Matematika – taraqqiyotning o'ng qanoti
Prezidentimiz o'tgan yili Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida “Ilm yo'q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to'g'ri yo'ldan adashish bo'ladi”, degan fikrni bejiz ta'kidlagani yo'q. Shubhasiz, inson aql-zakovatining ravnaqi, har qanday soha taraqqiyotining mustahkam poydevoridir. Bugun mamlakatimizda ta'lim va ilm-fan tizimida kechayotgan qizg'in izlanishlar, jarayonlar, jamiyat taraqqiyotining muhim belgilaridan biridir.
Mana 10 yildirki, yosh avlodga matematika fanidan saboq berib kelaman.
O'zbekistonda keyingi yillarda ilm-fan rivojida, xususan, matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo'nalishlarda fundamental, amaliy tadqiqotlar birmuncha yuqori ko'rsatkichlarga erishdi. Shaxsan mamlakat Prezidenti tashabbusi bilan soha mutaxassislariga, olimlarga imkoniyatlar, zarur shart-sharoitlar yaratilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilm-fan, ta'lim tizimining o'rni nihoyatda beqiyos ekanligi yanada yaqqol ayon bo'ldi.
Prezidentimizning 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi Ta'lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori chiqqaniga ham mana roppa rosa bir yildan oshdi. Aytish joizki, mazkur qarorning chiqishi matematika fanining osmonida porlagan zuhro yulduz bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi.
Shu bir yil davomida matematika faniga qiziquvchi, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo'llab-quvvatlash masalasi endi o'zining yorqin samarasini bera boshladi.
Qaror ijrosi o'laroq, yoshlarning matematika fani bo'yicha mahalliy fan olimpiadalari yuqori saviyada tashkil qilindi va natijada iqtidorli yoshlar, xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritdi. Bu nafaqat Abu Rayhon Beruniy, Al Xorazmiy kabi alloma ajdodlarimizning vorisi bo'lgan millatimiz uchun katta quvonch, matematikaning kelajagiga bo'lgan katta ishonch hamdir. Shu bir yil davomida, Respublika miqyosida matematika fanidan ta'lim berishning onlayn platformasi yaratilib, amaliyotga tatbiq etildi, masofadan o'qitish tizimi samaradorligi oshirildi. Eng muhimi, har bir tumanda (shaharda) matematika fanini chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.
Qarorning yana bir muhim jihati, (garchi hali ham kuchga kirmagan bo'lsa-da,) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta'sis etilishi haqidagi taklifi edi.
Bu mukofot, fundamental sohadagi tadqiqot, yoshlar o'rtasidagi tadqiqot va iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini ta'minlagan tadqiqot yo'nalishlari bo'yicha matematika sohasidagi fundamental va ilmiy-amaliy izlanishlari natijalariga ko'ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimi yuzasidan taklif bildirgan olimlar uchun berilishi alohida ta'kidlangan edi.
Gapning indallosini aytganda, bu qaror nafaqat matematika fani istiqbolini belgilaydi, balki barcha ta'lim sohalarining matematik aniqlik asosida rivojlanishiga poydevor bo'lmoqda. Xususan, ushbu qaror tufayli mamlakatimizda ta'limning barcha sohalarida matematika fani darslarining, mazkur fanga oid o'quv adabiyotlar sifati sezilarli oshdi, matematika faniga qiziquvchi yoshlar soni ko'paydi va ular ixtisoslashtirilgan maktablarga, keyinchalik oliy ta'lim muassasalariga, ilmiy maktablarga qamrab olindi.
Tajribadan kelib chiqib aytish mumkinki, matematikani mustahkam o'rganish, ilm tolibida mantiqiy fikrlashni rivojlantiradi, insonni tartibga o'rgatib, faoliyatining har xil jabhalarida vujudga keluvchi murakkab masalalar yechimi uchun zarur bo'ladigan tushunchalar va orasidagi bog'liqliklarni ko'ra olish, tahlil qilish xususiyatlarini jadal rivojlantiradi. Natijada, inson, kelajakda iqtisodiyotning istalgan tarmog'ida malakali kadr bo'lib yetishadi.
Madina Axmadiyeva,
Toshkent davlat transport universiteti
qoshidagi akademik litseyi
matematika fani o'qituvchisi