Daraxt mevasi bilan go'zal

yoxud bolalik “mamlakati”ga sayohat

Ba'zan bolaligim o'tib ketdi yoki bolalik qaytmaydi, degan iboralarni ishlatamiz. Aslida esa u hech qaerga ketmas ekan. U maktablarimizda yashayapti! Katta tanaffusda sho'x-shodon qiyqirib o'ynab yurgan, dars payti jajji qo'lchalarini ko'tarib, burro-burro so'zlashga urinayotgan, besh olganda beg'ubor ko'zlariga olam-olam xursandchilik to'lgan bolalikning bor bo'y-bastini, siyratiyu suratini maktablarda ko'rish mumkin. Vaqt o'tyapti. Odamzot o'zgaryapti. Ammo bolalik hamon beg'ubor, hamon go'zal, hamon umid-­ishonchlarga to'la…

Kasb taqozosi bilan poytaxtimizdagi 159-maktab darvozasidan kirarkanmiz, shunday xayollar chulg'ab oldi. Ta'lim maskani shinam ko'rinishga ega. Atrofi sim to'siqlar bilan o'rab olingan hovli o'quvchilar bilan gavjum. O'quvchilarning yaxshi ma'nodagi shovqini butun maktabni tutib ketgan. Xullas, anglashildiki, biz katta tanaffus mahali maktabga kirib boribmiz. Eshikdan kirganimiz hamono adras nimcha kiygan ayol kutib olib, “Yo'l bo'lsin” qildilar. Maqsadimizni bilgach direktorning xonasiga kuzatib qo'ydilar. Shinamgina yo'laklar anvoyi xonaki gullar bilan bezatilgan. Devoriy gazetalarda ta'lim maskani hayotidan lavhalar berilgan. Maktab direktori, oliy toifali o'qituvchi Hamida Mansurovadan esa bu yerdagi ta'lim jarayoni, o'quvchilarning ishtiyoqiyu iste'dodi va ustoz-murabbiylari haqida ham to'liqroq ma'lumotga ega bo'ldik:

— Maktabimizda ta'lim rus tilida olib boriladi. Aslida maskanimiz 960 o'ringa mo'ljallangan bo'lsa-da, 1518 nafar o'quvchi tahsil oladi. Shuning uchun uch yildan buyon birinchi sinfga bola qabul qilmayapmiz. Va'da qilinganidek, yana qo'shimcha bino qurib berilsa, keyingi o'quv yilidan yana qamrovimiz kengayadi, Xudo xohlasa. Faxrlanib shuni aytishim mumkinki, bu yil oliy ta'limga qabul qilingan bitiruvchilarimiz hozircha 40 foizdan oshdi. Hozircha deyishimga sabab bizning o'quvchilarimizning ko'pchiligi xorijiy universitetlarga hujjat topshirishgan. Ularning ayrimlarida hali imtihonlar davom etmoqda. Umid qilamanki, bitiruvchilarimizning 50 foizdan ko'prog'i oliy ta'limga qamrab olinishiga erishamiz. Bolalarimizning chet davlatlar oliygohlariga bo'lgan qizi­qishlarini hisobga olib, uchta sinfni ing­liz tiliga ixtisoslashtirdik.

Niyatimiz o'quvchilarimiz chet tillarini yanada puxtaroq o'rganib, o'zlari orzu qilgan oliygohlarda tahsil olishsin. Axir, aytishadiku, yoshlikda olingan bilim, toshga o'yilgan naqsh kabidir.

Darhaqiqat, daraxt mevasi bilan go'zal.

O'qituvchilar esa iste'dodli, iqtidorli o'quvchilari bilan faxrlanishadi.

— Aslida bolalarning hammasi ilmga chanqoq, kitobsevar, yangi ma'lumotlarga mushtoq. Ularning har birida qaysidir yo'nalishda iste'dod bor. Ularni vaqtida ilg'ash, to'g'ri yo'naltirish esa biz o'qituvchilarning va ota-onalarning vazifasi, — deya so'zini davom ettiradi H.Mansurova. — Bizda fan olimpiadalarida g'olib bo'lganlar bilan bir qatorda sportning stol tennisi, voleybol, shaxmat kabi turlaridan sovrindorlarimiz ko'p. Hatto beshinchi sinfda tahsil olayotgan o'quvchimiz Shahnoza Hasanova shaxmat bo'yicha Osiyo chempioni hisoblanadi.

