Sizning oy-yillaringiz safarlarda kechmishdir
Sirojiddin SAYYID,
O'zbekiston xalq shoiri
(O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabovga)
Elu yurtda mo''tabar,
mashhur ham ashraf bobo,
To'qson yoshga kiribsiz,
Zokirjon Mashrab bobo.
To'qson yoshkim, bu salkam
yuz yil – bir asr demak,
Mehnatu zahmatlardan
tiklangan qasr demak.
Sizda Mashrab boboning
jununi, javloni bor,
Qirq yashar Boburshohning
jo'shgan shiddat, qoni bor.
Nechog'li sharaflidir
umr ko'rmoq bosharaf,
Shunday qutlug' damlarga
Siz bo'lmishsiz musharraf.
Siz kezgan o'lkalarning
har qarichi jon qadar,
Andijondan to Kobul,
Hirot, Hindiston qadar.
Shomdan tortib to Iroq,
Qashqardan Tehrongacha,
Makkatillodan toki
farangu olmongacha.
Temur bobo qulochin
keng yoyganday bu ochun –
Termizdan Tabrizgacha,
Ko'nyodan to Chin-Mochin.
Enasoy bo'ylariyu
Oltoyu ham Sibirdan,
Qizilqum cho'llariyu
ham Sahroyi Kabirdan.
Issiqko'l, Boyko'llarning
suvlariga yuz chayib,
Bahrayn to'lqinlariga
tanga-tillo so'z chayib,
Yo'l yursa ham mo'l yurib,
roppa-rosa to'qson yil,
Kezib manzil-bamanzil,
kirib ko'ngilma-ko'ngil –
Goh afg'on bobo bo'lib,
goh bo'lib arab bobo,
To'qson yoshga kiribsiz,
Zokirjon Mashrab bobo.
Nogahon Bobur Mirzo
paydo bo'lsaydi agar,
Avval shoirona, so'ng
shohona tashlab nazar,
Bir sayr etib kelgan so'ng
Andijon gulzorini,
Sizga bergaydi shaksiz
o'z bedov tulporini.
Ul zotning umri jangu
jadallarda kechmishdir,
Sizning oy-yillaringiz
safarlarda kechmishdir.
Har maqbara, har aziz
mozorni obod aylab,
Lutfiy, Navoiylarning
ruhlarini shod aylab.
Siz tavof etgan ne-ne
azizu avliyolar
Izingizdan yo'llamish
durudlaru duolar.
Siz topib ko'zga surtgan
qo'lyozmalar qa'ridan
Ali Yazdiy bobolar
boqar ming yil naridan.
– Mehmonlar, – deysiz, – Bog'i
Boburni ham ko'ringlar…
Bunda tinmagay mangu
gangur-gungur gurunglar.
Eyji Mano janobning
ming bir tavozusi bor,
Ko'ksida ko'ngil degan
nozik tarozusi bor.
Nizomiyning zavqidan
ogoh navkarni ko'ring,
Ozarbayjondan kelgan
Ramiz Askarni ko'ring.
Mulki Eronu Ajam,
Ovro Osiyo shunda,
Turk ham Turkiyo shunda,
rus ham Rusiyo shunda.
Shundadir bor olamni
o'zbekcha o'ylatganlar,
Boburni olmoncha ham
yaponcha so'ylatganlar.
“Tarixi Rashidiy” bu,
manov – “Bobur qomusi”,
O'zbekning sultonlari –
o'zbekning or-nomusi.
Bog'ishamoldan mangu
shamollar esaverar,
Boburni eslaganlar –
Sizni ham eslayverar.
Umr o'tdi deb, olamga
qaraydirsiz umidvor,
Zamona qo'rg'oniday
mustahkamsiz, ustuvor.
El-yurtga xizmat qilgan
zotlarga sharaf, bobo,
Ko'ngilni cho'ktirmang hech,
Zokirjon Mashrab bobo.
Yuz yillarcha naridan,
yana yuz yil beridan,
Iqtibos aytsam agar
ustozlarning she'ridan:
Bobur hazratlarining
bitgan zo'r nasridaysiz,
Andijonning to'qsonga
kirgan yo'lbarsidaysiz.
29.07.2022 y.