Mavzu kerakmi?

Yangi yil oqshomidagi o'ylar
Jurnalistika fakulteti talabalari mendan maqola uchun mavzuni qanday topishimni tez-tez so'rashadi. O'qishni bitirish arafasida turgan talaba: “Ustoz, menga biror mavzu bering, maqola yozmoqchiman” desa, achchiqroq bo'lsa-da, “Endi kech, to'rtinchi bosqichda shu savolni berish – jurnalist chiqmasligining belgisi”, deyman. Achchiq gap, ammo yashirib bo'lmaydigan haqiqat.
Jurnalist voqea-hodisalarni ijod ko'zi bilan ko'radi, ma'no-mohiyatini anglaydi, boshqalar ko'rmaydigan, his etmaydigan holatlardan ta'sirlanadi. Shu ta'sir natijasi o'laroq mavzu paydo bo'ladi.
Bir yili Shri Lankaning Kandi shahrida bir guruh jurnalistlar o'zimiz qilmagan gunoh uchun rosa mulzam bo'lganmiz. Bir guruh hamkasblar shu g'aroyib mamlakatga sayohat qilgandik. Kandidagi mashhur botanika bog'ini tomosha qilmoqchi bo'ldik. Ammo bog' ma'murlari bizlar sobiq “sovet yunioni”dan kelganimizni bilib, ichkariga kirishimiz uchun ancha vaqt ruxsat bermay turishdi. Buning sababi, moskvalik sayyohlardan biri bu yerdagi noyob daraxtning bargiga “Slava KPSS” deb yozib ketgan ekan. Bog'bonlar kasallik tarqamasin deb jarohat yetkazilgan daraxtni isitma qilayotgan bemor boladay o'rab qo'yishibdi. Bu voqeadan ta'sirlanib, “Bemor daraxt” nomli maqola yozganman.
Yon daftarimda shunday yozuv bor: “Ilmiy izlanish olib borayotgan yaponiyalik olimlar baland tog' tepasida bir necha kun kuzatuv ishlarini olib borishadi, noyob tog' jinslaridan namunalar yig'ishadi. Sovuq kuchayib, shamol uvlay boshlaganida, ko'chlarini yig'ishtirib, pastdagi lagerga qaytmoqchi bo'ladilar. Ammo yuklari og'irlik qiladi. Shunda ular yig'ilgan tog' jinslarini emas, ayrim tadqiqot asboblarini matoga o'rab, shu yerda qoldirishadi, shisha va plastmassa idishlari, konserva bankalari, oziq-ovqat qoldiqlarini esa o'zlari bilan pastga olib tushib, axlat to'kiladigan joyni qidirib ketishadi”.
Boshqa bir voqea. Shahardan qishloqqa kelin bo'lib tushgan qiz erta azonda, odatga ko'ra, hovlini supurib-sidiradi, axlatni kuyovning uyi yonidan oqib o'tadigan ariqqa to'kadi.
Mahallada “Falonchining kelini axlatni suvga to'kibdi”, degan gap-so'z ko'payib, uch kunlik kelin uyiga qaytib ketadi.
Shu ikki voqea asosida “Tog'lar madad so'raydi”, “Kelinchakning kechirilmagan xatosi” sarlavhali maqolalar yozgan edim.
Jurnalist o'zi ishlayotgan gazeta yoki jurnal bilan birga, boshqa manbalarni ham o'qib turishi, biror voqea yoki muammoni kim qanday yoritgani, hamkasblari qanday ishlayotganini kuzatib borishi kerak.
“Ishonch” gazetasida jurnalist Alijon Abdurahmonovning bir-ikki satrli mitti qatralarini o'qib qoldim: “Kino qanchalik hayotiy bo'lmasin, hayot kino emas”, “Oti borlarning hammasi ham ot boqmaydi”, “Gul bilan kutib olamiz, guldasta bilan kuzatamiz”. Bir qarashda juda oddiy, ko'pchilikka ma'lum fikrlar, ammo har birining tag zamirida chuqur mushohada, hayotiy umumlashma bor.
