Til, dil va milliy taraqqiyot

21 oktyabr – o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

 

Millatning bosh belgisi – til. U xalqning eng katta boyligi. Aksaran millat nomi shu til nomi bilan ataladi. Davlatga ham shu mamlakatda aholining asosiy qismini tashkil etadigan millatning nomi beriladi. Shu til davlat tili hisoblanadi ham.

Inson aynan tili bilangina boshqa jonzotlardan ajralib turadi. Til – har millatning fikrlash quroli. Shundan milliy tafakkur shakllanadi. Milliy taafakkur esa millatning yashash tarzini, demakki, dunyodagi umumiy mavqeini belgilaydi.

Respublikamiz tarixda ilk bor 1924 yili “O'zbekiston” deb atalgan. Garchi shaklan milliy xususiyatlarga ega, o'z Konstitutsiyasi, Gerbi, Madhiyasi bo'lsa ham, ammo u 1991 yilning 31 avgustiga qadar yarim mustamlaka holatida edi.

1981 yili O'zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludiga 60 yil to'lishi munosabati bilan sobiq “Bahor” zalida konsert berilgan. Uni atoqli xonanda Farrux Zokirov boshqargan. O'shanda “Said­ahmad aka” degandan boshqa biror o'zbekcha so'z ishlatilmagan. “Bu xonandamiz o'zbekcha ashulalar aytsalar ham, ona tilimizda ravon gapira olmas ekanlar-da”, – deb xato o'ylagan ekanman.

1984 yili kamina ishlayotgan O'zbekiston Fanlar akademiyasining hozirgi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutida orden topshirish marosimi bo'lib o'tdi. O'zbekiston Fanlar akademiyasi katta majlislar zalining tili bo'lsa aytsin, o'shanda bu tadbirda bir kishi bir jumla ham o'zbekcha gapirmagan. Holbuki, bu ilmiy dargoh o'sha paytda o'zbek tili va adabiyotini tadqiq etish bilan shug'ullanadigan dunyodagi yagona institut edi.

1985 yili, boshqalar qatori,   Fanlar akademiyasining hozirgi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutida Navoiy bilan bog'liq dissertatsiyamni rus tilida yoqlashga majbur bo'lganman. Holbuki, Ixtisoslashgan ilmiy kengash a'zolarining hammasi o'zbek ada­biyotining yirik mutaxassislari edi. Kengash a'zosi Ninel Vasilyevna Vladimirova ham tilimizni hech birimizdan kam bilmas edi.

Esimda, 1989 yilning 9 fevrali kuni O'zbekiston Fanlar akademiyasining hozirgi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutida an'anaviy navoiyxonlik ilmiy anjumani tugab, tushdan keyinga Navoiy ko'chasidagi shoir haykali poyida tadbir belgilangan edi. O'shanda ziyolilar “Navoiy tiliga davlat tili maqomi berilsin!” degan shior ko'tarib chiqqan.

Shundan davlat tiliga munosabat birdan o'zgardi. Masala: “Modomiki, respublikada aholining to'rtdan uchi o'zbeklardan iborat bo'lar ekan, o'zbek tili davlat tili bo'lishi kerak, tamom-vassalom!” – tarzida aniq-tiniq qilib qo'yildi. O'sha yilning 21 oktyabrida esa “Davlat tili haqida”gi tarixiy qonun qabul qilindi.

Bu amalda respublikaning mustaqillik sari tashlagan eng birinchi jiddiy qadami edi.

O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga, mana, 33 yil to'ldi. Xo'sh, nimalarga erishdik?

To'g'ri, qonun qabul qilinganidan to mustaqillikka erishganimizga qadar o'tgan ikki yilga yaqin davrda ham ancha ishlar qilindi. O'zbekistonimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalarida rus guruhlariga o'zbek tilidan ta'lim berish joriy etildi. Idoralararo o'zbek tilida yozishmalar yuborish yo'lga qo'yildi. Davlat tilini o'qitadigan kurslar ochildi.

Lekin, ochig'ini aytganda, agar bu qonun qabul qilingan bo'lsa ham, respublikamiz mustaqillikka erishmasa edi, u qog'ozdagina qolib ketar edi. Chunki o'zi hali davlat bo'lmagan bir respublikada qanaqasiga davlat tili bo'lishi – mumkin? Axir, u boshqa bir davlat bilan diplomatik munosabat o'rnatmasa, birgalikda shartnoma, bitim, memorandum va boshqa diplomatik hujjatlar imzolamasa, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo bo'lmasa…

Mustaqillik yillarida tilimiz davlat tiliga aylandi. O'zbekis­ton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib o'zbek tilida nutq so'zladi. Axir, mamlakatimizda o'zbek tilida davlat siyosati yuritiladi. Xalqaro marosimlarni hisobga olmasak, mamlakatimizda davlat darajasidagi barcha tadbirlar, jumladan, Prezident va boshqa rahbarlar o'tkazadigan majlislar, Oliy Majlis palatalari yig'ilishlari va hokazolar davlat tilida o'tkaziladi. Ikki davlat o'rtasida imzolanadigan har qanday hujjat uch tilda – shu ikki davlat tilida va BMT tasdiqlagan olti xalqaro tildan birida qabul qilinadi.

