugul poytaxtimizda Toshkent Pediatriya institutining akademik litseyi mavjudligidan ham voqif emasdim. Saksoninchi yillarning oxirlarida do'stimning ishi yuzasidan SamPIga ko'p borganman, Bahromjonov degan vrach bilan suhbatlashganman ham. Ammo bugun litsey bahonasida yana o'sha ko'chalarda kezishim xayolimga kelgan emas.
…O'tgan shanba kuni edi. Ortiqboy domlaga sim qoqib, o'zimni tanishtirdim; maqsadimni aytdim. “Dushanba kuni uchrashsak bo'lmaydimi?” dedi domla. “Bilasizmi, men ruhan tayyorlanib o'tiribman. Dam olish kunida ataylab shu rejani xayolda pishitgan edim”, — dedim. “Ishxonangiz qaerda?”. “Navoiy metrosining yonida”. “Ha, ancha uzoq ekan. SamPI (oliy o'quv yurtining eski nomi. B.R.)ni bilasizmi?”. “Bilaman. Avvallari shu institutga ko'p qatnaganman”. “Unday bo'lsa kelaqoling”. “Bir yuz o'n beshinchi avtobusga o'tirib boraman. Bir soatlar chamasida…”
“Avtobus” so'ziga atayin urg'u berdim. Chunki, ko'p domlalar, jurnalistlarning mashinasi bor, deb o'ylashadi. Kamina avtoulovga umuman qiziqmaganman.
…Avtobus derazasidan qarab borar ekanman, bolalik davrlarimda matematika fani bo'yicha tuman olimpiadasida qatnashganim esimga tushdi. Qishloq bolalari soddaroq, tortinchoqroq bo'lishadi. Qal'alik (tuman markazidagi maktablarda o'qiydiganlarni “qal'alik” der edilar) tengqurlarimiz mag'rur alpozda ko'kraklarini kerib yurganlarini ko'rib, nafasim ichimga tushib ketgan edi. Ularning telpaklari ham boshqacha shaklda… “Sen qaysi maktabdan?” degandi bir gerdaygan bola. “Navoyi…”. “Ha, Navoyi” dedi-da, maktabga kirib ketdi.
O'sha paytlarda fan olimpiadalari Shovot tumani markazidagi Strelkov nomli o'rta maktabda o'tkazilardi.
Qattiq hayajonlanganimdan masalalarni ko'ngildagiday yecha olmadim. Keyinchalik “olimpiada” so'zini eshitishim bilanoq qaltiraydigan bo'ldim. Bu atamani yoqtirmasdim. Yettinchi sinfda o'qiyotganimda fizika fani bo'yicha tuman olimpiadasi g'olibi bo'ldim. So'ng esa tarix fani bo'yicha tumanda birinchi o'rinni egallab, viloyat bosqichida qatnashdim. O'shanda yonimda o'tirib, yozayotganlarimga qiyo boqib, mendan ko'chirgan qiz g'oliblikni qo'lga kiritib, respublika bosqichiga o'tdi. Alhol, ba'zan tanish-bilishchilik voqelikka ko'chishini tusmollaganman. Lekin xalqaro, jahon olimpiadalari… Bu butunlay boshqacha daraja, nufuzga ega. Rivojlangan mamlakatlarda xolislik qoidalariga amal qilinishi barchaga ma'lum.
Xullas, ana shunday xotiralar ta'sirida borar manzilim — litsey bo'sag'asidan qanday xatlaganimni ham sezmay qoldim. Bir odam peshvoz chiqdi va meni bufet sari boshladi: direktor qahva ichib, meni shu yerda kutib o'tirgan ekan. Biz xuddi eski qadrdonlar kabi suhbatga kirishdik. Chunki, Ortiqboy domla ham shoir tabiatli inson ekan. Gap-so'zlarimiz tezgina qovushdi. Men yo'lda xayolimdan o'tkazganlarimni gapirdim. Olimpiada hayajonlari xususida… “Ha, shunday bo'ladi o'zi”, — deya fikrimni quvvatladi domla. “Bir gal Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan muallimlar, ota-onalar, o'quvchilar bilan duch keldik. Hammasi gerdaygan, qo'llarida qimmatbaho telefonlar… Bizlarniki oddiygina. “Ada, bular hamma medallarni ilib ketsalar kerak. Yurishlariga qarang, yurishlariga…” deya tashvishlandi o'g'lim Jahongir. “Bolam, gap yurishdamas, gap — kallada!”, deya tasalli berdim. Xuddi aytganimday bo'ldi. Bellashuvlar yakunida ularning o'quvchilari auditoriyadan yig'lab chiqib ketdilar. Bizning o'quvchilar esa juda yaxshi natijalarga erishdilar…”
Domla chindan ham samimiy, xushchaqchaq inson ekan. “Ichimdagini top” xilidan emas. Jurnalist qavmiga shunisi asqotadi-da! Matbuot ko'chalarida bu “oqargan bosh” nimalarni ko'rmagan, deysiz. Ayrim ziyolilar muxbirlar bilan suhbat qurishni ham istamaydilar.
