“Bordi-yu…” yoxud faollik “mukofot”i

Bir yili yanvarning o'rtasida nufuzli bir idoraga ishga o'tdim.

Fevralning birinchi yarmida ham Navoiy, ham Bobur tug'ilgan. Gazetalar taniydi. Qo'ng'iroq qilib so'rashgan. Ko'p nashrlarga shu ikki buyuk zot hayoti va ijodi haqida ko'p maqolalar berib qo'ygan ekanman. Fevralning birinchi yarmida ana shular potirlab chiqib qolsa desangiz.

Ming xijolat bilan bo'limimiz rahbari sekin tushuntirdi:

– Bir muallifning bir necha maqolasi birdan chiqishi yuqoriga yoqmabdi. Aytib qo'yishimni uqtirishdi, ko'nglingizga olmaysiz…

Ko'p o'tmay televidenieda “Ma'naviyat” videokanalini men olib borayotganim ham yoqmayotganini yumshoqqina qilib bildirib qo'yishdi.

Men faollik, shaxsiy namuna qadrlanadigan tashkilotdan faollik va shaxsiy namuna mutlaqo yoqmaydigan muassasaga ishga o'tganimni shunda ang­lab qoldim.

Bu yerda ham shunday faol ishlasam, obro'yimga obro' qo'shilib boraveradi, deb, xom o'ylabman.

Nima emish: “Bordi-yu, shu chiqish­lardan biri tepaga yoqmay qolsa: “Bu odam qaerda ishlaydi?” – degan savol o'rtaga tushar va katta rahbarimizga gap kelar”, – emish…

Holbuki, shaxslarning faolligi to'silgan biron-bir jamiyat rivojlanib ketgan emas.

Butun dunyo – jon kuydirib, fuqarolarini faol shaxsga aylantirish yo'l-yo'riqlarini izlash bilan ovora.

Axir, o'zi odamni ishlatishdan og'irroq ijtimoiy muammo yo'q bu olamda.

Idora turaveradi. Lekin orada ne-ne iste'dodli shaxslar qandaydir o'zimiz yaratib olgan cheklovlar “qul”iga aylanib, nofaol, o'rta-miyona, shunchaki, ruscha ifodalaganda, “ordinarnыy” kosibga aylanib, Xudo bir borgina beradigan shunday umri azizini g'iz etib o'tkazib yuborganini bilmay ham qoladi.

Xullas, yo men bu yangi tashkilotga ortiqchalik qildim, yo bu tashkilot mening ta'bimga o'tirmadi.

Natija nima bo'lganini o'zingiz xulosa qilib olavering.

Sultonmurod OLIM,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − seventeen =