Nazariya yaxshi, ammo… zamon ilgariladimi yo biz ortda qoldikmi?..

Jamiyatimiz rivojida muhim o'rin tutadigan ommaviy axborot vositalari, ularda mehnat qilayotgan jurnalistlarning bugungi faoliyati, serqirra ijodlari haqida qancha gapirsak, yozsak, fikr bildirsak shuncha kamdek tuyuladi. Chunki bu mashaqqatli mehnat sohiblarining zimmalaridagi mas'uliyatlari, sharafli kasblariga mas'ulliklari, hech bir mubolag'asiz aytish mumkin, shifokor yoki pedagognikidan qolishmaydi.

Bugun dunyo miqyosida shiddat bilan kechayotgan globallashuv jarayonlari har bir jabhada bo'lgani singari, ijtimoiy hayotdagi mas'uliyatli sohalardan biri bo'lgan jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalarga ham o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmadi. Ochig'ini aytish kerak, bugungi jurnalistika, jurnalistik ta'lim maqsadi, mazmun-mohiyati bilan kechagi jurnalistikadan keskin farq qiladi. Keyingi yillarda istilohimizga internet, onlayn, data, trevel, brend jurnalistikasi, digitalizatsiya, konvergensiya singari yangi atamalar kirib keldiki, ularning har biri ko'rinishi, o'rni, aha­miyati, o'ziga xosligi bilan alohida mazmun-mohiyat kasb etadi.

Endi ommaviy axborot vositalari ana shu yangi yo'nalishlarni chuqur his qilgan holda kasbiga yangicha yondashayotgan bo'lsa, oliy ta'lim muassasalarining jurnalistika fakultetlari olimlari ham yangi, jo'shqin hayot — ijod olamiga endi kirib kelayotgan shogirdlariga bugungi kunning talablariga to'liq javob beradigan, mazmunli, qiziqarli ma'ruzalar o'qib, zamonaviy jurnalistikaning yangi tamoyillariga asoslangan, yangicha shakl, mazmun, ko'rinish, umuman, yangicha ruhda saboq berishlari talab etilmoqda.

Ochig'ini aytgan ma'qul, bo'lajak jurnalist-talabalar hali-hanuz bundan ancha yillar ilgari bosilib chiqqan o'quv qo'llanma, dars­liklardan, xorijda nashr etilgan kitoblardan foydalanib kelishmoqda. To'g'ri, soha olimlari, amaliyotchilarning o'quv maqolalari davriy nashrlarda chiqib turibdi. Ammo kundalik hayotimizning har daqiqasi yangiliklardan iborat bo'lib turgan bir paytda, bitta yoki ikkita qo'llanma ilm­­ga chanqoq yoshlarimizning talabini to'liq qondira olmaydi. Istaymizmi, yo'qmi ana shu omillar bo'lajak jurnalistlarning hayotdan, o'qishdan, qolaversa, ijoddan ortda qolishlariga sabab bo'lmoqda.

Ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz kelajagi uchun jurnalist kadrlar tayyorlashdek mas'uliyatli vazifalar haqidagi chiqishlar o'rganilganda, turlicha, bir-biriga o'xshamaydigan fikrlar bildirilayotganligining guvohi bo'ldik. Bu tabiiy hol, chunki ma'lum bir muammo borasida fikrlar xilma-xilligining bo'lishi, o'sha jamiyatdagi demokratiyaning belgisi hisoblanadi. Ba'zi mualliflar jurnalistik ta'limda ko'proq amaliyot bo'lishini ta'kidlaydi (Ahmadjon Meliboyev. Matbuotimiz kelajagi kimlarga va nimalarga bog'liq?   “Hurriyat”, 2021 yil 17 fevral., Islom Asilbekov. Matbuotda ochiqlik va so'z erkinligi “Hurriyat”, 2021 yil 3 mart). Birinchi maqola muallifi talabalarning o'qishi davomida nazariy bilimlarga ko'proq urg'u berilayotgani, joriy, oraliq, yakuniy nazoratlar savollari quruq nazariyadan iborat bo'lib qolayotgani, bunday savollarga javob yozishda talabaning shaxsiy fikri yo'qligi haqida kuyunchaklik bilan yozadi. Shu­ningdek, maqolada yetuk jurnalistlar tayyorlash borasidagi tavsiyalar ham berilgan. Ulardan ba'zilarini misol sifatida keltirib o'tamiz:

“Fakultetga qabul qilishda ijodkorlikka moyil, qo'lida qalami bor, matbuotda xat-xabarlari bilan ko'rinib turadigan yoshlarga alohida e'tibor berish kerak;

Ilmiy-pedagogik jamoani tajribali amaliyotchilar bilan boyitish hisobiga yangi qon-tomirlari paydo qilish kerak;

Ortiqcha takror va zarur bo'lmagan fanlarni qisqartirish, jurnalistikada, asosan, jurnalistika o'qitilishi kerak;

O'quv jarayoni o'ttiz foiz nazariya, yetmish foiz amaliyotdan iborat bo'lsa yaxshi;

Oraliq, joriy va yakuniy nazorat ishlari savollarida erkin ijodiy mavzular ko'payishi kerak” va hokazo.