“Suhbatning davomini kabinetga qoldirsak”, — dedi domla. So'ng, bir maqtanib qo'yay, deya kulimsirab stendlar sari boshladi. Stendlarda oltin, kumush, bronza medal olgan o'quvchilarning suratlari, ular haqidagi ma'lumotnomalar joylashtirilgan ekan. Ikkinchi tarafda esa diplom va sertifikatlarning nusxalari… Yana bir tarafda turli mamlakatlar vakillarining bayroq ushlab tushgan suratlari. Eng qudratli mamlakatlarniki qatorida bizning bayroq alohida yaraqlab turibdi. “Xuddi sportga oid olimpiadalar manzaralariga o'xshar ekan!” dedim hayajonlanib. “Shunday. Fan olimpiadalarida ham bayroqlar ko'tariladi. Biz O'zbekiston nomidan borganmiz, mamlakatimiz sharafini himoya qilganmiz”.
Gapning rosti, butun jurnalistlik faoliyatimda bu qadar hayajonlanmagan edim. Tokio olimpiadasi sovrindorlari haqida ham maqola yozganman. Unda televidenie, internet xabarlarini oldindan eshitganmiz, voqelikka ruhan tayyor edik. Bu galgisi esa boshqacha… Qiziq, negadir sportga oid olimpiadalar axborot vositalarida takror-takror targ'ib qilinadi-yu, fanga doirlari bobida qariyb sukut saqlaydilar; fandagi zafarlar sportdagi muvaffaqiyatlar bilan qachon tenglashtiriladi axir?!
Kabinetga chiqqanimizdan so'ng domla bir albomni ko'rsatdi. Muqovasidagi yozuvlarni o'qidim: “Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o'quvchilarining 2008-2020 yillarda jahon va xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlari”. So'zboshidan bir shingilini shu ondayoq daftarimga ko'chirib oldim: “2008-2020 yillarda Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti akademik litsey o'quvchilari dunyoning turli davlatlarida bo'lib o'tgan fan olimpiadalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, jami 72 ta — 11 ta oltin, 20 ta kumush va 41 ta bronza medaliga sazovor bo'ldi. Shundan oxirgi 3 yilda 35 ta medal — 6 ta oltin, 12 ta kumush, 17 ta bronza”.
— Uch yilda o'ttiz beshta medal. Juda katta natija-ku? Bunaqasini eshitmagan edim…
— Yigirma birinchi yilgi natijalar hali bunga kiritilmagan,— deydi Ortiqboy Eshonqulov kulimsirab. So'ng gurungda davom etdi:
— Shu turdagi albomlarni rus, ingliz tillariga o'girtirib, tayyorlatib qo'yibman. Xorijga olimpiadalarga borganimizda asqotadi-da! Masalan, 2019 yilda Parijda tashkil qilingan 51- Jahon olimpiadasida albomlarni tarqatdim. Ko'pchilik qiziqib o'qib chiqdilar. So'ng… g'aroyib hodisa ro'y berdi. Kimdir birov “O'zbekiston, O'zbekiston” deb kelaverdi. O'zini tanishtirdi. U kishi Fransiyada mashhur shaxs, Nobel mukofoti sovrindori Jean- Pierre Sauvage ekan. Inglizchada gapirib, “Sizlarning litseylaringiz medallar jabhasida nafaqat O'zbekistonda, balki jahonda yagona ekan” dedi. Buyuk olimning e'tirofi bizga yanada kuch bag'ishladi…
— Inglizchani bilasizmi?
— Tushunaman. Suhbatlashish darajasida bilaman. O'g'lim Jahongir ingliz, koreys tillarini o'zlashtirgan. Xorijga chiqqanimizda tilmochlik ham qiladi.
Taqqoslar uchun ajabtovur faktlar. Darhaqiqat, tibbiyot asoslari o'rgatiladigan akademik litsey o'quvchilari qo'lga kiritgan sovrinlar g'aroyib tuyuladi.
Professor Ortiqboy Eshonqulov 1997 yilda litsey tashkil etilishida qatnashgan ekan. Shundan beri direktorlik lavozimida ishlab kelmoqda.
