Sakkiz ustuvor tamoyil

Xayriddin Sulton

 

Hammamizga ma'lumki, “Boburnoma”ning so'nggi sahifalarida musavvadi avroq – varaqlarni qoralaguvchi shaxs, ya'ni, mazkur asardan nusxa ko'chirgan noma'lum kotib Bobur Mirzo hazratlarining sakkizta eng muhim fazilatini sanab o'tadi.

Ana shu tarixiy an'anaga amal qilgan holda, men ham Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va uning asoschisi, ma'naviyat fidoyisi Zokirjon Mashrabovning millatimiz va xalqimiz oldidagi eng muhim va ulkan sakkizta xizmatini muxtasar tarzda aytib o'tmoqchiman.

Birinchisi shuki, Bobur fondi va uning ilmiy ekspeditsiyasi istiqlol tengdoshi sifatida 1992 yildan boshlab o'tgan o'ttiz yil mobaynida tinimsiz safarlarda bo'lib, mus­taqil Vatanimizni, ulug' ajdodimizning kindik qoni tomgan Andijon zaminini butun dunyo bo'ylab tanitishga katta hissa qo'shdi va bu ishni bugun ham izchil davom ettirmoqda. Fond milliy mustaqillikning qanday bebaho ne'mat va cheksiz imkoniyatlar sarchashmasi ekanini o'z faoliyati misolida amalda isbotlab bergani ayniqsa e'tiborlidir.

O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning ta'biri bilan aytganda, “Mamlakatimiz tarixida bundoq xayrli va o'ziga xos ilmiy safar g'oyat noyobdir. Uning o'zi bir tarix bo'lib, kechmishimizda o'chmas harflar bilan yozilib qoladi”.

Ikkinchisi – Bobur fondi O'zbekis­tonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo'lida munosib   xizmat qildi va qilmoqda. U turli millat, kasb va   sohaga mansub o'nlab-yuzlab fuqarolarni azaliy qadriyatlarimiz, boy ma'naviy merosimizni tiklashdek olijanob g'oya atrofida jipslashtirib, jamoatchilik kuchi bilan qanday yirik tashabbus va das­turlarni amalga oshirish mumkinligining yorqin namunasini ko'rsatdi. Bugungi kunda qator nodavlat nohukumat tashkilotlar Bobur fondidan o'rnak olib, samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Uchinchisi – Fond dunyo boburshunoslarini birlashtirish, umumiy maqsadlar sari safarbar etishda alohida faollik va jonbozlik ko'rsatmoqda. Har yili 14 fevral – Bobur Mirzoning tavallud kunida Andijon shahrida o'tkazilayotgan xalqaro boburxonlik anjumanlari bunga bir misol bo'la oladi.

Ma'lumki, mustaqillikka qadar xalqaro boburshunoslik markazlari sifatida Hindis­ton, Afg'oniston, Buyuk Britaniya davlatlari tan olinar edi.

2013 yili Bobur fondi tashabbusi bilan poytaxtimizda o'tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada g'oyat muhim bir qaror qabul qilindi. Ya'ni, Bobur Mirzo va boburiylar merosini tadqiq va targ'ib qilish bo'yicha mamlakatimizda amalga oshirilgan katta ilmiy izlanishlarning natijalari inobatga olinib, endilikda O'zbekis­ton Respublikasi, Toshkent va Andijon shaharlari boburshunoslik ilmiy markazi, deb e'tirof etilishi belgilab qo'yildi.

To'rtinchisi – shu paytga qadar jahon sharqshunoslik ilm-fanida shavkatli ajdodlarimiz asos solgan ulkan saltanat “Buyuk mo'g'ullar imperiyasi” degan, ammo tarixiy va ilmiy nuqtai nazardan asossiz bo'lgan bir nom bilan atalib kelinmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimiz olimlarining sa'y-harakatlari bilan bu ibora xalqaro maydonda asta-sekin “Buyuk boburiylar imperiyasi” degan atama bilan almashmoqda. Bu tarixiy adolatning qaror topishida, hech shubhasiz, Bobur fondining alohida o'rni va ta'siri bor.

Beshinchisi – Bobur fondi o'tgan davr mobaynida xalq diplomatiyasining ajoyib namunasiga aylandi. Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qit'alaridagi ko'plab mamlakatlar bo'ylab qirqdan ortiq ilmiy ekspeditsiyalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, Fond a'zolarining turli millat va elat, diniy konfessiyalarga mansub, rang-barang dunyo­qarashga ega yuzlab olim va ulamolar, siyosat va jamoat arboblari bilan ezgu maqsadlar yo'lida umumiy til topishib, samarali faoliyat olib borayotgani bu fikrning tasdig'idir.

Oltinchisi – Bobur fondi bugungi kunda o'ziga xos ilmiy-tadqiqot muassasasi, ta'bir joiz bo'lsa, mo''jaz boburshunoslik akademiyasiga aylandi. Bunga ishonch hosil qilish uchun Fond tashabbusi va homiyligida “Bobur ensiklopediyasi”, “Bobur kulliyoti”, “Baburidы. Bibliografiya” kabi fundamental tadqiqotlar, “Boburnoma”ning turli tillarga qilingan tarjimalari hamda o'zbek tilidagi zamonaviy tadbili, ellikdan ortiq ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli filmlar yaratilganini tilga olish kifoyadir.

Ettinchisi – Bobur fondi xalqaro xayriya jamoat fondi sifatida mamlakatimiz va chet ellarda ham ko'plab e'tiborga molik muhim madaniy-gumanitar loyihalarni amalga oshirmoqdaki, bu to'g'rida atroflicha so'z yuritilishi tabiiydir.

Va nihoyat,   sakkizinchisi, Bobur fondi O'zbekistonimiz va xorijiy yurtlarda boburshunos olim va adiblarning yangi, navqiron avlodini voyaga yetkazishga xizmat qilayotgan ilm-ma'rifat va tarbiya maktabi bo'lib qolmoqda.

Albatta, bu ishlar o'ta muhim ahamiyatga ega. Chunki aksariyat odamlar bobolari u yoqda tursin, o'z ota-onasining qab­rini, xotirasini yo'qlamay qo'ygan bir paytda Bobur fondining bundan necha yuz yillar avval yashab o'tgan ajdodlarimiz izlarini izlab, ularning shonli hayotini o'rganish, qutlug' merosini tiklash yo'lidagi xizmatlari tarbiyaviy nuqtai nazardan benihoya ibratlidir.

Yaqin-yaqingacha barchamiz Bobur Mirzo va uning sulolasi vakillarini qandaydir mavhum siymolar sifatida, faqat turli rasmlar orqali o'zimizga g'ira-shira tasavvur qilardik, xolos. Endilikda Bobur fondining sa'y-harakatlari va keng miqyosdagi amaliy ishlari tufayli ushbu buyuk ajdodlarimiz bizga hamohang bo'lib, bizning qalbimizda, yuragimizda barhayot yashayotgan zamondoshlarimizga, ularning tarixiy, ilmiy-ijodiy merosi esa harakatdagi estetikaga, xalqimiz uchun ulkan kuch-quvvat, g'urur va iftixor manbaiga aylanmoqda.

So'zimiz yakunida tilak shulkim, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining o'z rahbari, muhtaram oqsoqolimiz Zokirjon Mashrabov boshchiligida olib borayotgan ezgu va xayrli ishlari, ilohim, bardavom va barokatli bo'lg'ay.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 12 =