Direktor opaning qulfi dili ochilayotganini ko'rib biz ham asosiy savollarimizdan birini berdik: ”To'g'ri, iste'dodlarni tarbiyalashning ham o'zi bo'lmaydi. Buning uchun shart-sharoit kerak. Yaxshi, bilimli ustozlar kerak. Shunday emasmi? Prezidentimizning shaxsan o'zlari muammolarni, kamchiliklarni ro'y-rost aytishdan cho'chimaslik kerakligini ta'kidlaydilar. Siz ham aytavering, opa, maktabingizda qanday hal etilishi zarur bo'lgan muammolar bor?”

— Ha, muammolar bor. Eng og'riqli nuqtamiz — kadr masalasi. Aniq fanlar: matematika, fizika, ximiyalardan o'qituvchi yetishmovchiligi bor. Mana, hozir ham universitetlar dekanlarining telefon raqamlarini topib, bitta-bitta qo'ng'iroq qilib o'tiribman. “Bizga bitiruvchi kurs talabalaringizni ishga yuboring” deb iltimos qilyapman. Maktabimizda ta'lim rus tilida olib borilayotgani uchun kadr masalasi muammo bo'lsa kerak, deb o'ylardim. Yaqinda tuman xalq ta'limi bo'limida bo'lib o'tgan direktorlar yig'ilishida amin bo'ldimki, poytaxtdagi, balki butun respublikadagi hamma maktablarda aniq fanlar bo'yicha kadrlar muammosi bor ekan. Balki hukumat darajasida shu masalaga e'tibor qaratib,   oliygohlarga aniq fanlar yo'nalishlarida qabul kvotalarini oshirish kerakmikan? Esingizda bo'lsa, 4-5 yil avval ingliz tili o'qituvchilariga ehtiyoj katta edi. Bugun bu talab deyarli qondirildi. Endi aniq fanlarga ham xuddi shunday e'tibor qaratilsa, yaxshi bo'lardi, — deydi maktab direktori H. Mansurova.

Albatta, Hamida opa aytgan muammo ko'plab maktab direktorlarini ham o'ylantirayotgan bo'lsa, ajab emas. O'ylaymizki, masalaga e'tibor qaratiladi va yechimi borasidagi qadamlar tashlanadi. Zotan, ta'limga qilingan g'amxo'rlik samarasiz bo'lmaydi.

Aytishlaricha, sentyabr xalq ta'limi tizimida boshlang'ich sinf o'quvchilariga alohida e'tibor beriladigan oy ekan. Shu oylik munosabati bilan respublika bo'yicha maktablarda turli tadbirlar, musobaqalar, ochiq darslar va olimpiadalar o'tkazilayotgan ekan. Biz ham jajji bilag'onlar bilan uchrashish niyatimizni aytdik. Direktor opa bizni boshlang'ich ta'lim bo'limi rahbari, o'qituvchi Dilorom Bo'tayeva bilan tanishtirdi. Ustoz uzoq yillardan beri shu maktabda murg'ak bolajonlarga ta'lim berayotgan ekan. Suhbatimiz avvalidanoq jajji shogirdlarini maqtay ketdi:

— Mana, bugun 4-“B” sinfida o'qiydigan o'quvchim Azamat Rahimjonov tuman bo'yicha “Yosh magistrlar” tanlovida birinchi o'rinni egalladi. Kecha esa husnixat, ya'ni chiroyli yozish tanlovida ikki o'quvchimiz sovrindor bo'lib kelgan edi. Xudoga shukur, hamma bolalarimiz iste'dodli.

Ustozning oxirga gapiga to'liq qo'shildim. Chindan ham, soflik to'la ko'zlarini o'qituvchisiga tikib, har bir so'ziga diqqat bilan quloq solib turgan bu bolakay va qizaloqlarning hech birini loqayd deb bo'lmaydi. Har birining nigohida uchqun bor. Kelajakka umid-ishonch bor. Axir, bizning bor orzularimiz, ertamiz shularning qo'lidaku aslida. Ularni faqat murg'ak yoshida emas, o'spirinligida ham, yoshligida ham va undan keyin ham ilmga, kitobga muhabbat ruhida tarbiyalash esa kattalarning yelkasidagi vazifa. Bekorga ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” demagan.

Keng, yorug', barcha zarur texnologiyalar bilan jihozlangan o'quv xonasidan chiqarkanmiz, ustoz va bolalardan darsga biroz xalal berganimiz uchun yana bir bor uzr so'radik. Boshlang'ich sinf oyligi haqida to'liqroq ma'lumotlarni esa hamrohimiz direktor opadan so'radik:

— Bu oylik doirasida maktabimizda turli xil tanlovlar, ochiq darslar, sport musobaqalari o'tkazilyapti. Ayniqsa, kuni kecha bo'lib o'tgan asfaltga surat chizish tanlovi bolajonlarimizga katta qiziqish va xursand­chilik berdi. Qolaversa, barcha fanlar bo'yicha kichik olimpiadalarimiz ham qiziqarli o'tyapti. Bu bolalarimizga o'qishga, intilishga bo'lgan ishtiyoqni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, — dedi H. Mansurova.

Yo'l-yo'lakay zamonaviy kutubxona, turli fanlarga ixtisoslashtirilgan o'quv xonalari, sport zallari ham e'tiborimizni tortdi. Maktab kichik maydonda joylashgan bo'lsa-da, bolalarning ham jismonan, ham ma'nan ulg'ayib borishi uchun shart-sharoitlar yaratilgan.

Boshlang'ich sinf o'quvchilariga berilayotgan bilimlarning nechog'li puxtaligini ixtisoslashtirilgan yoki Prezident maktablariga imtihondan o'tib, tahsil olayotgan bolalar ham isbotlashadi. Shunday ekan, direktordan shu haqda ham so'radik:

— Ha, eng nozik nuqtamizdan gapirdingiz. Chindan ham ko'plab iqtidorli, bilimga juda chanqoq o'quvchilarimiz boshlang'ich sinfni tamomlagach, turli maxsus maktablarda o'qishni davom ettirishyapti. Bu bir tomondan biz uchun xursandchilik bo'lsa, ikkinchi tomondan biroz alamli. Ya'ni, eng yaxshi o'quvchilarimiz ketib qolishayapti. Agar ular ham o'n bir yil o'zimizda tahsil olib, oliygohlarga kirishganda edi, bizning oliy ta'limga kirayotgan bitiruvchilarimiz soni ancha-muncha oshgan bo'lar edi. Lekin xursand qiladigan joyi, demak, bizda boshlang'ich ta'lim yaxshi berilayotgan ekanki, bolalarimiz imtihonlardan muvaffaqiyatli o'ta olishayapti.

Suhbatimiz so'ngida esa bolalarning adabiyotga, ma'naviyatga mehrlari haqida bilmoqchi bo'ldik. Shunda Hamida Mansurova O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda ishlashayotgani, maktabda ma'naviyat targ'ibotchisi sifatida faoliyat yuritayotgan ijodkor turli tadbirlar uyushtirayotgani, shoir-yozuvchilar, ijod ahli bilan uchrashuvlar bolalarda katta taassurot qoldirayotgani haqida ham so'zlab berdi.

— Maktabimizda ta'lim-tarbiya ishlari shunday yo'lga qo'yilganki, har bir o'quvchimizga e'tibor qaratiladi. Ota-onalarning maktabimizga kelib turishi, farzandlarining qanday bilim olishayotgani, ta'lim-tarbiyasi haqida qiziqishlari esa bizga katta ko'mak beradi.

O'quvchi yoshlarning ma'naviy-ma'rifiy darajasini oshirish maqsadida ularning bo'sh vaqtlarini samarali va mazmunli o'tkazish maqsadida turli to'garaklar tashkil qilingan. Ayniqsa, mas­kanimizda taniqli yozuvchi-shoirlar, olimlar, el hurmatidagi insonlar bilan tashkil etiladigan uchrashuvlar o'quvchilarimizda katta taassurot va qiziqish uyg'otadi, deydi ta'lim dargohining ma'naviy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari Shoira Shernazarova.

Maktab bo'ylab sayohat qilarkanmiz, tanaffus uchun qo'ng'iroq chalindi. Beixtiyor yana atrofni bolajonlarning qiyqiriqlari to'ldirib yubordi. Xuddi bolalik mamlakatiga tushib qolgandaymiz go'yo. Ha, bu mamlakatning fuqarolari qarishmaydi. Ulg'ayib qolganlari esa boshqa maskan — hayot maktabiga kuzatib qo'yiladi. Bu mamlakatning odamlari esa yillar, davrlar osha hamisha bola bo'lib qolaverishadi. Bolalikka esa hamma narsa yarashadi. Goh quvnab o'ynash ham, goh jiddiy tortib saboqlarni puxta egallash ham. Eng muhimi esa bu mamlakatda qo'yilgan poydevor katta hayotdagi baland imoratlarga zamin yaratadi.

Shunday qilib, go'zal Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 159-umumta'lim maktabi faoliyati bilan tanishuvimiz maroqli kechdi. Chunki bu dargohda muallim degan ulug' nomga munosib ustozlar mehnat qilishayotgan ekan.

Sitora TOJIDDINOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 12 =