— Jizzax viloyatida, dehqon oilasida tug'ilib, o'sganman, — deydi domla.
— Maktabimiz sakkiz yillik edi. Binosi judayam xarob ahvolda edi. To'qqizinchi sinf o'quvini tuman markazidagi maktabda davom ettirdim.
Bu maktabda barcha fanlardan a'lo baholarga o'qidim. Rahmatli ustozim Sobir Rahmatullayev bilimdon, mehribon va qattiqqo'l ustoz edilar. Zafarlarga erishuvimda u kishining hissalari ko'p.
Ortiqboy aka ToshMIni tamomlaganidan so'ng 1972-1973 yillarda Jizzax shahar sanepidstansiyasi (hozirda sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining Jizzax shahar bo'limi) vrachi vazifasida faoliyat ko'rsatdi. Jamoada o'z o'rnini endigina topayotganida hayotida keskin burilish yasaldi. Ustozi Ataullo Oqilov xizmat taqozosi bois Jizzaxga borib qoladi. “Eshitdim. Ishni yaxshi boshlabsan. Lekin sen olim bo'lishing kerak. O'zim ustozlik qilaman!” dedi.
Alalxusus, u 1973-1995 yillarda Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti biologiya kafedrasi assistenti, katta o'qituvchisi, professori bo'ldi. Endi bu ertak emas. Boisi, tinimsiz mehnat, intilishlar o'z samarasini ko'rsatdi.
1997 yilning yoz oylari. ToshPTIning o'sha davrdagi rektori Damin Asadov izlanuvchan domlani kabinetiga chaqiradi: “Ortiqboy, ToshMI bir, ToshMI ikki… yana ko'plab oliygohlarning litseylari bor. Nega bizniki yo'q? Biz ulardan kammizmi?”. “Albatta, kam emasmiz, Damin Abdurahimovich!”. “Kam bo'lmasak, litseyni o'zingiz tashkil etasiz. Sizga ruxsat — istagan oliygohlaringiz litseylari faoliyatini o'rganib chiqasiz. Gap tamom. Vassalom!”.
Bu haqda hikoya qilarkan domla jiddiy tortadi: “Xuddi yelkamga og'ir bir tog' o'rnashgandek bo'ldi. Bu axir ulkan mas'uliyat! Va yana ishonch ham…” Mashaqqatdan hayiqmaydigan domla mutasaddilar bilan aloqa bog'lagan. Lozim paytida iltimos qilgan. Ularni bo'lajak litsey kelajagiga ishontira olgan. 1997 yilning 2 sentyabrida Ortiqboy Eshonqulov ToshPTI qoshidagi litsey direktori rutbasida faoliyatini boshlaydi. “Dastlab 50 nafar o'quvchi yig'dik”, deydi domla.
Xudo xohlasa, kelasi yilning sentyabrida mazkur akademik litsey o'zining chorak asrlik yubileyini nishonlaydi. Ayni davrda ilm dargohida to'rt yuz nafarga yaqin talaba tahsil ko'rayotir. Bugun pedagogik jamoa yetmish besh kishidan iborat. “Bitiruvchilarimizning to'qson-to'qson to'rt foizi oliy o'quv yurtlariga o'qishga kiradilar. Rossiya, Turkiya kabi davlatlarda tahsilini davom ettirayotgan shogirdlarimiz ham bor” deydi Ortiqboy aka.
…Yilnomani varaqlashga kirishaman. 2008 yil. 42-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida litsey talabasi Anvarxo'ja Maqsudxo'jayev oltin medalni, Ravshan Mirzayev kumush medalni qo'lga kiritadi. Toshkent shahrida. Ilk sovrinlar. 2011 yil. 45-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida Dilafruz G'aniyeva kumush, Hamidulla To'xtayev bronza medaliga loyiq ko'riladi. Moskva shahrida. 2012 yil. Qozog'istonda o'tkazilgan 46-Xalqaro Mendeleev olimpiadasi. “Bronza”chi Hamidulla bu gal “oltin”ga ega chiqadi. Sunnatulla Olloyorov kumush, Nodirjon Bahodirov bronza medali bilan taqdirlanadi.