Tilning rivoji – bu tilda foydalanuvchi aholining miqdoriga ham bevosita bog'liq. Mustaqillik yillarida 21 millionli xalq qariyb 36 millionli xalqqa aylandi. Shuning 80 foizdan oshig'i – o'zbeklarimiz. O'zbekistonimizdagi qoraqalpoq, tojik, qozoq, qirg'iz, turkman, tatar, boshqird, ozarbayjon, uyg'ur, turk va boshqa ko'p millatlar vakillari o'zbek tilini biladi. Tabiiyki, bulardan boshqa millat va elatlar vakillari orasida ham davlat tilini biladiganlar soni ortdi. Hatto, xorijlik diplomatlar, ishbilarmonlar, tadqiqotchilar orasida ham zabonimizni o'rganganlar soni oshib borayotir. Atrofimizdagi davlatlarning hammasida etnik o'zbeklarimiz yashaydi. Afg'oniston O'zbekistonimizdan keyin o'zbek eng ko'p istiqomat qiladigan mamlakat hisoblanadi. Taxminiy hisob-ki­toblarga ko'ra, u yerdagi millatdoshlarimiz soni 5 millionga yaqinlashadi. Yoki Tojikistonda har to'rt fuqarodan biri – o'zbek. Saudiya, Turkiya, AQShda ham qancha vatandoshlarimiz – bor. Shularni hisobga olib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yer yuzida 50 milliondan ortiq kishi o'zbek tilida so'zlashishini aytdilar. Holbuki, jahon tilshunosligida 5 million kishi gaplashadigan til katta til hisoblanadi. Biz – bundan 10 barobar katta til egasi bo'lgan millatmiz.

Lekin dunyoda “ammo”, “lekin”, “biroq”, “afsuski”, “nahotki” degan so'zlar ham – bor-da…

To'g'risi, o'zbek tili 1989 yili ilg'or ziyolilarimiz intiqib kutgan darajadagi davlat tili maqomiga ega bo'la olmadi. Buning ob'yektiv va sub'yektiv sabablari – mavjud, albatta. Ayrimlarini sanashim – mumkin.

Til taraqqiyoti iqtisodiy ravnaq bilan bevosita bog'liq holda kechadi. Modomiki, hamon rus tilini bilish kelajakda ish topish uchun qulay bir imkoniyat bo'lib turaverar ekan, mamlakatda rus tili gegemonligidan osonlikcha qutulib bo'lmaydi. Hozir Toshknent shahrida ishga taklif qilinadigan e'lonlar ko'paygan. Ba'zilarida rus tilini yaxshi bilish talab qilinishi ham ochiq yoziladi. Shuning uchun mustaqil O'zbekistonda bolasini rus maktabida o'qitishni istayotgan ota-onalar oz emas. Ammo bunda farzandimiz yutganidan ko'ra kattaroq narsani yutqazayotganini hali jamiyatda hech kim asos­lab ko'rsatib berganicha – yo'q. Boshqa tilda ta'lim olish amalda, albatta, millatning ming-ming yillarda misqollab yiqqan ma'naviyati, madaniyati, tiynatini boy berish hisobiga yuz beradi. Buni hayot har kuni isbotlab turibdi. Sho'ro davrida millatimizning atoqli-atoqli ziyolilari, hatto, buyuk-buyuk sohibi qalamlari ham bolasini ruscha o'qitgan. Hozir shaharlarda ruscha o'qitadigan oilalar safi kengayib bormoqda. Iqtisod aynan o'zbek tilini bilgani uchun kattaroq daromad olish darajasida rivojlanmas ekan, odamlarni bu yo'ldan qaytarishning imkoni – yo'q.

Yana bir haqiqat shuki, aniq va tabiiy fanlar sohasida ruschada va boshqa xalqaro tillarda haddan tashqari katta axborot bazasi – bor. Bizdan 40 yillar oldin mustaqil bo'lgan Hindistonda aholining bir qismi aynan inglizcha o'qigani uchun bugun bu mamlakat axborot texnologiyalari, dorishunoslik, tibbiyot va boshqa sohalarda dunyodagi oldingi o'rinlardan biriga chiqib olgan.