“Qullikdan qutqar, quling bo'loyin”. Shu bir satrning o'ziga yuz sahifa sharh yozish mumkin. Kimningdir zulmidan qutulmoqchi, ozod bo'lmoqchi, odamga o'xshab emin-erkin yashamoqchi bo'lgan odam… qul bo'lishga rozi. Yomg'irdan qutulib, qorga tutilmoqchi. Nima qilib bo'lsa-da, ozodlikka chiqishi kerak, ammo nimaning hisobiga?
Bir vaqtlar – sobiq ittifoqni Xrushchev degan dehqonsifat odam boshqargan kezlari, mamlakatda poraxo'rlik rosa avjiga chiqqan. Busiz hech bir ish bitmagan. Birinchi rahbar cho'qmorday mushti bilan stolni zirqiratib, “Bu nima degan gap, hammayoqda poraxo'rlik, uzat-uzat, cho'z-cho'z, bu illatdan zudlik bilan qutulishimiz kerak. Bugundan boshlab hamma rahbarlar – vazirlar, prokuratura, sud ishga kirishsin, navbatdagi yig'ilishimizda bu topshiriq qanday bajarilgani to'g'risida menga shaxsan axborot berasizlar”, deydi. Ammo keyingi yig'ilishda ham, undan keyingilarida ham hech bir rahbar og'iz ochmay turaveradi. Chunki, poraxo'rlik kuchaysa kuchayadiki, aslo yo'q bo'lmaydi. Xrushchevning jahli chiqib, “Sen landovurlarga oddiy bir ishni ham topshirib bo'lmaydi, bu ish bilan o'zim shug'ullanaman”, deydi. Yig'ilish Xrushchevning: “Poraxo'rlikni tag-tugi bilan yo'qotsam menga qancha uzatasizlar?”, degan savoli bilan tugaydi.
Kimgadir shunchaki so'z o'yiniday tuyulib ketadigan bu gap o'z-o'zidan paydo bo'lgan emas. Sobiq jamiyat hayotida shunday deyishga asos bor edi. Bugun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash boshlangan, bu qabih illatdan qutulishning amaliy chora-tadbirlari belgilanayotgan ekan, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalarining ko'zi yanada ziyrak bo'lishi kerak.
Gazeta-jurnallarning tahririyatlariga odamlar turlicha murojaatlar bilan kelishadi. Qaysi bir joyda kalondimog' rahbar ularni qabul qilmaydi, dardini eshitmaydi, qaysi bir tashkilotda ijtimoiy adolat talablari buzilgani buzilgan, kimdir halol mehnati bilan topgan pulini (ish haqini) ololmayotir. Kimdir davolanishga, uy-joyga, mehr-muruvvatga muhtoj. Kimdir qilmagan aybi uchun ayblanmoqda, qonunbuzar qolib, uni sudrashmoqda. Bir joyda noqonuniy qurilish, boshqa bir joyda yer dehqonga emas, umrida dala ko'rmagan odamlarga berilmoqda. Biror nima uzatmasang, ming yugurganing befoyda.
Bunday odamlarni eshitishning o'zi katta gap. Ammo… kimni birinchi bo'lib eshitsang, u o'ta jabrdiydaga o'xshab ketadi. Adabiyot gazetasida (“O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi. Tah.) ishlagan yillarim shikoyatchilarni uzzu-kun tinglagan paytlarim ko'p bo'lgan. Faqat… ularning hech biri kimnidir ayblash barobarida, “Ochig'i, mendan ham ozroq ayb (kamchilik) o'tgan, xato qilganman, adashganman, o'zimni tutolmaganman”, degan emas. Bunisiga mayli, ammo haqiqat, adolat izlab kelgan kishilar orasida “Yordam bering, qancha xarajat bo'lsa, mana, men tayyorman”, deguvchilar ham oz emasdi. “O'lma, xarajat” degan maqolamni shu mushohada bilan yozganman.