Aslida, jurnalistlar tayyorlaydigan fakultetlarda yuqorida aytilgan gaplarga baholi qudrat amal qilinmoqda. Nazariy bilimlarga kelsak, maqola muallifi qisman haq, O'zbekistonda jurnalistika naza­riyasi amaliyotdan ancha orqada qolgani ham bor gap. Nazariya orqada qoldi, endi nima qilamiz, degan bilan ish bitmaydi yoki biron-bir muammoimizni birov chetdan kelib, hal qilib bermaydi.

Jahon tajribalaridan ham bilib olish mumkin, jurnalistika nazariyasini atroflicha o'rganish bo'lajak jurnalist uchun juda kerak. Qolaversa, oliy o'quv yurtlari qoshida bekorga jurnalistika fakultetlari faoliyat yuritmayapti. Talaba dastlab oliy ta'lim dargohida o'zida nazariy bilimlarni singdirib, keyin olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etadi. Talaba jurnalistika tarixini bilmasa, janrlarni bir-biridan ajrata olmasa, ijtimoiy fanlarni o'rgangan holda bilimi, saviyasi, dunyoqarashi oshmasa, dastlabki yozish, eshittirish, ko'rsatuv ko'nikmalarini o'zi o'qiydigan dargohda olmasa, undan kelajakda qanday bilimli, qobiliyatli jurnalist chiqsin?

“Ustoz ko'rmagan shogird har maqomda yo'rg'alaydi” deganiga har kuni guvoh bo'lib turibmiz. Jurnalistika haqida tasavvuri ham yo'q, soha bo'yicha biron-bir malakaga ega bo'lmagan, o'zini jurnalist deb chog'lab yurgan, oqibatda “qovun tushirib” yurgan ko'plab blogerlarning ishi, qilmishlari ijtimoiy tarmoqlarda o'z aksini topayotganligidan ko'pchilik xabardor.

Hozirda oldimizda turgan asosiy vazifa — nazariy bilimlarni yangi, zamonaviy, bugungi kunning talablariga javob beradigan darajaga olib chiqish. Bu borada xorij tajribasidan ulgi olish kerak bo'ladi, ular jurnalistika nazariyasi, shuningdek, amaliyoti bo'yicha ham ancha ilgarilab ketishgan. Jurnalist kadrlar tayyorlaydigan o'quv muassasalarida ham hozirda bilim berish, o'qitish ana shu tizim asosida olib borilayapti. Bu tizimning ma'qulligi – ilgari bir semestrda 10-12 ta fan o'tilib, talabaga ko'z ochirgani qo'ymagan bo'lsa, yangi tizimda bor-yo'g'i 5 yoki 6 ta asosiy fanlardan saboq berilmoqda. Yana bir jihati — talabaning o'quv fanlariga mustaqil tayyorgarlik ko'rishi uchun ko'p vaqt ajratilgani yaxshi bo'ldi. Ba'zi oliy o'quv yurtlarida hatto besh kunlik o'qishga o'tildi. Endi talaba bilimini yanada oshirishi uchun yaratib berilgan ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanishi kerak.

Kredit – modul tizimining yana bir yaxshi tomoni o'quv jarayonida talaba bilim olishi borasida ancha jiddiy talablar qo'yiladi, shuningdek, har bir o'quv semestri davomida ularga saboq berayotgan professor-o'qituvchilarning ham saragi saraga, puchagi puchakka ajratiladi. Talaba bilimi qoniqtirmaydigan, bugungi kunning talablari asosida dars o'ta olmaydigan o'qituvchini rad etib, zamonaviy tarzda bilim beradigan ustoz, professorni tanlashga haqli.

Amaliyotga kelsak, bo'lajak jurnalistlarning yozishga, eshittirish, ko'rsatuv tayyorlash, internetda ishlash ko'nikmalarini hosil qilishining sinovlardan o'tgan maqbul yo'llari bor. Ya'ni, talaba kunning birinchi yarmida o'zi o'qiyotgan fakultetida nazariy bilimlarni olish bilan mashg'ul bo'ladi, ikkinchi yarmida esa biriktirib qo'yilgan gazeta, jurnal, nashriyot tahririyatlari va radio, televidenie muharririyatlariga borib, ish o'rganadi. Agar o'qish ham, joylardagi amaliyotning o'tishi ham qat'iy nazorat va tartib asosida yo'lga qo'yilsa, talaba nazariy bilimga ega bo'ladi, o'qishni bitirib chiqquniga qadar tayyor mutaxassisga aylanadi.

Yusuf HAMDAMOV,

O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika

fakulteti dotsenti

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 6 =