“Mudeyin”ning ma'nosi ‒ nima?

Istaysizmi-yo'qmi, she'r tili ‒ sun'iy til. Tabiiy tarzda tilda qofiya qo'llanmaydi, vazn ishlatilmaydi. Shu ikki talabning o'zi she'r tilining sun'iyligini isbotlash uchun ‒ to'la yetarli bo'lsa kerak. Holbuki, she'r tilida yana qanchadan-qancha notabiiyliklar bor: timsol, tashbeh, inversiya, istiora, radif va hokazo.

Biroq…

 

Haqiqiy shoir ana shu notabiiyliklar orasida tabiiylik topadi. Buning uchun o'zi ijod qilayotgan tilning o'ta tabiiy jihatlarini izlaydi, shularga suyanadi. Buyuk bobomiz, mutafakkir Alisher Navoiy buning eng yuksak, eng yorqin namunasini ko'rsatgan.

Mumtoz she'riyatimizda “fard” degan janr ‒ bor. “Fard” so'zi “bitta”, “yakka”, “yolg'iz” degan ma'noni ifodalaydi. Istilohiy ma'nosi ham shunga aynan mos keladi: bittagina bayt, ya'ni ikki misradan iborat mustaqil asar “fard” sanaladi.

Navoiy “Favoyid ul-kibar” devonining 84-fardi mana bunday jaranglaydi:

 

“Belu og'zidin, ‒   dedilarkim, ‒ degil afsonae”,

Boshladim f-il-holkim: “Bir bor edi, bir yo'q edi…”

 

Asarning boshdan-oyog'i ‒ shu. Tamom.

Mazmuni ham ‒ soddagina: “Menga: “(Yoringning) beli va og'zi haqida ertak ayt”, ‒ deyishgan edi, (men) darhol (so'z) boshladim: “Bir bor edi, bir yo'q edi…”

Bu yerda hech kim lirik qahramonga “ayb” qo'ya olmaydi: axir, ertak, ya'ni cho'pchak degani: “Bir bor ekan, bir yo'q ekan…” ‒ degan kirish so'zlar bilan boshlanadi-da.

Holbuki, bahonada shoir bu ifoda mag'ziga: “Yorning og'zi shunchalar kichikki, bir ko'rinadi, bir ko'rinmay qoladi, uning beli esa shunchalar ingichkaki, bir ko'rinadi, bir yo'qday bo'lib qoladi”, ‒ degan mubolag'ani yashiradi.

Bahonada bir ilmiy haqiqatni ham bilib olamiz: demak, XV asrda ham o'zbek ertaklari, xuddi hozirgidek: “Bir bor ekan, bir yo'q ekan…” ‒ deb boshlangan ekan-da!

Navoiyning “Navodir ush-shabob” devoni 483-g'azali:

 

Qoshi yosinmu deyin, ko'zi qarosinmu deyin?!

Ko'ngluma har birining dardu balosinmu deyin?!

 

degan matla' bilan boshlanadi. Bu ‒ ajoyibdan-ajoyib g'azal! Qanchalar go'zal! Qanchalar o'zbekona!   To'g'rimi?

Lekin…

Bir xonandamiz: “Shu g'azalni sevib, jon kuydirib ijro etaman-u, lekin shu “mudeyin” degan so'zining ma'nosini tushunmayman-da”, ‒ degan ekan. Ana sizga xonandaning o'zi kuylayotgan matnga, uning muallifiga ‒ Navoiyga ehtiromi! Holbuki, bu yerda “mudeyin” degan so'z ‒ yo'q. U oldingi so'zga qo'shilib keladigan “-mu” so'roq yuklamasidan so'ng “deyin” so'zining ishlatilishidangina iborat.

Aslida, agar shoir istasa, bu satrlardagi so'zlarni “qoshi yosin deyinmu”, “ko'zi qarosin deyinmu”, “dardu balosin deyinmu” deb bitishi ham mumkin edi. Lekin Navoiy zamonasida birinchi variant amalda bo'lgan ko'rinadi. Hozir ham ayrim shevalarimiz, masalan, Buxoro shevasida: “Borgan ekanmi?” ‒ deyiladi, ammo boshqa, masalan, Farg'ona va Toshkent shevalarida: “Borganmikan?” ‒ deyiladi.

“G'aroyib us-sig'ar” devonining 517-g'azali:

 

Jonda jonparvar so'zidurmu labi xandonimu,

Ruhum oromi deyinmu ani jonim jonimu? ‒

 

matla'si bilan boshlanadi. Bu yerda ifoda “ruhum oromimu deyindeb emas, aksincha, “ruhum oromi deyinmutarzida ishlatilyapti. Demak, o'sha zamonlarda ham o'zbek tili shevalarida bu shakllar turlicha qo'llangan va buyuk shoir o'rni bilan unisidan ham, bunisidan ham foydalanavergan.

Navoiy xalq tilidagi ana shu tabiiy ifodalariga suyanib, ajib, ohoriy, hech kimda uchramaydigan g'azallar yaratgan. Bu shakl­larning tabiiyligini bugun, ya'ni oradan besh asrdan ko'proq vaqt o'tganidan keyin isbotlash oson ish emas. Chunki u zamonlarda hali xalqning so'zlashuv nutqini yozib oladigan texnik vositalar yaratilmagan edi. Lekin qo'limizda boshqa bir imkoniyat ‒ bor. Bu ‒ Navoiyning nasriy asarlaridagi til. Nasr­­da til tabiiyligini saqlash imkoniyati she'rdagidan ko'ra ko'proq bo'ladi, albatta.

“Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” tazkirasida shunday jumlalarga duch kelamiz: “Shayx Abu Bakr Shibliy quddusa sirruhudin bir faqih so'rubdurki: “Zakot adosi ne nav'dur?” Shayx debdurlarki: “Sanga farz bo'lur zakotnimu deyin yo manga farz bo'lur zakotnimu deyin? (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to'plami. 20 tomlik. T. 17. ‒ Toshkent: Fan, 2001. ‒ B. 17).

Bu shundan dalolat beradiki, “…mu deyin” shakli tabiiyroq va faolroq bo'lgan. Shoir ona tilining ana shunday o'ta tabiiy qurilmasiga qattiq suyangan. Bu ‒ hamma shoir uchun namuna.

Qo'liga qalam ushlaganlarning hammasi uchun, u xoh shoir, xoh adib, xoh dramaturg, xoh publitsist, xoh olim, xoh jurnalist bo'lsin, til‒ eng asosiy qurol. Til esa ‒ xalqniki. Xalq tilining tabiiyligini buzishga esa hech kimning haqqi ‒ yo'q.

Sultonmurod OLIM,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + eighteen =