Alijonning yana bir qatrasi: “Ko'tarilish uchun egilma, ko'tarish uchun egil”. Bor-yo'g'i beshta so'z. Shunday yashalgan, yashalayotgan umrlar borki, ularning egalari boshqalardan ko'ra balandroqqa ko'tarilish, yog'li lavozimlarni egallash, o'zlari uchun shohona sharoit yaratib olish, bir so'z bilan aytganda – hamisha e'tiborda, oldingi qatorda bo'lish haqida o'ylashadi. Umrni shunga sarflashadi.
Boshqa bir toifa odamlar o'zlarini o'zlari yakkalab, dunyoga zarda qilib, ko'ringan odamga nolib, dilini siyohlab yashashadi. Hamma yomon, hamma ish noto'g'ri, hammasi ishkal. Bundaylar biror joyga o't ketsa, o'girilib qarashmaydi ham. Ammo… qachon va qaerda hozir bo'lishni, kimga salom berish, “egilish”ni o'rniga qo'yishadi. Zig'irdek manfaat uchun otdan emas, fildan tushishga ham tayyor. “Bu odamni, asli, jinim suymaydi, ammo to'g'onning boshida turibdi-da, har ehtimolga qarshi qulluq qilib turganim ma'qul”, deyishadi. Bu – ularning bosh falsafasi. “Chekkadagi odam” sarlavhali maqolam shundaylarga bag'ishlangan: “O'zini chekkaga olgan odam hech narsaga javob bermaydi, zimmasida hech qanday mas'uliyat yo'q. Nega shunday desangiz, bamaylixotir: “Ha, endi biz − bir chekkada turgan odam bo'lsak. Ana, boshqalar bor-ku”, deyishadi.
Ne baxtki, millatning, el-yurtning, hech bo'lmasa mahallaning biror muammosini hal qilmasa ko'ngli xotirjam bo'lmaydigan, shu ishidan halovat topadigan, vijdoni oldida azobga qolishdan qo'rqadigan odamlar bor.
Ularning har biri haqida adoqsiz yozish mumkin.
Bir yili yo'lovchi mashinada vodiyga bordim. Ko'rinishidan kamgap, suhbat-hangomaga yo'qroq bir kishi hamrohim bo'ldi. Ancha vaqt jim ketdik, qarasam, manzilga yetgunimizcha ham hech birimizdan sado chiqmaydi. Chidamay, o'zim gap boshladim. Bir-ikkita latifa aytdim, miyig'i ko'tarilganday bo'ldi. Shuning o'zi kifoya dedim-da, kim bo'lib ishlashini so'radim. – “Olti farzandning otasi” vazifasida ishlayman”, desa bo'ladimi? Ha, aynan shunday dedi. Bunday javobga qiziqib qolganimni ko'rib, yanada muhim gap aytdi. Ma'nosi: bolalar hovlida yoki boshqa bir joyda o'zaro janjallashib qolishsa, ota-onalar aksariyat hollarda aybni qo'shnining bolasiga to'nkashadi, “Shu yaramasga qo'shilib, qo'yning og'zidan cho'p olmaydigan bolam buzildi-ya”, deyishadi, ammo hech vaqt “Ayb mening zumrashamdadir, balki u boshlagandir”, deyishmaydi…
Manzilga yetguncha “Bolangizni bilasizmi?”, degan maqolani xayolimda yozib tugatdim, qog'ozga ko'chirish qoldi, xolos. Toshkentga qaytgach, yanada pishitib, oqqa ko'chirayotganimda boshqa bir fikrni o'qib qoldim. Ishoning, vujudim titrab ketdi. Nima edi o'sha fikr?
Bolalar bog'chasida uzoq yillar ishlagan tarbiyachi ayol ota-onalar kechki payt farzandlarini uyga olib ketayotib, tarbiyachiga qanday savol berishlarini o'rganibdi. Yuzdan to'qson to'qqiz holatda ular bolalarining ishtahasiga, qanday ovqat yeganiga qiziqishar ekan. Yigirma yil ichida birorta ona yoki ota: “Bolam qizg'onchiq emasmi, qo'g'irchoq, o'yinchoq talashmaydimi, o'zidan kichiklarni xafa qilmaydimi?”, deb so'ramagan ekan.
Maqolani shu fikr bilan boyitib e'lon qildim. Har zamon — har zamonda unga ko'z tashlab turaman.
