G'urur va iftixorga yo'g'rilgan yillar

Shu yilning 30 iyulida Andijon shahrida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspedi­siyasi tashkil etilganining 30 yilligi   hamda mazkur Fond raisi Zokirjon Mashrabovning qutlug' 90 yoshga to'lishi munosabati   bilan “Bobur nomli xalqaro jamoat fondi: izlanish, natija, rejalar”   mavzusidagi xalqaro anjuman bo'lib o'tdi. Uni res­publika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov olib bordi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi faoliyatini bugun nafaqat O'zbekistonda, balki butun dunyoda yaxshi bilishadi. Chunki jahonning ko'plab mamlakatlarida mazkur fondning jamoatchilik asosida ish olib boradigan bo'limlari mavjud.

Bobur fondining 30 yillik faoliyati, Fond raisi Zokirjon Mashrabovning umrini, butun hayotini mazkur fond rivojiga, yurtimizdan yetishib chiqqan ulug' bobolarimiz merosini o'rganishga, tadqiq qilishga bag'ishlaganiga oid anjuman ishida qator xorijlik olimlar, jumladan, professor Munavver Tekjan (Turkiya), professor Muhammad Rizo Nosiriy (Eron), Zera Bekirova (Qrim-tatar muxtor res­publikasida chop etiladigan “Nenktcan” jurnali bosh muharriri), professor Baxtiyor Memmedov (Ozarbayjon), professor Islom Jemeney (Qozog'is­ton), Fondning Eron bo'limi rahbari, Tehrondagi fors tili va adabiyoti akademiyasi raisining o'rinbosari, professor Muhammad Rizo Nosiriy, akademik Bobojon G'ofurov nomidagi Xo'jand davlat universiteti o'qituvchisi, dotsent Baxtiyor Fayzullayev (Tojikiston), O'zbekistondagi Hindiston madaniyat markazi rahbari Chandra Shekxar singari ko'plab xorijlik mehmonlar qatnashishdi, so'zga chiqishdi, o'zlarining fikrlari, dil so'zlarini aytishdi.

Shuningdek, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Shvetsiya davlatidan Boburshunos olimlar Shafiqa xonim Yorqin, Halim Yorqin, Abdulhakim Jurjoniy, Pokistondan Bobur forumi direktori janob Ramzam Muhammad, ozarbayjonlik professor Almaz Ulvi Binnetova, Qirg'iz Respublikasidan taniqli adib Begijon Ahmedov hamda Hindis­tonning O'zbekistondagi elchisi janob Manish Prabxat singari taniqli kishilar onlayn tarzda ishtirok etishdi.

Shubhasizki, anjumanda yurtimizning ko'plab adabiyot, madaniyat va san'at namoyandalari ham ishtirok etib, ezgu tilaklarini bildirdi. Xususan, O'zbekis­ton Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Shoazim Minavarov, O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq artisti Munojot Yo'lchiyeva, O'zbek milliy Maqom san'ati markazi bosh direktori Soyibjon Begmatov, O'zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O'zbekiston xalq artistlari Isroiljon Vahobov, Muhammadali Abduqunduzov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi Mirzo Kenjabek, SamDU professori Dilorom Salohiy, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev va boshqa taniqli yurtdoshlarimiz, mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan   boburshunos olimlar, shoir-yozuvchilar, madaniyat va san'at, ma'naviyat vakillari ishtirok etdi.

Anjuman davomida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasining 30 yillik faoliyati tahlil qilindi.

Tadbir doirasida ushbu sanaga o'ziga xos katta to'yona – Bobur fondi tashabbusi va homiyligida nashr etilgan hazrati Bobur Mirzoning olti jildlik “Kulliyot”, ya'ni to'la asarlar to'plami taqdimoti ham bo'lib o'tdi.

Ma'lumki, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi 1992 yili Andijonda tashkil etilgan edi. Uning tashabbus­kori va rahbari O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi, geolog olim Zokirjon Mashrabovdir.

Fond tarkibida xalqaro ilmiy ekspeditsiya, 300 gektardan iborat Bobur nomli milliy istirohat bog'i, “Bobur va jahon madaniyati”, “Andijon shaharsozlik madaniyati tarixi” muzeylari, shuningdek, “Bobur va dunyo” jurnali faoliyat yuritadi.