2013 yil. Behzodbek Boltayev kumush medal sohibi bo'ladi. Javlonbek Muhsimov ham kumush, Nodira Alakbarova, Shohidbek Rahmatillayev, David Kalendarevlar bronza medallariga munosib deb topiladilar. Xuddi shu yili “kumushchi” Behzodbek Boltayev Moskva shahrida o'tkazilgan 45- Jahon kimyo olimpiadasida oltin medalga sazovor bo'ladi va uning “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishi akademik litseyda tantanaga aylanib ketadi. 2014 yil. Moskva. “Kumush”chi Javlonbek Muhsimov 48-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida oltin medalni qo'lga kiritadi. 46-Jahon kimyo olimpiadasida Behzodbek Boltayev bo'ynida yana “oltin” yaraqlaydi. Xuddi shu o'rinda “oltin medal”chilar ro'yxatini davom ettirmasak bo'lmas: Jaloliddin Hamidullayev, Islomjon Karimov, Dilshodaxon Isayeva, Mirumid Mirakbarov, Saida Valijonova. Darvoqe, Saida Valijonova 2020 yilda Yaponiyaning Nagasaki shahrida o'tkazilgan 31-Jahon olimpiadasida biologiya fani bo'yicha oltin medal sohibasi bo'lgan.
Eng quvonchlisi, 2021 yilda Rossiyada o'tkazilgan 55-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida litsey yoshlari 2 ta kumush, 1 ta bronza medaliga sazovor bo'lishdi. Shuningdek, joriy yilda o'quv maskani o'quvchilari Yaponiya va Portugaliya davlatlarida bo'lib o'tgan Xalqaro kimyo, biologiya fan olimpiadalarida qo'shaloq oltin medallarni qo'lga kiritdilar.
Kumush va bronza medallari sohiblari hozircha bizdan xafa bo'lmasinlar — sababi, rejalashtirilayotgan kitobimizda bu xususda batafsil hikoya qilamiz.
Bir gap. Kamina oltmishdan oshgan. Tuman, viloyat, mamlakat miqyosidagi ko'plab litseylarga qadam ranjida qilganman — ammo, mubolag'a emas, bu maqomdagi “superlitsey”ga ilk bora ro'baro' kelib turishim. Uncha-munchaga his-tuyg'uga chulg'anmaydigan yuragim hayajon ichida bilsangiz!
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev muallimlar va talabalar bilan suhbat o'tkazganlarida mazkur akademik litseyning kimyo fani o'qituvchisi Lazizbek Zaylobov so'zga chiqib, bugun zamonaviy laboratoriyalarga ehtiyoj sezilmoqda. Agar qulay shart-sharoitlar yaratib berilsa, “bronza”larimiz “kumush”ga, “kumush”larimiz “oltin”ga aylangan bo'lur edi, dedi. Yana aytdiki, avvallari sovrindorlarga “Faxriy yorliq”largina berilardi. Endilikda sovrindor talaba va uning ustoziga ham pul mukofotlari taqdim qilinmoqda. Bu talaba va ustozlarni yuksak natijalar sari yanada ruhlantiradi.
Shuningdek, akademik litsey “yulduz”laridan biri Mirumid Mirakbarov otashin nutq so'zladi. Prezident: “Sizda nimaga ishonch tuyg'usi mana shunday jo'sh urib turibdi? Bilimingiz bor. Hech kim, hech qachon bu bilimni tortib ololmaydi” dedi. Yurtboshining e'tirofi, talabalarning ota-onalariga bildirgan tashakkuri har nedan ulug'dir.
Men Lazizbek domlaning gaplarini eslab qoldim. Shu lahzalarda professor germaniyalik Ingeborg Baldauf so'zlari “lop” etib yana xayolimga keldi. Voqean, agarda mamlakatimizda Yevropa maktablari, litseylari darajasidagi qulay shart-sharoitlar yaratib berilsa bormi, bizning o'quvchilar, talabalar jahonni ilmu zakovati ila bundan-da ortiqroq lol qoldirar edilar.
…Ortiqboy Eshonqulov bilan xayrlashayotganimda javonda terib qo'yilgan kitoblarga ko'zim tushdi. “Bular — men yaratgan biologiya darsliklari” dedi u mamnuniyat ila. Chamasi, o'n beshdan oshiq darslik va qo'llanma. Bir darsligi rus tilida ham nashr qilinibdi. Avvallari, zamonamiz qahramonlari qanday bo'ladi o'zi, deya savollarimizga javob axtarib qiynalardik. Zamona qahramonlari ko'p ekan. Biroq biz qalam ahllarining loqaydligi, sustkashligi orqasida ular panada qolayotgan ekanlar. Ularni ko'ra bilsak, kashf eta bilsak Uchinchi Renessans kurtaklari shiddat ila bo'rtib kelayotgani oydinlashadi.
Bahrom RO'ZIMUHAMMAD