Ko'p yillik odatimga ko'ra bu yil ham Yangi yil oqshomini bedor kutib oldim. Prezidentimizning xalqimizga yo'llagan Yangi yil tabrigini eshitdim. Dunyo dunyo bo'lganidan beri islohot degan so'z og'izdan tushmaydi. Har bir rahbar jiddiy o'zgarishlarga qo'l uradi. Ammo… ularning ko'pi natija bermaydi. Buning boisi – ko'p hollarda hokimiyat boshqaruviga kelgan yetakchilar tarixga islohotchi sifatida kirishni o'ylaydi, xolos. Ya'ni islohot inson uchun emas, islohotchi degan nom uchun boshlanadi. Inson qadri, sha'ni, rohat-farog'ati, hayotidan roziligi, farzandlarining kamoli bilan uyg'unlashmagan har qanday islohot, u qanday nomlanishidan qat'i nazar, qog'ozlarda qolib ketadi, hayotni emas, soxta hisobotlarni bezaydi. Bu bezak bora-bora katta aldovlarga olib keladi. Agar mendan hamon ikkilanayotgan ayrim o'zimiznikilarmi, qiziqqon xorijliklarmi: “O'zbekistonning yangi davri nimadan boshlandi?”, deb so'rashsa, beto'xtov: “Inson nomini ulug'lashdan, qaddi-bastini tiklashdan, xalq dardini tinglashdan, ochiq muloqotdan boshlandi”, der edim, albatta.
Yangi yil oqshomida xayolimdan ko'p narsalar o'tdi. Taniqli shoir va tarjimon Abdulla Sherning tishli-jag'li suhbatini diqqat bilan tingladim. Faylasuf olim: “Oliy o'quv yurtlarida har yili falon mingta mutaxassis tayyorlanmoqda”, degan gapni ko'p eshitamiz. Ammo bu dargohlarda har yili qancha imoni but, ko'zi to'q, milliy tuyg'usi, insoniy g'ururi baland yoshlar tayyorlanishini bilmaymiz. O'quv yurtlarining birlamchi vazifasi shu emasmi?”, dedi. Ikki kun avval Yozuvchilar uyushmasining maxsus mukofotiga sazovor bo'lgan ijodkor xo'b gapni, bugunning bosh gapini aytdi. Xorijiy o'quv yurtlaridan birida, aniqrog'i, uning bir fakultetida har yili ikki mingga yaqin talaba tasviriy san'at, musiqa, teatr sohalarini o'rganishar ekan, ularning hammasi san'atkor, musiqashunos, teatr aktyori bo'lmaydi, albatta, ammo shu fanlarni o'qib, eng avvalo, Odam bo'ladi, Inson sifatida shakllanadi”, dedi shoir. Mana, tadqiqot maqola uchun mavzu. Adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo'ldosh bundan bir muddat avval: “Bolalarni maktabga emas, maktabni bugungi bolalarga moslash kerak”, degandi. Oliy ta'limni ham, deyman men. Chunki bu ish oliy ta'limda boshlandi.
Bir hafta avval Milliy universitetda yil yakuniga bag'ishlangan yig'ilish bo'ldi. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov, universitet rektori Inom Majidov so'zga chiqishdi. Har ikki notiq yig'ilganlar oldida ma'ruza qilishgani yo'q, kamdan-kam uchraydigan holat – majlis emas, samimiy dil izhori bo'ldi. Vazir “Dashnom berishdan foyda yo'q, kelinglar, ko'nglimda borini aytay. O'zMU reytingi ko'tarilib borayotganidan xursandmiz. Bundan buyon ko'p vakolatlar o'zingizda bo'ladi. Dasturlarni, o'quv rejalarini, qanday fanlar o'qitilishini, dars soatlari hajmini o'zingiz tuzasiz, o'zingiz tasdiqlaysiz”, dedi.
