“Xobbi”ning o'zbekchasi yo'qmidi?

Hammamizning rus tili muhiti, ya'ni atmosferasida yashashga o'rganib qolganimizga ancha bo'lgan. Bu yerda misollar keltirib, vaqtingizni olib o'tirmaymiz. Shuni bilamanki, “xobbi”ni hamma “xobbi” deydi. Hatto, ikki jildlik “Ruscha-o'zbekcha” lug'atda ham u “xobbi” deb “tarjima” qilinib, qavs ichida: “Asosiy ishidan boshqa biror narsaga qiziqish, sevgan mashg'uloti” (Ruscha-o'zbekcha lug'at. Ikki tomli. T. 2. ‒ Toshkent: o'zbek sovet ensiklopediyasi bosh redaksiyasi, 1984. ‒ B. 689).
Nima, ruscha terminlar kirib kelgunicha odamlarimizning “xobbi”si bo'lmaganmi? Bo'lgan. Bor. Navoiy shatranj o'ynamaganmi, soz chalmaganmi?!
Faqat biz o'zbekchasini topib, joy-joyiga qo'ymaganmiz. Ishlatilavermasa, so'z nofaol (passiv), timsoliy qilib aytilsa, dangasa bo'lib qoladi.
O'zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol “Anvarmirzo hikoyatlari” kitobida “xobbi”ning sof o'zbekchasini topib, juda o'rnida ishlatgan:
Bir ajoyib ko'ngilxushi
yamoqchiga yor edi,
Uning yetti bedanasi,
uch bulbuli bor edi (B. 270).
Yana:
Uchinchisi ‒ o'ziga bir
ko'ngilxushi saylasin
Va o'shanga mashg'ul bo'lib,
ko'nglini shod aylasin (B. 271).
Marhamat, bundan keyin hammamiz “xobbi” emas, “ko'ngilxushi” deyaveraylik! Aytaversak, faollashib, korimizga yarab qoladi.
Axir, pichoqni ham ishlatmay qo'ysak, zanglaydi-ku. Tappa-tayyor ish qurolimizni zang bostirib, zarur bo'lib qolganida qo'shnidan so'rab yurmaylik!
Sultonmurod OLIM,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi a'zosi