Ilmiy ekspeditsiyaning birinchi safari 1992 yil may oyida amalga oshirilgan. Shu kungacha 50 dan ortiq davlatga 40 ga yaqin xalqaro safarlar uyushtirilib, Afrika qit'asidan   Hindi-Xitoy yarim oroligacha, Yevropadan AQShgacha bo'lgan salkam 420 ming kilometrdan ortiq masofa avtomashinada bosib o'tildi.

Bu ilmiy safarlar natijasida jahon ilm-fani, madaniyati, adabiyoti va san'ati rivojiga beqiyos hissa qo'shgan ulug' ajdodlarimiz Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab singari ko'plab buyuk zotlarning so'nggi manzillari ziyo­rat qilindi, ularning ayni holati o'rganildi. Afg'on yurtida qarovsiz qolib, deyarli xarobaga aylangan mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod kabi buyuklarimiz qabr-maqbaralari sharqona loyihalar asosida bugungi kun talab­lari darajasida obodonlashtirilib, ziyoratgohlarga aylantirildi.

Shuningdek, Abu Rayhon Beruniyning G'aznadagi, Forobiyning Damashqdagi, Muhammad Haydar Mirzoning Kashmir viloyatidagi, Ali Qushchining Istanbul shahridagi qabrlarini ham obod etish loyihalari rejalashtirilmoqda.

O'tgan davrda ilmiy ekspeditsiya tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida 1000 dan ziyod noyob kitob va nodir qo'lyozma asarlari yurtimizga olib kelinib, fond qoshidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida jamlandi va ilmiy iste'molga kiritilmoqda.

Safarlar davomida “Boburnoma”ning Hindistondagi “Salarjang” muzeyida saqlanayotgan Haydarobod nusxasidan ko'chirma, Mashhad shahrining Imom Rizo maj­muasidagi Ar-Rizo kutubxonasida Bobur Mirzo tomonidan ixtiro qilingan Xatti Boburiyda bitilgan “Qur'oni karim” va Tehron shahridagi Bobur Mirzo “Kulliyot”idan nusxa olishga musharraf bo'lindi. Ayni paytda muzeyda “Boburnoma”ning 30 dan ortiq tillardagi tarjimalari ham mavjud.

Ular asosida 60 dan ziyod kitob rus, ing­liz, nemis, uyg'ur, urdu va hind tillaridan tarjima qilinib, o'zbek kitobxonlari hukmiga havola etildi, ilmiy iste'molga kiritildi.   Bobur nomli jamoat fondining Qirg'iziston, Afg'oniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Shvetsiya va boshqa xorijiy davlatlarda yuridik maqomga ega bo'lmagan bo'limlari mavjud bo'lib, ular bilan O'zbekiston Res­publikasining “Jamoat fondlari to'g'risida”gi qonuniga muvofiq   ilmiy-madaniy hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

Zahiriddin Muhammad   Boburning bizgacha yetib kelgan barcha asarlari yaxlit holda tariximizda hali biror marta chop etilmagan edi. Ilk tajriba sifatida Bobur fondi tashabbusi va homiyligida yangi nashr hazrati Bobur Mirzoning olti jildlik “Kulliyot”ini to'liq chop etishga muvaffaq bo'lindi. Kulliyotning chop etilishida Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi safarlari davomida qo'lga kiritilib, “Bobur va jahon madaniyati”muzeyi eskponatlari qatoridan o'rin olgan noyob manbalar – yaponiyalik olim, professor Eyji Manoning “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasi asosida tayyorlangan tanqidiy matni, professor Shafiqa Yorqin nashr ettirgan Devon nusxasiga asoslanib O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Vahob Rahmon hamda shoir, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabek tahriri ostida nashr etildi. Bu nashr xalqimizning ma'naviy-ma'rifiy hayotida ulkan voqea, ma'naviy jasoratdir.