Juda yorug', alpomish gap bo'ldi. 1969 yili universitetning birinchi kursiga qabul qilinganimizda, domlalarimizdan biri: “Sizlarga havasim keladi. Mana, yaqinda jurnalistika fakultetining bosmaxonasi ishga tushadi. Shu yerning o'zida amaliyot o'taysiz, gazeta chiqaramiz, birinchi kitoblaringiz bosiladi”, degan edi. Ellik to'rt yil burungi gap bu. Odamlar bundan uch ming yil avval ham yanada yaxshi kunlar kelishini orzu qilishgan. Keling, biz ham orzulashda davom etaylik.
Bir hukmdor saltanat hududini kengaytirish maqsadida yurish boshlagan ekan. Yo'l-yo'lakay ne-ne yurtlarni o'ziga bo'ysundiribdi, ko'pdan-ko'p o'lja olibdi. Yurib-yurib, bir yurtning hududiga yaqinlashibdi. Xufyalaridan bu qanday yurtligini so'ragan ekan, ular bu joyni ayol kishi boshqarishini aytishibdi. Hukmdor o'ylanib qolibdi, ko'ngliga: “Bordi-yu yengsam, “Kuchi ayol kishiga yetibdi-da”, deyishlari, yengilsam, ustimdan kulishlari mumkin“, degan fikr kelib, bu yurtni aylanib o'tib ketgan ekan. Bu ham mavzu. Mavzularning shohi.
Pahlavon Mahmud o'ziga munosib, nomdor, sheryurak raqiblar bilan kurashga tushishi haqida o'qiganman. Nima, bu mavzu emasmi?!
Mavzu haqida yana ko'p yozish mumkin. Ikki kun avval bir kasbdoshim mavzu izlab, tahririyatga keldi. “Qo'lim qichib turibdi, bir nimalar yozmoqchiman”, deydi. Men unga: “Hozir “Xalqlar do'stligi” chorrahasiga qayting-da, ko'chaning o'ng tomonidan Chilonzor tarafga yuring, hech bo'lmasa “Semon ko'prik”kacha boring, qani, qanday borarkansiz”, deyman. Bugunning muhim mavzularidan biri shu yerda: uddaburon tadbirkorlar odamlar yuradigan, bolalari bilan kech oqshom sayr qiladigan yo'laklarni to'sib, temir panjaralar bilan o'rab, savdo qilishmoqda. Bir-ikki joydan engashib, qimtinib o'tsa bo'ladi, boshqalarida serqatnov ko'chaga chiqishga majbursiz. Faqat shu ko'chada emas, shaharning boshqa joylarida ham yo'laklar insofsizlarcha o'zlashtirilmoqda. “Trotuar qayoqqa ketdi?” deb yozsa bo'ladimi? Nega bo'lmas ekan?
Mavzu. Nega qor yog'mayapti, uning o'rniga zararli chang-to'zon ko'tarilmoqda? Soxta noshirlar chala-chulpa kitoblarni nega hech kimdan hayiqmay bosib chiqarishmoqda? Emlashdan bosh tortayotganlarning muddaosi nima? O'rta bo'g'in rahbarlaridan biri mamlakat tibbiyotini korrupsiya botqog'iga eng chuqur botgan, deb aytibdi. Ellik yildan beri doktorlik xalatini egnidan yechmay kelayotgan taniqli vrachning fikricha, sohada kamchilik va nuqsonlar bor, albatta. Ammo masalan jarroh uch-to'rt soat, ba'zan bundan ham ko'p vaqt oyoqda tik turib ishlaydi, peshonasidan marjon-marjon ter to'kib, o'lim bilan yuzma-yuz olishadi, jonini hovuchlab, qon changallab pul topadi, kresloda yalpayib o'tirib, bitta shartnoma yoki kelishuvga chambarakgulchin imzo chekish bilan emas. Bu haqda nega yozmaymiz?
Shunday mavzular borki, ularga beparvoligimizdan uyalishimiz kerak…
Yangi yilning birinchi tongi oqara boshladi. 2007 yili chop etilgan “Qirq beshinchi bekat” nomli kitobimning so'nggi jumlasi: “Salom, yangi tong, ijod umrimning yangi sahifasi”, degan so'zlar edi. Shu so'zlarimni esladim va “Salom, yangi tong, yangi mavzular”, dedim o'zimga o'zim.
Ahmadjon Meliboyev