Ortiqcha xarj ‒ hamyonga ziyon

Bozorga kirsak, sotuvchi kartoshkaning narxini: “4 ming so'm”, ‒ desa: “Iltimos, qimmatroq qiling, bor baraka, keling, endi shuni 5 ming so'mdan bering!” ‒ demasak kerak.
Unda nimaga biz ‒ qalamkashlar ba'zan so'zni, qo'shimchani, harfni isrof qilamiz?!
“G'oyat” degan so'zimiz ‒ bor. U “juda” va “nihoyatda”ga yaqin ma'noni ifodalaydi.
“G'oyat go'zal ish bo'ldi”, ‒ deb yozsak ham, bo'laveradi. Lekin biz bo'rttirishni yaxshi ko'ramiz-ku, axir. Shu so'zga qo'shimcha qo'shsak, kuchayadi-da. “Bag'oyat go'zal ish bo'ldi!” yoki “G'oyatda go'zal ish bo'ldi!” ‒ desak, tabiiyki, ta'sirchanlik oshadi.
Marhamat, ishlatavering. Chunki bu ikki shakl ham adabiy til me'yorlariga to'la mos keladi.
Ammo hozir kunda-kunora gazeta yo jurnalda, radio yo televidenieda: “Bag'oyatda go'zal ish bo'ldi!” ‒ degan jumlaga duch kelasan kishi.
Axir, yo “bag'oyat” bo'lishi ‒ kerak, yo “g'oyatda”. “Bag'oyatda” deyilsa, tilda pleonazm, ya'ni ortiqchalik yuzaga keladi.
Buning 4 ming so'mlik kartoshkani 5 ming so'mga sotib olishdan nima farqi ‒ bor?!
Sultonmurod OLIM,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi a'zosi