Algoritm

Ko'plar “algoritm” deganda, asosan, kompyuter texnologiyalarinigina tushunadi. To'g'ri, kompyuter texnologiyalarining asosi – algoritm.
Lekin…
“Algoritm”, tasavvurimda, qat'iy tartib-intizomni anglatadi.
Shunday deb yozdim-u, birdan bu so'zning “O'zbek tilining izohli lug'ati”dagi sharhini ko'rish fikri tug'ildi. Marhamat:
“Algoritm, algorifm (lotincha “Algorithmi” – X asrda yashagan buyuk o'zbek matematigi Al-Xorazmiyning nomidan). Ma'lum bir turga oid masalalarni yechishda ishlatiladigan amallarning muayyan tartibda bajarilishi haqidagi aniq qoida (dastur). “Algoritm esa muayyan ketma-ket bajariladigan jarayonlar majmuasi bo'lib, nazariy va amaliy masalalarni yechishda ishlatiladi”. Gazetadan” (O'zbek tilining izohli lug'ati. 5 jildli. J. 1. – Toshkent: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2006. – B 69).
Tartib-intizom va ketma-ketlik esa – hamma narsada kerak.
Navoiy hazratlari shatranj, ya'ni shohmot donalarining taxtada tartib bilan terilgani bilan o'yin tugagach, yig'ishtirilib, bir xaltaga solinganini o'zaro qiyoslaydi. Taxtaga terilganini nazmga, xaltaga solinganini esa nasrga o'xshatadi.
Uyingizda narsalar pala-partish yotgan bo'lsa, birinchidan, juda xunuk ko'rinadi, ikkinchidan, o'ta ko'p joyni egallaydi. Agar ularni tartib bilan joylashtirsangiz, qanday yaxshi bo'ladi.
Taniqli bir akademik ijodxonasida ishlab o'tirsa, qog'oz qirqishga to'g'ri kelib qolibdi. Qarasa, qaychi yo'q emish-da. Shunda uyidagilarga bor ovozi bilan baqiribdi:
– Qaychi qani, qaychi? O'ng qo'lim ostida turar edi-ku doim, axir!..
Bor-yo'q “fojia” shundan iborat ekanki, nevaralari ishlatib, uni chap qo'li tarafga qo'yib qo'yishgan ekan…
Ana, sizga algoritm-u, mana, sizga algoritm!
Inson hayoti ham – xuddi shunday. Umuman, umr algoritmni yaxshi ko'radi.
Sho'ro davrida Sergelining eski bozorchasida ishlagan Buxoro yahudiylaridan bo'lgan bir yamoqchini yaxshi tanirdim. Ustaxonasiga kirishi bilan, birinchi elektr isitkichga uyidan tushligi uchun olib kelgan usti yopiq idishini qo'yar, keyin choy idishiga suv to'ldirib, ichiga elektrqaynatgichni tiqar, choynakka quruq choy solib, qopqog'ini yopib qo'yar, shu yumushlarni batartib bajarganidan keyingina ish kursisiga o'tirar edi.
Tushlik mahaliga 10 –15 daqiqalar qolganda poyabzalini ta'mirga olib kelib, kutib o'tirgan mijozlardan vilkalarni razetkalarga suqish, ovqat isiganidan yoki choy qaynaganidan so'ng ularni sug'urishni iltimos qilar edi. Hattoki, choyni ham mijozlar damlab berishardi. Hammasi tayyor bo'lganidan keyingina o'rnidan turib, qo'llarini yuvardiyu tushlikka o'tirardi. Tushlik ham boshqalar qatori emas edi. Unga uzog'i bilan 20 daqiqa ketardi. Yana ishga kirishardi.
Ana, sizga algoritm-u, mana, sizga algoritm!
Pala-partish tarzda hayot kechirganlarning barakasi bo'lmaganini bu ko'zlar ko'p ko'rdi.
Ana endi bir savolga har birimiz o'zimizcha javob izlab ko'raylik: nega Alisher Navoiy 60 yilga ham yetmagan umri davomida odamzodning qo'lidan kelmaydigan buyukdan-buyuk ishlarni qilib ketdi?
Avvalo, hayot algoritmiga amal qilgani uchun!
Bu dunyoda odamday yashamoqchi bo'lgan har bir kishi o'z umr algoritmini izlashi, topishi va unga qat'iy amal qilishi – shart.
Sultonmurod OLIM,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi a'zosi