Ijodning narxi

Hayotimning 5 yili talabalikda, yana 5 yili uylangunimga qadar, tag'in 5 yili oilalik va bir farzandlik bo'lgan holda birovlarning uyida – ijarada o'tgan. Bu 15 yilni, cho'ntagimning kesilgan, tilimning qisiq bo'lgan, qo'llarimning bog'langan, oyoqlarimning kishanlangan, ruhimning siniqqan davri, deb bilaman. O'sha yillari yolchitib bir she'r ham yozmaganman.

O'zbekning uzoq qishloqdan kelib, poytaxtda o'qib, ilmiy darajaga erishishining bundan boshqa to'g'ri yo'li yo'q edi. Egri yo'llardan esa yurilmadi.

Ota-onamizning   8 o'g'ilu 1 qizlari bor edi. Hammamizni kunduzgi oliy ta'lim muassasalarida o'qitishgan. Ketma-ket ularning to'yini o'tkazishga to'g'ri kelavergan. Ota-onamga haykal qo'yish kerak.

Dissertatsiyani yoqlaganimdan roppa-rosa 6 oy o'tgan kuni, qarz-qavola qilib bo'lsa ham, hovli sotib olib, ko'chib kirdik.

32 yoshimdan o'z uyimda yashay boshladim. Shu-shu karta, shashka, shaxmat o'ynamayman. Birorta “gap-gashtak”ka sherikligim ham – yo'q. Bekorchi ishlarga vaqtimni sarflay olmayman. Modomiki, chempion bo'lolmas ekanmizmi, bularga, ruhan tushkun, bekorchi, vaqtini qanday o'tkazishni bilmayotgan odamlarning ishi, deb qarayman. Uysiz davrlarimda ko'p vaqtimni shunday o'yinlaru davralar bilan o'tkazib, o'zimni chalg'itgan, ehtimol, ovutganman-da.

Albatta, ijara pulini to'lab turganmiz. Bizga – uy, sohibi xonaga esa – pul kerak bo'lgan. Oldinda maqsad bor edi, shu maqsad yo'lida mehnat qilib, bir kun kelib, albatta, uylik bo'lishni rejalashtirib yashalgan.

Lekin hozirgi zamonda, katta yoshga kirib ham, hayotini izga qo'yolmagan, birovlarga sig'indi bo'lib yashagan odamning yozgan she'riyu ilgari surgan g'oyasiga kaminani ishontirishga aslo urinmang. Har qancha harakat qilmang, fikringizga qo'shilolmayman. Ishonmasligim mening aybim ham emas, deb ham o'ylayman. Zotu zurriyotimning uysiz-joysiz yashab, ijodkor bo'lishini, bir turmush bilan umrguzaronlik qilmasligini aslo-aslo istamayman. Buni boshimizga minba'd   solmagaysan, deb, Xudodan tavallolar qilib so'rayman.

Ijodkorlar bir haqiqatni bo'yinga olishi – shart: hech bir jamiyat hech qaerda tayinli ishlamay, faqat qog'oz qoralaganni uy-joy va oziq-ovqat bilan ta'minlab qo'ymaydi-da. Ijodkorning ijodkorligi shundaki, u ham – hamma qatori yashashi, ham boshqalardan farqli ravishda, pul bermaydigan yoki juda kam pul to'laydigan mashg'ulot bilan doimiy shug'ullanishga mahkum. Chidaganga chiqargan! Nima dedingiz?

Uysiz, keyin qarzdor bo'lgan yillarim ikki-uch hissa ishlashga ham to'g'ri kelgan. Eru xotin ikkita mashinka boshida o'tirib olib, “O'zbek tilining izohli lug'ati” uchun materiallar ham yig'ib berganmiz. Nomzodlik dissertatsiyasini yozib tugallagunimga qadar nashriyotlar buyurtmasi bilan uning hajmiga qariyb ikki barobar keladigan miqdorda bosilmaydigan taqrizlar yozganman. Chunki bir bosma taboq qo'lyozmani o'qib, taqriz qilib berganimiz uchun o'sha vaqtdagi pulda 10 so'm to'lar edi-da.