Yana bir muammo – bor. O'tgan yillar yangi alifbomizning xato va kamchiliklarini ko'rsatdi. Uni avval jiddiy isloh qilib, keyin yoppasiga   joriy etishga to'g'ri keladi. Bu jarayonlar ham sustlagandan sustlab yotibdi. Kaminaga qolsa, kamida lablanmagan “v” uchun lotincha “w”ni qabul qilish, “jo'ja”dagi “j” uchun – boshqa, “jurnal”dagi “j” uchun – boshqa harf olish, modomiki, bizda “ng” tovushi uchun alohida harf olingan ekan, “ng'” uchun alohida harf olish, ruscha so'zlarda qo'llanadigan “o” bilan o'zbekcha so'zlardagi “o”ni bir-biridan ajratish – lozim.

Shaharlarimizda tashkilotlar, savdo va xizmat shoxobchalari nomlari, boshqa reklamalarni rus va ingliz tillarida ifodalashdan tiyilmasak, bo'lmas. Ko'pincha bunga ko'r-ko'rona yondashamiz. Qo'shnimiz ruscha yozsa, ruscha, inglizcha yozsa, inglizcha yozgimiz keladi.

Fuqarolarimiz ong-tafakurini rus tilining qattiq bosimi tark   etganicha – yo'q. Poytaxt ko'chalarida sof o'zbekcha gapirsangiz, Xudo haqqi, sizni hech kim tushunmaydigan darajaga borib qolingan. Eng yomoni, buni uncha sezmay ham boryapmiz. Taksiga o'tirib: “Qardosh­lik qabristonidan chapga burilamiz”, – desam, haydovchi menga: “Doda, o'zbekchalab tushuntiring, qaerdan burilishim – kerak?” – deb so'raydi. “Bratskaya mogiladan”, – desam: “Shundoq demaysizmi?” – deydi. “Ho'v anavi belgidan qayrilib olamiz”, – desam, yana baq­rayadi. Keyin unga: “Ha, aytgancha, razvorot qilamiz”, – deyman “o'zbekchalab”. Yoqilg'i quyish shoxobchasida zinhor-bazinhor: “To'ldirib quying”, – demang. Xudo haqqi, tushunishmaydi. “O'zbekchasi”ga: “Polnыy bak”, – deng, ishingiz osongina bitadi-qo'yadi. Shunaqa va yana shunaqa.

Shukur, bugun “ministr”, “redaktor”, “sovet”, “komitet”, “korrektor”, “rayon” demaymiz, “vazir”, “muharrir”, “kengash”, “qo'mita”, “musahhih”, “tuman” binoiydek o'zlashdi.

Lekin birdan oldinga ketish o'rniga orqaga qayta boshladik ham. Ko'p so'zu tushunchalar – avvaldan o'zimizda bor. Nima, bizda hech kimni hech ishga rag'batlantirmaganmiki, “motivatsiya” so'zini xuddi bir umrimizda endi eshitgan yangilikday qabul qilsak? Yaqin bir-ikki yilda ko'plar, o'rni bo'lsa-bo'lmasa, “motivatsiya” deydigan bo'ldi. Bu o'zimizdagi “rag'bat”ning aynan o'zi emasmi, axir! Hatto, bizda uning ko'p-ko'p ma'nodoshlari ham – bor. “Undamoq”, “ilhom bermoq”, “ruhlantirmoq”, “ta'sir qilmoq” kabi ifodalar ham shu yoki shunga yaqin ma'noni anglatadi-ku. Yo'q-da, o'zimizcha: “Motivatsiya” demasam, boshqalar meni, hayotdan orqada qolgan, deb hisoblamasmikan?” – deb o'ylasak kerak-da.

“Til” bilan “dil” so'zlari o'zaro faqat ohangdosh yoki   vazndoshgina emas. Tojik birodarlarimizda: “Men dil qilsam, olamni gul qilaman” (“Man dil kunam – olamro gul kunam”), – degan ajoyib maqol – bor. Muqaddas dinimizda: “Hamma narsa – niyatga bog'liq”, – degan aqida ham mavjud. Tilimizni gul qilish uchun shunga dil qilishimiz – zarur. Hamma sidqidildan shuni niyat qilib, jiddiy harakat boshlamaguncha bu oliy maqsadga yetib bo'lmaydi. Tilimizni o'zga tillar hukmronligidan qutultirgan bo'lsak ham, hali muammolar kam emas.

Ha, til – tafakkur quroli. Bugun o'zbek tili rivojlanmas ekan, milliy tafakkur ham oldinlamaydi. Tafakkuri rivojlanmagan har qanday xalqning taraqqiyotda orqada qolishi – tayin. Buni esa hech birimiz istamaymiz.

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari nomzodi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =