Yangi o'quv yili:  Sharafli mas'uliyat

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tgan “Ijtimoiy  barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sof­ligini asrash — davr talabi” mavzusidagi anjumanda “Bizni hamisha o'ylantirib keladigan yana bir muhim masala — bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so'z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog'liq. Bugun zamon shiddat bilan o'zgarib bormoqda. Bu o'zgarishlarni hammadan ham ko'proq his etadigan kim — yoshlar. Mayli, yoshlar o'z davrining talablari bilan uyg'un bo'lsin. Lekin ayni paytda o'zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug' zotlarning avlodimiz, degan da'vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o'zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, degan fikrni bildirgan edilar.

Ushbu fikrni keng ko'lamda mushohada etadigan bo'lsak, zamirida katta maqsadlar ko'zlanganini ko'rishimiz mumkin.

Bugun ta'lim sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlar esa Prezidentimizning mamlakat kelajagini tashkil etuvchi yoshlarning, avvalo, sifatli ta'lim olishi uchun zamin yaratayotganliklarini ko'rsatadi.

Xususan, Boysun tumanida yangi o'quv yiliga tayyorgarlik ko'rish asnosida o'quvchilarimizning sifatli ta'lim olishlari uchun umumta'lim maktablarimizda hozirlik jarayonlari yuqori darajada olib borildi. 42 ta maktabda qurilish-ta'mirlash, rekonstruksiya qilish uchun davlat byudjetidan katta mab­lag' ajratildi. Har bir maktabga zarur bo'lgan barcha turdagi shart-sharoit yaratildi. Bu esa o'quvchilarning har yilgidan ham yaxshiroq sharoitda tahsil olishiga imkon beradi.

Zamonaviy maskanlarda ta'lim olgan yoshlarning zamonaviy dunyoqarashga ega bo'lishiga zamin yaratish barcha ta'lim xodimlarining oldiga qo'ygan asosiy vazifasiga aylanganligini ushbu qabul jarayonida ham ko'rish mumkin bo'ldi.

Birgina olis tog'li hududlarda joylashgan maktablarda ham farzandlarimiz uchun barcha shart-sharoit yaratilgan ta'lim maskanlari faoliyat yuritishiga erishildi. Bunga Boysun tumanidan 70 km. uzoqlikda joylashgan “Qo'rg'oncha” mahallasida joylashgan ta'lim muassasalarida ham sayyor qabullar tashkil etilib, tegishli tartibda muammolar o'rganilgani yaqqol misol.

Malakali kadrlarning o'quvchilarga ta'lim berishini yo'lga qo'yish borasida ham tumanimizda juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, olis hududlardan o'qituvchilarni jalb etish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda tumanimizdagi maktablarda Toshkent, Buxoro  hamda Farg'ona viloyatlaridan kelib ta'lim berayotgan o'qituvchilar mavjud. Bu esa pedagoglar o'rtasida fikr almashish, tajriba o'rtoqlashish imko­niyatini ham bermoqda.

Prezidentimizning o'qituvchi-ustozlar mehnatini yanada qadrlash, qo'llab-quvvatlashga oid topshiriqlariga muvofiq, boshqa viloyat, shahardan kelib ishlayotgan pedagog­lar oylik maoshlariga 100 foizgacha ustamalar to'lab berilayotgani shu vaqtgacha hech qachon amalda bo'lmagan katta e'tibor, g'amxo'rlik desak, aslo xato bo'lmaydi.

2021-2022 o'quv yili oldidan xalq ta'limi muassasalari rahbarlari mas'uliyati va tashab­buskorligini, pedagog-xodimlar kasbiy mahoratini yanada oshirish, o'quv dastur va darslik­lardagi yangilik, o'zgarishlar bilan tizim xodimlarini yaqindan tanishtirish, yangi o'quv yilidagi muhim va ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida joriy yilning 15-16 avgust kunlari tuman o'quv-seminari tashkil etildi.

Ta'lim sifati nisbatan yuqori bo'lgan ta'lim muassasalari tajribasini boshqa umumta'lim maktablarida joriy etish maqsadida namunali maktablar negizida tayanch maktablari tashkil etildi.

Yangi o'quv yilidan boshlab, maktab rahbarlarining ta'limda tashabbuskorlik va innovatsiyalarni joriy etish borasidagi har o'quv yilidagi faoliyatini monitoring qilish ishlari yo'lga qo'yilishi belgilandi, o'qituvchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish maqsadida ishdan ajralmagan holda masofaviy shaklda har yili bir marotaba malaka oshirish kurslariga jalb etilishi belgilandi.

O'tgan o'quv yilida O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi o'rtasida “O'zbekiston Respublikasi maktablarida rus tili fanini va umumta'lim fanlarini rus tilida o'qitish sifatini oshirish” loyihasini amalga oshirish bo'yicha tumanimiz ta'lim muassasalarida faoliyat ko'rsatayotgan 36 nafar o'qituvchilar bilim darajasi, rus tili faniga oid o'quv-metodik ta'minot hamda masofadan ta'lim olish uchun mavjud sharoitlar o'rganildi, rus tili fanini o'qitish metodikasini rivojlantirish uchun ta'sir etadigan bevosita va bilvosita omillar o'rganildi. Yangi o'quv yilida esa rus tili fan o'qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi.

“English Speaking Nation”ning (AQSh)  yozgi treninglar dasturi doirasida tumanimizdan  26 nafar  ingliz tili o'qituvchilari intensiv mashg'ulotlarga qatnashdilar. Yangi o'quv yilidan boshlab tumanimizdagi barcha fan o'qituvchilarning ingliz tili ko'nikmalari hamda ularning pedagogik va psixologik bilimlarini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Yana bitta masala: joriy yilda bo'lib o'tadigan Prezident saylovida saylov uchastkalarining aksariyati umumta'lim maktablarida tashkil etilishi belgilangan. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu jarayonni namunali tashkil etish va saylov ob'yektlarini ta'mirlash uchun ajratilgan mablag'lardan unumli foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bir so'z bilan aytganda maktablarga bo'layotgan e'tibor, ta'lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan bor sa'y-harakatlar zamirida ertangi kun egalari o'g'il-qizlarimizning bilimli, tafakkurli, vatanparvar insonlar bo'lib yetishishi uchun, albatta.

Bu esa bugunning o'qituvchisidan, har bir maorif mutasaddisidan katta mas'uliyatgina emas, fidoyilikni talab qiladi. Zero, bu talab, bu mas'uliyat o'qituvchi uchun sharafdir.

Bahriddin SOHIBOV,

Boysun tuman xalq ta'limi

bo'limi mudiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + seventeen =