O'tgan qisqa vaqtdagi bunday katta yutuqlar O'zbekiston dunyo boburshunosligining markaziga aylanishiga xizmat qildi, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi. Bu e'tirof Bobur Mirzoning 530 yilligi munosabati bilan 2013 yili Toshkentda bo'lib o'tgan xalqaro konferensiyada dunyoning taniqli boburshunoslari Eyji Mano (Yaponiya), Klaus Shoning (Germaniya), Magda Maxluf (Misr), Bilol Yujel (Turkiya), Foiza Zahro Mirza (Pokiston), Mansura Haydar (Hindiston) va boshqalar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.

Fond Bobur va boburiylar ma'naviy merosini o'rganish va targ'ib etish, xalqlar o'rtasida do'stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan, yuksak saviyada bajarilgan ilmiy tadqiqotlar, adabiyot, san'at va me'morchilik sohasidagi asarlar uchun Bobur xalqaro mukofotini ta'sis etish tashabbuskori hamdir. Bugungacha ushbu nufuzli mukofotga 30 dan ziyod xorijlik va yurtimiz olimlari, ijodkorlari sazovor bo'ldilar. Bu galgi anjumanda ushbu nufuzli mukofotga boburshunos olim, tarjimon Ansoriddin Ibrohimov (marhum), shoira Zamiraxon Ro'ziyeva munosib deb topildi.

Bobur xalqaro jamoat fondi Andijon shahrining yoshini aniqlash bo'yicha ham O'zbekiston FA Arxeologiya instituti bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Taniqli tarixchi Boqijon Matboboyev bilan birgalikda Andijonning milliy davlatchiligimizga bevosita daxldor bo'lgan ko'plab tarixiy yodgorliklari o'rganilib, yangi manbalar qo'lga kiritildi.   Buning natijasida Fond tasarrufidagi ikkinchi moziygoh – “Andijon shaharsozlik madaniyati tarixi” muzeyi tashkil qilindi. Muzeyda Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va O'zFA Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda Andijon shahrining yoshini aniqlash borasida olib borilgan ilmiy-tadqiqot va arxeologik qazishmalar natijasida topilgan asori-­atiqalar mavjud.

Albatta, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasi haqida ko'plab yozilgan, o'nlab filmlar, yuzlab teleko'rsatuvlar namoyish etilgan. Taniqli adib Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” asari yoki yozuvchi Qamchibek Kenjaning “Hind sori va buyuklar izidan”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bag'dodgacha”, “Sohibqiron yurgan yo'llarda”, “Boburiylardan biri” kabi asarlarini o'qigan, mutolaa qilgan kishi borki ushbu fond, ekspeditsiya faoliyati va jahongashta inson Zokirjon Mashrabov bilan qalban birga bo'lishiga shubha yo'q.

O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 1 noyabr kuni Andijonda bo'lib o'tgan saylovoldi uchrashuvida buyuk bobolarimiz, jumladan, Bobur Mirzo haqida so'z yuritib Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov haqida ham iliq so'zlarni bildirgan edi: “Zahiriddin Muhammad Boburning mana shu vataniga bo'lgan buyuk muhabbatini, ezgu fazilatini meros qilib qoldirgani, bu hammamizga ayon. El-yurt taqdiri uchun kuyunib, tinim bilmay yashagan ana shunday ajoyib insonlarning davomchilari bugun ham Andijon zaminida ko'plab topiladi. Hammamiz yaxshi taniydigan Bobur xalqaro fondining raisi hurmatli Zokirjon aka Mashrabovni men xuddi shunday mard, vatanparvar inson deb bilaman. U kishining qilgan ishlari haqida to'liq ma'lumot berish uchun alohida bir konferensiya tashkil qilsak ham kam bo'ladi. Zokirjon akaning sa'y-harakatlari bilan Andijonda Zahiriddin Muhammad Boburning ramziy qabri, yodgorlik majmuasi barpo etildi. Bobur ijodiy merosini chuqur o'rganish va targ'ib qilish bo'yicha katta-katta ishlar amalga oshirilgani sizlarga yaxshi ma'lum”.

Davlatimiz rahbarining bu so'zlari, yuksak ishonch va e'tiroflari o'tgan 30 yil davomidagi izlanish, mehnat, shijoat, matonat va bosib o'tilgan ming-minglab chaqirim yo'llarga berilgan munosib baho desak xato bo'lmasa kerak.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 14 =