Xullas, bu “ijod”, ko'p hamkasblarimiz qatori, kaminaga juda-juda qimmatga tushgan. Bundan bu yog'i voz kechilgan ne-ne ne'matlar haqi-hurmati, ijodning barakasini bersin. Yozganimizdan ham Alloh rozi bo'lsin, ham o'qiganlar.

Shunga ishonamanki, Alloh avval o'qiganlarga quloq tutadi. Yana Alloh bilguvchidir.

Ammo…

Hozir ham ikkita jurnal tahririyatida ishlayman. Aksaran ilmiy darajasiyu unvoni borlarning maqolasini nashrga tayyorlaymiz. Ochig'ini aytaman, ko'plar yoshi falon joyga borib ham, qanday-qanday darajayu unvonlarni olib ham, yozishning oddiy-oddiy qoidalariga rioya qilmaydi.

Masalan, rukn varaqning o'ng qo'limiz tarafida qora, boshlanishi katta va qolganlari kichik harflar bilan, sarlavha o'rtadan, qora, katta-katta harflar bilan, ism va familiya qora harflar bilan maqola ostida, o'ng qo'limiz tarafda, ismning birinchi harfi katta, qolganlari kichik harflar bilan, familiya katta-katta harflar bilan, oxirida vergul qo'yilib, tagidan to'g'ri to'rtburchak ichida ilmiy daraja, unvon, lavozim qora harflar bilan… qayd etilishini ham bilishmaydi.

Axir, eng avval shularni o'rganib olishmaydimi? Yo ular gazeta yoki jurnalda maqola qanday berilishini umrida ko'rmaganmi? Loaqal, o'zining maqolasi qanday bosilganiga diqqat qilmaydimi?

Shularni to'g'rilashning o'ziga bir xodimning, eh-he, qancha vaqti ketadi?!

Yana bir dardimni aytay: XX – XXI asrda biror-bir o'zbek shoiri aruz vaznida saktasiz, ya'ni bexato biror-bitta she'r yozmadi! Aruzda qisqa, cho'ziq va o'ta cho'ziq hijolar borligini bilamiz. Lekin aynan qanday hijo qisqa, qandayi cho'ziq va yana qanaqasi o'ta cho'ziq bo'lishini o'rganmaymiz. “Nimaga?” – deb odamni qiynab o'tirmang, iltimos. Holbuki, ilm turibdi. O'zbek tilida Ahmad Taroziy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur aruz haqida kitob bitib ketgan, XX – XXI asrda yana qancha zamonaviy qo'llanmalar chop etildi. O'qib-o'rganish badanimizga yoqmaydi.

Bir taniqli shoirimizning bundan ancha yillar ilgari yozilgan g'azalini aruz talab­lari asosida tahrir qilib, o'ziga yubordim. Mualliflik huquqi – bor, axir. Xursand bo'lib ketadi, deb xom o'ylabman. “Yo'q, shu kamu ko'sti bilan bosilaversin. Chunki bir necha karra qo'shiq qilingan, ko'plar yod biladi”, – dedi. Ana, xolos?!

Yaqinda ustoz Erkin Vohidovning “O'zbegim” qasidasida nechta saktalik borligi haqida bir maqola yozish niyatim bor.

Kaminaga bular xuddi O'zbekistonning futbol bo'yicha terma komandasi o'yinchilarini eslatadi. Ular ham, go'yoki, boshqa davlatlar futbolchilaridek yugurishadi, to'pni bir-birovlariga oshirishadi, darvozaga qarab tepishadi ham, lekin gol bo'lmaydi yoki raqibdan ko'ra kam gol urishadi. Nega? Shu kasbning ko'p-ko'p sir-asrorini bilishmaydi. O'rganishmaydi. O'rganishni niyat ham qilishmaydi.

Ijodkoru olimlarimiz davrasida futbolchilarni qoralashni qo'yib bersang!

“Ey birodarlar, o'zimiz ham sohamizda xuddi o'shalarga aynan o'xshaymiz!” – deydigan mard yo'q. Aytsang, nomardga chiqarishadi.

Bir aytgim keldi, aytdim-da.

Sultonmurod OLIM,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − five =